Marqaboy Amatov (1953)

Marqaboy Amatov (Markabay Aamatov) 1953 yili Kara-Kulja tumanida tug‘ilgan. 1972–1975-yillari O‘sh davlat pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan. 1981–87-yillari Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasining badiiy adabiyot byurosida xizmatchi, 1987–1996-yillarda direktor bo‘lib ishlagan. 2007 yildan Qirg‘iziston Respublikasi davlat patent xizmatida ishlaydi.

Marqaboy Amatov 1980 yildan SSSR Jurnalistlar uyushmasi, 1987 yildan SSSR Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lgan. Ellikka yaqin she’riy va tarjima kitoblari chop etilgan.

ESKI TEGIRMON

Soy bo‘yida turar eski tegirmon,
O‘tganlarga zimdan boqib, mung‘ayib.
Bir payt bunda arpa tortgan bolakay,
Tegirmonga qiyo boqmas ulg‘ayib.

Novi chirib, parraklari yo‘qolgan,
Kun taftida toshi yotar dog‘lanib.
Qishloq ahli uning poyin o‘pardi,
Nasibasi shu kulbaga bog‘lanib.

Tegirmonning o‘ziga xos lug‘ati,
Xampa, lo‘vak, ayri irg‘ay-chaqildoq.
Chanokdagi don tugasa basharti,
Tosh g‘o‘ldirab sado berar shaqildoq.

Xaltasini qo‘ndirgancha boshiga,
Eru ko‘kka ishonmayin bolasin.
Beva kelin talqonini torttirib,
“Aynanayin ozroq ol, — deb g‘allasin”*.

Ertayu kech tinim bilmay tegirmon,
Asta-sekin barham topdi yo‘qchilik.
— Ulg‘ayganda kim bo‘lasan? — desangiz,
— Tegirmonchi, —deb aytardi ko‘pchilik.

Shu asnoda kunlar oyga aylanib,
Bolalik ham o‘tib borar sezilmay.
Tegirmonchi o‘tib qolsa ko‘chadan,
Tuyulardi go‘yo Xo‘ja Hizirday.

…Urush tugab, qayta qurish boshlanib,
Fazogirlar Marsga qadar yetishdi.
Tegirmonchi bo‘laman deb yurganlar.
Cho‘pon-cho‘liq, dehqon bo‘lib ketishdi.

Bu bolalik kechmishimdan bir lavha,
Endi undan chorak asr olisman.
Tegirmonsiz kun kechirmoq ko‘p og‘ir,
Davrim guvoh, men ham bunga xolisman.
____________
* G‘alla — tegirmon haqi.

FARZANDLARIMGA

Tong azondan umid berarim,
Tong azondan rizq-ro‘z terarim.
Tog‘day yuksak tayanchim, orim,
Oybek, Samat, Oynur, Madorim.

Dadil, shahdam yurgin, Toy dedim,
Qalbing ruhan bo‘lsin, boy dedim.
Yurt ishiga yarang hamisha,
Mador, Oynur, Samat, Oybegim.

Iftixorim, sizlar — g‘ururim,
To‘rtta ganjim, to‘rt juft ko‘z nurim.
Kelajagim, pushti-panohim,
Mador, Oybek, Samat, Oynurim.

Tursam suyanch, uchsam qanotim,
Bu hayotda chidam —sabotim,
Ertayu kech dilgir, parvona,
Mador Oybek, Oynur, Samatim.

TOYTO‘RINING OXIRGI MONOLOGI

“Yolimni tarab qo‘yinglar,
So‘nggi bor tegsin korim.
Saqlab beray so‘nggi bor,
Qirg‘izning nomus-orin”.

Naqd oltmish asiy* bo‘lib,
Qolsa ham yoshim mening.
Tolmagan — toliqmagan
“Manasning oti” degin.

Oldimda tengsiz maydon,
Cheki yo‘q dala-dashtlar.
Chehrangdan tashvish ayon,
Oriyat dilni g‘ashlar.

Qush misol parvoz qilgum,
Tuyog‘im qasirg‘amda.
Manasning dong‘in eltgum
Asrdan-asrlarga…
____________
* Asiy — yetilgan bedov.

Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimalari.

YO‘LLAR TUGAMAYDI

Moviy aylanadan ko‘z ilib,
Yotibdi yurar yo‘l cho‘zilib.
Tugamas yo‘lovchi safari
Tong otar — qolmas yo‘l uzilib.

Yo‘lovchi go‘yo yo‘l quvalar,
Chekinar past-baland, uvalar…
On sayin cheksizlik qurshaydi,
Yo‘l esa ip kabi chuvalar.

Maqsadga qayta ko‘z tashlanar,
Charchamas manzilga tashnalar.
Tuganmas yo‘llari turmushning,
Tole shu: yangisi boshlanar!

KETGIM KELAR

Pariday suluv bo‘lib yaralishgan,
Buloqni ko‘zgu qilib qaranishgan,
Kun nurini ko‘ylak qilib kiyib olib,
Tog‘ nasimin taraq qilib taranishgan,
Qishloqning qizlariga ketgim kelar.

Tog‘ gulidan go‘zallik, qo‘r olishgan.
Ukki pari boshida sur solishgan.
Archaning atir hidi birga yurgan,
Bulutday oppoq ro‘mol o‘ranishgan,
Qishloqning qizlariga ketgim kelar…

O, tog‘lik pari qizlar, borsizlarmi?
Hamon oqshom, oy nuriga zorsizlarmi?
Yo hozirda oq go‘shanga ichra yashab,
Oq niyatli yigitlarga yorsizlarmi?
Baribir men sizlarga ketgim kelar!..

Usmon Temur tarjimasi