Evripid, Evripid (Euripides), (taxm. mil. av. 480, Afina — mil. av. 406, Makedoniya) — yunon shoiri, dramaturg. Ijodini she’riyatdan boshlagan. Afinalik uch buyuk fojianavis (Esxil, Sofokl)ning so‘nggisi. Jami 92 pesa yozgan, shundan 17 fojia va bir hajviy dramasi bizgacha yetib kelgan («Kiklop»). Ular mifologik syujet asosida yaratilgan bo‘lsada, inson shaxsi asosiy o‘rinda turadi.
Evripid ijodi Afina davlat-shahar sifatida tanazzulga uchragan va axloqiy me’yorlar inqirozi yuz bergan yillarda shakllangan bo‘lib, mifologiya, axloqiy va an’anaviy tartiblarga tanqidiy munosabati bilan ajralib turadi. U dramatik voqealar tasvirida ko‘pincha falsafiy munozara yoki sud muzokaralari ohangiga xos mulohaza yuritganki, bunda o‘ta ratsionalizm ruhiy holatlarning chuqur tasviri bilan qo‘shilib ketadi («Vakxanka», «Gerakl»).
Evripid dramaturgiyasining ob’ektiv mazmuni Afina demokratiyasi dunyokarashi an’analariga keskin ziddir. Afinada o‘sha davrda yuz bergan ijtimoiy o‘zgarishlar Yevripidning inson shaxsiyati, uning ichki dunyosiga qiziqishi kuchayishiga olib keldi. Evripid asarlarida maishiy unsurlar tasviriga zo‘r berish, kishilarning shaxsiy takdiriga qiziqish kabi antik fojiaga xos bo‘lmagan xususiyatlar mavjud («Medeya», «Ippolit»). Evripid ijodi Yevropa dramaturgiyasiga samarali ta’sir ko‘rsatgan.
M Ye D Ye Ya
(Fojia)
Qatnashuvchilar:
Enaga.
Eshik og‘asi.
Medeya.
Korinflik ayollar xori.
Kreont.
Yason.
Egey.
Chopar.
Medeya va Yason o‘g‘illari.
Voqea Korinfda, Medeya uyi qoshida ro‘y beradi.
M U Q A D D I M A
Enaga
Mushkul erur Kolxidaga kirmoq yotlarga,
Agar alar ishlatmasa hiyla va tadbir.
Hali yetmay ikki qoya oralig‘iga
Argonavtlar kabutarni uchiribdilar.
Kabutarni siqib ikki lojuvard qoya1
Qayta boshdan o‘z asliga qaytayotganda
Yot kimsalar Kolxidaga kirib olibdi.
Iolk shohi Peliy beku bekzodlarni
Eshkaklar-la ta’min aylab, mudhish ajdaho
Maskaniga qorako‘l-chun yubormaganda
Oliymaqom sohibamiz Medeya bonu
Aslo suzib bormas erdi o‘zga yurt sari
Ham telbaday ko‘ngil qo‘yib ul alp Yasonga,
Yot elatda oqko‘ngillik Peliyzodlarga
Padarkushlik san’atidan saboq bermasdi.
Endi eri, bolalari birla Korinfda
Yurmas erdi kulba izlab. Quvg‘indilikda
El ko‘ziga ul boyaqish xush ko‘rinsa-da,
Sodiq xotin bo‘lib qoldi lekin eriga.
(Bag‘ri butun kam topilur, ushbu dunyoda
Totuvlikda yashayotgan er-xotin qayda?)
Medeyaning peshonasi sho‘r ekan illo,
Endi uni sevmaydilar, mehribonlar ham
Yig‘ishtirib qo‘ymoqdalar bordi-keldini.
Guldan-da voz kecharkanlar g‘unchani ko‘rgach,
Yason xotin hamda bola-chaqalaridan
Qo‘l siltabon shoh qiziga uylanmoqchimish!
Shunday qilib, tahqirlangan Medeya bibish
Sho‘rlikning-da fig‘oniga yeru ko‘k titrar.
Qani, der ul, ahdu vafo, qani der, ul lafz
Ma’budlarni shohidlikka chaqira turib.
Zero alar betavfiqni ko‘rib qo‘yishsin:
Yason nomard, Yason lafzsiz, Yason bevafo.
Bibishgina necha kunki baytulhazanda
Yuragiga hasrat uya qurgandan beri
Ilon yanglig‘ to‘lg‘anadur, safo bilmaydur.
Xuddi qoya to‘lqinlari singari kar ul,
Eshitmaydi yoru do‘stlar daldasini ham.
Shu holda ul behush yotar, o‘ziga kelib
Ba’zan boshin nadomat-la siltab qo‘yar-da,
Yodga olar o‘z diyorin, qadrdon uyin.
Ko‘z yoshini daryo-daryo oqizib, qilgan –
Barcha noxush ishlarini dildan o‘tkazar:
Erini deb boy bergandi o‘z diyorini,
Erini deb duchor bo‘ldi quvg‘indilikka,
Medeyaga endi hatto farzandlari ham
Yoqmay qoldi. Alarga ko‘z qirin tashlamas.
Sho‘rim qursin, ishqilib, ul aynab qolmasin.
Yo‘qsa yana bir baloni boshlar, chamasi,
Sitamlarga dosh bermasa og‘ir o‘ylari.
Mana shunday cho‘rtkesar ul. Qo‘rqaman, nogoh
Och biqinga shamshir tiqib olmog‘i mumkin.
Ul-bul ishni shahanshohga, kuyovto‘raga
Qo‘llay bilar jahli chiqsa, ochiqdan-ochiq.
Osongina g‘olib bo‘lmas dushmani uning!
Ana, uning o‘g‘lonlari sayildan qaytib,
Tinch-xotirjam kelishmoqda koshona sari,
Onaizor qayg‘usidan xabar topmasdan.
Ha, bolalar, bolalar-da, azoblar bilan
Necha pullik ishlari bor, axir, alarning.
Keksa eshik og‘asi ikki bolani boshlab kiradi.
Eshik og‘asi
Hoy, sen sobiq malikaning sodiq cho‘risi!
Bo‘sag‘ada nechun yolg‘iz turibsan? Yoxud
G‘am tufayli ayrilganday Medeya hushdan,
Sen ham qayg‘u chekmoqlikka hu qilursanmi?
Enaga
E, sen Yason farzandlarin keksa rahboni!
Ne kunlarga, yorab, bizni soldi bu falak?
Undanmi bu falokatlar yo o‘zimizdan?
Hanuzgacha sidqidil-la xizmat etsak-da,
Na yemakda, na ichmakda ro‘shinolik bor,
Kuya-kuya ado bo‘ldim, kuyganimdan-da,
Eru ko‘kka bibishimning dostonin aytib,
Yuragimni hasratlardin forig‘ qilurmen.
Eshik og‘asi
Yana yig‘lab ohu fig‘on qilayotirmi?
Enaga
Hey, qariya, soddaliging qolgani yo‘q-da,
G‘am qissasi endi o‘qilmoqda-ku.
Eshik og‘asi
He, ko‘r…
Bulg‘ab bo‘lmas kazolar sha’nin. Yangi
Kulfatlari borligini bilmasa kerak.
Enaga
Qanday kulfat? Gapirsang-chi, mundoq ochiqroq.
Eshik og‘asi
Ke, qo‘ysang-chi, chiqib ketdi og‘zimdan bexos.
Enaga
O‘tinaman, oq soqoling haqqi, yashirma!
Sen qul bo‘lsang, men cho‘riman sohibamizga.
Gar qolishi vojib ersa qozon yopig‘liq
Biz ham aslo ochmagaymiz…
Eshik og‘asi
Men eshitdimu
Sirtiga suv yuqtirmagan kishiday bo‘ldim,
O‘ta turib bukun shatranj maydonchasidan
Pirenada2 muqaddas suv bo‘yida pirlar
Nelarnidir so‘zlashardi – mazmunan bildim:
Shoh taraddud ko‘rsatibdi: mulki Korinfdan
Medeyani farzandi-la haydab solarmish.
Bilolmadim bu ovoza qanchalik to‘g‘ri,
Bag‘oyatda avlo erdi noto‘g‘ri bo‘lsa.
Enaga
Nima, Yason qilmaydimi bunga e’tiroz?
Xotinidan bir umrga bezgan bo‘lsa-da,
Voz kechmas-ku shahdu shakar bolalaridin.
Eshik og‘asi
Iloj qancha? Xush yoqadi yangi yor doim:
Shoh avvalgi oilani tan olmas emish.
Enaga
Halok bo‘ldik… daf etmayin ko‘hna baloni
Favqulodda yangisiga duch kelmoqdamiz.
Eshik og‘asi
So‘zlarimni saqlagayman ko‘ngil tubida,
Bibishimiz bilmagani ma’qul bu gapni.
Enaga
Ana, qandoq dadangiz bor, bolajonlarim!
Tangri hifzi salomatda saqlagay uni.
Har holda ul sohibimiz. Va lekin erkak –
Oilasin zinhor majruh etmasligi shart.
Eshik og‘asi
Har bandaning ta’bida bor bu xislat, inson
Boshqalarga qaraganda o‘zini sevar.
Yo shum xabar eshitdingmi, taajjubdamen…
Farzandlarin qurbon qilish jatiga Yason
Yangi yor-la ishrat etmoq tamasidami?
Enaga
Boring endi xudo xalloq, bolajonlarim,
Barham topur noxushliklar,
Sen esa, ey, chol,
Bolalarni yiroq tutgil volidasidin –
Jahli chiqqan. G‘azab qotgan asoratida –
Zaharini yaqinlarga to‘kmasaydi, oh!
Menga ayon – qurbonliksiz qahri bosilmas.
Bizlar emas, yov yo‘liqsin qahriga faqat…
Medeya
(sahna ortidan)
Vodarig‘o!
Muncha yovuz uqubatlarim!
O, shum ajal! Vodarig‘o! O, shum azozil!
Enaga
Ohu fig‘on boshlanmoqda… o, bolajonlar…
Ichkarida volidangiz –
G‘am bistarida.
Undan picha nari turing, girgittonlarim.
Nazariga tusha ko‘rsang, yo‘qsa, balokash
Sizga g‘azab olovini sochar ayovsiz.
Bir qadam ham unga yaqin kelmangiz zinhor.
Tutsa agar sarkashligi, yovvoyiligi
Ho‘l-quruqni bir tekisda yondira olur.
Qoching uning g‘azabidan, bolajonlarim,
Qani tezroq pana joyga o‘tib olingiz.
Bu ra’d agar dabdurustdan sizga yo‘nalsa,
Chaqmoq urib, o‘tda kuyar xonumoningiz.
Ey, sen, ko‘ngil, dardlaringga intiho qani?
Nechun yupanch-tasallini bilmaysan hanuz,
Yoxud azob iloniga yem bo‘ldingmi sen?
Medeya
(sahna ortidan)
O, musibat! O, aziyat, o azob va siz –
Kuchsiz ohlar! Siz, farzandlar, otangiz birlan
Gumdon bo‘ling, minba’d, minba’d qo‘shmozor bo‘ling!
Qurib ketsin uy shunaqa bo‘lsa agarda.
Er shu bo‘lsa, dunyodan toq o‘tgan avlo-ku!
Enaga
Voy, xudo-ey, sho‘ringizga –
Sho‘rva to‘kildi!
Shu ham gapmi… Bolalarning gunohi nima?
Yoxud alar javobgarmi padari uchun?
Zug‘um qilib netadi ul bolakaylarga.
Bolajonlar, qismatingiz ayanch erur, oh.
Netay, naylay, sizlar uchun xavotirdaman.
Shahanshohlar dag‘dag‘asi dahshatli erur;
Kundan-kunga oz qolmoqda itoatkorlar,
Hukmdorlar ko‘paymoqda kun o‘tgan sayin…
Osongina bosilmaydi g‘azablari ham…
Barglar aro ko‘z ilg‘amas pinhon barg bo‘lib,
Kun kechirgan yaxshimasmi? Qarigan chog‘da
Shahanshohlar g‘azabidan yiroqda bo‘lish;
Osoyishta yashamoqlik – orzuim erur…
Eng sarasi, a’losi ham – me’yor saqlamoq,
Hayotda yo‘q shundan bo‘lak g‘aznai oliy!
Ehtiyojdan oshiqrog‘i omad keltirmas.
U qavmga yuklab qo‘yib ko‘h va ko‘h ofat
Yo‘liqtirar ma’budlarning o‘tli qahriga.
PAROD
Sahnaga korinflik ayollar xori kiradi.
Xor
Prood Olis kolxidalik badbaxt kelindan
Eshitdim dod ovozlarin:
Haliyam ul tushmadimi shashtidan?
Ayt, kampirsho…
Allaqachon ko‘ngilga munis bo‘lgan
Oilaning dardlariga sherikman,
Eshitdim men ichkaridan kelgan nolani.
Enaga
Sen aytg‘on oiladin asar qolmadi:
Er – mustabidlar yotog‘ida3,
Xotin – baytulhazanda; ko‘shk ichra pinhon.
Bekachimning ahvoliga maymun yig‘laydi.
Biron kimsa yo‘qki, uni
Yupatolsa tasalli berib…
Medeya
(sahna ortidan)
O, dahshat, dahshat!
O, roziman falak charxi
Majaqlasa bosh suyagimni!..
Menga endi yashash chikora?
Sho‘rim qursin! Hayhot! Ey, sen, o‘lim,
Hayot rishtalarin uzib yubor –
Ko‘zim yo‘q ko‘rarga tiriklikni.
Xor
O, sen Zevs, o, sen ona-Er, sen Oftob,
Badbaxt kelinning
Mungli zorlarini eshitdingizmi?
Dudoqlar, og‘ushlar, siz – nechun
Sovuq bistar xohishidasiz?
O‘lim odimlari
Taysallar nechun?
Yo yolvorish kerakmi unga?
Agarda yangi yor tilasa ering
Nechun jahl ofati birlan
Bu bebaqo dunyoda
Musibatni orttirasan sen?
Hademay dodingga yetar Kronzoda:
Faqat sen ungacha
Og‘ir bo‘l,
Sabr bersin ishqilib o‘zi.
Faqat bevafo erni deb
Ko‘z yoshingni selob aylama…
Medeya
(sahna ortidan)
Muazzam Kronzoda… Malikai Femida!4
O, ma’budlar, panoh bering azoblarimga!
O‘zim muqaddas ont ila
La’nati erni taqdirga qo‘shdim!
Evoh!
Koshki endi uni ko‘rsam kelinchak birlan –
Saroy xarobalari ichra bir juft murdani!
O‘shalarning dastidan dod,
Alamimga o‘shalar bois. O, yazdonlar!
O, sen padarginam, elu shahrim, sizlardan men,
Sharmsor qochdim. O‘rtamizda hanuz jonajon
O‘z inimning murdasi ham.
Enaga
Tinglang, nima der,
Qandoq tavqi fig‘on osar
Femidaga, nazri niyoz malikasiga,
Va Zevsga, ahdu paymon o‘dag‘asiga,
U g‘oyatda mudhish intiqom bilan
Limmo-lim aylar ko‘nglini.
Xor
Nechun menga ruxsorini ko‘rsatmaydi ul?
Nechun nafis tovushimga
Aks-sado qilmayotir?
Bema’ni qahri-itobi
Qovurar qalbini qop-qora o‘tda.
Ehtimol, men
Shirinsuxanlik birlan
Berarman unga yupanch.
Men sevgan odamlar ham
Ko‘rib qo‘ysin manim yurak istaklarimni.
(Enagaga)
Xabar olmaysanmi koshonasidan?
Oldimizga peshvoz chiqsin.
Imillash kerak emas… Bo‘l!
Bu chordevor ichinda
Baxtsizlik ro‘y bermog‘i mumkin.
Qahr va o‘ch shiddati yomon,
Pushaymonlig‘ undan-da qo‘rqinch.
Enaga
Borishga tayyorman, faqat, bibishim,
Qoldirmasmi so‘zimni yerda?
Erinmoqda demang… bemalol…
Tug‘ayotgan urg‘ochi sherdek
Azoblanar, yovvoyisimon –
Qarar, agar baytulhazanga
Yaqin kelsa cho‘ri og‘zidan
So‘zi tushib hadiksiraydir…
Muqarrarki, bir zamonlar, ha,
Hayit yoxud ziyofatlarda
Mas’ud zotlar quloqlarini
Kuylab xushnud qilmoqlik uchun,
Erkalash-chun madhiyalar to‘qib
Yurgan o‘shal odamlar jindek
Aqli ila bor san’atini
Ishga solgan desak sahv o‘lmas.
Chiltorlarning ohangi birlan
Manfur tusli g‘amga-qayg‘uga,
Shohlik zulmi ila larzakor
O‘lim yaratuvchi qayg‘uga
Chek qo‘yishni haliga dovur
Hech bir kimsa o‘ylab topmagan
Deyilsa gar, u ham sahv o‘lmas.
Kishilarni kuy-la davolash –
Foydalidir. Ziyofatda lek
Sozandaning mehnati bekor:
Ko‘ngillarni to‘kin dasturxon
Xushnud etar musiqasiz ham.
(Chiqadi)
Xor
Tag‘in eshitmoqdamen
Uning ohu nolasin.
Afsus-nadomat tinmas.
Baytulhazandan havoni yorib
Uchmoqda eri sari tavqi la’nat.
Femidani chorlar Kolxidaning baxtsiz bolasi,
Nechun uni jalb etdi
Dengiz osha Ellada sohillari;
Tubsiz qaynamani mavjlantirgan
Adog‘i yo‘q dolg‘alar.
BIRINChI MANZARA
Medeya kiradi.
Medeya
(Xorga)
Ey, Korinfning qizlari, gar ro‘parangizga
Chiqqan bo‘lsam – ta’na eshitmoq uchun emas.
Ko‘cha-ko‘yda sandiraqlab yurgandan ko‘ra
Faqat uyda o‘tirishni ma’qul ko‘rganlar
Yoki o‘zga yurtni ko‘rish mayli-istagi uchun
Kam deysizmi takabbur deb nomdor bo‘lganlar?
G‘avg‘osiz uy yo‘q degandek bani odamga
Hozir g‘avg‘o yoqmay qoldi, har narsaga ham
Qo‘lni siltab qo‘ymoqdalar. Go‘yoki bor gap
Odamlarga ilgaritdan quyoshday ravshan.
Agar kishi bizni diltang qilmagan bo‘lsa,
Qalbin bilmay qilolgaymiz qozilik unga.
Orangizda begonalar ko‘pdir, ehtimol
Ularga yon berish kerak, albatta, illo
Raiyat ham xush ko‘rmaydur dimog‘dorlarni,
O‘z-o‘zini tenimoqqa imkon topolmay,
Shu tariqa achinarli holg‘a tushganlar…
Menga kelsak, dugonalar, sizsiz ham nogoh
Balolarga duchor bo‘ldim, g‘amga yor bo‘ldim.
O‘lsam deyman – nafas olmoq azobdir faqat
Nimagaki molik bo‘lsam bari-bariga
Yolg‘iz erim sababchidir. Bilsam bu kishi
Odamlarning eng tubani – nomardi ekan.
Ha, bu kunda yashayotgan odamlar ichra
Topish mushkul bizdek baxtsiz xotin jinsini.
Narxi arzon emaslarmiz erkaklar uchun5.
Biz tushgan yer obod bo‘lar – xizmat qilamiz.
Gar bordi-yu sotib olsang erkak zotini
U sen uchun sohib erur, xizmatchi emas.
Unisiga qaraganda bunisi chakki,
Eng muhimi ish tutasan tavakkaliga.
Tashi birlan ichi birmi – bilib bo‘lmasa.
Nikohdan so‘ng ketay desang, o‘zingga uyat,
Kuyovdan-da qutulishning chorasi yo‘qdur.
Urf-odati, taomili yot bo‘lgan joyga
Tushgan kelin beshak o‘lim topgay agarda
Kuyov bo‘lmish tortolmasa o‘z aravasin,
Boshqa bilan don olishsa, xiyonat qilsa,
Bunga kelin qay yo‘sinda taxammul etar.
Xiyonatkor ekanligin bilsa u bilan
Bir yostiqqa bosh qo‘ymasdi abadul-abad.
Jonga tegsa oilasi erkakga ne g‘am?!
Boshqa yoqqa ko‘z suzgancha arqon uzarlar,
Bizdan esa qo‘l siltabon, qiyo boqmaslar.
Deydilar-ku boshqa debon erkak yo‘rig‘in
Biz ichkari ojizasi, azal azaldan
Ko‘cha paydam, tashqarida rizq-nasibasi.
Qo‘lda nayza, shikor deya ro‘kach qilgaylar
Va nimani ovlashadur tangriga ayon.
Jangu jadal erkak uchun… Tug‘gandan ko‘ra
Yov zarbiga qalqon tutib, dosh bergan avlo.
Ha, aytmoqchi, gap xotin-qiz xususidaydi,
Ammo sizu mening holim ayri-ayricha:
Siz egasiz shahringizga, o‘z uyingizga.
Do‘stu yorlar yupatishar g‘amga botsangiz.
Men bo‘lsam-chi, begonalar ichra yolg‘izmen.
Ham quvg‘indi, ham mosuvo, ham suprindiman.
Yovvoyilar orasida – olisda o‘sdim.
Bunda mening na uyim bor va na-da onam,
Kimsasizman – birodarim, qiblagohim yo‘q.
Loaqal bir xeshim bo‘lsa, kelgan baloga
Mardonavor tutar erdim boshimni beshak.
Vale sizdan oz bo‘lsa-da shafqat so‘rayman.
Gar erimdan o‘ch olmoqqa, bir iloj topsam,
Siz avvalo sukut saqlang, xalaqit bermang.
Jur’atsizmiz, zotan, kurashning, alalxusus,
Tig‘obdori qo‘rqitadi xotin zotini.
Nomussizlik gar ilashsa nigoh ipiga
Ayol qalbi shu qadarli qonsiragayki,
Topolmaysiz yer yuzidan bunaqasini!
Korifey
Bas. Medeya, ko‘ngling nima tilasa, qilgin,
Sening xohish-istagingga qarshi turmaymiz.
Sen haq bo‘lsang, tan beramiz. Ammo Kreont
Kelayotir, mulk sultoni – nima derkin ul.
Balki bizga e’lon qilur yangi farmoyish?
Kreoniy kiradi.
Kreont
(Medeyaga)
Ha, Medeya, kek saqlaysan chog‘i, eringga
G‘ambodasan, jahon birlan ishing yo‘q go‘yo.
Gap endi shu – farzandlaring olib bir yo‘la
Tark etmaysan saltanatim sarhadlarini.
Bosh to‘lg‘amay itoat et amrimga, jo‘na!
Eshitdingmi? Qayta boshdan qorangni ko‘rmay.
Shu mulk ichra gar mabodo qorangni ko‘rsam
Naq mustahiq etgaydirman og‘ir jazoga.
Medeya
Shunaqa deng! Sho‘rim qursin! Badbaxtman qandoq!
Yov tushirdi so‘ngigacha langar zanjirin,
Sohil tomon chiqay desam yovuz to‘lqin bor.
Undan menga endilikda himoyat ham yo‘q,
Shunday bo‘lgach so‘ramoqqa izn bersalar
Nega endi haydayapsiz bu mulkdan meni?
Kreont
Hech qanaqa sir yo‘q bunda, hammasi ravshan,
Qizginamga pand berasan degan xavfdaman,
Ustomonsan, yalagansan ilonning yog‘in.
Bir kori-hol bo‘lmasin deb qo‘rqaman, rosti.
Boz ustiga ersiz qolding, hijronzadasan…
Deydilarki, sen menga ham, kelinchakka ham
Xavf solmoqchi bo‘lganmishsan nima bilandir.
To‘rt muchamiz sog‘ligida shuning uchun ham
Chora-tadbir ko‘rmoqlikni lozim topamiz.
Senga yomon ko‘rinsam-da, Medeya bibish,
Ko‘ngilchanlik qilolmayman, ba’daz kech bo‘lur.
Gapning rosti – so‘nggi pushmon, o‘zimga dushman.
Medeya
Evoh! Evoh!
Ilk martamas, e shoh, ko‘p bora
Menga zarar berib keldi yomonotlig‘im.
Yomonlik u qadimdan bor. Kimda-kim agar
Oqillikdan sal-palgina bo‘lsa xabardor
Go‘daklardan tayyorlamas sofist ahlini.
Safsatalar uchun ular hamyurtlariga
Eshittirib qo‘ymasdilar ta’na-malomat…
Tag‘in nima? Olomonning nafratin ular
To‘yg‘izmaslar o‘zlarining san’atlari-la.
Johillarga, deylik, agar biron nimadan –
Donolikdan, yangilikdan yo hikmatlardan
Saboq bersang bormi – tamom ular ichra sen
Donishmandmas, tanilasan tekinxo‘r bo‘lib.
Bashartikim, ovozayu mish-mishga ko‘ra
El-yurt ichra hurmat topgan oqillardan ham
Yuksakroqda tursang, seni xavfli kas derlar.
Men ham shuni o‘z boshimdan kechirib ko‘rdim.
Gap shundaki, Medeyada aql yetarlik.
Shundan uni yoqtirmaslar ba’zi birovlar.
Kimdir esa sizga o‘xshab shu Medeyaning
Mardligini hisoblaydir xavfli narsa deb.
Tark etilgan, kimsasi yo‘q xotin, ajabo,
Shahanshohga qutqu solsa?! Xo‘sh, nima uchun,
Nimaga men yomonliklar tilar ekanman?
Siz xush ko‘rgan kishingizni kuyov qildingiz,
Illo manim nafratlarim sizgamas aslo,
Erimgadir. Sizlarga men hasad qilmayman,
Hayot bilan rohatlaning, turmush quringlar.
Faqat meni qoldirsangiz Korinfda deyman,
Sabrim birlan yopay deyman sharmandaligim.
Kreont
O, sen durust sayrayapsan, mashqing joyida,
Lekin yovuz niyat hokim talqinotingda.
Gumonlarim ortib borar eshitgan sarim,
El og‘ziga elak tutib bo‘lmas, Medeya.
Bilamanki, sen xususda mishmishlar talay.
Ehtiyotkor tulkiliging kim bilmas axir.
Qani jo‘na! O‘ynab bo‘lding qozon, cho‘michda,
Urinsang-da illo yetmas san’ating seni,
O‘zimizda saqlatmaymiz ortiqcha g‘anim.
Medeya
Yolboraman, yangi kelin-kuyovlar haqqi,
Bizni surgun qilmang bundan, shohim, rahm eting!
Kreont
Elanishing behudadir, ovora bo‘lma.
Medeya
Shafqat qiling, yalinaman, dodimga yeting.
Kreont
Medeya, bizga yaqinroq o‘z oilamiz.
Medeya
O, diyorim! Qadring o‘tdi yana shu kezda.
Kreont
Bola-chaqa rohatini ko‘raylik biz ham.
Medeya
O, Erotlar! Qanday yovuz urug‘ ekyapsiz.
Kreont
Peshonaga yozilgani bo‘lmas doimo.
Medeya
Yo rabbano, aybdorga boshpana berma.
Kreont
Etar endi? Sen, yaxshisi, safsatalardan
O‘zing tugul, bizlarni ham forig‘ aylagin…
Medeya
Forig‘ etmak? Kimni hamda nimadan o‘zi?
Shoh, bizni siz forig‘ aylang bu uqubatdan.
Kreont
Sen chindanam kutyapsanmi jallodlarimni?!.
Medeya
Yo‘q-yo‘q, aslo, yolvoraman sizga, shahanshoh…
Kreont
Senga kamlik qilmoqdami do‘q-po‘pisalar?
Medeya
Iltijoyim, shahanshohim, bu xususdamas.
Kreont
Tag‘in nima kerak senga? Holi qo‘y meni…
Medeya
Menga bir kun muhlat bering: hali hal emas
Manzilgohim. Norasida bolalarga-ku
Mensiz kim ham topa olgay boshpana suv-non,
Bu tashvishdan Yason holi. Shafqat aylang, shoh.
Siz ham axir bolangizga g‘amxo‘rsiz-ku, oh,
Bu his sizga oshino-ku, bizchalikmassiz.
Quvg‘indilik menga hech ham qo‘rqinchli emas,
Yig‘layotgan bo‘lsam, faqat bolalarni deb…
Kreont
Bu dunyoga kelmaganman mustabid bo‘lib,
Meni ko‘p bor nobud etay degan bu ko‘ngil.
Bilamanki, haq emasman, mana hozir ham
Sen aytgancha bo‘la qolsin, lekin ogoh bo‘l,
Gar ertaga qir-dalamda mening quyoshim
Bola-baqralaring birlan qorangni ko‘rsa,
Nurlarini nayza qilib senga sanchilur.
Bu turgan gap… Tong otguncha…
(Chiqadi)
Korifey
O, chigal qismat!
O, xotinlar, bu qandoq dard, bu qanday balo!
Shu ahvolda bir ojiza qayga boradi?
Kimdan uy-joy va boshpana so‘raydi axir?
Qani asl xonadoning, qani ul kishvar?
Umri boqiy yovuz kuchlar, tubsiz daryoga
Tiriklayin qo‘l-oyog‘ing bog‘lab otdilar!
Medeya
Bo‘lmasam-chi! Osmon – tiyra… Lekin bu bilan
Hali o‘yin tugamadi! Tag‘in o‘ylamang,
Kelin-kuyov maqsadiga yetur deb, shaksiz.
Balo-qazo yetib ortar sovchilarga-da,
Behudaga no‘sh etilmas bu shirin zaqqum, –
Posongisi keltirilgan bari oldindan…
Shoh tadbirli edi, rost gap, har bir narsani
Etti o‘lchab bir kesardi, o, ko‘zi basir!
O‘ziga choh qazidi ul o‘z xohishi-la.
Qarorida sobit turmay, bizga bir kunni
In’om etdi… Yetib ortar ana shu muhlat.
O‘zi tugul, qizi birlan quyovini ham
Shu muhlatda biz jasadga aylantiramiz.
Yaramaslar… Bor ko‘pgina usul-yo‘llari,
Qay birini tanlash kerak, mana bu mushkul;
Ko‘shkin yoqmoq ma’qulmikin kelin bolaning,
Yo olmos tig‘ tiqaymikin och biqiniga,
Dabdurustdan yotog‘ining ustidan chiqib?
E, yo‘q, ul yumushning bir illosi bor.
Yo‘l-yo‘lakay qo‘lga tushib qolishim mumkin.
Badxohlarga keyin gap-so‘z, kalaka bo‘lgum.
Yo‘q, yaxshisi borajakmiz sinalgan yo‘ldan.
Masala hal: yeng ichida berilgay og‘u.
Xo‘b, ularni shu yo‘sinda o‘ldirdim, deylik.
Ayt-chi, ko‘ngil, nima bo‘lgay undan keyin, xo‘sh?
Topilurmi bizga ba’daz do‘st-yoron, elat?!
Kimlar bizni quchoq ochib kutib olajak?
Kafolat yo‘q… Mayli, ko‘ngil, sabr qil picha.
Bordi-yu, bir himoyachim bo‘lganda edi,
Qotillikka kirishardim shu ondayoq men.
Eng ichida saranjomlab qo‘yardim barin.
Madadkorsiz qoladurg‘on bo‘lsam mabodo
Qismatim sho‘r ekan, deya qilich tutaman.
Va ro‘yirost qilajakman ularni bismil.
Bul g‘arazdan qaytmagayman, rabbano shohid
Ko‘zimga tik boqsa hamki mal’un, Azozil.
Shoh qizini avvalambor ko‘zdan qochirmam;
Mol-mulki-la, yurti ila ko‘ngli to‘q bo‘lgan
Kundoshimni Hekata-la ont ichamanki,
Mening azam hisobiga ushbu dunyoda
Hech bir banda ishrat to‘yin qura olmagay!
Ko‘p qimmatga tushar hali ularga bazm,
Ko‘z yoshimu azobimdan sharob ichgaylar!
Qani ishga! Bo‘sh kelmagin, Medeya, zinhor,
Barcha insu jinslaringni madadga chaqir, –
Miridan to sirigacha har bir qadamni
Obdon o‘ylab hamda bilib bosmoqlik kerak!
Ey, sen ko‘ngil, hayiqmagil, o‘tga ur o‘zni,
Endi azmu shijoating ko‘rsatmoq payti,
O‘zing o‘yla, kim edingu kim bo‘lib qolding.
Nahotki sen Siziflarning ajdodi6 bo‘lmish
Yason birlan paymon aylab tahqirlanishga
Yo‘l qo‘yasan Heliylarning qoni7 ustidan?
Bale, kimga bu gaplarni aytyapman o‘zi?
Yaralganda bor edi bu xilqatimizda:
Ezgulikka qayishmaymiz, yovuzlikka-chi
Bor iqtidor ila doim ko‘mak beramiz.
BIRINChI STASIM
Xor
Kavsar suvlari oqdi ortiga,
Ters kiydi to‘nin haqiqat nega?
Adil sarvlar egib qaddini,
Erlar quturib bilmay haddini,
Yazdonlar nomin tuproqqa qordi…
Bizning dovruq ham, haqqi rost, so‘zsiz,
Maqtovga do‘nar; minar otiga.
Uchib qush kabi oltin so‘zimiz
Zavq bera bilar ayol zotiga.
Ilhom nag‘maga ko‘rsatmas zuhr
Ayol makkorlik qilgan paytida…
Faqat labingda qotsa shu muhr,
Ayollar nayi yangrab tursa bas,
Febning qirmizi saltanatida…
Musaget8 mahkum ayladi qayta
Tinglanar o‘shal qo‘shiq na loqayd?
Talay haqiqat erkaklar haqda
Etilmaganmi bitiklarda qayd?
O, menadaning9 jo‘shqin yuragi!
Ota uyidan seni, e xotin,
Simplegadaning xatarlaridan
Olib qochgandi badkirdor to‘lqin.
Begona yurtda – tanhosan bunda
Er seni ezdi, uqubat solib;
Quvg‘indilikda o‘zing-la birga
Sharmandalikni yurursan olib.
Ahdu paymonlar qaro yer bo‘ldi,
Makr-hiylaga yo‘q endi sarhad.
Hayo degani – til tortmay o‘ldi,
Ruhi yuksakda, qo‘l yetmas, hayhot!
Saqlay olmadi bo‘rondan asti
Medeya tanin padar o‘qlari,
Shahanshoh qo‘li jalb etib ketdi
Qaynoq og‘ushin qo‘ynidan nari.
IKKINChI MANZARA
Yason kiradi.
Yason
Ilk bor emas, ko‘p ko‘rganman, kek bora-bora
Pillaqurtdek o‘z-o‘zini mahv etmog‘ini,
Sen shaharga, hovli-joyga egu bulurding
Shohlar bilan olishmasdan siporoq yursang.
Loyiq esang gar quvg‘indi nomin olmoqqa
U holda shum ko‘rgilikni o‘z tilingdan ko‘r!
Bilamanki, tubanlikka yuz tutdi, deya
O‘z eringni qoralamoq qasdidadirsan.
Bundan bo‘lak tag‘in, shohning oilasidan
O‘rinlatib o‘ch olmoqni va’da qilibsan.
Bu yaxshimas. Kim aytadi seni eslik deb.
Kuch-qudratim yetganicha bosdim shoh qahrin.
Seni bunda qoldirmoqqa tirishib ko‘rdim.
Vale barcha mehnatlarim chipakka chiqdi.
Saltanatga pand beruvchi so‘zlar aytibsan.
El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, xotin.
Shu vajdan-da, endi senga shahrimiz yopiq.
Ammo, xotin, bola-chaqa tashvishidaman,
Illo sizlar kamlik ko‘rmang zinhor hech yerda
Pul tufayli. Ozmi o‘zga diyorda axir
Yovuzlik va muhtojliklar. Yason sen uchun
Jirkanch odam. Ammo Yason kek nima bilmas,
Uzatar u dushmanga ham do‘stlik qo‘lini.
Boshqalardek to‘nini ters kiyib olmagay,
Ilolabad zamonaga qarab ish tutur.
Medeya
Voy pastkashe… voy olchog‘-e… nomardligingni,
Jangga yaroqsizligingni qanday so‘z bilan
Izhor qilay, bilmay qoldim, tilim ham ojiz –
Bizlar uchun bundan ortiq badlik bo‘lmaydi.
Bizlar tomon kelasan-a tag‘in uyalmay.
Buning oti murdorlikdir, jasorat emas.
Odam degan o‘z do‘stiga shunday pand berib
So‘ng ko‘ziga qaray olsa, botirlikmi shu?
Bu illatni bizdagilar hayosizlik der.
Har qalay men sendan shodman… Ko‘nglimni endi
Bo‘shatishga imkon bor-ku… O tingla meni,
Xah nimaydi? Ha, boshlayin bir boshdan sekin.
O‘sha kezda agar sening esingda bo‘lsa
Seni saqlab qolg‘on erdim mudhish o‘limdan.
Bunga o‘sha kemadagi bor ellinliklar
Shohid erur, qutqargandim, buqalarni sen
Itoatga o‘rgatish-chun yuborilganding,
Burunlari o‘t purkardi – ajal yeriga
Undan keyin urug‘ ekish vazifang edi.
Oldirtirib ajdahoning sehrli jonin
Oltin yungli qo‘y terisin senga baxsh etgan
Menmasmidim! Menmasmidim bedor ko‘zlaring
Ko‘rmaganda qayta boshdan quyosh yog‘dusin
Ato etgan! Menmasmidim otamdan kechib
Elu yurtdan etak silkib Fessaliyaga
Bir seni deb hayyo-huyt deb ravona bo‘lgan.
Qiziqqonlik ustun kelib muhokamadan
Peliy shohni o‘ldirtirgan o‘zim-ku, dahshat.
Men tufayli padarkushlik qildi farzandlar!
Bu bilan men mushkulingni oson ayladim.
Mana endi bizdan ketding, oxir-oqibat
Ahdni buzib, yangi nikoh qurayotirsan.
Bolalarning dadasiga shu ish loyiqmi?!
Yangi nikoh keltirmasin senga xurramlik.
Ilolabad nasling bitsin, tirnoqqa zor bo‘l.
Bolalaring bo‘lmasaydi, ha, mayli derdim:
“Farzandi yo‘q, ajab emas, o‘zgadan ko‘rsa”.
Bolalaring bo‘la turib bu ne sarkashlik?
Qani vafo? Qani o‘sha muqaddas ahdlar
Yo u paymon so‘zlarini eshitgan razzoq
Endi hukm yurgizmasmi, yoki qonunlar
O‘zgardimi? Sen shohidsan bari, bariga
Qani iqror bo‘lmay ko‘r-chi, sen ontni buzding.
O, necha bor surkalganding menga bu bilan…
Tizzamni-da bulg‘agansan yaqinlashish-la!
Orzu-umid puchga chiqdi. Boy berildi qalb.
Sendan endi nimani ham kutmog‘im mumkin?
Ammo ko‘ngil dudog‘imni cho‘g‘dek kuydirur –
Ro‘yirost bu orsizliging savollar bilan
Fosh qilgayman… Alhosilkim, farmoyish bering:
Qay sari biz azm etaylik, aytingiz? Yoki
Ketaylikmi o‘z uyimiz – ota hovliga?
Senga osig‘ bo‘lsin deya boy berdim yurtni.
Yo jo‘naymi badbaxt Peliyzodalar sari?
Otalarin o‘ldirganman, albatta, ular
Meni yorug‘ diydor bilan kutmasa kerak.
Eski do‘stlar, dugonalar haqida so‘z yo‘q:
Ular mendan voz kechishgan xiyonatim-chun
Kimgaki men qilgan ersam qabihlik agar
O‘z foydamni ko‘zlab emas, seni deb qildim.
Ular menga endilikda ashaddiy dushman.
Sho‘rim qursin! O‘sha shonu shavkat – mana u, –
Ellinliklar aro ko‘rgan halovatlarim…
O‘shanda sen yolg‘on va’da bergan ekansan.
Mag‘rurlansam, ha bo‘ladi, sodiq er bilan…
Binobarin, baxti kulgan kelin-kuyovlar
Aslo g‘amgin bo‘lmagaylar. Agar Medeya
Bu shahardan uzil-kesil mosuvo bo‘lsa,
Ham bir o‘zi himoyasiz jujuqlari-la
Lol qoldirib… yosh-qarini – badbaxtligi-la
Daydib yursa… Bolalarim bir burda non deb
Qo‘lchalarin uzatishsa mo‘ltiragancha,
Ma’qulmi bu, seningcha, xo‘sh? Seni o‘limdan
Shuning uchun sog‘-salomat qoldirganmidim?
O, sen Zevs, o, xudoyim, oltinni misdan
Ajratmoqqa qodir ersang, nechun bu yozmish?
Nima uchun kuydirilgan tamg‘a bosmading
Nobakorga, tursin deya ko‘zga tashlanib?!.
Korifey
Davosi yo‘q va dahshatli g‘azab ko‘pmoqda,
Kimsalarning aduvligi yiqar xeshlarni.
Yason
Yason bo‘lib tug‘ilgan zot bukun haqirdir,
Unga kun yo‘q. Men bir kema darg‘asimankim,
Hushyordirman, bo‘ron tursa yelkanni ozroq
Tushiraman, yo‘qsa ig‘vo bo‘roni va bu
So‘z quyuni bizni g‘arqob aylaydi, xotin.
Minnatlaring cheksiz ekan – havvoza yanglig‘
Havo sari o‘rlab ketdi. Mening safarim
Xayrli deb hisoblansa, bunga Kiprida –
Bois, undan burchlidirman, Kiprida axir
Yazdonlarning ichida ham, xalq ichida ham
Kipridadir, – balki bu gap o‘zgaga yoqmas.
Ammoki, sen undagi bor nazokatga boq:
Gar kimda-kim bu Yasonni qutqarmoq uchun
Medeyani ruhlantirgan bo‘lsa, bu Erot…
Mayda-chuyda narsalarni qo‘zg‘amoq nechun?
Xizmatlaring tan olaman, xo‘sh, bundan ne naf?
Burch o‘talgan allaqachon ortig‘i birlan.
Birlamchi, sen Elladada yashayotirsan,
Yovvoyilar ichidamas, qabilangdagi
Insu jinslar qolib ketdi, bu yerda yangi
Qonun ila haqiqatni o‘rganding bizdan.
San’atingni ellinliklar sharafladilar.
Nufuzing bor, o‘sha dunyo sarhadi aro
Sokingina kun ko‘raver hashamatsiz jim.
Biz uchun hech saroydagi mol-dunyo, Orfey –
Qo‘shiqlari ojiz o‘sha shon qarshisida.
Bir zamonlar o‘sha shon-la yashadim xushbaxt,
Gap taqaldi kelib-kelib yana o‘zimga.
Modomiki, bu bahsni qo‘zg‘agan bo‘lsang,
Uylanishim xususida biron nima dey.
Avvalambor, oqilona va undan keyin
Kamtarona ish tutdim men, nimaga desang
Bu barchasi bolalarim va sening uchun.
Faqatgina chimrilmasdan quloq bersang bas,
Iolkdan buyon badbaxtlik keltirdim yolg‘iz,
Sizlar ham yuk ustiga yuk – zanjir bo‘ldingiz.
Garchi erksiz ham quvg‘indi bo‘lsak-da nogoh –
Kutilmagan baxt-saodat yo‘liqdi menga.
Shoh qizi-la yulduzimiz bir ekan asli.
Sen bekorga, xotin, bizni, malomat qilma.
Ishtiyoqi baland dersan yotish-turishga.
Dilda shahvat alangasi gurullamagan.
Serfarzandlik istagi ham bor emas menda.
Nazarimda, ular bizda yetarli, xotin.
Bu xususda senga ta’na qilolmayman ham,
Yangi yorga uylanishim ehtiyojdan, bil.
O‘z o‘rnini topmog‘i bor hayotda har kim.
Shunday qilsam, ko‘rmagaymiz muhtojlik betin.
Bilamanki, har kishining bori bo‘lmasa,
Yuz o‘girar qarindoshi, yoronlari ham!
Bolalarni oyoqqa tez turg‘izish uchun
Mablag‘ kerak. Ular o‘qib voyaga yetgach,
Undan keyin rohatini ko‘raveramiz, –
Tug‘ilajak ukalari soyalarida
Hademayin qaddilarin tutib olurlar.
Senga tag‘in farzand nechun? Menga bo‘lsa-chi
Ular zarur, mo‘may mablag‘, daromad uchun.
Seningcha men nohaqmanmi? “Ha”, deb aytarding,
Rashk qilasan-da. Hammangiz ham bu xususda shu –
Yotog‘ingiz but bo‘lmasa eringiz bilan
Dunyoning to‘s-to‘palonin chiqazasizlar.
Siz foydali maslahatdan nafratlanasiz.
Bola-chaqa shunday bunyod bo‘lsaki, bunda
Xotin zoti ishtiroki ko‘rilmasa hech
Bashar ahli kulfatlardan xoli bo‘lardi.
Korifey
Suxanbozlik san’atini qo‘llading, Yason,
Sharttakilik qilgan bo‘lsam, aybsitma meni,
Haq emassan, Medeyani tark etsang agar.
Medeya
Farqlanaman odamlardan ko‘p jihatdan men.
Bu xususda, darhaqiqat, gap ham bormaydi.
Gar ixtiyor bo‘lib qolsa mening ilkimda
Suxanbozlik qilganlarga eng oliy jazo
Berar erdim! Bu bilan u haqqoniyatni
Erga urdi. Suxanbozlik mashg‘ulotini
Kimki davom ettirsa-chi, shumlik bo‘risi
Qo‘y terisin yopingancha ishrat qiladir.
Ne ishlarni qilmaydi u niqob ostida?
Ayb-nuqson ham mavjud bunday donishmandlikda
Sen, inchunun ayyorlik va ehtiyotlik-la
So‘z tuzog‘in yoza bilding, to‘g‘ridan-to‘g‘ri.
Ha, sen uchun hech gap emas bizga pand bermoq.
Bizdan olib rizolikni ba’daz to‘y qilsang,
Soz bo‘lurdi. Sen-chi, avval uylanib oding…
Yason
Sendan olib bo‘larmidi rozi-rizolik,
Hozir, sirtdan, siporoqsan, lek yovuzlikni
Haligacha yuragingda asrab kelasan.
Medeya
Yo‘q, umrbod sen men bilan qolishdan cho‘chib10,
Shunday qilding. Qartayganda siz, ellinliklar,
Eski yor-la yashamoqdan ozorlanasiz.
Yason
Bunday teran xayollarga bormagin, xotin,
Hech qanaqa sir-sinoat yo‘q bu nikohda:
Senga axir boya aytdim, oilamizni
Mustimahkam qilmoqchiman shoh qizin olib,
Tug‘ib bersa, yashaymiz biz shoh soyasida.
Medeya
Bunday soya kerak emas, axir, bu nomus
Evaziga olingan zar – boylikni netay,
Azobmasmi, tashvishmasmi, turgan-bitgani?
Yason
Ma’budlarga ibodat qil, Medeya bonu,
O‘zga orzu-istaklarni qalbingga jo qil.
Qo‘lga kirgan naqdinangdan ranjima aslo,
Boyqush bo‘lib ko‘rinmasin iqbol bulbuli.
Medeya
Masxara qil… Qidirmaysan biz uchun uy-joy,
Ro‘parangda himoyasiz quvg‘indi turar.
Yason
O‘zing yomon yo‘l tanlading – o‘zgada ayb yo‘q.
Medeya
Aldagan ham, uylanmoqchi bo‘lgan ham menmi?
Yason
Osiylarcha qarg‘aganding o‘z shoxlaringni.
Medeya
La’natlayman sening o‘rda-saroyingni ham!
Yason
Shu bilan biz tugatamiz. Bordiyu sizga –
Senga yoki farzandlarga pul kerak bo‘lsa,
Darig‘ tutmam ehsonimni – bir og‘iz so‘zim.
Kerak bo‘lsa yuborurman qo‘noq belgisin11.
Qadrdonlar sizlarga lutf ko‘rsatishadi.
Kerakmasmi? Arazlaring o‘rinli emas.
Ko‘zingni och, qahru itob qilavermasdan.
Qo‘lim uzun, manfaatim tegadi, inon.
Medeya
Pul-mullaring, oshnolaring boshingda qolsin,
Vafosiz er muruvvati – qo‘lni kuydirur.
Taklif qilma, keragi yo‘q, olmayman zinhor.
Yason
Xudo shohid, manfaatim tegib qolsin deb
Ko‘p urindim, ammo bizning saxovatni u
Qadrlamay o‘z-o‘ziga, farzandlarimga
Jabr qildi. Nima derdim – o‘zidan ko‘rsin.
(Chiqadi)
Medeya
Bor, boraver, qalbing visol orzusidadir,
Yosh kelinchak kutib qoldi saroyda seni.
Tantana qil, nikoh! Mayli, safo qilaver,
Voz kechgaysan, kuyov bola, hali kelindan.
IKKINChI STASIM
Xor
Qahru g‘azab qilsa Erotlar
Dildan soqit bo‘lur hamul lazzat,
Kishilar shon nasibasidan
Quruq qolur. Ammo agarda
Go‘zallikda bemisl Kiprida
Yo‘llasa faqat xushchaqchaqlik…
Sen menga minba’d, shoh qizi
Qalbimga zar o‘qni muqarrar
Nishon etma,
To‘p-to‘liq zaqqum istagi.
Kamtarona navozishni xohlayman:
Bundan totliroq dorilbaqo ehson yo‘q.
O, hech qachon eshitgulik qilmasin
Kipridaning qutqu vahmasin.
Uning xavfli ra’dvor zarblari
Bo‘ron bilan qilgan kajbahsligi –
Begona yotoq istagi uchun!
Urush-janjalsiz uyni,
Kelin-kuyov adi-badi aytishmog‘in.
Yotoqqa doston bitay.
Vatan, ota uyi, manba’d.
Sendan ayru tushmasman,
Yurtdan hijrat bo‘lmasman.
Bormam nomard qoshiga
Og‘ir kunlar tushmasin
Hech bandaning boshiga.
Quvg‘indilik ko‘rgandan
O‘lganim yaxshi mening.
Guldek uzilib ketsam
So‘lganim yaxshi mening.
O‘zim shohid – odamlarmas, hayhot,
Bu fasona ijodkori!
Shahardan man’ etilding
Do‘stu yor g‘amin chekib
Aylamas darding forig‘.
O, ko‘rnamak… Mayliga
Qurib ketsin yorini yod etmasa.
Yori hasrat daftarini
Unga ochgay,
Bo‘lakkamas.
UChINChI MANZARA
Egey kiradi.
Egey
O, Medeya, quvonch sening yo‘ldoshing bo‘lsin!
Yoronlarga doim mening tilagim shunday.
Medeya
Salom senga aqli yetuk Pandion12 o‘g‘li,
Bu yerlarga qaysi shamol uchirdi seni?
Egey
Feb kohini dargohidan kelayotirman.
Medeya
Nechun kerak bo‘lib qoldi ibodatxona?
Egey
Bilasanmi, farzandim yo‘q: tirnoqqa zorman.
Medeya
Yo tavba-ey, haligacha farzandsizmisan?
Egey
Bog‘liq emish bu hammasi insu jinslarga.
Medeya
Mashqing sustmi yo bo‘lmasam xotinsizmisan?
Egey
Uylanganman, bo‘yinturuq tushgan bo‘ynimga.
Medeya
Xo‘sh, nima der parvardigor farzand haqida?
Egey
Hayhot! Uning so‘zlarini anglab yetmadim.
Medeya
Mumkinmidir men eshitsam uning so‘zlarin?
Egey
Bo‘lmasam-chi, farosating kerak bu yerda.
Medeya
Irod ayla ul so‘zlarni uyat bo‘lmasa.
Egey
Deb edi u: “Chiqazmagil qopdan oyog‘ing”.
Medeya
Yo‘qsa nega bajarmaysan? Yo bunday yerdan
Jilging yo‘qmi? Yanglishmasam shundaymi o‘zi?
Egey
Hali veri qaytib bo‘lmas ota uyiga.
Medeya
Sen bu yoqqa ne maqsadda tashrif buyurding?
Egey
Bizga kerak Trezen mulkin xoqoni Pitfey.
Medeya
U shoh demak, Peloplarning dindor o‘g‘limi?
Egey
Ha, kohinning so‘zin unga aytmog‘im kerak.
Medeya
Ha, u oqil – sharhlay olur kohinlar so‘zin.
Egey
Boz ustiga u o‘zimning yaqin safdoshim.
Medeya
Tangri senga madad bersin, baxting ochilsin,
Barcha ezgu niyatlaring amalga oshsin.
Egey
Ha, darvoqe, qani menga ayt-chi, Medeya,
Nechun chehrang muncha so‘lg‘in, ko‘zing qizargan?
Medeya
Mening erim – odamlarning eng tubanidir.
Egey
Aniqroq ayt kuyinishing boisin menga
Medeya
Hech nimadan hech nima yo‘q haqorat etdi.
Egey
Ne qilg‘ilik qildi Yason? To‘ppa-to‘g‘ri ayt.
Medeya
U ustimga xotin oldi uyalmay-netmay.
Egey
Yo‘g‘-ey, nahot shunday qilgan, sharmandalik-ku.
Medeya
Xuddi shunday ish tutdi u.
Egey
Sevib qoldimi,
Yo bo‘lmasa unga yoqmay qoldingmi o‘zing?
Medeya
Hirs ishi bu, ko‘ra-bila xiyonat qildi.
Egey
O‘taketgan nomardlik bu, jin ursin uni.
Medeya
Egey, bilsang, osildi u xoqon qiziga.
Egey
Kimning qizi? Sir bo‘lmasa eshitsam devdim.
Medeya
Korinf shohi Kreont bor-ku, o‘shaning qizi.
Egey
Sho‘rlik, senga qiyin bo‘pti, mana gap qayda!
Medeya
Ersiz qoldim ham bu yurtdan haydamoqdalar.
Egey
Bu ko‘rgilik senga o‘zi qaydan yopishdi?
Medeya
Hammasiga Korinf shohi sabab bo‘lmoqda?
Egey
Yason bundan xabardormi? Qanday razillik!
