Korney Chukovskiy (1882-1969)

Chukovskiy Korney Ivanovich (taxallusi; asl ism-sharifi Korneychukov Nikolay Vasilevich) [1882.19(31).3, Peterburg — 1969.28.10, Kuntsevo, Moskva viloyati] — rus yozuvchisi, bolalar shoiri, tarjimon va adabiyotshunos.
Ijodining asosiy qismini bolalarga bag‘ishlangan asarlar tashkil etadi. Chukovskiyning «Vanya va Timsoh», «Tozalabyuv» («Moydodir»), «Suvarakboy» (1923), «Pashsha – serxarxasha» (1924), «Barmaley» (1925), «Voyjonimning sarguzashtlari» (1929) va boshqa she’riy ertaklari mashhur. Mazkur asarlar asosida ko‘plab ertakspektakllar, multfilmlar yaratilgan.
Chukovskiy uzoq yillar davomida yoqimtoy bolalar tilini kuzatib, «Ikkidan beshgacha» kitobini yozdi (1928—70). U tarjimashunoslik, adabiyotshunoslik sohasidagi asarlari bilan ham tanilgan.
2-jahon urushi yillarida Toshkentda yashagan. Asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilingan.
Bolalarga bag‘ishlab yozilgan «Vanya va timsoh», «Tozalab yuv», «Suvarakboy», «Pashsha – serxarxasha», «Barmaley», «Doktor Aybolit» kabi asarlari butun dunyoga mashhur. Uning N.A.Nekrasov, A.P.Chexov, V.Korolenko, L.Andreev, V.Bryusov, A.Blok, A.Kuprin, I.Repin va boshqa ulug‘ ijodkorlar haqida yaratgan adabiy ocherklari, badialari juda ko‘p tillarga tarjima qilingan.

DO‘XTIR VOYJONIM!

1

Voyjonim do‘xtir ana!
Soyadan topgan pana.
Shoshilinglar u tomon
Davolanishga shu on.
Sigiroy va bo‘rixon,
Qo‘ng‘izcha-yu chuvalchang
Va ayiqoy jigarrang.
Hammaga topar davo
Do‘xtir Voyjonim bobo.

2

Tulkicha keldi do‘xtir tomon:
“Ari meni chaqdi juda yomon”.
Olapar keldi deya: “Voy-voy,
Burnimni cho‘qidi tovuqvoy”.
Quyonxon qiladi ko‘p faryod:
“Yordam ber, Voyjonim,
Voy-voy-dod!
Bolamni bosibdi tramvay,
Oh, bolam, endi men na qilay?
Quyonchamni bosibdi-ya, tramvay
Voyjonim, yordam ber o‘tinay.
U yo‘ldan yugurib o‘tganda,
To‘satdan tramvay kelganda
Oyog‘ini bosibdi shu chog‘.
Bolam endi bemor va oqsoq.
Quyoncham, oh, chidayman qandoq?”
Voyjonim der: “Bu kulfat emas,
Quyonchani menga bersang bas.
Tikaman unga yangi oyoq.
Chopqillab ketadi u shu chog‘.
Bemor keltiriladi shu on
U kasal, u oqsoq, nogiron”.
Oyoqni tikdiyu shifokor,
Sakrab ketdi shu zahot bemor.
Bolajoni bilan yonma-yon
Raqsga tushib ketdi Quyonxon.
Quyonxon kuladi ko‘p xursand:
“Voyjonim, sizga katta rahmat”.

3

Chiyabo‘ri shu payt qaydan-da
Birdan kelib qoldi baytalda
Der: “Gippopatamdan bor
Sizga telegramma tezkor.
“Do‘xtirjon, Afrikaga
Tezroq keling.
Bolalarimizga zudlik bilan
Yordam bering”.
Nima bo‘ldi, bu ne hol?
Nahot bolalar bemor?
Ha, ha, ularda angina,
Qizilcha, ichketarina,
Bo‘g‘ma va appenditsit,
Bezgak hamda bronxit.
Kasalliklar g‘ij-g‘ij muammo,
Keling, Voyjonim bobo!”
– Mayli, mayli, yuguray,
Va yordamga ulguray.
Siz yashaysiz qayoqda?
Tog‘dami yo botqoqda?
– Biz yashaymiz Zanzibarda,
Kalaxarida va Saxarada.
Tog‘imiz nomi Fernando Po,
U yerda yuradi Gippo-po
Sayr ko‘chasi Limpopo.

