Samuil Marshak (1887-1964)

Marshak Samuil Yakovlevich (1887.22.10, Voronej – 1964.4.7, Moskva) — rus shoiri, 20-asr rus bolalar adabiyoti asoschilaridan.
Marshakning «Jek qurgan uy», «Bolalar qafasda», «Ahmoq sichqoncha haqida ertak» she’riy kitoblari 1923 yilda nashr qilingan. Marshak 1933 yilda «Mister Tvister» hajviy pamfletini yaratdi. «Noma’lum qahramon haqida hikoya» romantik dostoni (1938)da yangi davr qahramonlarining jasorati ifodalangan. «Harbiy pochta» (1944), «Har xil rangli kitob» (1947), «Yil bo‘yi» (1948), «A dan Ya gacha zavqli sayohat» (1953) she’riy kitoblarida bolalarning o‘ziga xos tabiati, adabiyot haqidagi falsafiy fikrlari o‘z ifodasini topgan. Uning «Un ikki oy», «Aqlli asar», «Mushukvoyning uyi» ertak-pesalari mashhur.
Marshak «Hayot bo‘sa-g‘asida» avtobiografik qissasi (1960) va «Tarbiyaviy so‘zlar bilan» maqolalar to‘plami (1961), «Tanlangan she’rlar» (1962) asari muallifi.
Asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

TENTAK OVChI HAQIDA ERTAK

Bir qush to‘rga ilindi,
Jajji — mushtdayin.
Ovchi unga ta’kidlar:
— O‘liming tayin.

Bechora qush yalinar:
— Shafqat qil, axir.
Tanam patdan iborat,
Go‘shtim yo‘q — taqir.

Qo‘yib yubor, sen uchun,
Soz bo‘lar faqat.
Evaziga aytaman
Uchta maslahat…

Ovchi hayron boqadi:
— Qo‘ysang-chi, hayxot!
Tavba, bizga dars bersang,
Sen mitti nahot?..

Ovchi shu payt eng totli,
O‘ylarga bordi.
Oq yo‘l tilab, qushchani,
Qo‘yib yubordi.

— Mening nasihatimni,
Qunt qo‘yib tingla.
Boy bergan narsangga
Aslo achinma.

Tasdiqlar qushning so‘zin:
— Boy bergan omad
Ortga qaytmas, foydasiz,
Afsus-nadomat.

Qush shivirlar: — Qizishma,
Shukur qil doim.
O‘tgan ishga salovot,
Bo‘lsin iloyim.

O‘tgan ishga, salovot
Bo‘lsin iloyim.
Shukronaga yetkazsin,
Bizlarni doim.

Va nihoyat, jo‘n so‘zga,
Aldanib qolma.
Mo‘jiza bu — afsona,
Sira ishonma.

Ovchi der: — Bu gapda ham,
Ma’no ziyoda.
Ro‘y bermaydi mo‘jiza,
Yorug‘ dunyoda.

— O‘git uchun ming rahmat,
Uchgin uzoqqa.
Biroq, yana aylanib,
Tushma tuzoqqa,

Shohga qo‘nib qushcha der:
— Tentak ekansan.
Aldab nima gapirsam,
Shuni degansan.

Qimmat o‘lja to‘ringga
Tushgan chog‘da men.
So‘zimga laqqa tushib,
Qolding dog‘da sen.

Qornim to‘la xazina,
Go‘lsan, albatta.
Olmosim bor, tuxumdan
Ikki bor katta.

Ovchi esa alamda,
Qashir boshini:
— Men laqma bo‘shatibman,
Seni shoshilib.

Qushcha shoxda o‘tirar,
Balandmas biroq.
Endi bunday boylikka,
Etish mushkulroq.

Ovchining ko‘zi ko‘kka,
Boqishdan tolmas.
Eh, qani qushcha bilan,
Tushsaydi olmos.

— Kel, pastga tut, hoy, qushim,
Qiz qilib olay.
Ikkovimiz do‘st bo‘lib,
Qoldik har qalay.

Seni tillo shoxchaga
Qo‘ndirib asta.
So‘ng, ardoqlab boqaman,
Oltin qafasda.

Qushcha javob qaytarar:
— Tentaksan rosa.
Chiqarmading gapimdan,
Hech bir xulosa.

Maslahatim uchun sen,
Qo‘yib yubording.
Ko‘p o‘tmay o‘z ishingdan
— Attang, — deb qolding.

Men olisga uchmoqqa,
Chog‘lanmay alhol,
O‘z fikringdan qaytding-a!?
O‘ylanmay darhol.

Tentak ovchi gap mag‘zin,
Bir chaqib ko‘rsang:
Nahot olmos jussamdan,
Kattaroq bo‘lsa…

TOVUQNING FALSAFASI

Ikki yashar ko‘r kalamush,
Do‘ngga chiqib dardin aytar:
— Qiziq, nega dehqon barvaqt,
— Yashnab turgan yerni haydar?..

Gul, lolaga burkanuvdi,
Bu yer shudgor bo‘lgunchayin.
Boychechaklar qolgani yo‘q.
Qizg‘aldoqlar majruh, mayib.

— To‘g‘ri aytding, — deydi qarg‘a.
Maysa bizga yashil gilam.
O‘ylab-netmay odamlar ham,
Erni haydar qo‘shlar bilan.

— So‘ngra, shoshib don-dunlarni,
Shudgor uzra sochib tashlar.
Yooz kuyinar — bug‘doy uvol,
Bu qilig‘i dilni g‘ashlar.

Ekilgan don bo‘yin cho‘zar,
Paykal yashnab ko‘karadi.
Sug‘ur: — Soz! — der, Sichqon qo‘llab,
Boshin dadil ko‘taradi.

Arpalarga o‘roq tushib,
Xampalandi bug‘doy tezda.
Dala yaydoq, g‘arib bo‘lar,
Zerikasan bunday kezda…

— Ahvol qalay? — Ha, bir navi,
Sichqon Jo‘rga luqma tashlar,
— Turmush og‘ir, yemish tanqis,
To‘rg‘ay, Sug‘ur hasratlashar.

— Dehqon arpa, bug‘doylarni.
Moshinlarga ortib berdi.
Qoplar to‘la hosillarni,
Tegirmonlar tortib berdi.

Tovuq esa ajablanar
Inson zoti qilgan ishga.
— Donni sochib tuproq, toshga,
Bizni qo‘yar g‘irt tashvishga.

Bir iltimos, aziz do‘stlar,
Ushbu she’rda mantiq ham bor.
Bu tovuqning falsafasi,
Unga taqlid qilmang zinhor…

EShIKNI YoP!..

Bayram oldi tun allamahal,
Uy bekasi g‘imirsir yotmay.
Pishirardi somsa, bo‘g‘irsoq,
O‘zi undan yeb ko‘rmay, totmay.

Tashqarida kech kuz hukmron
Quruq shamol izg‘iydi g‘ir-g‘ir.
Chol chorig‘in yamarkan shoshmay
Der: — eshikni yopsang-chi, kampir.

— Undan boshqa ishim yo‘qmi, chol
Tambalang-chi, Siz ham bir safar.
Yopilmasdan ordona qolsin,
Menga desa yuz yilga qadar.

Senu menga borishdi hatto,
Qani tushsa ularning shashti.
Chol shartini aytmagunicha
Kampir vaysab, rosa bahslashdi.

— Jim bo‘l xotin, so‘zimni eshit,
Kim birinchi gapirsa agar.
O‘sha odam g‘iring demasdan,
Darhol turib eshikni yopar.

Churq etishmas chol bilan kampir,
Qani vaqtga bo‘lsa yetinib.
O‘chib bo‘ldi o‘choqda o‘t ham
Soat esa chopar betinim.

Shu zaylda xufton ham bo‘ldi.
Eshik ochiq turibdi hamon.
Simsiyoh tun, ikki begona,
Uyga kirib keldi shu zamon.

— Kim bor uyda, — so‘rar mehmonlar
Xuddi birov atay kutganday.
Sukut saqlar chol bilan kampir,
Bamisoli tolqon yutganday.

