G‘alim Jayliboy (1958)

G‘alim Jayliboy (G‘alыm Jaylыbay) 1958 yil Qaraganda viloyati, Jangaorqa tumanida tug‘ilgan. Qozog‘iston Menejment, iqtisodiyot va rejalashtirish institutini tamomlab, mamlakat Tashqi ishlar vazirligining turli nashrlarida muharrir, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasida rais o‘rinbosari bo‘lib ishladi. She’rlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan.

QOP ORQALAB BORAYoTIR QIZ BOLA

Baxt orzusin dast ko‘targan, to‘yin-da,
Oq bilagin ortib olgan bo‘yinga.
Qop orqalab borayotir qiz bola,
Olmaotada, Arbat ko‘cha bo‘yinda.

Ko‘chasi bu tilanchining, mastning-da,
Ming-ming odam… o‘xshab ketar toshqinga.
Qayishib borar,
Mayishib borar nozik tan
Olatoyday ola qopning ostinda.

Hadeb qarar o‘tgan-ketgan, ha, hadeb,
Kimga aytarsan, “go‘zallikni ko‘r-a!” deb.
“Ko‘kbozor”ga borayotir qiz bola,
Eski nimcha, eski etikni suyralab.

Qaltiraydi gulday badan, gul izi,
Yarqirab bir yonarmikan yulduzi?
Qop orqalab borayotir ko‘chada
Qozog‘imning polvon tug‘ar bir qizi.

Oq yuzlari ochiq ekan oq tongday,
Bozoriga yetsa deyman qoqtalmay,
Og‘zi bog‘liq xitoyi qop ichida
Taqdirining bor salmog‘i yotganday.

Baxt izlarmi, Taxt izlarmi…
Kuz. Qal’a.
Qamchi urar vaqt va ayoz iz sola.
Davru davron yukin yengillatay deb,
Qop orqalab borayotir qiz bola…

* * *

Kiyik kunlar – ko‘kyoldan qochgan sayoq,
Toshlarni ayayman men, osmonni ayab.
Mening yirtqich yillarim o‘z og‘ziga
Oqquv-she’rni bosadi seskanma-yoq.

She’r to‘kilgan yurakdan qon shovullar,
Yoshlik yig‘lab boradi jon sovutar.
Bardoshi ado bo‘lgan ovsar kabi
Shoir borar, atrofda tosh, dovullar.

Qiz va gulni she’r qilgan chiroylana,
Talay shoir o‘tgan yo‘l bu, talay dono.
Suvday oqib-toshgan she’r-o‘lanimni,
Bo‘g‘ro – omma chaynaydi qalayg‘ana.

Xalqim qayg‘u kechganda, yurtim qayg‘u,
Sariq vahima soatlar chirqillaydi.
Shoirlari kaftini yoygan elning
Ayollari sarkarda ul tug‘maydi.

Muzaffar Ahmad tarjimasi