Sib’at Hakim (1911-1988)

Sib’at Tojio‘g‘li Hakimov (Sibgat Xәkim) Archa viloyatidagi Kullikimi qishlog‘ida tug‘ilgan. Qozon pedogogika institutini bitirgan. Nashriyotlar va matbuotda ishlagan. “Ilk qo‘shiqlar” birinchi she’riy to‘plami 1938 yilda chiqqan. Abdulla To‘qay nomidagi davlat mukofoti (1960), Gorkiy nomidagi mukofot (1970) bilan taqdirlangan.

G‘URUR

Bir g‘urur bor ichimda, uni
So‘ylay deyman, yurtda, chetlarda –
Aytay deyman dunyodagi bor
Majlislarda, parlamentlarda!

Boq shu jahon xaritasiga –
Qirq o‘lkaga yetgandir borib
Tatariston gazi, oltini,
Tatariston moli, tovari…

Kerosini yo‘q bo‘lsa-da, el
Chiroq yoqar, topar chorasin.
Ey, senlar, ey!.. Bor neftni yig‘ib,
Ayt, qaylarga olib borasan?..

Oldin yopiq edi yurt yo‘li,
Endi har yo‘l ochiq turadi;
Bizga dunyo bozorlarida
Zo‘r davlatlar salom beradi.

Tatariston o‘sdi. Quvvatlar
Eski mustamlaka ellarni.
Mening ishim esa so‘ylamoq
Shu xalqlarning dong‘in yillarga.

Bir g‘urur bor ichimda, uni
So‘ylay deyman, yurtda, chetlarda –
Aytay deyman dunyodagi bor
Majlislarda, parlamentlarda!

TATARLAR JILMAYIB O‘LDILAR

Uyimga kelar-da, yel yig‘lar…
Uzoqdan kelgandir, kim bilar…
Malaklar so‘ylamish bir xabar:
“Tatarlar jilmayib o‘ldilar”.

Xabarda tutqunlar ingrog‘i,
Ming-minglar uyqusin bo‘ldilar:
“Biz yov-la urushdik, shahidmiz;
Tatarlar jilmayib o‘ldilar!..”

El esar, elma-el esadi,
Zamonga u xabar keltirar,
Tinglangiz, anglangiz, deydi ul:
“Tatarlar jilmayib o‘ldilar…”

Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci