Maksim Rilskiy (1895-1964)

Rilskiy Maksim Fadeevich (Maksim Tadeyovich Rыlskiy) [1895.7(19).3 — Kiyev — 1964.24.7] ukrain shoiri, olim va jamoat arbobi. SSSR Fanlar akademiyasi (1958) va Ukraina Fanlar akademiyasi (1943) akademigi. Ukraina Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi (1943—46). Ukraina Fanlar akademiyasi San’atagunoslik, folklor va etnografiya instituti direktori (1944—64).
Ilk she’rlar kitobi — «Oq orollarda» (1910). She’riy to‘plamlarida xalqlar do‘stligi, vatanparvarlik g‘oyalari aks etgan («Kuzgi yulduzlar ostida», 1918; «Chorrahada», 1929; «Mening Vatanim», 1936; «Uzum yig‘ish», 1940 va b.). «Marina» she’riy qissasida (1933) qul ayol obrazi yaratilgan.
«Ona Vatan uchun» (1941), «Asl qurol» (1942) she’riy to‘plamlari va «Yoshlikka sayohat» dostoni (1944) urush mavzuida. «Ko‘priklar» (1948), «Gullar va uzum» (1957), «Olis ufqlar» (1959), «Turnalar galasi» (1960), «To‘rg‘ay ko‘lankasi» (1961), «Kishki xotiralar» (1964) va boshqa asarlar muallifi.
A. S. Pushkin, M.Yu. Lermontov, A. Mitskevich, Yu. Slovatskiy va frantsuz klassiklarining asarlarini ukrain tiliga tarjima qilgan.


ONANING BAYRAMI

Qancha ko‘z yosh to‘kding katta maydonda,
Qalin o‘rmonlarda to‘kding qancha qon,
Iztirob, g‘am chekding erksizlik onda,
Va o‘lib tirilding qayta, onajon!

Gala ko‘ppak kabi uvlab behayo
Fashistlar to‘dasi qilganda hujum,
Farzandlarni jangga uzatib ma’sum,
Oq yo‘l, zafar tilab o‘qiding duo.

Ulkan qalbing — yirtqich dushman ustiga
Qahr-o‘t yog‘dirib toblandi chunon.
Sen qurbonlar berib qurbon ustiga,
G‘alabaga ishonch saqlading har on.

Sening ham bayraming keldi, o ona,
Sevgan gullar bilan uyingni bezat:
Otlar kishnamoqda, eshit, mardona —
Farzandlar qaytmoqda jangdan, shod behad!
1945

M. Ikrom tarjimasi