Alkey (m.a. VII-VI asr)

Alkey – Qadimgi yunon shoiri. Mashhur To‘qqiz shoirdan biri.

SAPFOGA

Nozik tabassumli, gulgun, musaffo,
Sochlari jingalak, maftunkor Sapfo!
Bir gap aytmoqchiman quloqlaringga,
Lekin aytolmayman, yo‘l qo‘ymas hayo.

BO‘RON

Asov shamolni anglash qiyin ko‘pida
Bostirib keladi to‘lqinlar lak-lak.
Ularning isyonkor taloto‘pida
Kemamiz xas misol bo‘lar chirpirak.

Sarkash to‘lqinlarga zo‘rg‘a berar dosh.
Palubamiz suvga to‘ldi butunlay.
Holi xarob yelkan ko‘tarolmas bosh,
Chirsillab uzilar arqon paydar-pay.

Illo, g‘anim beshafqat ­ boshni mag‘rur tut,
Yanada baland to‘lqin kelayotir bostirib.
Bundan ham badtar tashvish, mashaqqatni kut,
Agar bo‘ronga xudo bermasa firib.

* * *

Qurol-yarog‘lar-la jihozlangan uy,
Harbiy mis ashyolar yaraqlar voy-bo‘y ­
Areyga alyor!

Bunda dubulg‘alar yal-yal yonadi,
Asli toza mis-da, zo‘r tovlanadi,
Bari serviqor.

Qilich, shamshirlarning qinlari qator,
Tizilgan mixlarda ilinib yotar,
Sovutlar bisyor.

Bir chekkadan qarab ko‘z ilg‘ar arang,
Qalqonning turi ko‘p, juda rang-barang ­
Xilma-xil, zirhdor.

Xalkid xanjarlari emas bunda kam,
Topilar belbog‘lar ­ qurshoqlari ham;
Hammasi tayyor.

Bu yerda hech narsa unutilmagan,
Unutmaylik sira, do‘stlar, nimaga
Qildik biz qaror!

BAHOR

Guv-guv guvlab, guvillab
Kirib keldi bahoroy.
Lolaqizg‘aldoq gullab
Qirlarga berdi chiroy.

Jonlandi bog‘u rog‘lar
Amalga kirdi Hamal.
Qushlar jo‘shqin chag‘-chag‘lar
Bir-biriga bermay gal.

Bahorning nafasida
Elga bo‘lib jo‘rovoz,
Bulbullarning sasida
Taraladi navo-soz!

Tog‘ bag‘ridan muzdek suv
Pastga otar o‘zini.
Yashillanib tok zangi
Asta ochar ko‘zini.

Sohildagi qamishzor
Yasanar jig‘a taqib,
Olazarak kakku ham
Sayrar dilga o‘t yoqib.

Ana, tom bo‘g‘otiga
Qaldirg‘och quribdi in.
Bola ochib, jonhalak
Emish tashiydi betin.

Uyada uchishga shay
Silkinar temir qanot.
Bahor bilan ularga
Boshlanar yangi hayot!

YoZ

Do‘stlar, qaqradi tomoq,
Sharob beringlar!
Asad ­ yonar hammayoq.

Issiq taftiga olar
Bo‘g‘ilar nafas!
Jazirama ­ o‘t qalar.

Chirillar chirildoqlar,
Parvoyi falak!
Ular issiqni yoqlar.

Nag‘masin chalar mayqut
Oftob tig‘ida
Sarg‘ayib qavjirar o‘t.

Keng o‘tloq-maysazorda,
Issiqda so‘lib –
Gullar joni ozarda.

Xira tortar xayollar,
Itlar quturib,
Kuyikadi ayollar.

Erkak belida mador
Qolmas Asadda,
Dunyo ko‘zga bo‘lar tor!

Ruschadan Fayzi Shohismoil tarjimalari.