Ahmad Fayz (1911-1984)

Fayz, Ahmad Fayz (فیض احمد فیض – 1911.13.2, Siyolkat — 1984.27.11) — Pokiston shoiri, tanqidchi va jamoat arbobi. Siyolkat (1917—29) va Lohur (1929-34) kollejlarida tahsil olgan.
1972 yildan Pokiston san’ati milliy kengashining raisi. «Pakistan tayms» («Pakistan», 1947—51; 1955—58), «Imroz» («Imros», 1948—51; 1955—58) gazetalarida bosh muharrir. 1950 yilda Jahon tinchlik kengashining a’zoligiga saylangan va shu yili «Ravalpindi fitnasi» ishtirokchisi sifatida ayblanib, qamoqqa olingan. 1955 yilda ozod qilingan.
Urdu va panjob tillarida ijod qilgan. Fayz lirikasida insoniy his-tuyg‘ular, chuqur falsafiy mushohadalar hamda siyosiy masalalar muhim o‘rin tutadi. U she’riyatning g‘azal, qasida, marsiya va boshqa janrlarida ijod qilgan.
Fayz «G‘amginlar» (1941), «Shamol qo‘li» (1952), «Zindonnoma» (1957), «Tosh ostida qolgan qo‘l» (1963), «Sinay vodiysi» (1971) she’riy to‘plamlari, qamoqdan yozilgan xatlardan iborat «Panjarali tuynuk» (1971) kitobi va boshqa asarlar muallifi.
Dehlida o‘tgan Osiyo yozuvchilari 1-konferentsiyasi (1956), Osiyo va Afrika yozuvchilarining Toshkent (1958) hamda Olmaota (1973) konferentsiyalari qatnashchisi. Ayrim asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
«Nilufar» mukofoti laureati (1975).

OZODLIK TONGI

Tunning jabru zulmidan qonga botgan subhidam,
Shuncha intizor bo‘lib shu tongni kutganmidik?
Ixlos qo‘yib, ardoqlab dilda uni dam-badam,
Biz o‘zga baxt g‘amida og‘ular yutgan edik.

O‘lik osmon sahrosi, yulduzlar mozorida
Sokin, qora to‘lqinlar chayqaladi sarsari.
Unda aldanib qolgan umidlarning zorida
Turar o‘tin yo‘qotgan nochor qalb qayiqlari.

Qutlug‘ zafarga tomon do‘stlar yo‘l olgan zamon
Qancha ko‘z dalda berib chorlagandi begumon,
Qancha qo‘l yolvorsa ham etaklaridan ushlab,
Tong ishqi, kurash burchi olg‘a ketgandi boshlab,
Subhidam ma’budasi dildagi armon edi,
Charchoq halal berolmas, umidlar chaqqon edi.

Tong olamni yoritdi, zulmat yo‘qoldi, derlar,
Nimaki orzu bo‘lsa, bari ushaldi, derlar.
Derlar: endi sevgida bizga hijron begona,
Qayg‘u, hasrat chekmoq ham emish go‘yo afsona.

Ammo yurak jo‘sh urar, hali orzular qat-qat,
Hali armonlar ko‘p-u, davosi yo‘qdir faqat.
Malham shamoli esib, bir lahzada yo‘qoldi,
Uni ko‘chada turgan chiroq ham sezmay qoldi.

Tubanlik qop-qorong‘i misoli tungi dengiz,
Yurak bilan aqlning ozodlik yo‘li olis.
Maqsaddan qaytmang, do‘stlar,
Zulmat mangu emasdir.

Ma’ruf Jalil tarjimasi