Bir chekkadan somsani yedi,
Parvo qilmay ikkovlon “daydi”.
Yaxna tovuq go‘shtin tushirdi.
Uy bekasi g‘iring demaydi.

Chekib ko‘rib boboy nosidan,
— Juda zo‘r, — deb maqtashdi qarang,
Qolgani yo‘q xumda musallas
Chol va kampir hamon gung, garang.

Neki bo‘lsa o‘marib ular
Ostonaga qo‘yishdi qadam
Va hovlidan chiqmay turib der:
— Somsasi xom ekan muncha ham.

Joni chiqib so‘zlar kampirsho,
— Yo‘q-yo‘q somsa xom emas hech bir.
Chol burchakdan so‘zlar mardona:
— Tur, eshikni yopsang-chi, kampir…

 
OVULDOShLAR

Ovuldoshim kambag‘al chol,
Jamg‘armasin sanadi.
So‘ngra bozor ilinjida,
Xurjunni ham yamadi.

Paytavaning orasiga
Aqchasini o‘radi.
Toshko‘chalik mumsik boydan,
Eshagini so‘radi.

Boylar uchun bahona ko‘p.
O‘tirmas reja tuzib:
— Berar edim, jonim bilan
Qochibdi arqon uzib.

Suhbat yetmay poyoniga.
Ajib sado yangradi.
Qo‘rg‘ondagi otxonada,
— Qaysar eshak hangradi.

Chol imlab der: — Senu menga,
Tanish ulov ohangi.
Gaping yolg‘on ekanligin,
Isbot qildi bu hangi.

Boy g‘udranar: — Yolg‘on so‘zdan,
Nahotki topsam foyda?
Shu eshakka ishondingiz,
Axir, men turgan joyda.

Chol yo‘lma-yo‘l boy sha’niga,
Nordon “olqish” otardi.
Ovloq yerda semiz qo‘zi,
Kavsh qaytarib yotardi.

Demak, oftob toliqtirib,
To‘dadan olislabdi.
Yosh-da, bardosh berolmagan,
Elitgan quyosh tafti.

Siz ham bunday hangomaga,
Goho guvoh bo‘lasiz-a…
Chol ko‘zini bog‘lab qo‘ydi,
Keltirib qo‘rasiga.

Boy andarmon izlattirdi,
Chorbog‘ning so‘lu sog‘in.
Keyin cholning hovlisidan.
So‘roqlar qo‘zichog‘in.

— Bu yerda yo‘q, o‘sha qo‘zing,
Qidirgin boshqa yoqdan.
Balki quyosh taftiga u,
Dosh bermay boshi oqqan.

Boy ortiga qaytish uchun,
Shaylangan edi shu chog‘.
Qo‘ra yoqda birdaniga,
Ma’rab qoldi qo‘zichoq.

O‘dag‘aylab, cholni so‘kib,
Boy yulqinar dam-badam.
Pinak buzmay oqsoqol ham,
Javob aytar xotirjam.

Hoy boyvachcha, nafi tegmas,
Endi shovqin, ovozani.
Ko‘zi emas, menga ishon, —
Deya yopdi darvozani.

YuK

Yuklarin topshirdi bir xonim
Divan,
Jomadon,
Qopchiq,
Kartina,
Kajava,
Quticha.
Qutida barcha jamul-jam,
Hattoki kichkina kuchuk ham.
Xonimga berishdi shu zahot,
To‘rt yashil qog‘ozni bus-butun,
Bu ishonch-dalolat demakdir.
Shu yuklarni olgani uchun.
Divan,
Jomadon,
Qopchiq,
Kartina,
Kajava,
Quticha.

Qutida barcha jamul-jam,
Hattoki kichkina kuchuk ham.
Ularni perronga keltirib,
Birma-bir vagonga tashlandi.
Xonim xotirjam, yuklar jamul-jam:
Divan,
Jomadon,
Qopchiq,
Kartina,
Kajava,
Quticha.

Qutida kichkina kuchuk ham.
Kutilmagan qo‘ng‘iroqdan cho‘chib,
Qochib qoldi vagondan kuchuk.
Bosh bekat xodimlari shoshib,
Qarashsa kuchuk ketibdi qochib.
Ular yukni sanar qaytadan:
Divan,
Jomadon,
Qopchiq,
Kartina,
Kajava,
Bo‘sh quti.

