Taniqli shoir, urdu adabiyoti bo‘yicha fan doktori unvoniga ega adabiyotshunos Anis Nagi (انیس ناگی) 60-yillar adabiy harakatining peshqadamlaridan sanaladi. Yangi she’riyat va ekzistentsializm oqimi tarafdori. U Pablo Neruda, Alber Kamyu va Jan-Pol Sartr asarlarini urdu tiliga tarjima qilgan. Adib 2010 yil 7 oktyabrda talabalarga ma’ruza o‘qiyotgan paytda yurak xurujidan vafot etgan.
ShOVQIN SIMFONIYaSI
Chor atrof shovqinga g‘arq,
O‘z ovozim qanday eshitay,
Boshqalar-chi, qanday eshitgay?
Qulog‘imdan labimga qadar
Sado yo‘qdir shovqindan o‘zga,
Ma’ni yo‘qdir shovqindan o‘zga.
Mening g‘alat vatandoshlarim
Shovqinzorning xilvatlarida
Lazzat separ badanlariga.
Taomlari shovqin ularning,
Huzurlari shovqin ularning.
Azobli o‘ylardan najotlari – shovqin,
O‘lim qo‘rquvidan panohlari – shovqin.
Shovqindan go‘yoki ozod qush ular,
Qush, lekin aslida parvozkush ular.
Chor atrof shovqinga g‘arq –
Shoshayotgan har bir qadamdan
Titrayotgan har bitta tandan,
Yuraklardan,
g‘ildiraklardan,
motorlardan
taralgan shovqin
qiynoqqa soladir jonimni.
Hech qayerdan topa olmayman
Bu asrning suroni ichra
Yo‘qolgan o‘z ovozimni.
Rus tilidan Aziz Said tarjimasi