Abdurahim O‘tkir (1923-1995)

Abdurahim O‘tkir ئابدۇرېھىم ئۆتكۈر) 1923) yili Shinjonning Qumul shahrida tug‘ilgan. Yozuvchi Abdurahim O‘tkirning “Umr manzillari”, “Uyg‘ongan zamin” kabi kitoblari nashr etilgan. Uning “Qashqar kechasi” nomli dostoni Xitoyda o‘tkazilgan kam sonli millatlar adabiy tanlovida 1-o‘rinni egallagan. Abdurahim O‘tkir 1995 yili Urumchida vafot etgan.

XARJLANG, XOINLAR, XARJLANG

Xarjlang, xoinlar, xarjlang, bu elning molini xarjlang,
Kamdek tuyulsa agar, olib siz jonini xarjlang.

Jonimga o‘sma deb xarjlang, belimga tasma deb xarjlang,
Talon-torojdan qolgan bir burda nonini xarjlang.

Dehqonga ochtirib bo‘zni, kosibga to‘qitib bo‘zni,
3ulmni oshirib ming bor, ichib el qonini xarjlang.

Ko‘lida balig‘i ko‘p deb, yerida boyligi ko‘p deb,
Qadamda topib ming hiyla, ochib siz konini xarjlang.

Falonchi oqchiyu-ko‘kchi*, bu O‘tkir ham yomon do‘qchi,
Deb parchalab bu millatni, sotib vijdonini xarjlang.
_______________
* Oqchi-ko‘kchi — falonday-pusmadonday ma’nosida.

Emin Usmon nashrga tayyorlagan

* * *

Sahar ko‘rgan edim ko‘zim sultonini
Dedim: “Sultonmisan?”, u dedi: “Yo‘q-yo‘q”.
Ko‘zlari yolqinli, qo‘li xinoli
Dedim: “Cho‘lponmisan?”, u dedi: “Yo‘q-yo‘q”.

Dedim: “Isming nima?”, dedi: “Oyxondir”,
Dedim: “Yurting qayer?”, dedi: “Turfondir”,
Dedim: “Boshingda ne?”, dedi: “Hijrondir”,
Dedim: “Hayronmisan?”, u dedi: “Yo‘q-yo‘q”.

Dedim: “Oyga o‘xshar”, dedi: “Yuzimmi?”
Dedim: “Yulduz kabi”, dedi: “Ko‘zimmi?”
Dedim: “Yolqin sochar”, dedi: “So‘zimmi?”
Dedim: “Vulqonmisan?”, u dedi: “Yo‘q-yo‘q”.

Dedim: “Xayol nadir?”, dedi: “Qoshimdir”,
Dedim: “Kunduz nadir?”, dedi: “Sochimdir”,
Dedim: “O‘n besh nadir?”, dedi: “Yoshimdir”,
Dedim: “Jononmisan?”, u dedi: “Yo‘q-yo‘q”.

Dedim: “Dengiz nadir?”, dedi: “Qalbimdir”,
Dedim: “Ra’no nadir?”, dedi: “Labimdir”,
Dedim: “Shakar nadir?”, dedi: “Tilimdir”,
Dedim: “Ber og‘zima”, u dedi: “Yo‘q-yo‘q”.

Dedim: “Zanjir turar”, dedi: “Bo‘ynimda”,
Dedim: “O‘lim bordir”, dedi: “Yo‘limda”,
Dedim: “Bilaguzuk”, dedi: “Qo‘limda”,
Dedim: “Qo‘rqarmisan?”, u dedi: “Yo‘q-yo‘q”.

Dedim: “Nechun qo‘rqmassan?”, dedi: “Tangrim bor”,
Dedim: “Yana kim bor?”, dedi: “Xalqim bor”,
Dedim: “Yana yo‘qmi?”, dedi: “Ruhim bor”,
Dedim: “Shukronmisan?”, u dedi: “Yo‘q-yo‘q”.

Dedim: “Istak nedir?”, dedi: “Gulimdir”,
Dedim: “Chalishmoq bor?”, dedi: “Yo‘limdir”,
Dedim: “O‘tkir kimdir?”, dedi: “Qulimdir”,
Dedim: “Sotarmisan?”, u dedi: “Yo‘q-yo‘q”.

* * *

Yosh edik mushkul safarga otlanib chiqqanda biz,
Endi otga mingudek bo‘ldi ana nevaramiz.

Oz edik mushkul safarga otlanib chiqqanda biz,
Endi cho‘ng karvon ataldik qoldirib cho‘llarda iz.

Qoldi iz cho‘llar aro, gohi dovonlarda yana,
Qoldi ne-ne arslonlar dashtu cho‘lda qabrsiz.

Qabrsiz qoldi demang yulg‘un qizargan dalada,
Gul-chechakka burkanar erta bahorda qabrimiz.

Qoldi iz, qoldi manzil, qoldi uzoqda hammasi,
Chiqsa bo‘ron, ko‘chsa qumlar ham ko‘milmas izimiz.

To‘xtamas karvon yo‘lidan garchi otlar ko‘p yurar,
Topqusi hech bo‘lmasa bu izni bir kun evaramiz.

Uyg‘urchadan Davronbek Tojialiyev tabdil qilgan.