Ozoda Begimqulova (1950-1996)

Ozoda Begimqulova (Azada Begimkulova) 1950 yil 10 noyabrda Jalolobod shahrida tug‘ilgan. 1974 yili Bishkek kooperativ texnikumini, so‘ng Samarqand kooperativ institutini tamomlagan. O‘sh viloyatining Qorasuv tumanida paxtachilikka ixtisoslashgan komsomol qizlar brigadasini boshqargan. 1996 yili og‘ir kasallikdan vafot etgan.

ShE’RIYaT ShAYDOLARIGA

To‘lg‘anib to‘lqin urma, hissiyotim,
Taqdirga boshim egma — bu hayotim.
Ash’orim nurli qanot — dil bayotim,
She’riyat shaydolarin yodidaman.

Hislarim, ayro yo‘lda bo‘zlamagin,
Olatasir gaplarni so‘zlamagin,
Yaxshini de, yomonni ko‘zlamagin,
Qadrimni bilganlarning yodidaman.

Chechakka burkanmasin so‘li-sog‘im,
Axir mening bozordan qaytgan chog‘im,
Sanoqli qolgan o‘zi do‘st-o‘rtog‘im,
Sabrimni sinaganlar yodidaman.

Qayg‘urib, o‘ksimagin, hissiyotim,
Toliqib, horib qoldi uchqur otim,
Imonqulning zuryodi — asl zotim,
Dardimni bilganlarning yodidaman.

Hislarim ko‘k toqida kezgan chog‘da,
G‘ayurdan, nopoklardan bezgan chog‘da,
Nomardning nayrangini sezgan chog‘da,
Qalbimni bilganlarning yodidaman.

Hissiyot qanotida sargashtaman,
Goh behishtda, goh biyobon-dashtdaman.
Vaqti kelsa, tuproqdan ham pastdaman,
She’riyat shaydolarin yodidaman.

OYDIN YO‘L

Hofiz Jo‘lbo‘ldi Aliboyevga

Cho‘lponim deb kuylasang,
Asal tomar tanglayingdan.
Iqtidoring tufayli
Omad o‘pdi manglayingdan.

Ko‘ksuluv deb kuylasang
Ushaldi orzu, armon.
Oshiq bilan ma’shuqqa,
Qo‘shig‘ing bo‘ldi darmon.

Qo‘bizni chertgan chog‘ing,
Muxlislaring lov yonar,
Ko‘z o‘ngimda bu olam,
Atlasdayin tovlanar.

Aliboy o‘g‘li Jo‘lbo‘ldi,
Shaydolaring mo‘l bo‘ldi.
Tangrim bergan ovozing,
Senga oydin yo‘l bo‘ldi.

O‘ZING SAQLA…

Salima Sharipovaga

Oramizda dilgir, ochiq,
Bir qiz bo‘lsa,
Menga o‘xshab arg‘inchalish
Gibrit bo‘lsa.
Bizlar unday dadil, shaddot,
Bo‘lolmasdan,
Erkaklar ham bir ayolni,
Ko‘rolmasdan,
G‘iybat, bo‘hton, fisqu fasod
Gapni yozsak.
O‘ng-tersini ajratolmay,
Chapni yozsak.
Oyzoda ham shundaylardan
Yig‘lagandi.
Qalbi torlar dunyosiga,
Sig‘magandi.
Endi uni qidirgaymiz
Ertaklardan.
O‘zing saqla subuti yo‘q
Erkaklardan.
Kaminaning Salimaga
Aytar so‘zi:
Seni asrab-avaylasin,
Tangrim o‘zi…

“KIMGA AYTAY?”

