Saken Seyfullin (1894-1938)

Saken Seyfullin (Sәken Seyfullin) 1894 yil 15 oktyabrda Jezqazg‘an viloyatining Oqadir tumanidagi “Qarashilik qishlog‘ida tug‘ilgan. U qozoq adabiyotining rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan shoir. Uning “Ko‘kchatov”, “Qizil ot” dostonlari va she’rlari qozoq she’riyatining 30-yillardagi eng yaxshi asarlaridan hisoblanadi. “Baxt yo‘lida”, “Qizil shunqorlar kabi dramalari adibning qozoq sahna san’atida yorqin iz qoldirganini isbotlaydi.
20 — 30-yillar qozoq she’riyatida o‘ziga xos maktab yarata olgan shoir mustabid tuzum muhitida o‘z iste’dodi, salohiyatini to‘la namoyon qila olmagan bo‘lsa-da, she’rlari, yirik dostonlari xalq dilidan joy olib, qozoq adabiyotining nodir namunalariga aylangan.

MUNG

Qolganda tor lahadda yolg‘iz o‘zim,
Jon chiqib yumilganda ikki ko‘zim,
Tanimdan ayro jonday qolarsan sen,
Yurakdan chiqqan otash mungli so‘zim!

Qayg‘ular ichra qisqa umrim o‘tib,
Jon bilan tan ayrilar damlar yetib,
Qanday sir, qanday kuy-la aytganimni
Kim anglar, qolganda sen — o‘zim ketib?

Shodlansam, ohlar tortsam, horsam behol,
Chiqarding ko‘kragimdan bir oh misol.
Tabiat, o‘zgalardan o‘zgacha bo‘p
Kuylagan bu kuychingni bag‘ringga ol.

Birovning davlatiyu moli ko‘pdir,
Birovning turmushidan ko‘ngli to‘qdir.
Mening-chi, axtarganim: hasratlashar —
Bir jonkash, afsus, u ham menda yo‘qdir.

Mitti jon og‘ir dardga yo‘liqqanda,
Ko‘ngil bir najot istab zoriqqanda,
Qoshingda bo‘larmikin bir mehribon,
Tanangdan quvvat ketib, toliqqanda?!

Yigitning bo‘lmasa gar jon yo‘ldoshi,
To‘lmasmi mung-hasratga aziz boshi?
Qayg‘usi; g‘ussasini kim aritar,
Oqqanda ko‘zlaridan sel bo‘p yoshi?

Kimsa yo‘q sir ayturga ko‘ngil ochar,
Yurakning kuyib-yongan dardin bosar.
Mungimni yurtga aytmay, senga to‘kdim,
Yurak — o‘t, ko‘ngil — daryo. holim abgor!

G‘AMZADA KO‘NGILGA

Ko‘nglim-ey, yongan o‘tday chalqir eding,
Lochinday yuksaklarga qalqir eding.
Zulmatga qahring sochib, la’nat aytib,
Boldayin muhabbatda balqir eding.

Erkingni g‘am-hasratga berma, ko‘nglim!
O‘zingga o‘kinchlarni terma kunglim!
Munglanib qayg‘ulanding nega bundoq,
Talpinib ko‘kda quloch serma, ko‘nglim!

Bir kezda g‘aming to‘lib-toshgani rost,
Ko‘p yovlar sirtdan tegib qochgani rost.
Yarqirab yerga qo‘ngan qizil kunni
Ushbu dam qora zulmat bosgani rost.

G‘animlar qo‘li bapand kelgani rost,
Zulmat tun yog‘dularni yenggani rost.
Yurakni jarohatlab misli o‘kday,
Qayg‘ular ko‘kragimga engani rost.

Bu kunda yov yoqadan olgani rost,
Ko‘p dushman oyoqlardan chalgani rost.
Jonsizday bo‘lib yotgan ilon birdan
Zahrini naq yelkadan solgani rost.

Mung‘ayma sira, ko‘nglim, bari o‘tar,
Azoblar bir zumlikday — izsiz ketar.
Qora tun chulg‘asa ham orqa-olding,
Yarqirab tong otuvchi damlar yetar.

QIRDA

O‘ltirar edim qirda ko‘ksim to‘lib,
To‘kildi do‘mbiramdan kuyning seli.
O‘lanim qanotida olib ketdi —
Daf’atan esgan sarin yellar kelib.

El uchdi dilda g‘amin yiqqanlarga,
Sariorqa tomonlarga chiqqanlarga.
Men qirda to‘lib-to‘lib o‘lan aytdim,
Kuyladim yel sirini uqqanlarga.

Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari