Ivan Kozlov (1779-1840)

Ivan Ivanovich Kozlov – rus shoiri va tarjimon. Peterburgda tug‘ilgan. A.S. Pushkin, V.A. Jukovskiy, P.A. Vyazemskiy singari ijod va ilm ahli bilan yaqin aloqada bo‘lgan. 1831 yili V.Shekspirning “Otello” tragediyasidan olinib, erkin tarjima qilingan quyidagi she’r o‘z davrida kuyga solinib, ijro etilgan. Ushbu romansning Oybek tomonidan 1939 yilda bajarilgan tarjimasi V.G.Belinskiyning “Poeziyaning xil va turlarga bo‘linishi” maqolasi tarkibida chop etilgan.

DEZDEMONA ROMANSI

O‘yga tolib o‘tirardi bechora qiz soyada,
Ezar edi hasrat uni, berilgandi nolaga:
“Kuylangiz siz majnun tolni,
Menga majnun ko‘k tolni!”

Ko‘kragiga qo‘llarini astagina qo‘ydi u,
Boshini ham tizzasiga jimgina u oldi; suv –
To‘lqinlari hayqirib qarshisidan oqardi,
Uning ojiz fig‘onini u to‘lqinlar aytardi,
“Ay, majnun tol, sen, majnuntol,
Ay, yam-yashil majnun tol!”

To‘lib-toshib oqar edi uning qaynoq ko‘z yoshi,
Ko‘z yoshi-la yumshagandi u yerning vahshiy toshi.
“Ay, majnun tol, sen, majnun tol,
Ay, yam-yashil majnun tol!”

Bu yam-yashil, bu majnun tol
Menga gultoj bo‘lajak,
“Ay, majnun tol, sen, majnuntol,
Ay, yam-yashil majnun tol!”

Oybek tarjimasi