Veronika Tushnova (1911-1965)

Veroníka Mixáylovna Tushnóva (14 (27) mart 1911, Qozon — 7 iyul 1965, Moskva) — rus shoirasi va tarjimon. SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1946).

* * *

Xoliroq ko‘chadan ikkimiz asta
O‘tib borar edik. Yer loy, toyg‘anchoq.
Birdan, muyulishda chiroq ostida,
Mehring toshib, meni istading suymoq…

Shu choq qarshimizdan sho‘x studentlar
Chiqib nogoh bizni ko‘rib qolishdi…
Kulgili ko‘rindik, shekilli, ular
Ortdan qah-qah otib kulib qolishdi.

Taxminan, ularning gapi shu bo‘ldi:
“Bunday ahmoqlar ham bo‘ladi taqir!”
“Rostdan! Yosh bo‘lsa ham o‘zi mayliydi…”
“Xotini ham uncha yosh emas, axir!”

Zab jahling chiqdimi ular so‘ziga?
Nima ham der edik? Yoshlar haqlidir.
Ular to‘g‘ri aytar, mening yuzimga
Yoshlik hissi bilan nazar sol bir qur.

Mayli, kechiraylik yoshlar kulgisin,
Ular bizning zavqni qayoqdan bilsin!
Kishi keksarmaydi! Bu sirni ular
Bizning yoshimizga yetganda anglar!

Mamarasul Boboyev tarjimasi