Ahmed Mammedov (1942)

TURKMANISTON

Qo‘lga olsam qalamimni yozmoq istab she’ru doston,
Qalb to‘ridan sado kelar: “Bir guliston – Turkmaniston”.

Xizr ko‘rgan yaylovlarim dilginamni yashnatadir,
Turfa rangda jilolangan bog‘u bo‘ston – Turkmaniston!

Yozgi bug‘doy, kuzgi bug‘doy to‘lqinlanar ummon yanglig‘,
Boshoqlari ko‘z quvonchi, sunbuliston – Turkmaniston!

Bolalarning quvnoq sasi, qiz-juvonlar qahqahasi,
Go‘yo deysiz bu yurt, so‘zsiz, bulbuliston – Turkmaniston!

Kopettog‘ga borgan chog‘im ko‘nglim tog‘dek yuksalgusi,
Qalbimga kir, bahor yeli, fasli nayson – Turkmaniston!

Bedov chopmas, uchar illo, qanotlangan qushlar yanglig‘,
Yuraklarga berar g‘urur, gul-guliston – Turkmaniston!

Tani-joni bir chulg‘anmish shoiri Ahmad bilan,
Oshig‘u ma’shuq go‘yo, gul-guliston – Turkmaniston!

HAQIQATMI?

Bir-birovga so‘z berdik – so‘zlaring haqiqatmi?
Hamda kular yuz berdik – yuzlaring haqiqatmi?

Ikki yuzli, uch yuzli, o‘n yuzli odamlar bor,
So‘z lazzati tuzdadir – tuzlaring haqiqatmi?

Dunyo bugun shundayin turfa rang-la bezandi,
Ko‘ksing uzra qo‘sha oy-nozlaring haqiqatmi?

Chin bo‘lsa gar gaplaring, yoqsa yoqsin dardlaring,
O‘z ko‘zidan joy bergan ko‘zlaring haqiqatmi?

Go‘yo telba bo‘lgandir olam-jahon ishqimdan,
Ishq yo‘lida qoldirgan izlaring haqiqatmi?

Sevgi sinovda so‘nar, so‘nsa so‘nsin, baribir,
O‘tsin mening qishlarim, yozlarim haqiqatmi?

Turkman tilidan Olim To‘rayev tarjimasi