Zarif Bashiriy (1888-1962)

Shoir Zarif Bashiriy (Zarif Shәrәfetdin ulы Bәshiri) Qaybich viloyatidagi Chuti qishlog‘ida tug‘ilgan. Qozondagi Muhammadiya madrasasida o‘qigan. Orenburgdagi “Cho‘kich” gazetasida ishlagan, 1910–1917 yillarda Penza va Tambov viloyatlaridagi tatar qishloqlarida o‘qituvchilik qilgan. So‘ngra Olmaota, Jarkent, Toshkentda yashadi, maorif va matbuot sohalarida xizmat qiladi. 1933 yili Ufaga qaytdi. Shoir, jurnalist, yozuvchi sifatida qirqdan ortiq kitobi bosilgan.

TILINGNI SAQLA

Ey, tatar! Bu kungacha ne saqlabon qoldi seni,
Boshingga kelgan halokatdan yulib oldi seni?..

Ko‘kragingda yongan o‘tni bungacha ne asradi?
Mangu yitmoq yo‘llariga qay yovuz soldi seni?..

Ul tomirlarda hayot hech so‘nmayin oqdi jo‘shib,
So‘lg‘inu gulsiz chaman deb ko‘zga kim ildi seni?..

Shubhasiz, saqlab kelibdir ul muqaddas til seni –
Saqladi nomin tatarning, til tatar qildi seni!

Ber tovush: “Men bor!” deya, bundan keyin qilmay sukut,
Til bo‘lib-da tek turishlik parchalab, tildi seni.

Boshqalardan kutma yordam, kutma hech yordamchilar,
Mangulik bu yo‘lda dunyo til debon bildi seni.

Bor bo‘lursan, hur yasharsan sen-da bu olam aro,
Ona tilsan, kimsa ezmas, toleying kuldi seni.

QAChON YaXShI BO‘LAMIZ?

Bossa bizni qayg‘u-hasrat,
Yolvoramiz Xudoga,
Boshga tushsa g‘avg‘o, kulfat,
Yuguramiz onaga.
Gadolardan duo istab,
Sadaqalar qilarmiz,

Nazru niyoz ketar ammo
Oqsoq so‘fi, mulloga.
Aqchamiz sal ko‘paysa, bas,
Quvonib, kayfin surib,
Esimizga tushmas aslo
Do‘st, esh, ona, Xudo-da!..

ONA QABRI YoNIDAGI QIZ

To‘xta, shamol! Bu qabrga mening onam ko‘milgan,
Qabr o‘tlari bir yetimning ko‘z yoshi-la cho‘milgan.

Shovullama, ey, shamol, tin, qo‘rqadir mening onam,
Tinch qo‘y meni, zor yig‘layin qurigancha to tinkam.

Shu yetimlik xo‘rliklarin onamga so‘ylab beray,
Bir dam ko‘nglim bo‘shatgancha g‘amlardan xoli turay.

Har sahar kelib bunga, quchoqlab go‘ru toshni,
Tinglagayman totli so‘zin, qabriga qo‘yib boshni.

Onam meni suyar edi, quchar edi shafqat-la,
Oh, endi men undan keyin qoldim mehnat, minnat-la!..

Oh, onamni oldi lahad, berkitdi qorong‘i go‘r,
Ey, xudo, rahmat aylab, qabriga nuring yog‘dir!

To‘xta, shamol! Esma, dovul! Onam bunda olsin tin.
Oy, quloq sol faryodimga va osuda nur sochgin!

Tin, ey, shamol, to‘zon sochma! Onam tinchib uxlasin,
Qadr qilib farishtalar uni har kun yo‘qlasin.

Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci