Marin Soresku (1936-1996)

Marin Soresku (Marin Sorescu) (19 fevral 1936, Bulzeshti ― 8 dekabr 1995, Buxarest) ― rumin shoiri va dramaturg.

QOChISh

Bir kuni
ish stolimdan turaman,
Asta-sekin ketaman so‘zlardan,
sizlardan,
dunyodagi hamma narsadan.
Ufq etagida bir tog‘ ko‘raman,
Qolmaguncha bu tog‘ ortimda,
Yuraveraman, yuraveraman.
Ergashaman bulutga keyin,
bulutni ham qoldirgum ortda.
Quyosh-da orqada qolar bir kuni,
Yulduzlar ham butun koinot.

ShEKSPIR

Shekspir dunyoni yetti kunda yaratdi.
Birinchi kun osmon, tog‘lar va ruhlarning
bo‘shliqlarin yaratdi.
Ikkinchi kun daryo, dengiz, ummonlaru
Va hokazo tuyg‘ularni yaratib bo‘lib,
Bo‘lib berdi Hamlet, Sezar, Antoniyga,
Kleopatra, Ofeliyaga,
Otello va hokazolarga
Egalik qiling, deb bola-chaqangiz bilan
Abadul abad.
Uchinchi kun to‘plab olib fuqarolarin,
Har biriga baxt lazzatin, ishqu iztirob,
Rashku shuhrat va hokazolar
Lazzatini totib ko‘rish imkonin berdi,
Bor lazzatlar tugamaguncha.
Shunda sal-pal kechikib yetib keldi allakimsalar,
Yaratuvchi achingancha silar ekan
sho‘rliklarning boshginalarin,
— Ey voh, endi ijodimni yomonlab kun ko‘rish uchun
tanqidchilik qilasizlar, — dedi.
To‘rtinchi, beshinchi kunlarni kulgu uchun qoldirar,
Ijozat berar qiziqchilar ermaklariga,
Ruxsat berar qirollar ham imperatorlar
Va hokazo sho‘rpeshonalarga —
to‘yib ko‘ngilxushlik qilishlariga.
Oltinchi kun xo‘jaligin ko‘zdan kechirar,
Bo‘ron yaratar,
Qari Lirni
poxoldan toj kiyishga majbur qiladi.
Biroq chiqindilar qoldi dunyo yaratilishidan,
Richard Uchinchini yasar ulardan.
Ettinchi kun — nima ish qoldi?
Butun zaminga afishalarni yopishtirib bo‘ldi
teatrlar direktorlari,
Shuncha mehnatdan keyin men ham postanovka
ko‘rsam bo‘lar, deb o‘yladi Shekspir.
Ammo undan oldin
mislsiz charchoqdan uzoqlashib,
bir ozgina o‘lishga yotdi.

ShATRANJ

Oq kunlarni suraman,
Surar qora kunlarini.
Orzu bilan hujum qilaman,
U jang bilan olar orzuni.
U hujum qiladi o‘pkalarimga,
Bir yil o‘yga tolaman kasalxonada,
Topib ajoyib bir kombinatsiyani
taxtadan olaman bir qora kunni.
U chillak qilib yuradigan
O‘lim bilan tajovuz qilar.
Men kitobni ko‘taraman qalqonday
o‘lim chekinar.
U yana bir necha toshini yutqazib qo‘yar.
Biroq hayotimning yarmisi
taxtadan pastda…
— Bir shoh desam bormi,
bo‘shashib qolasan-deydi u,
Hechqisi yo‘q, deb hazillashamanu
Almashtirib qo‘yaman tuyg‘ularimni.
Kiftim osha tikilib,
Har bir yurishimdan yurak hovuchlab
Turishar xotinim, bolalarim,
Quyosh, Oy va boshqa tarafkashlarim.
Sigareta tutatib olib,
Davom etaman mash’um o‘yinni.

* * *

Yashil ro‘mol bilan
bog‘lab qo‘ydim daraxtlarning ko‘zlarini.
— Qani, toping meni! — dedim ularga.
Daraxtlar barglari-la qah-qah otib kulgancha
bir pastdayoq topvoldi meni.
Bulut-ro‘mol bilan
bog‘lab qo‘ydim qushchalarning ko‘zlarini,
— Qani, toping meni! — dedim ularga.
Qushchalar chug‘urlashib, chappor urib o‘ynashib
bir pastdayoq topvoldi meni.
Bir go‘zal tabassum-la
bog‘lab qo‘ydim g‘am ko‘zlarini,
Muhabbatning og‘ushlaridan
g‘am meni topvoldi ertasigayoq.
Zim-zimiston kechalar bilan
bog‘lab qo‘ydim quyosh ko‘zlarin,
— Qani, meni top, — dedim.
— A-a, manasan, — dedi quyosh, —
mendan qochib bo‘psan.
Qochib bo‘psan, — dedi,
butun dunyo, barcha tuyg‘ular.
Chunki ularning-da ko‘zini
bog‘lamoqni o‘ylab yurardim.

Shavkat Rahmon tarjimalari