Salima Sharipova (1950)

Salima Sharipova 1950 yil 24 avgustda Bozorqo‘rg‘on tumani, Qizilsuv qishlog‘ida tug‘ilgan.
1983 yildan ijod qiladi. Ilk asari «Komsomolets Kirgizii»da chiqqan. Istiqlol yillarida «O‘sh» almanaxiga muharrirlik qilib, qirg‘iz va o‘zbek ijodkorlari asarlarini chop etgan.
Qirg‘izcha, o‘zbekcha, ruscha, tojikcha kitoblari bor. 1996 yildan Qirg‘iziston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi.

OQ TUYG‘U

Safarimga hamroh bo‘ldingiz,
Sig‘inganim olis yo‘l edi.
Atrofdagi oppoq qor kabi
Oq niyatlar dilda mo‘l edi.

Nur taratib quyosh singari,
Siz borasiz g‘azallar aytib.
Uyalaman hislar oldida
Ojizligim tan olgan paytim.

Baxt quchgan kun kechasi, evoh,
Siz kirdingiz dilimga nechun?
Nahot nozik ko‘ngilga atay
Nohaq taqdir ko‘rsatsa kuchin?

Yuragingiz savollarimga,
Etsaydi o‘ng javobni tortiq.
Men borliqqa aytardim Sizni
Sevishimni jonimdan ortiq!

U MEN EDIM…

U men edim —
Qalbim yonib so‘zlaringdan
Tik boqmagan yuzingga.

U men edim —
Butun umrin seniki deb
Shak keltirgan taqdirga…

U men edim —
Qaldirg‘ochdek yurtingda
Paydo bo‘lgan bahor chog‘.

U men edim —
Umidimni tug‘ qilib,
Yashagan shod fikrda.

U men edim —
Aylangan ne kunlar
Yomg‘irga, izg‘iringa…

U mendirman isyoni
Sabr va mehr bo‘lgan
Bu besh kunlik dunyoda…

SABR ChEKSIZ

Kutganim qaydadir?..
Surilar parda…
Uyqudadir mudrab
El ko‘p shaharda.

Majnuntol tilim kabi
Turadi bo‘zlab.
Yangilalar qo‘shiqlarning
Barini qo‘zg‘ab…

Osmondagi to‘lin Oy
Tushunib mani—
Tun bulutin oralab
Izlaydi seni…

Sabrning cheki yo‘q
Bo‘lar ekan-da…
So‘zi o‘tkir, ko‘zi sho‘x
Kelmasmi yana?

YoMG‘IR

Cho‘zildi necha kunki, tortmayin tap,
Bu yomg‘ir sekinlab, goh paqirladi…
Shiviradi tong otguncha, asta qo‘zg‘ab
Kuyit kuyi adashtirgan taqdirlarni…

Bo‘g‘ilib, ko‘ngil ber deb boqma bu kez,
Yanglishib chertma endi oynalarni…
Qayda hozir sho‘xu sochi uzun ul qiz
Yomg‘irlarga yuz to‘stirgan shaydolarni?

Usmon Temur tarjimalari