4

Voyjonim o‘rnidan qo‘zg‘alar,
Yugurib, yugurib u borar.
Yaylovdan yuradi, o‘rmondan,
Boradi u dala tomondan.
Bir so‘zni ta’kidlar Voyjonim bobo:
“Limpopo, Limpopo, Limpopo”.
Yuziga urilar do‘l, shamol va qor
Voyjonim ortingga qayta qol.
Voyjonim, yiqildi, tura olmadi,
– Yurishga aslo holim qolmadi.
Archaning tagidan bir zumda
Paxmoq bo‘rilar chiqar shunda.
– Ustimizga chiqing, do‘xtirjon,
Manzilga eltamiz shu zamon.
Bo‘riga chiqdiyu Voyjonim bobo
Bitta so‘z tilidan tushmadi aslo:
“Limpopo, Limpopo, Limpopo”.

5

Qarshisidan chiqdi bir ummon,
Shiddat-la qilmoqda to‘polon.
To‘lqinlar bulutga yetguday,
Voyjonimni yutib ketguday.
– Cho‘kib ketaman men nahot,
Dengiz tubi tortsa-chi bedod.
Ne qiladi bemorlarim,
O‘rmondagi jonvorlarim?
Shu payt kit chiqib keldi,
“Ustimga o‘tir, Voyjonim, – dedi –
Go‘yo kemadayin kattakon
Seni manzilga eltaman, ishon”.
Kitga minib olar Voyjonim bobo
Tilidan bitta so‘z tushmaydi aslo:
“Limpopo, Limpopo, Limpopo”.

6

Birdan qarshisidan chiqar tog‘lar – bahaybat,
Voyjonim emaklar, qilar harakat.
Tog‘lar baland bo‘lar, yanada tikka,
Go‘yoki tegmoqda bulutga.
“Etib borolmasam endi netaman,
Nahotki, yo‘lda qolib ketaman?
Ne qiladi bemorlarim,
O‘rmondagi jonvorlarim?”
Eng baland qoyadan shu on
Burgutlar keldilar nogahon.
“Ustimizga mining, Do‘xtirjon
Manzilga eltamiz beziyon”.
Burgutga mindi Voyjonim bobo,
Tilidan bitta so‘z tushmaydi aslo:
“Limpopo, Limpopo, Limpopo”.

7

Ajoyib Afrikada,
G‘aroyib Afrikada
Bordir qora Limpopo,
Yig‘layapti Afrikada,
Ko‘z yosh to‘kar Afrikada
G‘amgin Gippopo.
U palmaning ostida
Afrikada o‘tirar.
U dengizga Afrikadan
Ko‘z uzmasdan mo‘ltirar.
Qachon endi kemasida
Do‘xtir Voyjonim kelar?
Fillar va karkidonlar
Chopadi har tomonlar
Va darg‘azab deydi:
– Qachon kelar endi
Do‘xtir Voyjonim?!
Yonida esa begemotlar
Qornin ushlab dodlar.
Begemotchalarning axir
Qorinchalari og‘rir.
Tuyaqush bolalari
Chiyillar cho‘chqa singari.
Rahmimiz kelar nolalariga
Bechora tuyaqush bolalariga.
Ularda bo‘g‘ma, qizamiq,
Chechagu, bronxitdan og‘riq.
Qizargan tomoqlari,
Og‘rir bosh-oyoqlari.
Alahlar, alahlar ular
Voy, shifokor qachon kelar?
Nega shu paytgacha yo‘qdir
Voyjonim do‘xtir?
O‘tkir tish akula
Yotar yonboshlab
Quyoshda yotar,
Ko‘zlarin yoshlab.
Uning mittivoylarining,
Akulacha-shirintoylarining
O‘n ikki kundan buyon
Tishlari og‘rir chunon.
Chigirtkavoy bechora
Elkasi chiqqan nachora.
Sakramas-u, yugurmas,
Ko‘z yoshi qurib ulgurmas
Va doktorni chaqiradi
Qayda ekan u, obbo,
Mehribon do‘xtir bobo?

