To‘qtasun Samudinov (Toktosun Samudinov) 1941 yil 5 sentyabrda Qirg‘izistonning Sokuluk tumanida tug‘ilgan. Qirg‘iziston davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Qirg‘iziston xalq shoiri (2007).
OVChI
Diyorimiz ajoyib,
Dalasi bor, dashti bor.
Rostin aytsam, og‘ayni,
Ovning qiziq gashti bor.
Nasibangga yarasha,
Uchrab qolar loyig‘i.
Goh hiylagar tulkivoy,
Yoki maymoq ayig‘i.
Qirg‘ovulga yo‘liqsang,
Sarson qilar, birodar.
Bo‘ri chiqar yo‘lingdan,
Ohu qochar sarosar.
Ov zavqidan yutkinib,
Uydan chiqdim shoshilib.
Elkamda shay turibdi
Fotomiltiq osilib…
TOG‘DAN QARASANG
Tog‘dan turib qarasang,
Suvlar to‘xtab qolganday…
Jilg‘adagi ovullar
Xuddi kaftga solganday.
Ko‘zim to‘ymay, atrofga
Qayta-qayta qarayman.
Sakrar, chopar uloqlar
Shundoqqina saroyda.
Mashinadan chiqqan to‘z
Quyruq bog‘lab quvalar.
Soy bo‘yida yolg‘iz uy,
Pastda adir, uvalar.
Shamol izg‘ir zirillab,
Bulut o‘tar yaqindan.
O‘t, olovdir qalbimiz,
Tog‘lar bizga topingan.
BEDOV ChOPDIM
Ot yolida tug‘ilmoqlik
Odat bo‘lib qolgan ekan.
Menday paytda bobom otchan,
Erdan tanga olgan ekan.
Hozir esa tamom boshqa,
Ishga oshar niyat degan.
Biroq tog‘lik bola bo‘lib,
Ot minmaslik uyat ekan.
To‘g‘ri, katta shaharlarda
Minish uchun ot bo‘lmaydi.
Ammo eslik bolalarga
Yilqi asli yot bo‘lmaydi.
Toy kishnagan jilg‘alardan
Menga og‘ir ayri tushmoq.
Haddan ziyod dilga yaqin
Otam o‘sib-ungan qishloq.
Er aylanar otga minsam,
Nega uni xushlamayin?!
Bugun rosa bedov chopdim,
Egar qoshin ushlamayin.
QUShLAR
Qaldirg‘ochlar yaxshiydi,
Basma-basga o‘ynasak.
Ini turar, o‘zi yo‘q,
Ketib qopti o‘ylasak.
Chug‘urchuq ham soz edi,
Basma-basga o‘ynasak.
Uyasi bor, bolasi yo‘q,
Parvoz qipti o‘ylasak.
Kuz kelganda barchasi
Jo‘nashibdi olisga.
Qishlik ust-bosh bo‘lmagach,
To‘g‘ri kelmas qolishga.
Popishagu, ukki yo‘q,
Yaxshi edi qolgani.
Ko‘k toqida turnalar
Arg‘imchoqlar solgani.
Mehmon qushlar yurtiga
Xavf-xatarsiz qo‘nsaydi.
Yana qaytib kelguncha,
Eson-omon bo‘lsaydi.
FIL VA ChIL
To‘rtinchilar insho yozdi,
Yurak yutib, botinib.
Jamolbekdan boshqasi
Besh, to‘rt oldi qotirib.
Partadoshi Yangiboydan
Ulgurmabdi ko‘chirib.
Qarab bo‘lmas daftarini,
Yozgan, chizgan, o‘chirib.
Chil deyishning o‘rniga,
Fil uchdi deb yozibdi.
O‘qituvchi opayning
Rosa boshi qotibdi.
Yalqovligin tashlamasa,
Yomon bo‘lar, bilamiz.
Fil uchirgan lofchi deb,
Masxaralab kulamiz.
UChRAShUV
Ot Zebraga uchrabdi,
Balki rostdir, yolg‘ondir.
Ajabtovur bu suhbat
She’rga tushib qolgandir.
– Yo‘latmaysan hech kimni,
Chopqillaysan sarosar.
Eshak, xachir degan bor,
Zoting nima, birodar?
– Bilsang kerak, og‘ayni,
Nasabim aniq, tayin.
Aybim, odam yo‘lamas,
Naslim yilqi sendayin.
– Bo‘yinchani bilmaysan,
Boshga jabduq ilmaysan,
Belga egar kiymaysan,
Sen yilqimas, hangisan…
DARSDA
– Yod bilasan “Alifbe”ning
O‘ttiz ikki harfini.
Tanib qolding shoirlarni,
To‘qtag‘ulni, Barpini.
Ayt-chi, surat ostidagi,
Nedir oddiy raqamlar?
Javob berdi To‘lagan
Sonlarni qo‘shib, jamlab:
– Domlajon, bular bari –
Sotkasin raqamlari…
QIShDAGI MUSOBAQA
Darsdan keyin tengdoshlar
Qir ostida topishdik.
Echib kurtka, paltoni,
Kim o‘zarga chopishdik.
Qirda qoldi izlarimiz,
Botinkaning, etikning.
O‘zib ketdi Iskandar,
Attang, men-chi, kechikdim.
Qorning qalin ekanligin
Oldinroq ko‘rganimda,
Men ham o‘zib ketardim,
Yalangoyoq bo‘lganimda…
Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari