Vazir Og‘a (1922-2010)

Vazir Og‘a (وزیر آغا‬‎) – shoir va yozuvchi, essenavis, Lahorda nashr qilingan adabiyot jurnali muharriri. Uning ko‘plab she’riy va adabiy tanqid haqidagi kitoblari nashr qilingan. Pokistonning zamonaviy shoirlari Vazir Og‘ani ustoz sifatida e’zozlashadi. U Nobel mukofoti nominanti bo‘lgan.

ChANGALZORDAGI QUShLAR

Changalzorda yashashdan zerikkan qushlar
So‘z parchalari kabi ko‘tarilar samoga
Uchadilar yuksaklardan yuksak bir joyga –
Jannatga tomon,
Ohista qo‘narlar quyoshga, oyga.
Sochilib to‘kilar qushlar
Maydalab tuyilgan harflarning
ushoqlariday.
Va yana jamlanar
manglayda taqdirning
bitiklariday.

Biz esa, odam emas, yo‘q,
notavon jonzotlar.
Go‘yo joylangan
vujud xaltasiga
qabr tug‘lari.
Go‘yoki kulol charxining ovozlaridan
Sopol kabi vujudga kelgan
Tuman bug‘lari.

Go‘yo yalangoyoq arvohlarmiz
changalzorda cho‘g‘lanib turgan
ko‘mirlar uzra
yurib borayotgan.

Go‘yoki havoning yengil titrog‘i
Kulni kulga qo‘shgan
Kulday tuprog‘i.

Rus tilidan Aziz Said tarjimasi