Juban Mo‘ldag‘aliyev (1920-1988)

Juban Mo‘ldag‘aliyev (Jұban Moldag‘aliyev) O‘rol viloyatining Taynaq tumanidagi “Jilandi” manzilida tug‘ilgan. 1940 yilda O‘rol Qishloq xo‘jaligi texnikumini bitirgan. Ikkinni jahon urushi qatnashchisi.
Juban Mo‘ldag‘aliyev “Esir ayol taqdiri”, “Men — qozoqman”, “Kishan ochgan”, “Sel”, “Boyqo‘ng‘ir bosh barmoqlari” va boshqa o‘nlab she’riy kitoblarning muallifidir. Ko‘plab orden va nishonlar bilan taqdirlangan. “Qozog‘iston xalq shoiri” faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.
U XX asr qozoq she’riyatining yirik vakillaridan biri hisoblanadi.

TOShKENT BILAN KO‘RIShGANDA

Yo‘l bo‘lib yotsa osmon yerdagiday,
Nega men ajablanmay, hayratlanmay?
Qozoqning oqinlari bamisoli
Toshkentga qo‘nar ko‘kdan farishtaday.

Aylanib oq bulutlar tegrasidan,
Pastlikka tayyorada yuz buraman.
Toshkentning zar do‘ppiday zebolangan
Ko‘rkiga termulishni xush ko‘raman.

Kelganim yo‘q men aslo yot makonga,
O‘zimni begonaga mengzamasman.
Do‘stimning, yo‘ldoshimning, jigarimning
Muborak diydoriga yetdim, rostdan.

Bu o‘lka chamani soz, qo‘shig‘i soz,
Yurakka ajib ilhom berar, beshak.
Yurganda o‘zbek bilan qo‘l ushlashib,
Shukuhli ruhing o‘sar tag‘in yuksak.

Ilk tongning nurlariga sayqallangan
Ayyomni qarshilab dil masrur juda.
Shafaqning zar yolqini bamisoli
Tilla rang uqa o‘zbek do‘ppisida.

Oqinlar yerga qo‘nar farishtaday,
Boqarlar tevarakka, ma’volarga.
Toshkent ham ushbu damlar yerda emas,
Yuksalib ketgandayin havolarga.

NON

Sira va’z o‘qimayman non haqtsa men,
Qadrini ulug‘larman biroq-da men.
Yodimda,
uning zarra ushog‘ini
Oppoq tong bahosiga ko‘rgandim teng.

Ne xasis zamonalar kechmadi, ha,
Kechmadi ne savdolar non ustida.
Ko‘rganman,
donga qahat dalalarni
Ham ochlik zada qilgan shaharni-da.

O‘tdi-ku ochlik, urush qiynab jonni,
Bu kun non to‘ldirmishdir dasturxonni.
Har qozoq olib chiqar mehmoniga
Bamisli quyosh nusxa shirmoy nonni.

Qozog‘im azaldan-da qiziq xalqdir,
Uni mahv etolmagan ayanch taqdir.
Zero u olloh deya topingani
Hamisha baxt keltirgan mehnatgadir.

O‘landir bor bisotim, simu zarim,
Mard dehqon nasliga yo‘q hech ayarim.
Yuragin she’rlarimga o‘rasin u,
Baxsh etay unga o‘tli satrlarim.

KUZ

Kunlari bor – tafti butkul so‘nmagan,
Gullari bor – hali to‘yib kulmagan,
Kuz ham o‘xshar mening ellik yoshimga,
Yozi o‘tib, qishi yetib kelmagan.

So‘ngan yozdan yodgor uning yolqini,
Junjiktirar tonglar shudring salqini.
Kuz ham o‘xshar mening ellik yoshimga,
“Erta” emas, “kecha” bo‘lgan ko‘p kuni.

Yalt-yult etib chaqin o‘ynar yiroqda,
Cho‘malaylar* o‘rtanmaydi biroq-da.
Kuz ham o‘xshar mening ellik yoshimga,
Dildiraydi boqib oyna buloqqa.

