Mixay Eminesku (1850-1889)

Rumin she’riyatining eng mashhur shoiri sifatida tanilgan Mixay Eminesku (Mihai Eminescu) 1850 yilning 15 yanvarida Ruminiyaning tarkibidagi Moldova knyazligiga qarashli Botashani shaharchasida tug‘ilgan. Uning kelib chiqishi armani bo‘lmish otasi o‘rtahol zamindor bo‘lib, dehqonchilik bilan shug‘ullanardi. Yosh Mixay Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibiga kirgan (bugun Ukrainaning g‘arbida) Chernovtsi shahridagi nemis gimnaziyasida ta’lim oladi. 1866 yili uning sevimli o‘qituvchisi o‘limi munosabati bilan ilk she’ri jurnalda chop etiladi. Shu yili uning bir turkum she’rlari «Familia» («Oila») jurnalida bosiladi. Gimnaziyadagi tahsilini oxiriga yetkazmay, Mixay Venaga boradi va universitetda erkin tinglovchi sifatida filologiya, falsafa va huquqshunoslik yo‘nalishidagi darslarga qatnasha boshlaydi. 1872 yili Berlinga borib 2 yil davomida tahsilini davom ettiradi. 1874 yili vataniga qaytib, dastavval gimnaziyada o‘qituvchi, keyinchalik Buxarestga borib «Timpul» («Vaqt») gazetasibilan hamkorlik qiladi. Ayni o‘sha yillari ijodining cho‘qqisi sifatida baholangan «Luchaferul» («Tong yulduzi» dostonini yozadi. Shoir 1889 yilning 15 iyunida Buxarestda vafot etgan.

KO‘L

Qirg‘og‘ida ming-ming sariq gul,
O‘rmondagi ko‘l mudrab yotar.
Bo‘sh qayiqni allalagancha
Engil to‘lqin qulochin otar.

Qirg‘oq bo‘ylab so‘qmoq yo‘l bilan
Bormoqdaman, qalbimda titroq.
Nazarimda qamish oralab
Chiqib meni quchasan quvnoq.

Biz qayiqqa o‘tirib ikkov,
Uzoqlarga suzib ketamiz.
Beixtiyor tashlab eshkakni,
O‘ylaymanki: “Uni netamiz?”

Bizni quchar qadah davrasi,
Oy shu’lasin erkalashlari,
Qamishzorda shildir-shildirlar,
To‘lqinlarning shivirlashlari.

Hech kim yo‘qdir… Xayol besamar.
O‘lg‘iz o‘zing, qayga borsang shul.
Faqat o‘rmon bag‘ridagi ko‘l,
Qirg‘og‘ida ming-ming sariq gul.

ORZU

O‘rmondagi jildirab oqqan
Jilg‘a tomon kelgin ertaroq.
Sirli sayhon, yashil novdalar
Soyasida orom ol quvnoq.

Quchog‘imga talpin yana sen,
Ko‘kragimga boshingni qo‘ygil.
Yuzingdagi harir pardani.
O‘z qo‘lim-la olay der ko‘ngil.

Jilg‘a bo‘yi, xushbo‘y o‘rmonda
Birga bo‘lmoq bizga shirin dam.
Jo‘kalardan to‘kilib gullar,
Bezab turar seni damo-dam.

Oltin sochli boshimni pastroq
Egib-egib faqat qirmizi
Lablaringni men uchun asrab,
Tutajaksan ishq ichra qizib.

Bizga baxtli tushlar ko‘rinar;
Sarin yellar esar allalab.
Uzoqlardan mayin qo‘shiqlar.
Eshitilar gullar oralab.

Tinglab o‘rmon qo‘shig‘in yana,
Jim qolamiz uyqu bosgancha.
Allalaydi bizni jo‘kalar,
Ustimizdan gullar sochgancha.

QANOTINING OSTIDA BOShI…

Qanotining ostida boshi,
Qushlarga xos uxlar kabutar.
Oy nurida oppoq patlari
Sadaf yanglig‘ yal-yal yaltirar.

Osmon uzra ming-ming yulduzlar
Ko‘z qisishib boqar yer tomon.
Kecha sokin. Daryo to‘lqini
Shag‘al toshni surar beomon.

SEVGILIMNING IZIDAN YuRIB…

Sevgilimning izidan yurib,
Bormoqdaman chakalak aro.
Unga yaqin bormasimdanoq
Yurak qurg‘ur uradi bejo.

Zo‘rg‘a-zo‘rg‘a aytdim so‘zimni,
Yuragimni yondirgan gapni.
Chetga boqar jonon beparvo,
Menga bermay aniq javobni.