Aytimdan parcha

Yaydoq otning yolin ushlab,
Chopganimni kimga aytay?
Etti yotga, begonaga,
Yoqqanimni kimga aytay?
Molu, dunyo to‘plamay
Sochganimni kimga aytay?
Yaxshilikdan — yomonlik
Topganimni kimga aytay?
Yoshligimdan bezib erta,
Qochganimni kimga aytay?
Qari-qartang olamiga,
Shoshganimni kimga aytay?
Tahqirlanib, o‘ksinib,
Ketganligim kimga aytay?
Ta’na-dashnom so‘ngakka
Etganligin kimga aytay?
O‘z holimcha jumboqni
Echganligim kimga aytay?
Bilib qolib, bilmaganlar,
Kechganligin kimga aytay?
“Visir-visir” gaplardan
Cho‘kkanligim kimga aytay?
Ko‘z yoshimni yashirib,
To‘kkanligim kimga aytay?
Dushmanlarga tik boqib,
Kuyganimni kimga aytay?
Ozurda jon tashvishin
Tuyganimni kimga aytay?
Va qadrimga yetmaganni,
Suyganimni kimga aytay?
Go‘daklarning “ingasiga”
Zor bo‘lganim kimga aytay?
Tirnog‘iga intiq bo‘lib,
Hor bo‘lganim kimga aytay?
Yostiq bilan dardlashib,
Yig‘laganim kimga aytay?
Shunday ko‘rkam dunyoga
Sig‘maganim kimga aytay?
Bevafoga qo‘l siltab,
Qo‘yganimni kimga aytay?
Ushuk urgan guldayin,
So‘lganimni kimga aytay?

Qirg‘izchadan Tursunboy Adashboyev tarjimalari.

DONO AYoL

Tog‘, yaylovli Olayim,
Tag‘in she’rga solayin.
Garchi uqqansan bunday
Maqtovlarning talayin,
Dodho ona to‘y qilar,
Qanday chetda qolayin.

So‘z aytilmay ko‘p yillar,
To‘silgan edi tillar…
G‘oyat kelib xush zamon
Dodhoni eslar ellar.

Ulug‘ inson to‘yiga
Kelar odamlar oqib,
Oqbo‘sag‘a kutadi—
Mehmonga jonin qoqib.…
Siylar el ona ruhin
Ul aziz zotga boqib!..

Azal ota-bobolar
Saqlab qirg‘iz elimni—
Ardoqlagan hamisha
Qirq kokil qiz-kelinni.

Bejiz Jang‘il Mirzani
El xon deya yurmagan.
Atoqli botir Sayqalga
Manas ham qarshi turmagan.

Chopqir ot bilan olg‘ir qush,
Aqli tiniq qiz-kelin—
Erkakday baland tutgan
Obro‘sin o‘z yurt-elin.

Ularning shon-shavkatin
Ardoqlab, siylab kelamiz.
Munosib bunga har qachon
Qurvonjon dodho enamiz!

Ayttirmay yurgan Sho‘roga
Dillarda nafrat-o‘t yondi…
Uyquda yotgan elimiz,
Shukurki, erta uyg‘ondi.

Ajdodlar qanday kechirsin.
Unutsak agar o‘tganni?
Ta’zim qilib qutlaymiz
To‘y qilib, mehmon kutganni!

Bu ertakmas, haqiqat,
Tarix betin bot bergan,
Taqdirin o‘ylab elining
Oq podshoga xat bergan.

Tan bergach generallar
Eli suyib qad kergan.
Bel yechmagan bekka teng
Ayolning dodho bo‘lgani.

O‘ylasam o‘sha zamonni
Yuragim ketar to‘lg‘anib…
Shabdon kelsa Kemindan,
Bek turib, o‘ylab el nafin-—
Har jumlaga yuk yuklab
Aytgan dodho o‘z gapin..

O‘rda beklari ichra
Dodho shu yolg‘iz ayol…
Erkaklarga bu holat
Kelgan anchayoq malol.

U Nodira begimning
Ash’orin sevib o‘qigan.
Gap bor—erin so‘yishgach,
Kuyitdan she’r to‘qigan…

Dodhoga dodho yor bo‘lgan,
G‘animga tikkka or bo‘lgan.
Suyumli Qamchibegiga
Nomus — arqon, dor bo‘lgan.
Pand aytgan, yig‘lamagan
Garchi dune tor bo‘lgan!.

So‘z qiyqimin aytmagan,
Yovqurlikdan qaytmagan,
Donishmandi ko‘p uchun
Qirg‘iz elim bor bo‘lgan.

Hech kimga yomon sog‘inmay,
Pokdomon dala-tog‘inday,
Yaxshilikni poydorlab
Yaylovin toza saqlagan.
Yapalaq qizi bo‘lsa ham
Olayni suyub, maqtagan.

Yoriga tikka qaramay
Ayollik burchin oqlagan,
Xonisha bo‘lib ketsa ham
El degan, elin yoqlagan!
…Shu kunning kelin-qizlari
Ibrat ol dono Dodhodan!

O‘sh—Olay.. 1992

Usmon Temur tarjimasi