Kengshilik Mirzabek (Keңshіlіk Ag‘ыtayұlы Mыrzabekov) 1946 yil 6 iyunda To‘rg‘ay viloyati, Jankeldi tumanining Aqchig‘anoq ovulida dunyoga kelgan. Ilk ijodi maktab davrida boshlangan. Keyinchalik she’rlari viloyat va respublika gazeta-jurnallarida chop etilgan. Al-Forobiy nomidagi Qozog‘iston Davlat Milliy universitetini tamomlagandan so‘ng “Jetisu”, “Qozoq adabiyoti” gazetalarida xizmat qildi.
Uning “Ajab dunyo” (1972), “Sururli davron” (1976), “Xumorli nigoh” (1985) kabi salmoqli to‘plamlari chop etilgan.
Kengshilik Mirzabek hozirgi zamon qozoq she’riyatida o‘z o‘rniga ega shoirlardan biri.
BIR SIQIM TUPROQ
Tuqqan yer, qaytdim yana qoshingga men g‘amgin,
Entikkan g‘ozday ta’mini tuydim mung-g‘amning.
Qo‘ng‘ir tepamning ustida mahzun turarman,
Qabrini ko‘rib o‘tgan yil ketgan og‘amning.
Qo‘ng‘ir tepadan bir siqim tuproq olarman,
Ko‘z yoshimga iylab, qabringga borib solarman.
Nahotki! — deyman o‘kinib, — holi shu bo‘lsa
Men uchun umrin baxshida qilgan odamning!
Tuyg‘ularimdan bamisli ma’vo tuzarman
Ko‘z yoshi ila ko‘ngilni bir zum buzarman.
Barchasi o‘tmish. Yeldayin o‘tgan umrning
Ummonday cheksiz g‘amida qalqib suzarman.
Xayollarimga ko‘rgan tushdayin qonarman.
Tanamga o‘tlar tutashib, ichdan yonarman.
Oy muhri tushgan qabr toshining oldida
Mayda g‘amlardan, mayda hasratdan tonarman.
Tuqqan yer, qaytdim yana qoshingga men g‘amgin
Boshiga bordim o‘tgan yili o‘tgan og‘amning.
Sizladi o‘rni yaramning,
Tuproqqa tuproq solarman,
Solarmanu unsiz qolarman.
Ayrilgan ushbu tuproqtsan
Avval boshda birga yaraldim,
Tuproq degani — tuqqan yer,
Isi bu — tuqqan onangning.
* * *
O‘zga bir yerda ko‘klam bilan bugun to‘qnashdim,
Ikkimizgina… ko‘rmadi bizni o‘zga hech kim.
Men talay ko‘klam yog‘dularini ko‘rsam-da,
Ko‘hligin bundoq avvallari hech sezmasdim.
Birgina lahza — butog‘im gulga chulg‘andi,
Birgina lahza — bulog‘im erib, uyg‘ondi.
Birgina lahza — yozildi yurak xumori,
Birgina lahza — tarqadi ko‘ngil g‘ubori.
Bir ondan keyin sovidi butkul o‘t-tanam,
Bulog‘im qani, butog‘im qani ko‘klagan.
Shu bir lahzada kapalak bo‘ldim, o‘ldim men
Netayin o‘lsam…
“Yozmishdan o‘zmish yo‘q” degan!
ESKI KINOTEATRDA
Turibdi kinoteatr —
Qaysi bir zamon qurilgan.
Eshigi ustiga bir vaqtlar
Qora qoplama sirilgan.
Pollari ko‘p bor bo‘yalib,
Tomi yopilgan necha bor.
Yonidagi ariq yo‘qolib.
Bir uycha tushgan naqshinkor.
O‘sha-o‘sha qizil g‘ishtlar ham,
Qizili ketib, unniqqan…
Chirillar to‘rg‘ay dam-badam,
Pana axtarib issiqdan.
Sahna o‘shadir…
burundan
Sirli sehrini qo‘ymagan.
Ekran ham o‘sha — o‘rnida,
Turfa shu’lalar o‘ynagan.
Ko‘rindi
qiz-yigit shu damda,
Kelar bir-biriga qo‘l berib.
Bilmaslar
mening tanamda
Ketganin birdan muz erib.
Mirpo‘lat Mirzo tarjimalari