Hasan To‘fon Faxri o‘g‘li (Xәsәn Tufan) Qozon viloyatining Oqsubay qishlog‘ida tug‘ilgan. Oliya madrasasida o‘qiydi. Avval qishloq maktablarida, 1924 yildan Qozonda yashab, o‘qituvchilik qiladi. Qatag‘on azobini chekkan shoirning o‘n olti yillik umri turmalarda o‘tdi. 1960 yilda oqlandi va asarlari bosila boshladi. 1966 yil Abdulla To‘qay nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
ELDA NELAR BOR EKAN
Tashda nelar bor ekan?..
Yo‘llar zangor qormikan?
Muz deraza qizarmoqda –
Tong yo yong‘in bormikan?
Tashda nelar bor ekan?
Bizda ham tong bo‘lgandir,
Ul ham boqqa kelgandir,
Eslab birga chog‘larni,
Ko‘ngli dardga to‘lgandir?..
Bizda ham tong bo‘lgandir?
O‘ylaydi ul: “Sog‘mikin?
Ichi to‘la zormikin?
Hasratin tarqatmoqqa
Tamakisi bormikin?
Esonmikin, sog‘mikin?..”
Oq kiyimin kiygandir,
Balki qaytar, degandir,
Zangor qorni kecha-kecha,
Vokzallarga kelgandir,
Topilar yo… degandir?..
Elda nelar bor ekan?
Yo‘llar zangor qormikin?
Ko‘kda qizg‘ish yorug‘ bor –
Tong yo yong‘in bormikin?..
Elda nelar bor ekan?..
ELLAR ESAR
Ellar esar, yellar esar,
Esgan yellar foydasiz…
Xalq qo‘shig‘idan
Derazamni ochib qo‘ydim,
Kel, sen ey, kel, kir, sen ey!
Qadrdonim ahvolidan
Biror xabar ber, sen ey!
Kelar tunlar, esar yellar,
Esarlar-da esarlar…
Qiyinmikin – kirsalar-da,
Yoring eson, desalar.
Tungi yellar sir aytadir
Mengamas, yot zolimga,
Sendan ayri kunlarimda
Dardimni aytay kimga?..
TINMA, DOVUL
Oqay desam, boray desam,
Oqqush to‘sar yo‘limni…
Xalq qo‘shig‘idan
Tollar kesdim, yo‘llar ochdim,
Sollar soldim suvlarga,
Ketar yog‘im o‘ng yondadir,
Ellar esa so‘llarga.
Ustda – to‘lqin,
Ostda – to‘fon,
Chang solardi solimga,
Yorim kutar, qaytay u yon,
To‘siq qo‘ymang yo‘limga.
Dovul tindi, to‘lqin tindi,
Oqqush to‘sar yo‘limni,
Bilar qush ham yolg‘izligim,
Kaltaligin qo‘limning…
Tinma, daryo! Chayqal, ayqir!
Ko‘nmaganman tinlikka.
Mayli, dovul, to‘fon sursin –
Sen cho‘ktirma munglikka!..
Tatar tilidan Tohir Qahhor tarjimaci
KETGAN DO‘ST XOTIRASI…
Ketdi do‘stim, qadrdonim,
Ko‘ngli shunday keng do‘stim.
Haq uchun o‘tga kirgan,
Ezgulikka teng do‘stim.
Yo‘llarimni ko‘zladi,
Izlarimni izladi.
Uch yil, besh yil, o‘n besh yillab
Kutdi, ahdin buzmadi, –
Hayotini uzsa-da u
Umidini uzmadi.
Ham yonimda u bor edi,
Gul jonimda u bor edi.
O‘lim kutgan kunlarda ham,
Yuragimda u bor edi.
Suyanchig‘im, kimlar bo‘lar?
Gul jonginam, kimlar bo‘lar?
Tayanchsizman, gulsiz qoldim,
Kunlarim ham tunlar bo‘lar?
Turmushimda qo‘ldosh eding,
Yo‘llarimda yo‘ldosh eding,
Tunlarimda-yorqin oyim,
Kunduzlari quyosh eding…
Turmushdan qo‘ldoshim ketti,
Yo‘limdan yo‘ldoshim ketti.
Tunlarimdan oltin oyim,
Kunduzdan quyoshim ketti.
Yuragim yondi-ku, do‘stlar,
Tirgagim sindi-ku, do‘stlar.
Tirgaksizman suyanchsizman,
Bir o‘zim qoldim-ku, do‘stlar!
1955
YoShLIK
Keldi o‘tib hamda u ketdi,
Shovqin solib sabanto‘ysimon.
Shunday dedi: “Sog‘insin To‘fon,
So‘nggi kunga bo‘lguncha imkon!”
Keldi o‘tib hamda u ketdi.
Shovqin solib sabanto‘ysimon,
Yoshlarni-da surdi maydonga.
Tanish sasin eshitdim bunda,
Boraman shu yo‘ldan men hamon,
Shovqin solib sabanto‘ysimon…
Shunday dedi: “Sog‘insin To‘fon
Ko‘zin tikib yoshlik bog‘iga!”
Men baribir yoshlar yog‘ida,
Turadurman teng bo‘lib har on!
Shunday dedi: “Sog‘insin To‘fon…”
So‘nggi kunga bo‘lguncha imkon,
Sochlar balki oqarib borar,
Ammo yurak yosharib borar.