Unga yaqin borganim sayin,
Yaxshi so‘zlar aytganim sayin
Cho‘chib qochar mendan nariroq,
So‘zlashmoqlik bo‘ladi qiyin.

Qochar mendan, qo‘limdan chiqib,
Nozikkina belidan quchsam.
Qo‘llarimni ola olmayman,
Yuragimga yaqin juda ham.

Ko‘ksimga bosh qo‘ymoqlik uchun
Norozimi yo rozimikan.
To‘xtamasdan bo‘sa olaman
Lablaridan, kipriklaridan.

Ko‘kragimga bosaman mahkam,
Hatto chiqmas nafasim bo‘g‘iq.
Zerikishi nimadandir deb,
Sababini so‘rayman to‘liq.

Javobini aytar menga u,
Ehtirosdan ko‘zi yonaroq:
— Qimmatlisan menga, azizim,
Lekin ba’zan sen takabburoq.

SENDAN OLISDAMAN…

Sendan olisdaman yolg‘izu yakkash!
Pechkada lipillab turganda otash,
Shamol eshik qoqar, kecha sim-siyoh,
Xotiralar qalbni ilitar ozroq…
Nazdimda qariman, sochim oq juda,
Men yarim o‘likman, sen esa murda…
Hech kimga kerakmas va seviklimas
Sirlarni sanayman bo‘lib mast-alas.
Xotiramda to‘qib o‘tmish matosin,
Qo‘llaring salqinin sezaman tag‘in
Ko‘zlaringga qarab quchoqlab sekin,
Titragan bag‘rimga tortaman tayin…
Bag‘rimdan ayrilma, to‘xta, ketmagin!
Lekin sen yo‘qolding yolg‘onchi ruhday,
Tumandan chiqqanding, o‘chding tumanday…
Sen bilan yo‘qoldi baxtim ham alhol,
Men yolg‘iz qoldim-ku misoli bir chol.

YaNA O‘ShA KO‘ChA BOShIDA

Yana o‘sha ko‘cha boshida
Xira yog‘du sochmoqdadir oy.
Ochiq qolgan deraza osha
Kutmagaysan meni hoynahoy.

Derazangning ortida o‘sha
Sadalaru soya g‘imirlar.
Ushbu keksa sadalar uchun
Qaytmas endi o‘tgan umrlar.

Sen boshqasan endi mutlaqo,
Ko‘zlaring ham boshqacha bugun.
Faqat bir men o‘zgarmagancha,
Qorong‘uda yuribman nechun.

Esingdami, yerga boqqancha,
Alg‘ov-dalg‘ov tush ko‘rgansimon
Kelgan eding asta odimlab,
Chakalakka, men turgan tomon.

Ko‘kragimga bosh qo‘yib u dam,
Xijolatni yengib, sevgidan
Uzoq-uzoq so‘ylading menga,
To‘lib-toshib ishqiy sezgidan.

Qalbim duk-duk urardi xushbaxt,
Ko‘zim tinib aylanardi bosh.
Keraksiz so‘z o‘rniga esa
Bo‘salar hech bo‘lmasdi odosh.

Men mast bo‘lib bilolmas edim
Dunyo bilgan ishni aksiga.
Quchoqlashmi soyani yoki
Ishonmoqlik ayol lafziga.

Pardalarga urilar shamol,
O‘chib borar ko‘kda xira oy.
Ochiq qolgan deraza osha
Kutmagaysan meni, hoynahoy.

SEVGILIM, ESLASAM…

Sevgilim, eslasam o‘tmish yillarni,
Ko‘raman ummonning muzliklarini.
Osmonda yulduz yo‘q, jimlik hukmron,
Oy suzar, yolg‘iz oy, rangi za’faron.
Sohilda xarsanglar uzra parishon
Uchmoqda yolg‘iz qush horg‘in va nimjon.
Boshqasi g‘arb tomon uchar qiyqirib,
Qanotli do‘stlarin galasin quvib.
Bu yerda qolgan qush chekar aziyat,
U o‘lim oldida turibdi albat,
Azoblar u qushni o‘tmish xotira…
Oramiz kenglikdir, shubha yo‘q sira,
Qorayib, sovqotib qoldim men yolg‘iz,
Sen esa yo‘qolding, sevgilim, ey qiz…

O‘RMON BILAN UChRAShUV

— Ahvol qalay, jonajon o‘rmon?
Qanday kechar bahor, qahraton?
Ko‘p zamonlar ayrilgan edik,
Yillar o‘tdi tezkor, yugurik.
Men olisga, yot o‘lkalarga
Ketgan edim so‘ngsiz yo‘llarga.

— Qadrdonim, avvalgidayin
Qishda bo‘ron xuruji tayin.
Shoxlarimni qayiradi u,
Muz ostida jilg‘ada uyqu.
Quloq solmas qushlar g‘im-zorga,
Qish so‘qmoqni ko‘madi qorga.
Avvalgiday qadrdon o‘g‘lon.
O‘rug‘ yozda, bahorda chandon.
Qo‘shiqlarin tinglayman quvnoq.
Jilg‘a tomon yugurgan so‘qmoq
Bo‘ylab borib suv olgan qizlar
Qo‘shiq aytsa jo‘shadi hislar.

— Jilg‘alaring soz, o‘rmonginam.
O‘tdi qancha yillar, g‘am, alam,
Sen qurimay va siyraklashmay,
Ochilasan yildan-yil gulday.

— Vaqt nimadir, kechayu kunduz
Aks etarkan daryoda yulduz.
Sharros yomg‘ir yog‘sa ham agar,
Yaproqlarda qo‘shiq jaranglar.
Ochiq kunda, qora kunda ham
Dunay oqar doim serhasham.
O‘zgargandir faqat insonlar,
Ularga hech tegmagan sonlar.
Biz qolganmiz avvalgidayin,
Husnimizni saqlashib tayin.
Daryolar ham oqar o‘shanday,
Tog‘u cho‘llar boqar o‘shanday.
Osmonlar ham toza, musaffo,
Quyosh, o‘rmon o‘sha, serjilo.

OH, ONAM!..

Oh, onam! Famxona uyingdan har gal
Sen meni chorlaysan, olgin deb xabar.
Oxirgi makoning – qabringga butkul
Zarang daraxtlari to‘kar so‘lg‘in gul.
Daraxt shivirlari — ovozingdir u.
Shiviri mangudir, uyqung ham mangu.

Zaminga “kechir” deb aytganim zamon,
U deydi: “Marhumga qayg‘urma, o‘g‘lon;
Qabrga xush islik jo‘kadan ekkin,
Uni ko‘z yoshing-la sug‘orgin sekin…
Qabr uzra daraxt shivirlar mayin,
Hayot ham yosharar vaqt o‘tgan sayin.”

Birga ketmoq bo‘lsa agar taqdirda,
Sen bilan tobutda yotardik birga.
Bizlarni ko‘msinlar tik qirg‘oq uzra,
To‘lqinlar tursinlar ohista so‘zlab.
Jimgina yotardik bir-birga yovuq.
To‘lqinlar yig‘lardi, ko‘z yoshi sovuq.

TARK ETMOQDA YeLKANLAR TAFIN…

Tark etmoqda yelkanlar tag‘in
Fam-alamsiz bandargohlarin.
Elkanlarning qancha-qanchasin
Pora aylar yellaru to‘lqin!

Qushlarni qish janubga chorlar,
Kengliklarga quvar paydar-pay.
Qanchasini suvga g‘arq etar
To‘lqinlaru yellar ayamay.

Unutaman oson baxtimni,
Tez o‘tguvchi hislarimni ham;
Chunki bilmay hudud, haddini,
Shamol, to‘lqin urar damo-dam.

Tush unarsiz bo‘lajak faqat
O‘zboshimcha fikru xayollar…
Ivir-shivir qilar betoqat
To‘lqinlaru erkin shamollar.

TUNDA TERAK ShOXI — NOVDASI…

Tunda terak shoxi — novdasi
Derazamga urilsa agar,
Yuzinchi bor uning nidosi
Sevgilimdan bermoqda xabar.

Ko‘kda agar yulduzlar imlab,
Daryo uzra ko‘z qissa sekin,
Yuragimga tomchi-tomchilab
Xotirjamlik quyilar sokin.

Oy chiqsa gar bulutni yorib,
O‘chib qolsa momaqaldiroq,
Emas ekan xotirang g‘arib,
Yuragimda ekansan mutloq.

TUNNI O‘RAR OYNING ZIYoSI

Tunni yorar oyning ziyosi,
Yaproqlarning shiviri bo‘g‘iq.
Butalarni oralab cho‘ziq
Eshitilar surning sadosi.

Cho‘ziq-cho‘ziq va siniq-siniq
Olislarda o‘char tovushi.
Hayronlikdan uchadi hushing,
Solar o‘lim vahimasini.

Nega o‘chding alamli ohang?
Men tayyorman so‘nggi yo‘lga ham.
Qachonlardir eng oxirgi dam
Chorlaysanmi urgan kabi zang?

