Horis Xoliq (1966)

Horis Xoliq (حارث خلیق) – shoir, yozuvchi, “Ishq taqvimi”, “Sening sevging” singari o‘nga yaqin she’riy to‘plam muallifi. She’rlari bir qancha xalqaro antologiyalarda chop etilgan. 2013 yilda urdu tilli shoirlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro adabiy tanlov g‘olibi bo‘lgan.

U VA MEN

U va men
gapirardik hayrat va qo‘rquv haqda,
istak va halokat,
ortga va oldinga yurar odamlar,
yonimizda borar yo‘laklar,
sutni qaytadan muzlatkichga qo‘yishni unutgandi u,
jadvaldagi yozuv, stol lampasi, kitob javoni va oshxona,
santexnik va qayd etuvchilar.

U va men
suhbat qurarmidik oila haqda,
ayolim, aka va singillar, tumandagi uy hayvonlari,
qaysiki, sohibi bilan bitta dindagi
yolg‘on ichidagi shahvoniy hislar, tungi yurishlar,
sayohat,
sayohatda topilgan do‘stlar,
uchoqdagi bosh kiyim bo‘lmasi,
sekin qatnaydigan poyezdlarning kir-chir ichki ko‘rinishi,
daryolar, tog‘lar, o‘rmon, sahrolar,
ummon va orzular haqda.

U va men
suhbat qurarmidik yurtimiz haqda,
changlar bizni uzoq ushlab turadi,
devorini yalab sog‘lom fikrning
odamlar va kurashlar
hayiqamiz
bitmayotgan jarohatlardan.

Ortimizda sudraladi qayg‘u hushtagi
biz dunyoning oxiriga yetmoq istadik
va dunyo to‘xtadi.

METAFORA

Qorong‘i, boshi egik tunlarda
agar qushlar adashsa
o‘z kuylarida
kimningdir ushoq yuragi his etsa sevgini,
toliqqan, og‘riqli qanotlari ila
kimdir parvoz uchun izlasa osmon,
u shaklga solar istak shaklidagi metaforani:
ovozim chanqaydi men bilan tengma-teng kuylamoqlikka,
muhabbatning yangi mavsumiy kuyi,
erga ziynat qilib
purkab sepiladi gullar zaminga.

Go‘zal Begim tarjimasi