Yuzga tushgan ajinlar mehmon –
So‘nggi kunga bo‘lguncha imkon!
1947
QUYoShDAN TUG‘ILDINGMIKAN?
Nuringizdan ko‘z qamashar,
Yashil parda tutingiz.
Xalq qo‘shig‘i
Quyoshdan tug‘ildingmikan,
Yulduzda turdingmikan?
Uyga oy kirganmi desam –
U sening nuring ekan!
Kiyganlaring ol ekan,
Gulob bilan teng turgan.
Oh u xilqat! deganlari,-
Xalq so‘zi timsol ekan!
Kipriklaring qoqarsan sen,
Ma’sumgina boqarsan sen.
Oy quyoshdan nur oladi,
Sen-chi, qaydan nur olarsan?
1957
HAYoT
Sen ketasan, Hayot, yiroqqa,
Kelajak kunlarning ufqiga tomon…
Men bosh egib kuzatib qolgum,
Ayrilamiz oxir firoqda,
Sen ketasan, Hayot, yiroqqa…
Kelajak kunlarning ufqiga tomon
Sening bilan ketgim keladi.
Kelajakka yetgim keladi!
Opket meni, olib ket, zamon,
Kelajak kunlarning ufqiga tomon!
Ayrilamiz oxir firoqda,
Bizning ishlar, ismlar, Hayot,
Uchrasharlar hali ko‘p marta,
Ko‘risharlar hali bir paytda,
Ayrilsak-da, ketib uzoqqa…
Sen ketasan endi yiroqqa –
Men-chi, yig‘ib butun kuchimni
Ushbu yo‘lga bera oldimmi?
Bir esga ol, o‘yla shu haqda
Bu kunlardan yiroq-yiroqda.
1942
KELAR EDING
Kelgan chog‘ing aytarding, G‘ulom:
“Assalomu-alaykum, Qozon!”
Navoiydan kelgandek salom,
Xotirlaymiz buni biz hamon.
Sen gurillab kirib kelarding,
Tug‘ishganday o‘zing his etib.
So‘ylashib ham sirlashib, G‘afur,
To‘yolmasdik biz diydorlashib.
…Aeroportga keldik. Xayrlashamiz.
Kun – muloyim, nur ila ochiq,
Radiodan xabar: Toshkentda
Bosilmadi hali zilzila…
Nega, nega yuraklar kuyar,
To‘lqinlanar ekan bu qadar…
Mangulikka G‘ulomni bizdan
Olib ketdi go‘yo bu safar.
Sobir, qo‘rqmas mard erlar edik,
Nima bo‘ldi bizga a, G‘ulom?-
Xayrlashdik: yuzda tabassum,
Ko‘zimizga to‘lgan yosh va g‘am…
Kuzatgandik seni biz shunday,
Janub tomon ketgan yo‘llarga.
Qo‘llaringning tafti ham hali
Sovimagan edi qo‘llarda…
Kelar eding, salom berarding
Chin To‘qayga o‘xshab: “Ey Qozon!” –
Ayirolmas bunday do‘stlikdan
Na zilzila va na-da zamon!
1970
SENGA NIMA BO‘LDI?
Sen nega mahzunsan bugun?
Nima bo‘ldi, Idil, senga?
Yaxshisi ayt, aytgil menga:
Men kelibman, sayyoh emas,
Sen nega mahzunsan bugun?
Nima bo‘ldi, Idil, senga?
To‘qayzorlar yo‘qoldimi?
Bulbullarning uyasiga
Cho‘rtanlar to‘lib qoldimi?
Kel, yaxshisi, so‘yla menga,
Sen tabiiy holatingni
Va tarixiy hayotingni –
Shoirga sirlaring kerak,
Kel, yaxshisi, so‘yla menga…
Men keldim, men sayyoh emas –
Sayyohlar kelar, ketarlar,
Balki bir yil bunda turar,
Biz mangu birga, Idil,
Men sen uchun sayyoh emas.
Sen nedan o‘ychansan bugun,
Dovulga boshing egmagin.
Qirg‘og‘ingda – Suyumbeka,
Kuzatar osmon-u zamin,
Sen nedan o‘ychansan bugun?
1970
BILMAY QOLDIM…
Bilmay qoldim…
Ko‘rmay qoldim.
Ketding xushlashmay.
Izinggina qoldi yurgan
So‘qmoqda qochmay.
Qaysi qushning ismi bilan
Seni chaqirmoq kerak?
O‘rmondagi har bir chechak
Sensiz o‘ksinar, malak.
Qayga ketding?
Kimlar oldi –
Dovullarmi, suvlarmi?
Izlaringda gul-chechaklar…
Yodgorliging shularmi?!
Izlaringda yashnab-yayrab
Yashil gullar o‘sadir.
Kimlar meni yupatar, eh,
Gulni qorlar to‘sadir…
1958
ELLAR
Derazamni ochib qo‘ydim,
Ellar uchib kirsin-ey:
Qadrdonlar ahvolidan
Biror xabar bersin-ey!
Oqshom tushar. Mayin yellar
Esadilar, esarlar.
Ular meni qiynamasdi,
Uni omon desalar.
Oqshom yellar ko‘p so‘ylarlar
Menga emas, gullarga…
Sendan ayru kunlarimda
Dardim aytay kimlarga?!
Tatar tilidan Jamoliddin Muslim tarjimasi