Jorje Bakoviya (1881-1957)

Jorje Bakoviya (George Bacovia) rumin she’riyatining simvolizm oqimi yetakchisi. 1881 yil 17 sentyabrda savdogar oilasida tavallud topgan. Buxarest universitetida tahsil olgan. Ilk she’rlari 1898 yildan matbuotda chop etila boshlagan. Uning “Qo‘rg‘oshin” (1916) , “Za’faron uchqunlar” (1926), “Tun parchalari” (1926), “She’rlar” (1929), “Siz bilan…” (1930) va boshqa she’riy to‘plamlari adabiyot ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olingan. Adib Ruminiya adabiy jamoat­chiligi (1925) va Milliy mukofoti (1935) sovrindori. She’rlari jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilingan. Shoir 1957 yil 22 mayda vafot etgan.

SO‘NGGI SOATDA

Urush.
Xalqlar ko‘chishi.
Non va tuz kartochkada.

Fanda taraqqiyot.
Daraklar, ixtirolar.

Bombapanoh,
boshpana, o‘choq…

Kechki shafaq,
Er silkinishi…
Dunyo tiklanmoqda.

ShOIR BO‘LSAYDIM

Shoir bo‘lsam edi,
Naqadar pokligingni
Tasvirlar edim.

Va unutar edim
Sog‘inganimni.

She’rlar o‘qir edim
Qayta va qayta,
Yod bilganimni.

Rassom bo‘lsam edi,
Sening tasviring
Bo‘lar edi mudom
Men uchun sanam
Va umrim bitguncha,
Bilmasdim sira
Azaliy dard, g‘am.

Mashshoq bo‘lsam agar,
Qo‘shiq kuylashga
Fleytani majbur etardim.
O‘z qayg‘um bilan
Men seni mangu
Mashhur etardim…

Rus tilidan Farog‘at Kamolova tarjimasi