Goho ochiq, goho kunlar beyog‘du,
Goho yomg‘ir, goh qor bosar — oq, parqu.
Kuz ham o‘xshar mening ellik yoshimga,
Yoz va qishni tutashtirib turar u.

Xazon to‘la bog‘lar boqar parishon,
Endi unda yashillikdan yo‘q nishon.
Kuz ham o‘xshar mening ellik yoshimga,
Nigohida allanechuk dard nihon.

Dalalarda jilvalangan sarob-da
Kumush tongdan endi mujda emas, ha.
Kuz ham o‘xshar mening ellik yoshimga,
Zohiridan na qariya, yigit na.

Rangpar oftob so‘ylar ko‘kda so‘nggi roz,
Zero, uning tafti-qo‘ri qolmish oz.
Kuz ham o‘xshar mening ellik yoshimga,
Bilar — yilda ikki marta kelmas yoz.

Biroq kuzdan mo‘l-ko‘l ne’mat ehsondir
Hamda kuz cho‘ng sarhisobga imkondir.
U ham o‘xshar mening ellik yoshimga,
Ko‘pni ko‘rgan, teran o‘yli dehqondir.
______________
* Pichan g‘aramlari

ChO‘PON

“Qozoqning qozoqligin, odamligin,
Yaylovin, jo‘mardligin, omonligin
Bedaxl saqlab kelgan bir nayzamas,
Tayog‘im, mo‘min kasbim — omonligim”.

O, Cho‘pon, shundoq deya olasan sen,
Borliqday boqiy yashab qolasan sen.
Karvondek ko‘z o‘ngingdan o‘tkazasan
Hayvonningu insonning oq-qorasin.

O‘tmadi dov-da qo‘ysiz, yov-da qo‘ysiz,
Bitmadi bitim qo‘ysiz, savdo qo‘ysiz.
Hamrohi bo‘lib yurding yurt va qutning,
Necha toj-taxt almashdi o‘yli-o‘ysiz.

Xonlikni, podsholikni ajal oldi,
Qo‘y qoldi, cho‘pon qoldi, tayoq qoldi.
O‘zingsiz taqdirning-da taqdiri yo‘q,
Aytmoqchi, seni qanday asrab qoldi?

Quyosh senga qarab soat to‘g‘rilar,
Qirga chiqsang, so‘nfa shu’lasin tarar.
Yotar vaqtim bo‘ldi, der oy, sen yotsang,
Sen uxlagach tun oromga yo‘g‘rilar.

Sen – naq cho‘lda saksovul kuyib o‘sgan,
Sen – naq qoya chinori ufqni to‘sgan.
Ayoz yalab ko‘ksingni, oftob o‘rab,
Tog‘u toshda teshildi sening o‘kchang.

Cho‘qqilarga sururdan so‘ylagayman,
Bug‘doyzorlar mavjini bo‘ylagayman.
Ko‘zim yashnar yosh shaqar, navniholdan,
Ezgulikni bir umr kuylagayman.

Senga boqsam yuragim g‘amdan xoli,
Sen bo‘lmasang kularmi cho‘l iqboli.
Bilaman – sen yosharding, navqironsan,
Fotiha berdi dashtning dono choli.

Tuqqan yerga kimning qalb qo‘ri singsa,
Qadru e’zoz topgaydir el ichinda.
Cho‘pondan akademik chiqmoqdadir
(Va lekin buning aksi bo‘lmasin, ha).

Ilmu hunar kamolotga intilajak,
Bir kuni, batki robot qo‘y boqajak.
Lek ularda bo‘lmas-ku cho‘pon qalbi,
Er-suv, dala ishqida kim yonajak?

Oyga-da olib borar kema u on,
Oshiqar Cho‘pon sari gullar xandon.
Tayog‘ing yetmas ufq yo‘q bo‘lsa-da,
Erda yur. Cho‘pon, senga dala giryon.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari