Evgeniy Vinokurov (1925-1993)

Evgeniy Mixaylovich Vinokurov (22 oktyabr 1925, Bryansk — 23 yanvar 1993, Moskva) — rus shoiri. SSSR Davlat mukofoti laureati (1987). SSSR yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

OQQUShLAR

Yig‘lagim keladi. Yo‘q menda omad,
Sira yechilmaydi oddiy masala.
Ha, oddiy masala,
Oddiygina shart:
“Osmonda oqqushlar uchar bir gala…”

Boshimni changallab kaftlarim bilan
Qo‘shaman, olaman — yurishmaydi ish.
Ammo ko‘zlarimni nogahon yumsam,
Osmonni to‘ldirib
Uchadi oqqush.

Shafaqda yonayotgan bulutni buzib,
Ular uchayotir — to‘shlari alvon.
Ingichka bo‘ynini ortiga cho‘zib,
To‘pboshi to‘pini chorlardi har on.

Ular qo‘nar edi bosgani chanqoq
Bir ko‘lning bo‘yiga…
Uchardilar boz —
Yoshgina oqqushlar yonida har choq
Jonsarak ona qush etardi parvoz.

Osmonga naqadar ular yarashur,
Shafaqni qanot-la quchganlarida!..
Hech qachon qilolmas hech kim tasavvur,
Ularning darslikdan uchganlariga…

* * *

Yigirmanchi asr!
Yonar bema’no ko‘zlar,
Bo‘g‘izda hayqiriq,
Sochlar terdan ho‘l.
Ana, u jo‘nadi…
Poyezdda — ko‘rlar:
Asrga aytguli
La’natlari mo‘l.

Yigirmanchi asr.
Etim-esirlar,
Majruh oyog‘in
Bosishar sudrab.
Qancha? Yigirmami?
Qancha chaqrim jar?
Keta-ketgunicha
Suyagu suyak.

Yigirmanchi asr.
Tentirab tanho,
Sening yo‘llaringga
Boqaman haqir.
Hayvon bo‘lmoq — oson,
Oson — bo‘lmoq xudo,
Odam bo‘lish — og‘ir,
Odam bo‘lish — og‘ir…

Yigirmanchi asr —
Tug‘ ko‘targan jangchi —
Qon va jon jangida
Jon bergan ko‘yi,
Yo‘l ko‘rsatib turar
Reyxstag ustidan:
Marhamat,
Yo‘l ochiq…
Asrlar bo‘yi…

* * *

Temir quyuvchiman. Og‘ir — mehnatim.
Hurmat taxtasida turar suratim.
Bo‘ynimda galstuk. Egnimda kostyum.
Haftada olti bor tongda uyg‘ongum.
Tongda — sovuq qotib — boraman ishga.
Ozgina vaqt qolar kostyum yechishga.
Derazaga boqib qotaman birdan…
Sen sayr qilasan kursantlar bilan.
Men seni so‘ymayman. O‘ldirmayman, yo‘q,
Faqat temir nogoh suv bo‘ladi, cho‘g‘…
Oqadi qizarib, yonib to‘ladi…
Bilaman, to‘nadi, oxir to‘nadi.

KO‘MIR

Bir sho‘x-sha’n bahor kuni,
Yoqayin deb xizmatga,
Tolmay ko‘mir tushirdim,
Allaqaysi bekatda.

O‘n yettida edimmi,
Harholda yosh edim ko‘p,
Egnimdagi shinelni
Teshib o‘tgan edi o‘q.

Belkurakni o‘ynatdim,
Qo‘llarimni muzlatib.
Qo‘llarim qaro edi,
Qaro edi ko‘zlarim.

Kuylamasdim, gapirmasdim,
Ust-boshim ko‘mir isi.
Ko‘mir changidan hatto
Qop-qora edi tishim.

Tushlik qilgan chog‘imda,
Bankadan ho‘pladim choy.
Choy ham, qand ham ko‘mirrang —
Qora edi, hoynahoy.

Shunday og‘ir mehnatda
O‘sha bahordan mastdim…
Poyezddagi qizlar ammo
Menga kulib boqmasdi.

Poyezdlar o‘tar edi,
Turmasdilar tutilib —
Tush kabi ketar edi…
Yuzlarimda tutuni.

O‘!.. Baqirgim kelar edi:
— Poyezdlar, to‘xtang bir on!
To‘xtang! Hali sevmaganman,
Sevmaganman hech qachon!

* * *

Jangda halok bo‘lgan navqiron askar
Dalada yotibdi — beshinel, yalang…
Loy yuqqan qo‘liga. Suv silqib oqar
Yomg‘irda ho‘l bo‘lgan yengchalaridan.

Murda jim boqadi… Falakda kalxat
Aylanar — yetmoqchi u tilagiga.
“NADYa” — shu bitta so‘z yozib qo‘yilgan
Askarning oqargan so‘l bilagiga.

* * *

Yo Alloh! Yo‘q, sen ham buyuk emassan,
Izmingda emasdir oddiy andisha.
Ana, bandalaring ichib yotibdi —
Uchovi bir shisha, uchov bir shisha…

Ana, borishmoqda. Yuzlari shishgan.
Lablarida ko‘pik,
Turisholmas tik.
Hammasi tumanda. Hammasi tushda.
So‘ngra qorong‘ulik,
So‘ng qorong‘ulik.

Ana, borishmoqda. Yuzlari shishgan…
Qancha avlodlarni bu shisha yutdi.
Yo Alloh! Yo‘q, sen ham buyuk emassan,
Xudosisan faqat alafning, o‘tning…

Faqat tumanlarga oliy hukmsan,
Bahri muhitlarga qudrati qodir.
Faqat odamlarga Xudo emassan,
Ana, yuzlar shishgan…
Borishar…
Og‘ir!..

* * *

Tushimda charx urib, uchdimu ketdim,
Faqat qulog‘imda bir titroq ovoz:
— Zinhor tong chog‘ida uxlab qolmagin,
Bolam, tong chog‘ida mudom et parvoz!

Uchdim — havolarda tarqaldi qayg‘u,
Ko‘zim yulduzlarning eng tozasida.
Ammo mening tanim qolib ketdi-ku,
Erdagi kulbamning derazasida!

Uchaman! Yonayotgan shafaqlar tomon,
Qalqinib ruhimning ovozasidan.
Ammo nimagadir qo‘rqaman yomon —
Ko‘zlarim kulbamning derazasida.

Usmon Azim tarjimasi