Xo‘jageldi Kultegin (Kojogeldi Kultegin) 1960 yil 18 fevralda Qirg‘izistonning Qoragulja tumani Alayku ovulida tug‘ilgan. Zamonaviy qirg‘iz shoiri, dramaturg, tarjimon, jamoat arbobi, Aliqul Osmonov nomidagi mukofot laureati. Qirg‘iz Respublikasi xalq shoiri (2016), Qirg‘iz Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi (2004).
OYJAMOL
Kechang Oydir, kunduzing Quyosh,
Yuguradi yuragim bedor.
Sen yashagan yerda, qalamqosh,
Yurganimdan mening baxtim bor.
Hamisha qilganman sabr-toqat,
Kimlar ustimdan kulsa ham.
Oh, naqadar yoqimli faqat,
Qosh chimirib boqqaning, sanam.
Noz qilib yurarsan, nega yer
Seni ko‘tarib qochmas, hayhot.
Ko‘nglingni hech og‘ritmay der,
Seni hamma aylar ehtiyot.
Shirinsan, oh, uxlab yotganda,
Boqsam, yuraklarim o‘rtanar.
Farishta muzqaymoq totgandek
Lablaring bir shirin tamshanar.
Osmonlarda uchgay xayoling,
Erda qalbga g‘avg‘o solarsan.
Hech shubhasiz husni jamoling
Ko‘zlarimda ko‘rib qolarsan.
Kechang Oydir, kunduzing Quyosh,
Yuguradi yuragim bedor.
Sen yashagan yerda, qalamqosh,
Yurganimdan mening baxtim bor.
OLISDASAN
Yuragimga yutaman-da… o‘kinaman,
Va aytaman dardli-dardli g‘azallarni.
Mendan juda olislarda bo‘lganingda
Yoqtirmayman yonimdagi go‘zallarni.
Uzoq joylar bari menga o‘ru qirdir,
Go‘yo pastga egib boshin o‘qiydi she’r.
Va teskari qo‘yilgan bir soat kabi
Sir yashirar, dunyoda eng qimmatli – sir.
Yiroqman-u, mastman soching iforidan,
Yiroqman-u, xayolimda dudoqlaring.
Yashirsang ham ko‘rpachangning orasiga,
Ko‘rinadi menga harir paypoqlaring.
TILAK
Qog‘oz bilan qalam kabi maslagi bir,
Olib kelgan xazinasi – mablag‘i bir,
Qo‘l-oyog‘i yo‘ldosh ikki yoshni, biroq
Qo‘ymasaydi so‘qir turmush oqsatib, oh.
Ko‘r – turmush ne? U qaqqaygan ikki jon-tan,
Ko‘kni, oqni va qorani ayamagan,
Ikki oyoq yasab olib er-xotindan,
Nima bo‘lsa shuni tepgan, tepalagan.
Tirikchilik deb surinib yiqilsa kim,
Turmush degan uni ezib yenga boshlar.
Oyoqlarni bir yuk tortib tursa doim,
Bir-biriga befarq, loqayd bo‘la boshlar.
Hayot-turmush ikkoviga yo‘l bersaykan,
Oyoq emas, yelkasida o‘ynolsaykan –
Yashay olgan hamda yana yashay bilgan,
Mehribon, jafokash qo‘l bo‘lsaykan.
O‘YLAGAYSIZ BU DUNYoNING KAMINI
Chingiz Aytmatovga
O, Siz kabi toshbag‘ir inson bo‘lmas,
Ayamaysiz kitobxonning yuragin,
Shunaqa ham yozasizmi dard-g‘amni?!
Hoy, bas qiling, to‘xtang, axir, beshafqat.
Yaralarin tirnab, tilib odamning,
Maddalarin yorib tashlab yurakning
Bu dunyoni davolashni istaysiz.
O, Siz kabi saxovatli inson yo‘q,
O, Siz kabi karomatli inson yo‘q.
Yozganingiz haqiqat, ham afsona,
Yulduz misol porlab turibdi, ana,
Siz kashf etgan rost so‘z haqiqat bo‘lib.
Qiyofangiz jahonning ko‘z o‘ngida.
So‘zingizdan turibdi nur yog‘ilib,
Qadimdagi ertak qahramonidek
Bir asringiz tatigaydir bir kunga,
Bir kuningiz tatigay bir asrga.
Siz dunyoni kashf etganda ilk bora
Dunyo sizni kashf etgan kabi go‘yo,
Siz dunyodan hayratlanganda ilk bor
Sizdan hayratlandi chindan bu dunyo.
Siz dunyoni mehr bilan siylaysiz,
Hamdardlikdir yozuvchining matlabi,
Insoniyat orzusini kuylaysiz.
Kenja o‘g‘lingizni o‘ylagan kabi
Bu dunyoning kelajagin o‘ylaysiz.
O‘Sh
Uch mingga kirgan o‘tkir shahar,
Sevgim izhor etdim sahar.
Yonori bilan yongim bor,
Anori bilan ungim bor.
Yigit-qizlar qo‘l ushlashib,
Oq-Bura oqar ishqi toshib.
Kim chiqsa Taxti Sulaymon,
Yuzga chiqqanday bearmon.
Tog‘siz shaharda armon bor,
Tog‘li shaharda unvon bor.
Ajralmasdir Qirg‘izdan O‘sh,
Qirg‘izday do‘st-qadrdon bor.
Naqadar buyuk tog‘lari,
Naqadar saxiy bog‘lari.
Mevasi mo‘l bog‘day el
Egilib ko‘rishgan chog‘lari.
Aylanib O‘shning bozorin,
Kechdim asrlar guzarin.
Qovun bilan non hididan
His etdim jannat xabarin.
Do‘stga do‘stni xesh ko‘rdim,
Qardoshlikni xush ko‘rdim.
Shahardan toqqa uchgan
Gala-gala qush ko‘rdim.
Yigit-qizlar qo‘l ushlashib,
Oq-Bura oqar ishqi toshib.
Kim chiqsa Taxti Sulaymon,
Yuzga chiqqanday bearmon.
Qirg‘iz tilidan o‘zbek tiliga G‘ayrat Majid o‘girdi.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 35-son