8

Qarang, bir qush samodan
Uchib kelar havoda.
Ustida Voyjonim bor,
Qo‘lin silkib der takror,
– Yashasin yoqimli Afrika!
Bolalar quvonchini ko‘r:
“Kelibdi!”, “Qoyil!”, “Zo‘r!”
Qush tepada aylanar
Va qo‘nishga shaylanar.
Begemotchalar tomon
Yuguradi do‘xtirjon.
Tekshirib tinglab turar,
Qorniga urib ko‘rar.
So‘ngra navbatma-navbat
Berib chiqar shokolad.
Va haroratni o‘lchar.
Yo‘l-yo‘l yo‘lbarschalar
Tomon yugurar
Bechora o‘rkachli
Bemor bo‘taloqlarni ko‘rar.
Va har birini gogol,
Har birini mogol,
Gogol-mogol,
Gogol-mogol,
Gogol-mogol bilan siylar.
O‘n kecha-yu kunduz
Voyjonim totmadi tuz.
Suv ichmas o‘n kundan buyon,
Davolar bechora jonvorlarni
Va haroratin o‘lchar hamon.

9

Mana davoladi u
Limpopo,
Bemorlar tuzaldi-ku
Limpopo,
Ular rosa quvnashdi
Limpopo,
Bir-birini quvlashdi
Limpopo.
Va Akula Karakula
O‘ng ko‘zin qisib bir yo‘la
Qah-qah otib kula boshlar,
Go‘yo uni qitiqlashar.
Mittigina begemotlar
Qorinlarin ushlab kular.
Rosa kular, maza qilar
Hatto eman titrab ketar.
Mana Gippo, mana Popo
Gippo-popo, Gippo-popo!
Kelmoqda
Gippopotam
U kelar Zanzibardan
U kelar Kalimanjarodan.
U qichqirar qayta-qayta,
Yana quvnab qo‘shiq aytar:
“Voyjonimga sharaf-shon!
Do‘xtirlar bo‘lsin omon!”

PAShShA-OYPAShShA

Pashsha-pashsha oypashsha,
Zar kiyimi – tomosha.
Pashsha dalaga bordi,
Tangani topib oldi.
Ketdi, qayda deb bozor,
Sotib oldi samovar.
“Suvaraklar, marhabo,
Mana choy va murabbo”.
Suvaraklar to‘plandi,
Choylar bir-bir ho‘plandi.
Hashorotlar uyala,
Har biri uch piyola
Shirchoy ichib qaytishdi,
Oypashshaga tasanno
Va tabriklar aytishdi.
Axir Pashshaoy bugun,
Nishonlar tug‘ilgan kun.
Burgalar qilmay g‘avg‘o,
Etik qilishdi sovg‘a.
Etik oddiymas, qarang,
Ilgaklari tillarang.
Bolari momo: “Bo‘lma” deb kasal
Keltirdi pashshaga ko‘pgina asal.
Kapalakjon, marhabo,
Totib ko‘rgin murabbo.
To‘g‘risin ayting bizga,
Emak yoqdimi sizga?
Zahari tomib chak-chak,
Paydo bo‘ldi o‘rgimchak
Voy, qarang o‘rgimchakka,
Pashshaoyni burchakka
Sudrab ketyapti yakka.
Uni qilmoqchi gumdon,
Pashshaoy qolmas omon.
Pashsha zorlanar: “Voy dod!
Mehmonlar! Sizdan najot
Zolimdan xalos
Qiling, iltimos.
Sizni yedirdim,
Sizni ichirdim.
Tashlamang g‘amda,
Eng so‘nggi damda”.
Chuvalchangu qo‘ng‘izlar,
Cho‘chib qolishdi.
Tirqishu teshiklardan
Qochib qolishdi.
Divanlar ostin
Suvarak bosdi.
O‘rindiqlarga esa
To‘ldi qurtu qumursqa.
Hasharotlar qilmay jang,
To‘shakni bosdi, qarang.
Hech qaysisi o‘rnidan jilmas, voy,
Nobud bo‘lsang bo‘laver, Pashshaoy.
Chigirtkajon, chigirtga,
O‘xshar mitti yigitka.
Shiori chir-chir
Butaga kir,
Og‘zingni suvga to‘ldir,
Jim o‘tir.
Zolim rahmi kelmaydi,
Pashshaoyni chirmaydi.
Oyoq-qo‘lin bog‘laydi,
Yuragini dog‘laydi,
Yana qonin to‘kadi,
Pashsha azob chekadi,
Oypashshaxon zorlanib eziladi,
Zolim esa jilmayib suziladi.
Shu mahal mitti chivin
Paydo bo‘libdi,
Qo‘lida kichik fonus
Yonib turibdi.
Der: “Qani zolim, qotil?,
Jazolay uni odil!”
U qonxo‘r tomon borar,
Qilichni qo‘lga olar,
Zolimni qilar yakson,
Oypashsha qoldi omon.
Uni qo‘lidan tutib
Deraza tomon o‘tib,
Der: “Azizim, sen ozod,
Endi esa umrbod
Sevikli yorim bo‘lgin,
Men bilan turmush qurgin”.
O‘tirg‘ichdan shu zahot,
Chiqa boshlar hasharot.
Deyishar unga qarab:
“Mard chivinga shon-sharaf!”
Go‘yo mitti fonuslar –
Keldi nurli qo‘ng‘izlar.
Atrof quvonchga to‘ldi
Hamma yayradi, kuldi.
Qirqoyoqlar, chopinglar.
Musiqachi topinglar!
Maza qilib o‘ynaymiz,
O‘ynab sira to‘ymaymiz.
Musiqachilar chalar,
Do‘mbiralar avj olar:
Baka-bum baka-bum-bang!
Pashsha, chivinga qarang!
Raqs tushar ular ana,
Davrada endi kana!
O‘yiniga yo‘qdir gap,
Etiklar qilar tap-tap,
Hasharotu qumursqa
Bo‘lib uzunu qisqa
O‘ynashar go‘yo malak.
Ninachiyu kapalak,
Shoxdor qo‘ng‘izlar kular,
Qalpog‘in silkir ular
Bir-biriga parvona:
Na-na-na-na-na-na.
Qoyil, qoyil, buncha zo‘r,
Chivinlar raqsini ko‘r,
Hamma o‘ynab kulyapti,
Pashsha to‘yi bo‘lyapti.
Kuyov yosh, uddaburon
Mard va jasur chivinjon.
Ayamay chipta kovush,
Chumolivoy, raqsga tush.
Yonda jufti haloli
O‘ynayapti chumoli,
Sakrab-sakrab to‘ymaydi
Ko‘z qisishni qo‘ymaydi.
Qumursqalar, hoy-hoy-hoy,
Yoqimtoysiz, yoqimtoy!
Etiklar g‘irchillar xo‘p,
Poshnalar qilar tap-tup.
Tonggacha o‘tar bazm,
Bizda shunaqa rasm.
Oypashsha axir bugun
Nishonlar tug‘ilgan kun.

