Semyon Gudzenko (1922-1953)

Semyon Petrovich Gudzenko (5 mart 1922, Kiyev — 12 fevral 1953, Moskva) — rus shoiri, jurnalist, harbiy muxbir.

* * *

O‘limga borganda qo‘shiq kuylashar,
Ammo yig‘lash mumkin o‘limni kutib.
Jangda eng dahshatli lahza – muqarrar
Hujumni kutmoqlik minuti.

Mana, chavaqlangan dala – bepoyon,
Mina to‘zonidan qor tani – qurum.
Portlash. Yonginamda do‘stim berar jon,
Demak, o‘tib ketdi yonimdan o‘lim.

Hozir kelajakdir menga ham navbat,
O‘lim faqat menga cho‘zmoqda qo‘lin.
Sovuq qirq birinchi, senga ming la’nat,
Senga ham ming la’nat, piyoda qo‘shin!
Go‘yo barcha mina menga intilar,
Go‘yo tanim magnit, o‘tmasidan sal…
Portlash.
Leytenant bir qalqib yiqilar,
Yana o‘tib ketdi yonimdan ajal.

Bunday kutib bo‘lmas o‘limni, axir…
Jo‘nar okoplardan yetaklab bizni,
Sovuqdan murdaday tosh qotgan qahr –
Shtikning zarbidan yirtilib bo‘g‘zi.
Qisqa jang tugadi. Bir lahzalik jang.
Keyin aroq ichdik labimiz yaxlab.
Birovning qonini xanjarim bilan
Tirnog‘im tagidan tashladim kavlab.

Usmon Azim tarjimasi