Abduqodir Jaloliddin 1964 yili Qashqar shahrida tug‘ilgan. 1986 yili Qashqar pedagogika institutini tamomlagan. 1988 yildan Shinjon maorif institutida institutida, 2009 yildan Shinjon pedagogika universitetining adabiyot institutida ishlab kelmoqda. Abduqodir Jaloliddin she’r, maqola, tarjima va darsliklardan iborat 20 dan ortiq kitobning muallifidir.
SEMURG‘ QO‘ShIG‘I
1
Qayga olib ketdi yo‘llar giryon boshimni,
To‘zon ichra qoldi hazin qo‘ng‘iroq uni.
Pora-pora bulutlarning sovuq yoshini,
Yashirmoqda tunda uchgan kuzning epkini.
Izlab ko‘hna maskanini ko‘chdi yolqinlar,
Ko‘chamdagi ulkan toshga aytib sirini.
Xo‘sh, deb asta tog‘ ortiga ketgan o‘rmonlar,
Tushlarimga yubormoqda yaproqlarini.
Xushbo‘y atr qutilardan cho‘zib bo‘ynini,
Qorli toqqa tikilmoqda ziyoda sumbat.
Olib ketdi toshqin suvlar yiroqqa meni,
Chumchuqlarning izlarini etganimda yod.
2
Ko‘ksimizga urib qat-qat yashil to‘lqini,
Nechun kunduz otashida o‘chdi yulduzlar?
Shafaqlarning to‘lqinida uchar kipriklar,
Ko‘rsatmaydi qorachug‘in nechun sho‘x qizlar?
Och qirg‘oqlar bir-biriga silkitishsa qo‘l,
Chaqnar gavhar behush oqshom istaklarida.
Asalari ketdimikin tunashga bugun,
Qora tunning titrab turgan chechaklarida.
Bog‘lar nechog‘ unutdilar tog‘lar kuyini,
Etar sarob to‘lqinida yashnab saqich o‘t.
Ko‘m-ko‘k o‘tning zumrad ichra qilgan o‘yinin,
Pichir-pichir maqtashadi sho‘x kizlar behud.
3
Qudratini ko‘rsatmaydi nechun koinot?
Nechun buncha lazzatlidir ishqning mevasi?
Qay mahalda qilgan ekan ko‘zlarni vatan.
Uchqunlardan libos kiygan hayot sevgisi?
To‘fon suvi poklamasa dunyoni agar,
Yaltirarmi iloh nuri toblagan imon?
Kun kechirar botqoqlarga belanib bu chog‘,
Qurtlab bitgan yuraklardan zerikkan vijdon.
4
Kumush tog‘lar shovqin solib oqqanda dilga,
Sirli darcha soya tashlab jilmayar nega?
Ko‘k qa’rida arg‘amchidek silkingan chaqmoq,
Haroratli gavdasini otadi yerga.
Chanoqlarning burchagida yotgan umidlar,
Karsillagan muz ustida o‘t yoqar shodon.
Tumanlarga singiganda gulsafsar hidi,
Yuksaklarga olib qochar yulduzni osmon.
Tomar yomg‘ir tomchilari — billuriy shoda,
Teshilmoqda tosh haykalning bahaybat kafti.
U dunyoning yuragini ulab hayotga,
Ildizlarga yugurmoqda o‘ylarim tafti.
5
Xayolimda barxanlarni yutgan quyunlar,
Yurib ketdi meni kutib turgan shom go‘rga.
Qo‘llarimda hilpiragan farang ro‘mollar,
Shu’lasini yog‘dirmoqda sahroyu cho‘lga.
Unutilar moziylarda xaroba shahar,
Qishloqlarga bormoqdaman visoling istab.
Ravon yo‘llar, shinam qasr, oppoq piyola,
Icholmadim sharobimni qo‘llarim titrab.
Bo‘lib go‘yo biyobonning quvnoq yulduzi,
Simirmoqda oy nurini ho‘mraygan toshlar.
Shuvoqlarning yuzlaridan bo‘lib qalbim mast,
Yostig‘imga tomib ketdi ko‘zimdan yoshlar.
6
Qumliklarga mening nomim yozildi qachon?
Bilolmadim shamollardan so‘rab sirini.
Qaysi tilda dardin aytdi chinordek tug‘roq*,
Tushunmadim yaproqlarning shivirlarini.
Bulutlarning ko‘rfaziga ko‘chgan oqqushlar,
Tashlab menga patlarini, yo‘qoldi qayon?
Bu dunyoning shuncha cheksiz jimjitligida,
Mening nomim asta-sekin bo‘lmoqda ayon.
Sokin sahar qirg‘og‘ida bitgan chug‘luqni*
Ko‘rolmadim opkelsa-da atay uzib shom.
Ikki hayot sarhadida turibman yolg‘iz,
Etaklarin ho‘llamokda bu tanish oqshom.
7
Shovqiningni izlab kelsam qatra yoshingda,
Egib nozik bellarini tebranar gullar.
Sening jonbaxsh nafaslaring singigan havo,
Hasan-Husan shu’lasida titraydi unlar.
Seni quchib yiroqlarda o‘ynatgan qayiq,
Ko‘rinmaydi jimirlagan ko‘lning yuzida.
Shabnam tushgan chamanzorda o‘ksik tuyg‘ular,
Qilmoqdalar ushbu sahar ko‘nglimni zada.
G‘ofillikning to‘lqinida ketgan shu kecha,
Tush ko‘ribman momiqqina oy quchog‘ida.
Sochlaringning shamollarga to‘kilgan ohi,
Qotib kolti yulduzlarning ko‘z chanog‘ida.
8
Ko‘nglim nurlar dastasiga uzatganda qo‘l,
Xotirada uyg‘onadi sehrli kecha.
Ajir olib yurganimda mahallang tomon,
Miltiraydi xira chiroq tumanlar ichra.
Butun shahar zulumotga cho‘mganda g‘amgin,
Tuyg‘ularim yuvilmoqda poklanib bir qur.
Yolboraman qimirlamas bitta pardaga,
Derazalar tikilsa-da men tomon yovqur.
Tug‘ildim men sahar bilan bo‘lib egizak,
Ona bo‘ldi shundan beri menga shu kecha.
Ajir olib qaytganimda mahallam tomon,
Miltirardi yashil chiroq tumanlar ichra.
9
Kutaverib toqatlarim toq bo‘ldi oxir,
Shan deb boqdim o‘limlarning oppoq tug‘iga.
Charchab ketdim, yopinchig‘in tashlasin osmon,
Uyg‘otmanglar, uxlab qolsam qilich tig‘ida.
Qalblarimiz hayot uchun intiq, xumordir,
O‘ynatmoqda arvohini dengiz betida.
Tirigimda hamroh edim sizlarga har choq,
Vido aytdim tiklanganda menga obida.
________________
* Tug‘roq — dasht-sahrolarda o‘sadigan chinorsimon daraxt.
* Chug‘luq — tog‘ tepasida bitadigan cho‘g‘dek qip-qizil gul.
Emin Usmon nashrga tayyorlagan