— O‘rtoqlar! Qayda qoldi kuchuk?!.
So‘roqlashar rang-ro‘yi o‘chib…
Qarashsaki bitta Olapar,
Yoildirakning yonida turar.
Uni ushlab, keltirib darhol,
Qutichaga joylashdi alhol.
Divan,
Jomadon,
Qopchiq,
Kartina,
Kajava,
Quticha.

Kuchukning o‘rnida Olapar-ku, naqd,
Etib keldi poyezd ham barvaqt.
Ko‘zlangan manzilga, belgili yerga,
Xonimning shahriga — Jitomirga
Yuk xammolga bo‘ldi ro‘para,
Ya’ni o‘n beshinchi no‘mirga.
Divan,
Jomadon,
Qopchiq,
Kartina,
Kajava,
Quticha.

Sal orqaroqda Olapar.
It behosdan qoldi irillab,
Xonim: — Voy-dod! — dedi chirillab.
— Muttahamlar! Mirshabni chaqir!
Bu it boshqa nasildan, axir!..
Jomadonni, irg‘itib xonim,
So‘ng divanni tepib yubordi.
Qopchiqni,
Kartinani,
Kajavani,
Qutichani,

Bir chetga surib,
— Kuchugimni topasan! — deya,
U xammolning qoshiga bordi.
— Uzr, xonim! Stantsiyada,
Yozilgan — kvitantsiyada
Sizdan quyidagi yuklar olingan;
Divan,
Jomadon,
Qopchiq,
Kartina,
Kajava,
Quticha.

Barchasi qog‘ozda jamul-jam,
Xattoki kichkina kuchuk ham.
Jitomirga kelguncha, demak,
It ulg‘aygan bo‘lishi kerak…

ShOH VA JANGChI

Shoh va jangchi tortishardi:
— Kim ardoqli, qadrli?!.
Basharti tuz bo‘lmaganda,
Oziq-ovqat tatirmi?

Podishoh der: — Kaminaning,
Qadri baland va katta.
Jangchi aytar: — El biladi,
Ular xolis, albatta.

Oqshom ikkov chiqib keldi,
Ko‘rkam, oppoq saroydan.
So‘ng burildi qirol bilan
Parad o‘tguvchi joydan.

Ro‘paradan chiqib qoldi,
Shu payt oddiy bir cho‘pon.
— Yurt uchun kim ardoqli, — deb,
Undan so‘rar ikkovlon.

— Gapda mantiq bo‘lgan kezda,
Tortishuv ham tatirli,
Bir-biriga bog‘liq bo‘lmay,
Yashasa kim,
Dangal gapim,
Faqat o‘sha qadrli!..

— Shohsiz yashab bo‘larmi, ayt?!.
Jangchi dedi: — Yo‘q, aslo!
Agar qo‘shin bo‘lmasa-chi?!.
— Yo‘q! — der qirol — Mutlaqo!..

Ruschadan Tursunboy Adashboyev tarjimasi

DO‘STLAR

Ko‘zlar porlar – gullar
Sochilgan qirga.
Maktabdan qaytardik
Men va sen birga.

Shapkalar chakkada,
Kurtaklar ochiq.
Erta bahor, havo
Yoqimli iliq.

Duch kelgan tarafga
Tashlaymiz qadam.
Goh o‘ngga, goh so‘lga
Yuramiz hamdam.

Shunchaki tusmollab,
Duch kelgan tomon.
Boramiz, qaytamiz,
Zavqlanib chunon.

Hakkaday hakkalab,
Ba’zida chopdik.
Quvonchdan bir olam,
Zavq, huzur topdik.

Xushchaqchaq kezishdik
Tushib har ko‘yga,
Birga qaytdik shodon
Kechqurun uyga.

Keyin ajralishdik
Xayr-xo‘shlashib,
Mamnun ko‘rishamiz,
Tag‘in uchrashib.

Rus tilidan Ravshan Isoqov tarjimasi