To‘liboy Qobulov (1939-2006)

Qoraqalpog‘iston xalq shoiri To‘liboy Qobulov 1939 yil 10 mayda Qorao‘zak tumanining Qorabug‘a ovulida tug‘ilgan. Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tamomlagan. Uning “Qorabug‘a” (1964), “Oshig‘ingman” (1968), “Diydor” (1972), “Sen tug‘ilgan oqshom”, (1981), “Ya vlyublen” (1985), “Sen meni qutla” (1989), “Kapel” (1991), Pandu nasihat (1995) nomli to‘plamlari chop etilgan.

SEN QADRLI

Odam uchun oltin beshik,
Ota makon yer qadrli.
O‘z yerida o‘ynab-o‘sgan,
Baxtin topgan er qadrli.

Kelajakka talpintirgan
Bola, o‘smir, yosh qadrli.
Taqdiringga sherik bo‘lgan
Fidoyi yo‘ldosh qadrli.

Chin yurakdan ko‘ngil bergan
Sadoqatli yor qadrli.
Bizni mag‘rur etib yurgan
Nomus bilan or qadrli.

Odamzodga bu dunyoda
Ozod yashash — eng qadrli.
Vatan — Ona,
Baridan ham
Sen qadrli, sen qadrli!

QORAQALPOG‘ISTON BU

Quyosh chiqsa kun chiqishdan,
Olam bo‘lar nur, guliston.
Bir o‘lka bor baxti bahor,
Quyosh bilan bir tug‘ishgan.
Bir ajoyib bo‘ston bu,
Qoraqalpog‘iston bu.

Oyga to‘lgan osmonlari,
Kuyga to‘lgan bo‘stonlari.
Guloyim va Arslon kabi
Qiz-yigiti doston bari.
Botirlikka unvon bu,
Qoraqalpog‘iston bu.

Qora tog‘dek salmog‘i bor,
O‘narli o‘n barmog‘i bor.
Navoyidan saboq olgan
Ajiniyoz, Berdag‘i bor.
Tilidan dur sochgan bu,
Qoraqalpog‘iston bu.

Mustaqillik — quyoshi bor,
Toshkent — mehrigiyosi bor.
Bu o‘lkaning yuragida
Do‘stlik jo‘g‘rofiyasi bor.
Bir ajoyib bo‘ston bu.
Qoraqalpog‘iston bu.


ChANQOVUZ

Onam seni sandig‘ida saqlagan,
Saqlamasa, ko‘ngli qaror topmagan.
Eshitganda sening suluv sasingni,
Esgan shamol el girdida to‘xtagan
Jon oluvchi nolang uchun, Chanqovuz.

Tilla zabon sayrasa har nag‘maga,
Yorug‘ olam bo‘lsin senga sadag‘a.
Yurt yig‘ilgan har maraka-to‘ylarda
Bog‘bon bog‘in ehson etgan xudog‘a…
Jon olg‘uvchi nolang uchun, Chanqovuz.

Qiz-juvonlar izhor etib dardlarin,
Ochiq aytgan
oshiqlikning shartlarin.
Olisga ot, yaqinga xat yo‘llashib,
Engib olgan yigitlarning mardlarin
Jon olg‘uvchi
nolang bilan, Chanqovuz.

Tilla zabon sochgan
shu’la-nur bordir,
Tillaringda ajib teran sir bordir.
Qulf urib gullagan —
mangu yashnagan
Go‘zal dunyo tillaringga qurbondir
Jon olg‘uvchi nolang uchun, Chanqovuz.

Onam seni sandig‘ida saqlagan,
Saqlamasa, ko‘ngli qaror topmagan.
“Sahro bulbuli” deb bekordan bekor
Atalmagan axir qoraqalpoq ham
Jon olg‘uvchi nolang uchun, Chanqovuz.

BERDAQMI DEYMAN

Umrbod izlab mard umrdoshlarni,
So‘zlari eritgan qora toshlarni.
In’om etgan ilhom, dard, ko‘zyoshlarni
Orol dengiz bilan Mo‘ynoqli deyman.

“Yaxshi odamlarga jonim sadag‘a”, —
Deb yuzin qaratgan doim Ka’baga…
Shunday bandasidan qodir Xudo-da
Rozi bo‘lsa kerak shu vaqtda deyman.

Kuylab u o‘zining Orol dengizin,
Halol mehnat bilan topgan rizq-ro‘zin,
Tug‘ilgan yeriga baxsh etgan o‘zin
Berdaq — ilohiy ruh-arvohmi deyman.

Hali yillar siljib, fursat o‘tadi,
Zamon chin insonnni baxtli etadi,
Yaxshi so‘z yetti otaga yetadi,
Barimiz Berdaqday bo‘lsaqmi deyman.

* * *

Olisdan oy ko‘rindi,
Jilg‘ayu soy ko‘rindi,
Aylana, tevarak dasht,
Qarasang ko‘zing to‘ymas,
Xo‘b ajib joy ko‘rindi.
Olisdan oy ko‘rindi,
Chopishgan toy ko‘rindi,
Arg‘umoq ot bo‘lajak,
Boysunga yetkazajak
Boysari, Boybo‘ringni.

Olisdan oy ko‘rindi,
Xushqomat bo‘y ko‘rindi,
Alpomish, Gulbarchinlar
Bir biriga mehribon,
Biram xushro‘y ko‘rindi.

Olisdan oy ko‘rindi,
Tabiat boy ko‘rindi,
Suv oqar soydan soyga,
Sevgilim, sen ham to‘yga
Kelgin, chiroy ko‘rindi.

Olisdan oy ko‘rindi,
Jilg‘ayu soy ko‘rindi,
Jonim, kiyib kel sen ham
Keng etak, uzun yengli
Xon atlas ko‘ylagingni.

IZHOR

Ikkimiz do‘stlashaylik,
Hamroz bo‘lib yashaylik.
Ahdlashib tong sahardan
Dengiz sari shoshaylik.

Ov qilaylik to‘r yoyib,
Baliqqa to‘lsin qayiq.
Biz tufayli bir yo‘la
El-ovul qolsin boyib.

Eshkakni bir eshaylik,
To‘fonlardan oshaylik.
Tug‘ishgan dengiz bilan
Birlashib tillashaylik.

Ikkimiz do‘stlashaylik,
Birlashmoqqa shoshaylik.
To‘lqindan ilhom olib,
Dengiz bo‘lib yashaylik.

Rustam Musurmon tarjimasi.