Medeya
U boshqalar sahnasida qo‘g‘irchoq hozir,
Har narsani ular ko‘rgan ko‘z bilan ko‘rib,
Mulohaza yuritmoqda ular aqli-la.
Ammo, Egey, yolboraman tiz cho‘kib senga,
Tark etilgan quvg‘indiga shafqat qil ozroq.
Men sho‘rlikka o‘z yurtingdan bir boshpana ber,
Evaziga umri boqiy Yazdonlar senga
Farzand ato aylagaylar, armoning qolmas.
Agar bilsang farzandsizlik illatiga ham
Davo topish yo‘llarini yaxshi bilaman.
Ota bo‘lish sharafiga noil bo‘lursan.
O‘lsang hamki farzandlaring ketingda qolur.
Egey
Senga yordam beray deyman, boqiylar haqqi,
Eng muhimi xotin bo‘lib menga zurriyot
Ato eta oladigan va’dang sururli.
Bor vujudim band ayladi ana shu istak.
Shu istak-la, tepar qalbim. Senga bo‘lsa men
Xushnud sohib bo‘lmoqlikka jahdu jahd qilgum;
Birga olib ketaman deb va’da berolmam,
Bordiyu sen Afinaga o‘zing borolsang,
U holda men hayotingni ta’min etaman,
Xotirjam bo‘l, – pisht demaydi mushuging hech kim.
Bu diyorni, xullas kalom, mensiz tark ayla,
Seni deya do‘stlar birlan, gapning chin-rosti,
Adi-badi aytishmoqni ep deb bilmayman.
Medeya
Sen aytgancha bo‘la qolsin, vale kafolat
Berganing yo‘q bizga hali, fikring qat’iymi?
Egey
Hali menga oz bo‘lsa-da inonmaysanmi?
Medeya
Inonaman. Ammo mening dushmanlarim ko‘p,
Biri – bunda, biri – unda, Fessaliyada.
Agarda sen qasam ichsang xotirjam bo‘lgum.
Illo, tushmam do‘st-dushmanlar iskanjasiga.
Bilasan-ku ish bitmaydi quruq gap bilan,
Ba’zan do‘stlar qilaman deb yuzxotirchilik
Jo‘sh ururlar. Ammo fursat o‘tgani sari
Hissi g‘olib kelib qolar muhokamadan.
Deylik, men ham shu tarzda yo‘l tutishim mumkin.
Lekin boshga ish tushganda ko‘rinmas do‘stlar:
Do‘st – bevafo, charx kajraftor, shohlar – bizga yov.
Egey
Aftidan, sen kelajakni olddan ko‘rishga
Ustaykansan. Ammo qalbing shuni tilarkan.
Bu xusuda rad javobi bo‘lmaydi bizdan.
Ha, ehtimol, biz, ont ichib qo‘yganmiz, deya
Yovlaringga aytarmiz ham. Senga – bu garov…
Qani chaqir yazdonlarni, ne deb ont ichay?
Medeya
Qasamyod et hududsiz Yer, Oftob bilan
Medeyaning buvasiyu Yazdonlar bilan…
Barcha qodir ma’budlarga qasamyod ayla.
Egey
Nima qilish yoki nima qilmasligimni
Aytmog‘ligim kerakmikin, bibish, chamasi?
Medeya
Haydamaysan Medeyani minba’d, agarda
Dushmanlarim qat’iy talab qilgan chog‘da ham.
To hayotsan – ozodligim ta’min etursan.
Egey
Muqaddas Yer va Oftobni o‘rtaga ko‘yib,
Xudo haqqi, bajaraman aytganlaringni.
Medeya
Judayam soz, chiqmasang-chi so‘zing ustidan?
Egey
Hayot shomim baham ko‘ray osiylar bilan.
Medeya
Xo‘p, bo‘lmasa xayr, Egey, qani bor, oq yo‘l,
Diyoringga yetib borgum izma-iz men ham.
Faqat qilar ishlarimni bajarib olay,
Ko‘ravergum peshonaga yozilganin so‘ng.
(Egey chiqadi)
Korifey
Ilohiyat rahnamosi, Mayya farzandi13,
Egeyni o‘z maskaniga yovuq qiladir!
Nimaniki tuggan bo‘lsang dilingga, sulton,
Hammasi ham tez fursatda amalga oshsin.
Tug‘ilajak farzand haqda shamani ilg‘ab
Yuragingda havas o‘tin alangalatding…
Medeya
O, sen Zevs, ey sen, Zevsning haqqoniyati!
Ey, siz Quyosh shu’lalari! Zafar biz yoqda!
Endi manim dushmanlarim jazosini yer.
Dugonalar, nur ustiga a’lo nur bo‘ldi.
Endi qayon bormoqligim tayin, istalgan –
Bardargohga ega bo‘ldik. Kemaga tushsak –
Palladaning go‘zal shahri bizga to‘sh ochar.
Endi mening qarorimga quloq ber jiddiy.
Hazil emas, ha, chindan-da, mening nomimdan
Joriyamiz chorlab kelsin Yason – erimni.
U bu yerda yaxshigina kutib olinur.
Inonurki, hammasiga men rozi, hatto
Kreont hukmi bizga yoqib tushganin ko‘rar.
So‘rov faqat farzandlarim ustida bo‘lar.
Qolsin deyman ular Korinf saltanatida.
Dushmanlarning orasida qolish-chun emas,
Shoh qizini mahv etmakka asqotur ular.
To‘yonaga yuboraman ular orqali
Ajoyib bir sarupoyu go‘zal tillaqosh.
U kiyganda jozibador hadyalarimni
Shul zahoti halok bo‘lar ming azob bilan.
Shundan keyin uni xalos etmoqchi bo‘lib
Kim qo‘l sunsa, u ham ketar dorulbaqoga.
Zahar bilan oshlagayman sovg‘alarimni.
Bu xususda gapirmoqni endi bas qilay…
Oh chekkancha endi buni yubortiraman.
Ular so‘ngra Medeyaga qanday yovuzlik
Ishlatishsa ishlatishsin… Men farzandlarni
Bismil qilib tashlagayman. Ularni hech kim
Bizdan tortib ololmagay. Yason uyini
Tag-tugi-la xarob qilgum, keyin ne bo‘lsa
Peshonamdan ko‘rajakman: “Xudodan tongan”,
“Quvg‘indi” yo “bolalar kushandasi”mi –
Menga qanday tamg‘a bo‘lsa qo‘yaverishsin.
Yovga kulgu bo‘lmasam bas. Hayotda endi
Nimani ham qizg‘anayin, xo‘sh, nima qoldi?
Vatanimmi? Ota-ona panohimi yo?
Badbaxtligim dafn etarga bir go‘sha bormi?
Yo‘q, men uchun yorug‘ dunyo qorong‘u endi.
O, nimaga aldoviga laqqa uchdim men
Ona yurtim tark aylabon?! Ellinliklar-la
Nima uchun ko‘na qoldim jo‘nab ketmoqqa?
Shoshmay tursin, Yazdonlarning madadi birlan
Hali qasos-o‘ch olamiz xiyonatkordan.
Medeyadan ko‘rgan ikki farzand dog‘ida
Qon-qon yig‘lar. Suyuk yori – malikasi ham
Boshqasini tug‘ib bermas. Afsunlarimga
Duchor bo‘lib, xazon bo‘lar guli ochilmay.
Shunday qilsam na ojizu va ayanch bo‘lib
El og‘zida men afsona bo‘lib qolmasman.
Atolmaslar bizni hech vaqt sabrli deb ham.
Tabiatan o‘zgacharoq mening atvorim:
Yaxshiga men yaxshimanu, yomonga yomon.
Shunday bo‘lgan bu olamning shonli zotlari.
Korifey
Fikru o‘ying qulflarini ochding sen menga,
Men ham senga yomonlikni ravo ko‘rmayman.
Lekin zamin quyoshini – haqni unutmam,
Va birgina tilagim shu: bolalar qolsin.
Medeya
Ilojim yo‘q. O‘ldirishim kerak ularni
Dardlarimni o‘z boshidan kechirmaguncha
Biron xotin tushunolmas istagimni ham.
Korifey
Bolalarni qatl etishga borurmi qo‘ling?
Medeya
Bundan ortiq alam bormi Yasonga axir?
Korifey
Qo‘y, bu ishni, baxtsizliging yetib ortmasmi?
Medeya
Chirib bitsin… Siz birovning gapin aytdingiz.
Shunaqa deng…
(Bir joriyaga)
Chaqirib kel Yasonni bizga.
Taqdir talab etsa sodiq xizmat qilishni,
Boshqa kimni chaqirayin? Esingda bo‘lsin,
Bizning reja to‘g‘risida og‘iz ochmaysan.
Bilamanki, menga mehring behad va o‘zing
Zaifasan. Bizni to‘g‘ri tushungandirsan.
Joriya chiqadi.
UChINChI STASIM
Xor
O, qadimdan xushbaxt Erextidalar,14
Xushbaxt ma’budlarning farzandlari!
Oyoq yetmas tepaliklar aro
Sizni saqlar muqaddas ekinzorlar.
Jo‘sh urdirar ul yerda sizni shuhrat,
Havosida hokim farog‘at,
Unda to‘qqiz sof Pierida15
Harmoniya bag‘ridan chiqqan.
Kipridaning ajib nafasi-la
Kefis16 mavjlari zarhal.
Ekinzorlar bo‘ylab uchar
Gullar nafasi.
Sochlarda mushki anbar.
Xazon bo‘lmas ul yerda gullar.
Idrok soatlari oldida
Mangu shaydir oltin Erotlar…
II band O‘sha sof to‘lqinlar haqqi,
Shahri azim, do‘stu yoron haqqi,
Menga ayt-chi, bolalarni
O‘ldirsang, ijobating
Qabul bo‘lg‘aymu?
O‘shal dahshatni
Etib ko‘rgil tasavvur…
Bolalarda jarohat!..
Ko‘ryapsanmi,
Tizzalaringni
Iltijo birlan
Og‘ushga olgum…
O, rahm et,
O‘ldirma, Medeya,
Bo‘taloqlarni
Ayt-chi, qo‘l va yurak
Qaydan olur g‘addorlikni
Bolalarni so‘ymoqqa?
Ko‘zlardan qaltirab
To‘kilgan nurlar
Bolalar chekidagi yoshni
Kuydirmaydimi?
Yo‘q, hech qachon
Ilgingni qonga botirmaysan.
Osiylik aylab
Gunohga botma:
Duoga qo‘l ochgan
Bolalarni qaqshatma.
TO‘RTINChI MANZARA
Yason kiradi.
Yason
Chaqiribsan, mana keldim, avzoying buzuq
Bo‘lsa hamki, tilagingni eshitay debman,
Qani, qanday gaplaring bor, gapir birma-bir.
Medeya
Bunda bo‘lgan mashmashaga avvalo uzr,
Tazarruim qabul ayla, Yason, muhabbat –
Bilasanmi, oramizda uzoq yashadi.
Qiziqqonlik qilgan bo‘lsam sen to‘g‘ri tushun.
Shoh malomat qilayotir deb o‘ylabman men,
Men, betavfiq, nega endi shaddodlik qildim?
Aslida bu betginamga ursalar agar
U betimni tutib bersam bo‘larkan, axir
Erim taxtga chiqmoqda-ya? Bordiyu erim
Shoh qiziga uylansa ham, bolalarimga
Orttirsa ham uka-singil, uning bu ishi –
Bizlar uchun… Qiziqqonlik hali shungami?
Nima bo‘ldi o‘zi senga, Medeya bonu?
Bu hammasi yo yaxshilik sari emasmi?
Yo bizlarda bola yo‘qmi? Bormi yurt, shahar?
Yo hammamiz birato‘la quvg‘indimizmi
Do‘stu yordan chetda? Ana shularni o‘ylab
Xomcho‘t qilib, angladimki, aqldan emas
Qahru itob qilganlarim. Men endi dildan
Seni olqab g‘ururlandim. Burch va kamtarlik
Seni, Yason, shu ko‘ylarga solgani aniq.
Sen qaytadan uylanmoqni ixtiyor etib
Reja tuzding. Xayolimga o‘shanda mening
Senga loyiq yo‘l-yo‘riqlar berish kelmabdi,
Kelinchakning xizmatlarin qilsam bo‘lar-ku!
Mag‘rurlansam oliy nasab kundoshim bilan
Bo‘ladi-ku? Biz hammamiz xotinmiz asli –
Sizlarga sal ozor berdik, afu etgaysiz.
Illo, Yason, o‘xshamagin zaifalarga,
Zaifalar go‘lligiga bolalik qilib
Laqqa tushib o‘tirmagin. Butkul noto‘g‘ri
Sen haqingda mushohada yuritganlarim.
Endi mening fikrlarim o‘zgardi. Eh-he!
(Uydan bolalarni chaqiradi)
Qo‘zichoqlar! Otangizni mahkam quchingiz
Va orqamdan takrorlangki, olqish, mehr-la,
Gina saqlab o‘tirmaymiz dadangizga hech.
Tinch-omonlik o‘rnatildi, kudurat unut,
Dadil bo‘ling, bolalarim, mana shunaqa
Mana sizga mening qo‘lim… Vo hasratokim,
Tepangizda qora bulut, bolakaylarim!..
Ortida na? Uzoqmikin umringiz hali,
Qo‘llaringiz izlayotir himoya mendan
Ularga ko‘z tikishlarim mudavommikin?
Sho‘rlik ko‘ngil muncha bo‘shsan, yig‘laysan, chog‘i,
Borlig‘ingni titroq quchgan. Ha, bolakaylar,
Dadangiz-la bir ozgina aytishib qoldik.
Mana endi omon-omon yarashib oldik,
Lekin ko‘zdan daryo-daryo yosh quyulmoqda!
Korifey
Men ham endi tobu toqat qila bilmadim,
Tirqiradi ko‘z yoshlarim. Yetar falokat!
Yason
O‘tgan ishni xotirlashga luzum yo‘q endi
Vale gaping menga juda yoqdi. Medeya,
Erkak kishi boshqa bilan yostiqdosh bo‘lsa,
Qahri itob qilmoqlikka shaydir xotinlar.
Bu-ku bor gap. Shuning uchun sendagi jahl
Avjga minib, yana sokin tortdi oqibat.
G‘olib chiqdi Medeyaning kamsuqumligi.
Sizga esa, bolalarim, isbot qilurman
Ma’budlarning yordamida otaligimni…
Tashvishingiz – bosh ustimga. Bir kunmas bir kun
Korinfning eng old kishisi bo‘lursiz shaksiz!..
Bu albatta tug‘ilajak ukalaringiz
Yordamida zohir bo‘lgay. Ungacha sizlar
O‘ynab o‘sing, bolakaylar, xudo xalloqdir.
Xudo bersa, yoshlikning naq gullagan payti
Siz bu yerga qaytarsiz ham, oilamizni –
Sizni jondan ziyod ko‘rib sevguvchilar bor,
Do‘st-dushmanga ko‘rsatursiz tarbiyat bekor –
Ketmaganin. Yana ko‘z yosh, voy, seni qara.
Boqmayapsan… Bekityapsan bizdan jilvangni…
Yoki senga tag‘in yoqmay qoldimmi, nahot?
Medeya
Shunday o‘zim… O‘ylantirib qo‘ydi bolalar.
Yason
Baxti qora, o‘y o‘ylamak yig‘lash demakmi?
Medeya
To‘qqiz oylab ko‘targandim… Mana, ularni
Nariroqda yashashlarin xohlaganing-chun
Allanechuk bo‘lib ketdim, shu rostmi, Yason?
Yason
Aytganlarim bajo bo‘lur, dadil bo‘l, xotin!
Medeya
Sening chizgan chizig‘ingdan chiqmayman nari,
Biz, xotinlar, bo‘shko‘ngilmiz, yig‘loqmiz azal.
Xo‘p, mayliga, bu xususda bo‘lgancha bo‘ldi.
Ana endi, ko‘rayapsan… Shohlarga oson
Meni bundan surgun etmoq, yer ularniki.
Biz uchun ham bu natija har qalay durust…
Senga hamda ularga-da xalaqit bermay –
Osmon yiroq, zamin qattiq – ta’qib ostida
Umr bo‘yi yashamoqlik har nechuk og‘ir.
Bugundanoq hozirlayman safar anjomin,
Lek o‘tinchim shuki manim, Kreontdan so‘ra,
Loaqal u farzandlarga bersin kafolat,
Qabatingda bo‘lsin ular Korinf mulkida.
Yason
Nimaykin bu? Albatta u rozi bo‘lajak.
Medeya
Kelinga ayt, go‘daklarni uning otasi
Ajratmasin, onasiz deb tahqir etmasin.
Yason
Ha, albatta, ko‘ndiramiz shunday qilishga…
Medeya
Biz singari ona bo‘lgay bir kun kelin ham…
Halitdanoq unga ehson muhayyo etdim,
Xotiningga bolalardin berib yuborgum,
Men bilaman, jahonda yo‘q bu kabi narsa.
To‘xta… Hozir, joriyalar, bittangiz harir
Sarpo bilan tillaqoshni olib kelingiz.
Ha, bir emas, kelinchakning peshonasiga
Bitgan ekan son-sanoqsiz boylik va dunyo.
Yotog‘ida – senday katta amaldor bir er
Buzrukvorning buzrukvori Quyosh bobodan
Avlodlarga meros qolgan libos – egnida…
Bu jig‘ani oling qo‘lga, ey siz bolalar,
Muhabbatli kelinchakka, malikamizga
Eltajaksiz. Qanday havas qilgulik in’om!
Yason
Hey, isrofgar! Nechun g‘arib etasan o‘zni?
Yoki kammi taqinchoqlar shoh g‘aznasida?
Kerak bo‘lar, asrab qo‘ygin qora kunlarga,
Shundog‘am biz sening uchun qimmatga tushdik,
Tag‘in sovg‘a qilishlaring ortiqcha axir.
Medeya
Unday dema, eritarmish ma’budlarni ham
Sovg‘a-salom, inoyatlar – eshitganim bor.
Qandoq latif so‘zlar kerak shu tillaqoshni,
Shu yombini ma’qullash-chun xushbaxt kelinga…
Unga loyiq bu libosim… Yosh bo‘lsa hamki,
Hukmron u… Bolalarim shunda qolarkan,
Oltin nima? Hayotimni darig‘ tutmasdim…
(Bolalarga)
Bolalarim, xayr endi koshona sari,
Boringiz-da, dadangizning boy xotiniga,
Ya’ni mening navniholim qirolichaga
Obdongina xush boqing-da, iltijo qiling,
Jami sovg‘a-salomimni yuzxotir aylab,
Olib qolsin sizlarni ham otangiz bilan…
Eng muhimi, diqqat qiling bu kiyim-boshni
O‘zi olsin, qani bo‘ling, jadallang tezroq.
Javobini zor-intizor kutajakman men.
Xayrli bo‘lur shak-shubhasiz, xudo yor bo‘lsin.
Eshik og‘asi yetagida bolalar chiqadi.
TO‘RTINChI STASIM
Xor
Hoy, bolalar! Tun sizga yaldo bukun.
Qonli oyoq tashlash ila qo‘rqinchli o‘ch
O‘z ishiga yakun yasar:
Qo‘llarda sirtmoq yarq etib ketdi.
Lahzada Aid17 qizni chulg‘ar;
Jilvalanib qolar soch tuguni ham…
Ammo xil’atning ilohiy jodulari,
Oltin jig‘a gulchambari,
Kelinchakni ardoqlamas bekorga:
Unga Aid yotog‘i ilhaq,
Jahannamning otash azobi.
O‘z to‘ri-la band aylagay,
O‘t ichida yonar u hali…
O, sen badbaxt kuyov, shoh ardoqlisi.
Nahot ko‘rmaysan?!
Pichoq borib yetmoqda bolalar sari.
O‘zing mash’al tutib turmadingmi
Kelinchak xil’atiga?
O, sen qanday yiroqsan qalban,
Ey, taqdiri hal bo‘lgan erkak!
Sen bilan birga yig‘layman, Medeya,
Ey, bolalar qotili.
Ey, bag‘ritosh Yasonzoda onaizori!
Ular go‘shangaga kirgani uchun
Bolalardan xun olmoqchisan,
Naki ering imonsizlarcha
Bergan boshqaga ko‘ngil.
BEShINChI MANZARA
Eshik og‘asi bolalar bilan qaytadi.
Eshik og‘asi
Ey, bekachim! Bolalarni haydamadilar.
Qirolicha armug‘onni oldi ulardan
Bajonidil, kulimsirab, silab, erkalab,
Bundan bag‘i omonlikdir jujuqlar ila.
Illo, ajab! Xafamisiz, nahot shu iqbol
Ozor bersa Medeyaga.
Medeya
Hay-hay-hay-hay-hay.
Eshik og‘asi
Bu xabarga loyiq emas bunaqa kalom.
Medeya
Hay-hay, hay-hay…
Eshik og‘asi
Qora xabar keltirdimmi yo,
Men xushxabar keltirdim deb o‘ylagan edim.
Medeya
Senda ayb yo‘q, gapiryapsan, nimani bilsang…
Eshik og‘asi
Lekin o‘zing yerga boqib yosh to‘kyapsan-ku?
Medeya
Ha, qariya, peshonaga yozilgani shu,
Bunga roziq, qolaversa, o‘zim sababchi…
Eshik og‘asi
Bonu, xafa bo‘lma, shoyad seni ham bunga
Qaytarishsa, orqa qilib bolalaringni.
Medeya
Avvalambor boshqalarni qaytaraman men.
Eshik og‘asi
Bolalardan ayru tushgan birgina senmi?
Banda uchun bundan og‘ir qayg‘u-hasrat yo‘q.
Medeya
Ha, shundaydir… Sen, yaxshisi, uyga kirgin-da,
Bolalarga muhayyo qil ne kerak bo‘lsa.
Eshik og‘asi chiqadi.
Ey, bolalar, bolalar-a! Endi sizlarda
Shahar ham bor, uy-joy ham bor, – faqat to abad…
Manglayi sho‘r onangizsiz yasharsiz bunda…
Men jo‘nayman o‘zga yurtga quvg‘indi bo‘lib,
To‘yingizni ko‘rish menga nasib etmagay,
Molu dunyo yig‘olmayman sizni deb endi,
Kelinlarning ilk salomin qutlay olmayman
Va hattoki mash’ala ham tutib turolmam18.
O, munchalar dunyo g‘addor, falak kajraftor.
O, qandog‘am peshonang sho‘r, qaysar Medeya!
Nega sizni to‘qqiz oylab parvarish qildim?
Nega sizni oppoq yuvib, oppoq taradim?
Kunni kunu tunni tun ham demay men sizga
Mijja qoqmay ato etdim quyosh jilvasin?
Qariganda ko‘zimga nur, belimga darmon
Bo‘lursiz, deb sizga umid bog‘lagan edim,
Ko‘marsiz, deb o‘ylagandim o‘ligimni ham.
Barbod bo‘ldi o‘sha shirin-shirin orzular.
Kunim o‘tar endi sizga begona bo‘lib.
O‘z qornimda sizni shuncha parvarish qilib,
Endi o‘zga yurtda yashab musofirlikda
Sizni ko‘rish quvonchini tuymasman hech vaqt.
Nega menga termilasiz, sho‘x-sho‘x kulasiz,
Yoinki bu sizning so‘nggi kulishingizmi?
Voy-voy… voy-voy… Nimalarni o‘ylab qoldim men?
Ulardagi jilmayishni ko‘rib, azizlar,
Shuv etdi-ku yurakkinam – muz qotgan qalbim!
Yo‘q, men jur’at qilolmayman, mahv bo‘l batamom,
Vahimali qarorimning mash’um g‘azabi!
O‘zim balan olib ketgum bolalarimni…
Nima qildim dard ustiga chipqon orttirib?
Yason bergan dard ham yetar, o, sho‘rim qursin…
Yo‘q, hech qachon… U rejalar endi unutdir…
Unut… Ha-ha… Ammo lekin dushmanlar ne der?
Qah-qah urib kulishadi mazax qilgancha.
Qatl etmoq-chi? Yoki menda yo‘qmi qat’iyat!
Sharmandalik, yo rabbano, qanday tubanlik!
Zaifgina yuraklarning so‘zidan qo‘rqish…
Siz, bolalar uyga kiring, bu qurbonlikda
Qatnashmoqqa balki sira yo‘l bermas vijdon,
U ham bizni tark etishi mumkin ehtimol.
Halitdanoq qo‘llarimga titratma kirdi…
Ey, sen, ko‘ngil, bu ishga ham yo‘l qo‘yasanmi?
Yo‘q, yo‘q, zinhor bolalarni qoldir omonda,
Ular senga huzur berur – quvg‘indilikda.
Yo‘q, ont ichgum bor qudratli yazdonlar ila,
Ont ichgayman Aid bilan, dushmanlar ortiq –
Ko‘rmagaylar tark etilgan, mazax qilingan
Medeyaning har ikkala farzandini ham!
Reja aniq, hammasi hal, qaytish yo‘q endi,
Qirolicha boshidagi tillaqosh bilan
Liboslarga men tomondan qo‘shildi zahar.
Bilamanki, u muqarrar til tortmay o‘lar…
Menga esa keng ochildi yangi ufqlar…
Yangi… Shunday… Lekin oldin vido vojibdir…
Qo‘zilarim, beri keling, qani bir nafas
Qo‘lchangizni lablarimga bosmoq istayman.
Qo‘llaringiz momiqqina, sochlaringiz ham.
Dudog‘ingiz g‘uncha misol, chehrangiz esa
Siymosidan yog‘du yog‘gan shohlarnikidek.
Siz bu yerda saodatning betin ko‘rmaysiz!
Baxtu iqbol o‘g‘irlangan ota tomondan…
O, qandu bol og‘ush, nafis yonoqlar, hayhot,
Ko‘ngillarni shod etuvchi nafaslaringiz…
Qani jo‘nang, tezroq boring. Qarab turmoqqa
Quvvatim yo‘q. Hasrat bilan ado bo‘lganman…
Nimaga qo‘l ko‘tarishim o‘zimga ayon;
Yolg‘iz g‘azab mendan ustun, mendan kuchliroq.
Foniylarning urug‘ yoxud aymog‘i uchun
Bundan ortiq vaxshiylik yo‘q: badkirdorlik yo‘q…
(uyga kiradi)
Korifey
Fanning inja shaxobchasin
Xush ko‘raman men,
Aql bilan ish ko‘rishni
Ustun qo‘yaman
Xotinlarga bashar urfin
Ravo ko‘rgandan…
San’at ila adabiyot
Ilohasi bor:
Iborat ul teran aql
Donishmandlikdan
Ul, ehtimol, xotinlarga
Surur baxsh etmas.
Xush yoqar ul ammo-lekin mingdan biriga.
Zotan yopiq emas axir zaifalarga
Ilmu irfon darvozasi ko‘pdan, shul haqda
O‘ylab ko‘rsam, zohidlarga baxt kulib boqqan,
Ular kechgan mol-dunyodan, xotin-xalajdan,
Shu vajdan-da ularda yo‘q ro‘zg‘or tashvishi.
Boz ustiga alar mutloq xabarsiz erur.
Farzand shahdu shakarmidir yoki bo‘lmasa
Bori mehnat-mashaqqatdan iboratmikin?
Bexabarlik – tashvishlardan asrar ularni.
Zotan, farzand shirin bo‘lib tuyulganlarga
“Bolali uy – bozor” naqli aynan mos kelur.
Bir tovuqqa ham suv, ham don deganlaridek
Bolalarni yeb-ichirish – ta’minlash kerak.
Unib-o‘sgach, bo‘lisharmi munosib odam,
Yo shum bo‘lib, berishurmi dillarga ozor,
Buni olddan bila olmas hech qaysi ota
Umr bo‘yi. Ammo-lekin farzand dog‘ida
Qolmoqlikdan yomoni yo‘q. Otasi mayli,
Kissasiga dasta-dasta pul solib qo‘ysin,
G‘am ko‘rmayin katta bo‘lsin farzandlar, mayli,
O‘g‘lim bor deb maqtanishsin otalari ham,
Ammo ajal uni uydan garddek uchirib
Naq jahannam qa’ri – Aid sari jo etsa,
Qanday qilib bu yaraga malham qo‘yilur?
Ko‘karmasdan xazon bo‘lsa qoshingda bolang,
Jahon ichra bundan ortiq musibat bormi?
OLTINChI MANZARA
Medeya kiradi.
Medeya
Dugonalar, taqdir tezroq ayta qolsaydi
O‘z hukmini, kuta-kuta tugadi sabrim.
Bitta xabar kutmoqdaman… Mana, nihoyat,
Kelayotir biri Yason hamrohlaridan;
Noxush xabar keltirdiyov – harsillayapti.
Chopar kiradi.
Chopar
Qoch, qoch, jo‘na, bo‘la qol, qoch, Medeya bonu,
Qayiq yoki aravaga beparvo boqma,
Daryo bilan ish bitmasa, bitish yer bilan.
Medeya
Qiziqsan-a, nega endi qochishim kerak?
Chopar
Qirolicha qazo qildi, ko‘p ham o‘tmasdan
Zahar doring gumdon qildi padarini ham.
Medeya
Qandoq yaxshi xushxabar bu… Do‘stlari aro
Xushnud deya Medeyani hisobla endi.
Chopar
Ne deyapsan? Joyidami es-xushing o‘zi?
Shohlar nasli nobud bo‘ldi. Sen esa mamnun;
Yuragingda na qo‘rquv bor, na-da vahima.
Medeya
Buni sendan sir tutmayman, ammo to‘xtab tur,
Hovliqmagil, birodarim, endi bir boshdan
So‘yla ular o‘limin bor tafsiloti-la.
Dahshat qancha bisyor bo‘lsa, dilga shuncha xush.
Chopar
Ikki tomchi suv singari kelishgan-monand
Farzandlaring, eh, Medeya, otasi birlan
Qirolicha yotog‘iga kirgan zahoti
Barcha dillar yengil tortdi, sodiq qullaring
Biz sen uchun qayg‘u yedik. Dedilarki so‘ng,
Orangizda bo‘lib o‘tgan janjal bitganmish,
Kim jujuqlar qo‘lchasini o‘pardi mayin,
Kim tillarang sochlaridan bo‘sa olardi.
Bolalarga zavqim kelib, quvonganimdan
Ayollarning bo‘lmasiga kirib qobman, deng.
Bekachamiz, aslida sen bekach bo‘lsang-da,
Na choraki, bekachamiz deymiz kelinni.
Shunday qilib, kelinposhsha nigohi hali
Bolalarga tushmagandi, kuyov – Yasonga
U jilmayib boqar edi. Biroq nazari
Tushgach, shahlo ko‘zlarini chirt yumib oldi.
Bolalarning tashrifi xush kelmadi unga,
Kuyov bo‘lsa: hay-hay, undoq qarama, yorim,
Mening pushtikamarimga kulib boq, derdi,
Bundan bag‘i ular senga begona emas,
Norasida go‘daklarga onasan, xushmi?
Hadyalarin qabul ayla, so‘ng ayt: ularni
Buzrukvoring ozod etsin quvg‘indilikdan,
Tilagim shu, deb gapirdi. Bekach bo‘lsa-chi,
Bolalarning qo‘lidagi libosni ko‘rib,
So‘zsiz rozi bo‘la qoldi kuyov gapiga.
Jujuqlarni zo‘rg‘a olib jo‘nadi Yason.
Bekach ehson etilganin egniga moslab,
Soch to‘lqinin tang‘idi-da, tillaqosh bilan
Chiroyiga oro berdi ko‘zgu oldida.
O‘z aksining go‘zalligin ko‘rib malika,
Soyasiga jilmayardi – o‘zida yo‘q shod.
O‘rindiqdan turib so‘ngra bo‘lmasi bo‘ylab
Xirom qildi, ko‘rinardi oppoq oyog‘i.
Bir-bir bosib nozu hamda istig‘no ila
Libosidan benihoya zavqlanar edi.
O‘z husniga shaydo bo‘lib oyoq uchida
Yurar edi. Lekin birdan bu tinch tomosha
Vahimali manzaraga aylandi-qo‘ydi.
Rangidan rang silindi-da, zir qaqshab ketdi.
Tizzalari dag‘-dag‘ titrab qoldi majolsiz,
Hatto kursi yaqiniga yo‘lay olmadi…
Shunda qari cho‘ri, Pan yo boshqa bir ma’bud
Qahri xususidagi naqlni xotirlab,
Faryod chekdi… Lekin… dahshat… g‘ujanak bo‘lib
Malikamiz lablaridan ko‘pik sochildi,
Ko‘zlaridan qorachiqlar yo‘qoldi, yuzi
Bo‘zday bo‘lib oqardi-yu, so‘ngra bir kampir
Obidiyda qilmoqni ham unutib birdan
Uvvos soldi. Zum o‘tmasdan joriyalarning
Biri shohga – padariga, boshqasi erga
Shum falokat xususidan payg‘om bergali
Zir yugurib ketishganda ko‘shku saroyni
Bosdi qiy-chuv, tapir-tupur qadam tovushi.
Malikamiz hushdan ketdi, ikki daqiqa
Vaqt o‘tgandan keyin mazkur ko‘r hamda soqov
Haykal kabi rangi o‘chgan kelin jonlandi:
Ingrab qo‘ydi, ammo joni og‘riqda edi.
Bir vaqtning o‘zida u ikki o‘t ichra –
Ikki azob qiynog‘ida qoldi boyaqish:
Oltin gultoj sochlarida lovullab yonar,
Alangayu otash bo‘lib qamrardi uni,
Bolalaring in’om etgan sarupo esa
Benihoya azoblardi kelinposhshani…
Ko‘rdim: birdan silkingancha o‘rnidan turdi –
Bag‘oyatda mudhish ahvol! O‘t ichra tamom,
U o‘zining harakati bilan gultojni
Sochdan olib tashlamoqqa urinib ko‘rdi.
Ammo gultoj o‘xshar edi ildiz olganga;
Alangasi avj olardi uringan sari,
Beshbattar u o‘sar edi jilolangancha.
Va nihoyat mag‘lub bo‘ldi – shilq etib tushdi…
Uni ko‘rsa tunimasdi ota ham kuyov:
Ko‘z kosasi tugul xushro‘y qiyofasini
Farqlay olish mushkul edi, faqat qirmiz qon
Sochlaridan sirg‘alardi va qaynar edi
Qorishgancha otashnafas alanga birlan.
Ko‘z ilg‘amas zahar bilan to‘yinsiragan
Eti bo‘lsa so‘ngagidan ayrilganicha
Kumush tanli terisini yorib chiqardi –
Archadan yosh chiqqan kabi po‘stloqni yorib.
Buni ko‘rib dilimizga vahima tushdi,
Botinmadik marhumaga yaqin kelmoqqa
Bizlar taqdir dag‘dag‘asin kuzatgancha jim.
Ahvolotdan g‘ofil qolgan otasi bir payt
Kirib keldi, qarasaki murda yotibdi.
Birdan ohu fig‘on aylab, yoqasin yirtib
O‘lib yotgan marhumaga o‘zini otdi.
Farzandini quchib, o‘pib nola qilardi:
“O, qizginam, sho‘rlikkinam! Qaysi bir ma’bud
Tilagandi sening uchun sharmanda o‘lim?
Nega yetim qoldirdi u otang go‘rini
Qo‘llaridan olib uning guli xandonin?
Senga qo‘shib o‘ldirsalar netardi meni?”
Shu so‘zlarni aytib bo‘lib turmoqchi edi,
Turolmadi. Tani xuddi dafna daraxtin
Chirmaguvchi devpechakdan qolishmas edi, –
Olishuv ham qizib ketdi vahmnok:
Shoh tizzasin rostlay deya qo‘zg‘algan sayin
Murda uni tortar edi ohanrabodek.
Zo‘r berishlar faqat cholning go‘sht parchasini
Ko‘chirardi, urinishlar zaiflashardi.
Shoh bo‘shashdi, azoblarga chidolmay og‘riq
Jon ham berdi… O‘sha yerda shoh ila qizi
Birgalikda no‘sh etdilar o‘lim sharbatin.
Sen to‘g‘ringda ne ham derdim? O‘zing bilasan
Jasoratning dahshatini-vahimasini…
Ha, umrimiz ko‘lankadan iborat ekan,
Ana shunday xulosaga kelmadim ilk bor,
Yana shuni ta’kidlashdan qo‘rqmayman aslo,
Kim o‘zini dono sanab, hayot mangu deb
Ertasini o‘ylamasa, ongsizlik qilur.
E’timod yo‘q bu dunyoda, bor bevafolik –
Unga mansub. Boylik esa qo‘lning kiridir.
Yuvsang ketar, shuning uchun omad – omonat…
(Chiqadi)
Korifey
Darhaqiqat, qabihlikka yarasha bari!
Tangri bugun jazoladi Yasonni atay…
Senga esa, Kreontning bechora qizi,
Achinamiz, chunki senga Yason nikohi
Faqatgina ochib berar do‘zax qopqasin.
Medeya
Shunday qilib, dugonalar, qarorga keldim…
Farzandlarni gumdon qilib, ketaman hozir,
Agar o‘zim o‘ldirmasam, yovlar o‘ldirar,
Ammo o‘sha bir xil yakun: bari bir ajal;
Qismatlari shu ekan-da… Bu qonli ishning
Uddasidan chiqsa tuzuk onaning o‘zi.
Ey, sen ko‘ngil, qurollangin! Imillash nechun?
Qo‘rquvlardan tushma sira sarosimaga.
Andishaning oti qo‘rqoq. Yo‘q, men qo‘rqmayman.
Barmoqlarim mardonavor tutgay pichoqni.
Mana o‘sha to‘siq, hozir shundan, Medeya
Ma’yusgina yugurishni boshlaysan, evoh.
Xotirangga erk bermagin qiynab o‘zingni.
Sen buguncha ular uchun ona emassan,
Ammo tong-la qon yig‘laysan yuraging to‘lib.
Sen ularni o‘ldirasan hamda sevasan.
Oh, qandog‘am, zaifalar, sho‘rpeshonaman!
(Darhol jo‘naydi)
BEShINChI STASIM
Xor
Io! Zamin! Va sen, Quyoshdan
Kelayotgan yorug‘ nur, qarang!
Boqsangiz-chi niyati shumga
Qo‘li bilan bolalarining
Qonin to‘kmasin…
Ey, sen Quyosh, erk berma,
Naki ma’bud qoni yer sari
O‘lim saltanati ostida
Tirqiramasin;
Ey, sen Zevs zuhuri, nuri,
Quv, bu ko‘shkdan Eriniyani19.
U, onaning qalbiga qasos –
Kekin solib,
Farzandlarin o‘ldirtirmoqchi!
Bekorga sen go‘daklarni deb
Azob chekding, bekorga tug‘ding.
Badbaxt ona – Medeya, qalbing
G‘azab xarsangiday ezilib,
Badjahl qorovullarga o‘xshagan
Moviy qoyalarni bosib o‘tib
Nega yana qotillik sari
Sudralib kelding,
Kammidi avvalgisi?
Yo telba! Qon bilan bulg‘angan
Foniylarning holi voy axir.
Dod ko‘tarar qon ma’budlarga
Va ma’budlar berarlar jazo…
Xor
Tingla, jinoyatchi! Bola ovozi…
Ayolning tashlagan chekini ko‘ring.
O, naqadar yovuz, naqadar mash’um!..
Bir bolaning ovozi
Voy-voy… Qanday qutulaman onamdan?
Boshqasi
Bilmadim, ukajon, halok bo‘lyapmiz…
Xor
Yordamga chopaylik, opa-singillar,
Men uyga ketyapman.
Bolalar ovozi
Tezroq keling, xudo haqqi o‘ldirishadi.
Bizni o‘rab siqar hozir temir tuzoqlar.
Xor
Toshdanmisan yoki temirdan,
O‘zingdan bino bo‘lganlarni
O‘zing mahv etasanmi, xotin?
Bir xotira chiqmas esimdan:
Farzandlarin sevgan bir ona
O‘ldirgandi ularni o‘zi…
Rashk aylabon Hera20 go‘zal Inoni21
Jinni-sang‘i yurmoqlikka hukm etgandi.
Dengiz dolg‘alari qon izlarini
Endigina yuvib ketgandi.
Ino tik qoyadan dengizga sakrab
Ikki farzand qabri yoniga yotdi.
Dahshat, turgan-bitgani dahshat!
Ayollarning azob to‘shagida
Yovuzlik urug‘lari naqadar ko‘p.
EKSOD
Yason kiradi.
Yason
Ey, xotinlar, turibsizmi bu yerda ko‘pdan?
Niyati shum qani o‘zi! O‘z ko‘shkidami?
Berkindimi? Biror yoqqa qochdimi yoki?
Medeyaning jahannamdan bo‘lak joyi yo‘q.
Qutqarolmas uni na ko‘k, na qush qanoti.
