BETANIShIM, BEGONAM
Betanishim, begonam,
Yarq etib qaraganing…
Charx urgan qaldirg‘ochday,
Yurakni yaralading.
Betanishim, begonam,
Qayrilib qaraganing…
Xayolim chil-chil sinib,
Dilimni yaralading.
Betanishim, begonam,
Suydirib qaraganing…
Ko‘zlaring qarog‘ida
Men gulzor oraladim.
Betanishim, begonam,
Yarq etib qaraganing…
O‘q yegan maroldayin,
Hajringda chala jonim…
BULUT EDIM
Bulut edim ko‘k yuzida qalqigan,
Chaqmoq bo‘lding Sen to‘satdan chalqigan.
Qarshi turdim bor kuchimni nayzalab,
Qanot berding, sabot berding, azizim,
O‘sha onda balqigan.
Yomg‘ir bo‘lib to‘kildim men shovullab,
Bas kelolmas edi hatto dovullar.
Keyin esa yarqiratib olamni,
Nurga cho‘mgan chimildiqday tovlanib,
Turfa gullar lovullar.
Yorim bo‘lding yashil ro‘mol solingan,
Yolg‘izsirab chiqar bo‘lsang sog‘ingan.
Birga bo‘lsin bir umrga yo‘limiz,
Yanog‘ingga xo‘p yarashgan xolingdan,
Chaqmoq misol joningdan!
QARIYaLAR
Ovulimning faxri, fayzi qariyalar,
Bizlar uchun ibrat bo‘lib qolasizlar.
Sizlarni izzat qilib, duo olsa,
Balki farzand ko‘rarmidi bolasizlar…
Kuylarning avjga chiqqan pardasiday,
Mo‘ljalni to‘g‘ri olib ketasizlar.
Hayotning achchiq-tiziq tuzin totgach,
Muammoni maromida yechasizlar.
Farishtali, piri komil qariyalar,
Farosatda avliyoga yaqinsizlar.
Sizlar bilan yurakdan suhbat qursa,
Aqlli bo‘larmidi aqlsizlar.
SEZMADING
Bu olamga ertakdan yaralganday,
Javdirab yonib tursam ko‘rganing yo‘q.
Bahorning chamanidan zavqlansang ham,
Ochilgan lolasidan terganing yo‘q.
To‘satdan yuragimga uchqun solib,
Bir muddat fursatingni bo‘lmay qo‘yding.
Xayolimni chaqmoqdayin parchin qilib,
Yo‘llaringni poylasam kelmay qo‘yding.
Qayoqdan ham nigohim tushdi Senga,
Mixlanib qolding fikru o‘ylarimda.
Davosi yo‘q dardlarga duchor qilib,
Ixtiyorni o‘z holimga qo‘ymading-da…
Oxirgi tilaklarim, barno yigit,
Sen ham sevgin birovni uyqung qochib.
Bir bo‘saning hajrida tashna, intiq,
Kuta-kuta darichang qolsin ochiq…
BAXTIM BO‘LIB
Hayotda goho isib, goh sovqotib,
Ba’zida parvoz etib — oqquv bo‘lib,
O‘r tortib senga qarab oshiqaman.
Turmushim borgan sayin totuv bo‘lib.
Oylarning sahifasin ochgan sayin
Yuragim hapriqadi olov bo‘lib.
Rizqim uchun aytaman shukronalik,
Satrlarim cho‘g‘ tashlasa yalov bo‘lib.
Misralar sohil yuvgan toshqin bo‘lib,
Sen haqingda qasida yozdim to‘liq.
Shu go‘zal bo‘ston aro kelarkanman,
Balki peshvoz chiqarsan baxtim bo‘lib…
AKBARANING KO‘Z YoShLARI
(Chingiz Aytmatovni o‘qir ekanman…)
Kim bilibdi olam ichra bundayni,
Yuragimning qatlarida mung-qayg‘u.
Kuni-kecha chopib yurgan kuchuklar
Bugun qayda? Izlab yuzim sarg‘aydi.
G‘ururlanib Toshchaynarday tengimga,
Farosatda qiyosi yo‘q begimga,
Bilganimda inson zotin xo‘rlashin,
Kin, adovat qo‘shilmasdi kekimga.
Yolg‘onmidi kajraftorning bo‘lmog‘i,
Valine’mat nega bo‘yin to‘lg‘adi.
Barham topdi ichimdagi shodligim,
O‘g‘iz sutim tanglayingga to‘lmadi.
Qandoq kunda rohatimdan ayrildim,
Qandoq kunda oyog‘imdan mayrildim.
Uxlardingiz keng bag‘rimni to‘ldirib,
Bo‘talarim hidingizni sog‘indim,
Dilim o‘rtab, totib taqdir zardobin,
Buyuqturgan qattol taqdir — zolim-da.
Nigohimdan sira ketmas kelbati
Quvlashmachoq o‘ynar edi —yonimda!
Takdir, nechun ona qilib yaratding,
Yuragimni tilka etding, qonatding,
Sog‘inchimdan ko‘kraklarim sirqirar,
Chirqiratib chor tomonga taratding.
Ko‘p qir kezdim, ko‘pni ko‘rdim yoshimdan,
Xo‘rlik ko‘rmay, dala-tuzdan, toshingdan.
Xo‘rlik ko‘rmay, ulug‘ Tangrim birgana,
Odamlardan — yirtqichligi oshingan.
Eh, namuncha qarog‘imni izlatding,
Tog‘laringday dilginamni muzlatding.
Bo‘rida ham, axir, yurak bo‘lishin —
Bila turib, sizloviqday sizlatding.
Bo‘lsa kerak xo‘rlikning ham poyoni,
Farzand bilan bog‘liq ushbu bayonim,
Qiyomatga qoddirmasdan nolasin,
Onasidan ayirmasin bolasin…
Qirg‘izchadan Tursunboy Adashboyev tarjimalari.