ARALASh

Mushuklarning dili g‘ash:
Jonga tegdi miyovlash.
Bizda bitta orzu bor –
Cho‘chqa misol xur-xurlash.
Ulardan so‘ng o‘rdaklar,
Derlar: “Bizning istaklar” –
Bamisoli qurbaqa –
Desak edi “vaq-vaqa”.
Miyovlaydi cho‘chqalar,
Tovuqlar der:
– Qag‘-qag‘-qag‘.
Shu payt chumchuq keldi-ku
So‘ngra sigir kabi u
Mo‘ladi: “Mo‘-mo‘-mo‘”.
Ayiq keldi yugurib,
Shunday dedi bo‘kirib:
– Qo-qo-qo-qo.
Shoxga qo‘nadi kakku:
– Demayman endi ku-ku.
Qani, kuchukdek darrov
Vovullasaydim: “vov-vov”.
Faqatgina quyoncha
Muloyim ekan ancha,
Miyovlamas,
Xur-xurlamas,
Karam tagida yotar,
Quyondayin so‘z qotar.
Va aqlsiz hayvonlarga
O‘rgatar:
– Chirqillashga yaralganlar,
Miyovlanglar!
Miyovlashga yaralganlar,
Chirqillanglar!
Qarg‘a bo‘lolmas sigir,
Baqa ucholmas, axir.
Ammo hayvonlar shodon,
Cho‘chqayu ayiqpolvon,
Sho‘xliklari hech qolmas,
Quyonga quloq solmas.
Baliqlar dala kechar,
Baqalar ko‘kda uchar.
So‘ngra qopqonga boplab,
Joylab qo‘ydilar ular.
To‘polonchi tulkilar
Gugurtni qo‘lga olib
Dengiz tomonga borib,
Unga qo‘ydilar olov,
Va dengiz yondi lov-lov.
Kit dengizdan chiqadi,
Tinmay faryod chekadi:
“O‘t o‘chiruvchilar, hov,
Yordamga keling darrov!”
Juda-juda ham uzoq
O‘tni o‘chirdi timsoh.
Bu ishga bo‘ldi kerak
Qo‘ziqorindan turshak.
Zarur bo‘ldi yana, voh,
Shirindan-shirin quymoq,
Ikki tovuq qu-qular,
Bochkadan sepib suvlar.
Ikki qiltomoq baliq,
Suv sepdi cho‘mich olib.
Qurbaqalar ovora,
Suvlari bir tog‘ora.
O‘chirishar – o‘chmaydi,
Suv sepishar – to‘lmaydi.
Kapalak bunga boqdi,
Qanotlarini qoqdi,
O‘cha boshladi dengiz,
Va uchib qoldi viz-viz.
Quvonar barcha hayvon,
Qo‘shiq aytishar shodon,
Quloqlari shaqillar,
Oyoqlari taqillar.
Darrov ovozin sozlar,
G‘ozdek g‘a-g‘alar g‘ozlar:
– G‘a-g‘a-g‘a.
Mushuklar-chi, miyovlar:
– Miyov-miyov!
Qushlar chirqillay boshlar:
– Chirq-chirq!
O‘rdaklar g‘aqillar,
G‘aq-g‘aq.
Cho‘chqalar xurillar,
Xur-xur.
Murochkani allalay,
Uxlab qolgin, aylanay.
Allayo, alla,
Allayo, alla.

Kavsar Turdiyeva tarjimasi

HAMMOM VA PAShShA

Pashshavoy parvoz qildi.
Hammomga uchib keldi.
Suvarak o‘tin yordi,
Hammomga olib bordi.
Ari lungi keltirdi,
Pashsha hammomga kirdi.
Bug‘ga toblab o‘zini,
Chayqadi yuz-ko‘zini.
Yuvindi, bosh-qo‘l chaydi,
Birdan oyog‘i toydi.
Sirpangancha surilib,
Ketdi qattiq urilib.
Qovurg‘a chiqdi zarbdan,
Elkasi og‘rir darddan.
– Hoy Chumoli, chop axir,
Darhol do‘xtirni chaqir!
Do‘xtir Chigirtka shoshib,
Keldi tezda tom oshib.
Suv tomizdi og‘ziga,
Pashsha keldi o‘ziga.
Qanotlari g‘irillab,
Uchib ketdi pirillab!

Rus tilidan Nurulloh Oston tarjimasi