Javob bergay zolimlarga, shoh nasli uchun
Yoyinki u yer sultonin o‘ldirish bilan
Bir umrga his qilurmi o‘zini xavfsiz,
Nechuk bundan qochib qoldi? Biroq u haqda
Zarra bo‘lsin qayg‘urmayman. Qatl etilur
Vaqti kelib. Bolalarga ichim achiydi!
Ha, ularni bir amallab xalos etsam bas.
Onasining gunohi deb Kreontzodalar
Bolalardan o‘ch olmasa deya qo‘rqaman.
Korifey
Ey, sen, Yason, falokatni bilmaysan hali,
Uning rangi, mazasini bilsang, dod solib
Buzar eding bu dunyoning toqi, ustunin.
Yason
Falokatmi? Endi navbat menga keldimi?
Korifey
O‘z onasi qatl etdi farzandlaringni.
Yason
Nima-nima? O, azozil, o, qabih ajal!
Korifey
Qatl etildi, yer yuzida ular yo‘q endi.
Yason
Qayerda u qatl etdi, uydami, qayda?
Korifey
Darbozani och-chi, keyin – o‘zing ko‘rasan.
Yason
Ey! Siz! Buzing eshiklarni, chilparchin qiling!
Ko‘rmoqchiman norasida ikki badbaxtni
Va manguga la’natimga qolgan lainni.
Ajdahoga qo‘shilgan ikki g‘ildirakli aroba zohir bo‘ladi.
Unda Medeya bolalari jasadi bilan.
Medeya
Qatl etilgan bolalaru qatl aybdorin
Topmoq uchun, hojati yo‘q, eshikni buzmang,
Kuchingizni sarf etmangiz men kerak bo‘lsam –
O‘tavering maqsad sari – xo‘sh, nima darkor.
Qo‘lingizga tushmagayman, ovora bo‘lmang,
Bu aroba yov dastiga qarshi qo‘rg‘onki,
Buni menga buzrukvorim Heliy yubordi.
Yason
O, sen maraz! Yazdonlaru insonlarga ham
Medeyadek jirkanch kimsa yo‘qdur dunyoda.
O‘z qoningdan bino bo‘lgan jujuqlaringning
Nafaslarin pichoq birlan qirqding bir umr.
Sen befarzand o‘tsin deding meni olamdan.
Ayt-chi, qanday botinasan quyoshga, yerga
Qaramoqqa. Baqraytirma ko‘zingni, zindiq,
Andishasiz, ey, imonsiz, xudo bexabar!
Chirib daf bo‘l! Mana endi ko‘zim ochildi,
Elladaga ko‘r bo‘lib men seni obkepman
O‘z qo‘ynimda asragani ilon, chayonni.
Sen-ku maraz, sotgan eding o‘z padaringni, –
Vatanningni, kindik qoning to‘kilgan yerni!
Iblis eding, sen orqali ruhi yazdonlar
Meni yo‘ldan ozdirdilar. Bizning kemada
Tushmoq uchun sen iningni mehrob oldida
Bismil qilding, so‘yding, maraz, ilk jinoyating
O‘sha edi… Xotin bo‘lding sen menga axir
Bola tug‘ding, har ikkisin kundoshingga sen
O‘chakishib qatl etding. Ellada ichra
Topilmaydi sen singari sharmanda xotin.
Boz ustiga seni barcha xotinlardan-da
A’lo ko‘rib ardoqlovdim. Mana, oqibat…
Sen urg‘ochi arslondirsan, xotin emassan.
Skilla22 ham, qalbi bo‘lsa, sendan saxiyroq
Vale senga munosibmi gina-kudurat,
Qabihliging qarshisida kudurat bir pul.
Lak-lak gina yo‘qotadi o‘z qiymatini,
Bolalarning shum qotili, yo‘qol ko‘zimdan!
Qoldir meni o‘z holimga, dod-faryod etay.
Na xotindan rohat ko‘rdim, na bolalardan,
Qucholmayman, oh, tarbiyat qilganlarimni!
Ular o‘lik. Barbod bo‘ldi butkul hammasi.
Medeya
So‘zlaringga yarashasin qaytarardimu
Kronzoda Zevs otam bariga shohid:
Nechog‘lik dard chekkanmanu va qanday qilmish
Qilganimdan o‘zi ogoh. Sen esa, Yason,
Dog‘ tushirding ul muqaddas to‘shagimizga.
Yashamoqchi bo‘lding zavqu safolar birla
Medeyani kulgi qilib, sharmanda qilib.
Va na sening qirolichang va na-da meni
Haydamoqqa amr etgan buzrukvori ham,
Ko‘ryapsanki, mendan zarra kulolmadilar.
Endi meni xoh urg‘ochi arslon degin-u,
Xoh Tirrena Skillasi deb ata – birday.
Men qalbingni yaraladim, bilaman, og‘ir…
Yason
O‘z qalbing ham, demak, ikki qalb yaralandi.
Medeya
Menga oson, qanchalik sen alamga botsang.
Yason
O bolalar, jodugardan bino bo‘lgansiz!
Medeya
Ado qildi sizni faqat padari junun!
Yason
O‘ldirmadim men ularni o‘z qo‘lim bilan.
Medeya
Ammo gunoh halok etdi begunohlarni.
Yason
Bolalarni mahv etmoqlik kundoshlik qilib…
Medeya
Seningcha, bu ayol uchun kamlik qilurmi?
Yason
Xotinmassan, sen ilonsan, ilondan battar…
Medeya
Bolalar yo‘q, mana endi azob chekasan.
Yason
Ruhlari bor, onaga ham xavf solmoqdalar…
Medeya
Baxtsizliklar aybdorini yazdonlar bilar…
Yason
Bilar ular manfur qilmish – jodularingni.
Medeya
Nafratlangin, mayli. Faqat so‘zlama ortiq…
Yason
Xohlamasang quloq berma. Ajrashuv qachon?
Medeya
Shu istak-la ko‘pdan tepar yuragim mening…
Yason
Bolalarni menga bergin, men yig‘lab ko‘may…
Medeya
Yo‘q, urinma, ko‘majakman o‘z qo‘lim bilan.
Go‘daklarni olib borgum muqaddas maskan –
O‘rmonzorga, ya’ni Hera Uzlatgohiga,
O‘shal yerda tahqirlanmas ularning qabri.
Ham ularga hech kim otmas malomat toshin.
Biz Sizifda o‘tkazamiz hayit bayramin,
Yuvajakmiz bolalarning ma’suma qonin.
So‘ng keturman Erexteya mamlakatiga…
Pandionning o‘g‘li Egey oldiga borib
Boshpanasin uning birla baham ko‘rarman23.
Sen-chi, yovuz, hayotingni, iflos umringni
Mana shunday o‘lim birlan yasatib qo‘yki,
Bundan boshqa biron chora qolmadi senga.
Nikohingning ta’min esa tatiding, Yason…
Yason
O, bolalar umri uchun,
Seni qatl etsin
Qo‘llari qon Eriniya hamda Haqiqat!
Medeya
Yazdonlardan kim ham sening dodingga yetar,
Ey, qasamxo‘r, lafzi yolg‘on, kim ham tinglagay?
Yason
Hayhot! Hayhot! Bolalarni yutgan yalmog‘iz!
Medeya
Saroyga qayt. Kelinchakka siporish ko‘rsat,
Ham bir yo‘la aza ochib jasadini ko‘m.
Yason
Bir qush edim, qanotimdin qayirdilar, vo,
Bir juft gulim, farzandimdan ayirdilar, vo!
Medeya
Shoshmagin, bu patir erur xamir uchidan –
Qariganda bolaga zor bo‘lib yig‘larsan.
Yason
Jondan ortiq, suyukligim, bolajonlarim!
Medeya
Ona kabi sevolmassan bolani hech vaqt.
Yason
Onamisan? Qotilsan-ku!
Medeya
Ha, sen uchun dard…
Yason
O, Men qandoq ko‘nikaman
Farzand dog‘iga.
Koshki birrov silay olsam manglaylarini.
Medeya
Sen ularni tarkin etding, siltab tashlading…
Endi silab-siypamoqqa haqqing yo‘q sening…
Yason
Xudo haqqi, bergil menga ular murdasin,
Bir quchoqlay…
Bitta silay peshonasidan.
Medeya
Sen behuda yolboryapsan.
Aroba Medeya bilan ko‘zdan yo‘qoladi.
Yason
Zevs, o sen, eshityapsanmi,
Bu urg‘ochi arslon,
Bu palid qotil
Ne qilyapti bizga,
Ko‘ryapsanmi hech?
Qanchalar yolbordim.
Ko‘z yosh yetgancha
Yig‘ladim-siqtadim,
Shohid bo‘l bizga.
Bolalarni mahv etib
Bizni soldi firoqqa.
Hatto bir quchishga
Imkon bermadi.
Yo‘l bermadi dafn etmoqqa…
Bolalar, sizni men
Qotil qo‘lida
O‘lik qoldirmoqqa
Yaratganmidim?
Xor
(Yasondan keyin sahnani tark eta turib)
Ko‘p narsalar hozirlar Zevs Olimpda bizga,
Orzu-umid yo‘llarini to‘sar yazdonlar;
Sen to‘g‘ri deb o‘ylaganing rost chiqmas hech vaqt,
Kutilmagan hodisotni yo‘llar yazdonlar.
Bizlar shuni haqiqatda boshdan o‘tkazdik.
IZOHLAR
1. Ikki lojuvard qoya – oltin yungli terini – qorako‘lni qo‘lga kiritish uchun Argo kemasi Simplegaddan – dengiz qoyalari orasidan o‘tishi kerak edi.
2. Pirena – Korinfdagi chashma.
3. Er – mustabidlar yotog‘ida… – bu yerda gap Yason haqida; ya’ni u hukmdorlar naslidan bo‘lmasa-da, shoh qiziga uylanib, taxtga chiqmoqchi bo‘ladi.
4. Kronzoda – Kron o‘g‘li – Zevs; Femida – haqiqat ramzi; Zevs va Femida qasamyod homiysi hisoblanadi.
5. “Narxi arzon emaslarmiz erkaklar uchun” – Afinada nikoh ota-onalar xohishi bilan amalga oshgan, ular yoshlarning sof tuyg‘ularini hisobga olmaganlar. Ana shu taomilga ko‘ra qalin haqi evaziga qizlar o‘z erlariga go‘shtxo‘r bo‘lganlar.
6. Siziflarning ajdodi – korinfliklar; yunonlarda Sizif – Korinfda shohlikka asos solgan ilk hukmdordir.
7. Heliylarning qoni – Medeya – oftob ma’budi Heliosning nevarasidir.
8. Musaget – Appolon, san’at peshvosi.
9. Menada – so‘zma-so‘z: “junun”, bu yerda gap Medeya ahvoli; Yasonga qattiq mehr qo‘yish xususida boradi.
10. Yo‘q, umrbod sen men bilan qolishdan cho‘chib… – Medeya Yason shahriga kelgindi hisoblangani uchun Afina rasmi rusumiga ko‘ra u fuqarolikka qabul qilinmagan, lekin undan bino bo‘lgan farzandlar fuqarolikka o‘tgan.
11. Qo‘noq belgisin – jadval taxtacha; ikki bo‘lak bo‘lib, biri qadrdon tanishlarda bo‘ladi. Ikkinchi bo‘lakni boshqa odam orqali yuborish esa ikki yorti bir butunlikni kasb etadi, ya’ni: qabul et mehmonni, bu – o‘z odamimiz, degan ma’noni bildiradi.
12. Pandion – afsonaviy Afina shohi, Egeyning otasi.
13. Mayya farzandi – Hermes, yo‘lchilar homiysi.
14. Erextidalar – afinaliklar; ular bizning birinchi shohimiz Erextey der edilar.
15. To‘qqiz sof Pierida – san’at peshvolari, afsonaga ko‘ra, ular Pieriya viloyatida Zevs bilan Mnemosinadan tug‘ilganlar. Yevripid esa ularning vatanini Attika, onasini – Harmoniya deb oladi; Harmoniya – Uyg‘unlik demakdir va u barkamol ona timsolini bildiradi.
16. Kefis – Attikadagi daryo.
17. Aid – jahannam.
18. “Va hattoki mash’ala ham tutib turolmam…” – yunoncha to‘y marosimiga ko‘ra, kuyovning onasi nikoh o‘qitib qaytishgach, kelinga mash’ala tutadi.
19. Eriniya – xor bu yerda Medeyani Eriniya deb ataydi, chunki u Yasondan o‘ch olish ishtiyoqida edi.
20. Hera – Zevsning xotini.
21. Ino – orxomenlik shoh Afamantning xotini. U kichkina Dionisni tarbiyaga oladi. Uni Inoning opasi – Semela Zevsga o‘ynash tutinib orttirgan bo‘ladi. Rashkchi Hera Inoning boshiga jinnilik kasalini yuboradi. Ino jinniligi tutgan paytida ikki o‘g‘lidan birini o‘ldirib qo‘yadi, ikkinchisi onasidan qochib o‘zini dengizga otadi. Ino ham o‘zini suvga tashlaydi. Dengizda ona-bola Levkota va Palemon degan ilohalarga aylanib qoladilar. Bu yerda Yevripid Inoni har ikkala farzandini o‘ldirgan qilib ko‘rsatib, afsonaning ikkinchi qismini tushirib qoldirgan.
22. Skilla – dengiz mahluqi; aytishlaricha, u Sitsiliya shimolidagi Tirrena degan qirg‘oq g‘orida yashagan.
23. Boshpanasin uning birla baham ko‘raman… – Rivoyatdagi taxminlardan biriga ko‘ra, Medeya Afinaga borib Egeyga turmushga chiqadi.
Rus tilidan Asqar Qosim tarjimasi