XAYRLI OQShOM

Qushlar tindi. Tinchlik hukmron,
Ko‘zni yelpir uyqu beorom.
Gullar uxlar, xorg‘indir chunon, —
Xayrli oqshom!

Jildiraydi jilg‘a go‘yoki
Shirin-shirin yoqimli qo‘shiq.
O‘rmon uxlar. Atrof jimlikki,
Uxlayver tiniq.

Chayqalgancha mudraydi oqqush,
Suv ustida, uchgandir hushi.
Mayli uni qamrasin og‘ush,
Uyqu og‘ushi.

Oy ham chiqdi, soyalar esa
Qisqarmoqda mudom va mudom.
Orzularing tushingga kirsa…
Xayrli oqshom!

YILLAR O‘TIB KEKSAYMOQDAMAN

Yillar o‘tib keksaymoqdaman…
Lek kundan-kun qattiq, battarroq
Maftun bo‘lib qolayotirman
Ul jononga, bilmayman qandoq.

Uning bir bor boqishi alhol
Kuydirib kul qilajakman der.
Oddiy ayol emas u ayol,
Boshqa ayol, bilmayman nedir.

Unda butun hayot mujassam:
So‘zda jilo, sukutida tun.
Ovozlari qo‘shiqday xurram,
Chorlar meni, bilmayman nechun?

Sog‘inchga qul bo‘lgancha yo‘lda
Bormoqdaman soqovu karday.
Maftunligim sirini o‘ylab,
Topolmayman, toparman qanday?

KELARSAN…

Kelarsan dolg‘alar bag‘rin yoraroq,
Zulflaring tovlanar, qo‘llaring oppoq.
Momiqday yuzingga azob-uqubat
Tip-tiniq soyaday solmish rutubat.

Tabassumning nozik, sodda nazaring,
Ayollar ichida yulduzsan o‘zing.
Qo‘llaring ushlamoq istayman titrab,
Ko‘zimga yosh kelar baxtdan qaltirab.

Mumkinmi zulmatdan seni qutqarmoq?
Sevgili farishtam, mumkinmi quchmoq?
Betingga ko‘z yoshdan sho‘r bo‘lgan betim
Bosgancha quchaman, o‘paman betin.
Sovuq qo‘llaringga berib harorat,
Bag‘rimga bosaman bo‘lib betoqat.

Lekin ser yer uchun yot va noravo,
Yo‘qolding sozdayin, zulumot aro.
Ortingdan qo‘l siltab bekor, behuda
Seni chaqiraman, istayman juda.
Ezilaman yolg‘iz sog‘inchdan alhol,
Seni dolg‘alardan qutqarmoq mahol.

YuLDUZ

Murg‘akkina yulduzning nuri
Erga yetib kelgunga qadar,
Yuz minglarcha yil yo‘lda yurib,
Kelar bizga yetgunga qadar.

O‘chmishdir ul yulduz ehtimol.
Keng bo‘shliqlar aro ziyosi
Etgunicha kelib bemalol,
Etgandir ul yulduz qazosi.

Yulduz o‘chmish, o‘lmishdir ko‘kdan,
Ammo nuri kelmoqda ravshan.
Ko‘rmagandik, bor edi ko‘kda,
Ko‘rgan edik, uchmish muayyan.

Ishq bor edi, endi yo‘qdir u,
Uni to‘sdi tun qorong‘usi.
O‘chgan ishqdan kelguvchi yog‘du
Ko‘zlarimni qamashtirguvsi.

Ruschadan Aziz Abdurazzoq tarjimasi.

PINHONA SEVDIM MEN…

Pinhona sevdimu ohim sir tutdim,
Aziz bo‘lay, dedim senga jon qadar.
Ko‘zlaringga boqib, dilimda kadar,
Ko‘zlaringdan baxtli mujdalar kutdim.

Ortiq sabr yo‘qdir… Xoksor dardimni
So‘zlarim ko‘marlar sirli ohangga,
Ul oshiq yurakda yongan alanga
Kuydirib, yondirib yuborsin meni.

Mana, boq, lablarim tashna, yorilgan,
Ko‘zimda jafoning qora sarobi –
Nahot qora o‘lim yagona do‘stim?

Nafas ber, uyg‘onay, bitsin azobim,
Hislarim uyg‘onsin ko‘ksimni yorgan,
Boshingni qo‘y-da, quch – isisin ko‘ksim.

KOShKI BIR BOR…

Koshki bir bor qo‘lingni
Bossam edi ko‘ksimga.
Mijja qoqmay tikilsam
Yana sening ko‘zingga.

Seni quchsam, orzuning
Zahru og‘usin ichsam
Va ketib olislarga,
Sendan tamom voz kechsam.

Agar ketsam, bilsang, bas,
O‘limni izlab ketdim.
O‘lim – mening taqdirim,
Uni men o‘zim bitdim.

ChORBOQQA U IZINI BURDI

U chorboqqa izini burdi,
Men ham kirdim uning izidan.
To‘xtab, menga yuzini burdi,
Ko‘zim olib qochdim ko‘zidan.

So‘ng nimadir aytdim g‘o‘ldirab,
Qiynab ishqning chorasiz dardi.
U esa bog‘ ichiga qarab
Soqov kabi sukut saqlardi.

Unga yaqin kela boshladim,
Goh ko‘rib, goh ko‘rmasdan uni.
U qizarib siltab tashladi,
So‘ngra chetga itardi meni.

Elkasidan quchdimu asta
Ko‘zlariga boqdim umidvor,
Suzilardi ko‘zlari mastday,
Oqarardi yuzi misli qor.

Ammo, sira parvo qilmasdim,
Va yuziga yuzimni qo‘yib,
Lablaridan sarmast o‘pardim,
Ko‘zlaridan o‘pardim to‘yib.

Bosar edim ko‘ksimga mahkam,
Sovir edi ko‘ksimda qonim.
— Xafa qilib qo‘ymadimmi, ayt
Sevasanmi sen meni, jonim?!

Savolimga jim shivirladi:
— Ha, sevaman, seni jondan ham,
So‘ng tabassum qilarkan, dedi:
— Faqat sho‘xsan, sho‘xsan judayam!

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Omonat barglarni to‘kar tiyramoh,
Derazangni urib shovullar yomg‘ir.
Unniqqan maktubni qayta o‘qib goh,
O‘tgan kunlaringni yodlaysan bir-bir.

Soatlaring sarflab ajib behuda,
Nash’asin surasan, qulf eshik bandi.
Va buyuk qo‘shig‘i qorong‘ilarda
Seni allalaydi tinmasdan oldin.

Yolg‘iz o‘tiribman, olov tegrasi.
Dokiyani o‘ylab, qor parisini,
Kun o‘rnida suzar tun qorong‘isi.

Isyonkor zulmatda sirg‘alar izing
Va nozik qo‘llaring chulg‘aydi meni,
Ko‘zlarimga tegar nozik salqini.

UYQU EMAS KELGAN

Uyqu emas kelgan yarim kechalar,
O‘lim olib ketmoq uchun derazam chertar.

Boshlamoq bo‘ladi yurilgan yo‘ldan,
Hayot, o‘lim haddin unutsam birdan.

Lek idrok tarozisida qadah silkinmas,
O‘lim imlamaydi, hayot ham afzal emas…

YoLG‘IZLIK

Derazaga parda tutilgan.
Pechda o‘tin yonar jimgina.
Sassiz cho‘kib stol ortida
Xayollarga cho‘maman yana.
Xayol… xayol… qush galasiday
Ko‘z oldimdan o‘tadi to‘la.
Xotiralar ovozi unda
Chirildoqlar bilan jo‘r bo‘lar.
O‘tgan kunlar o‘chmaydi yodi
Tunlar dilga cho‘kar chag‘ir tosh.
Iso Masih oyoqlariga
Sha’mdan tomgan kabi qaynoq yosh.
Burchakdagi o‘rgimchak to‘ri
Ba’zan-ba’zan yaltillab ketar.
Pinhon tanda qo‘yar sichqonlar
Eski kitob uyumin titar.
O, yuz marta ahd qildim ichda
She’r yozmayman endi hech qachon.
Qiynalmayman, shunisi tinch-da,
She’r – og‘ir dard, yurakka yomon.
Lekin nechun sichqonlar hadeb
Kuymalanar mendan pinhona.
G‘amga tortar axir bu holat,
She’r dardiga tashlaydi yana.
Ba’zida-chi… uzundan-uzun
Kechalarda, garchi kamdan-kam…
Yorilay der bechora yurak
Eshik bandin shiqirlashidan.
Nahot… o‘zi keldi baxt olib…
Bo‘m-bo‘sh xonam yarq etdi nurdan.
Go‘yo porloq sanam timsoli,
Qorong‘ilik chekindi sirdan…
O… qaniydi, to‘xtab tursa vaqt,
Shu lahzada qolsak bir umr.
…Sevgilimning tutaman qo‘lin,
Jim yorishar chehrasida nur.

Rus tilidan Farog‘at Kamolova tarjimasi