Ovidiy (m.a. 43 – m.18)

Ovidiy, (Publiy Ovidiy Nazon) (miloddan avvvalgi 43 — milodning taxminan 18 yili) — Rim shoiri.
Ijodini ishqiy she’rlar bilan boshlagan («Ishqiy elegiyalar», milodiy 1—2-yillardan oldin). «Sevgi san’ati», «Sevgi davosi» dostonlari (ikkalasi ham taxminan miloddan avvvalgi 20—mil. 1-yil) didaktik ruhda, ularda Rim hayoti lavhalari ifodalangan.
Mashhur «Metamorfozalar» mifologik eposi (15 kitobdan iborat, taxminan mil. 1—8-yillar) — Ovidiy ijodining cho‘qqisi.
Axloq xususidagi dadil fikrlari uchun imperator Avgust tomonidan Tomi shahri (hozirgi Ruminiyaning Konstantsa porti)ga surgun qilingan va shu yerda umrining oxirigacha turib (taxminan 10 yil), «G‘ussali elegiyalar» (5 kitob, taxminan mil. 8-yildan keyin) va boshqa asarlarini yozgan.
«Elegiyalar», «Metamorfozalar», «G‘ussali elegiyalar»dan namunalar Oybek tarjimasida o‘zbek tilida nashr qilingan.

QAYG‘ULI ELEGIYaLAR

Bo‘ron tavsifi

Dubbi Asqar posboni okeanga ko‘z tikar past,
Dengiz girdob suvlarini charog‘i-la xira qilar.
O‘z erkimiz bilan Ion dengizini kezmabmiz-da:
Bizga qo‘rquv tufaylidan jasur bo‘lish kerakdir.
Hayhot! Shamol dengiz yuzin qanday qabartiradi!
Suv qa’ridan burqib chiqqan qumlar qanday qaynaydi?
Haybatli, zo‘r tog‘ to‘lqinlar kemaga chovt soladi,
Kema burni va tangrilar tasvirini savaydi.
Zarbalardan jaranglaydi archa og‘ochlar bari,
Kulfatimiz to‘g‘risida ingrar kema suyagi ham.
Jon chiquvchi bir qo‘rquvni yashirolmay, rangi o‘chgan
Dengiz ham, mana, taslim bo‘libdi:
Kemani u yuritmaydi, kemaga o‘zi tobe.
Elday uchgan asov otni eplayolmay, tizginlarni
Befoyda deb xuddi shunday qo‘yar ojiz chavandoz,
Haydovchi ham kemani o‘z istagani tomonga
Yurgizolmas, to‘lqin bizni o‘z yo‘lida sudraydi.
Agar Eol yubormasa bizga muqobil shamol,
Borishimiz yasoq bo‘lgan yerga eltadi to‘lqin.
So‘limizda, uzoqlarda qoldi illiriyaliklar,
Bizga yasoq mamlakat – Italiya naq qarshida.
Man etilgan sohillarga jalb etishdan to‘xtasin yel!

U men kabi itoatkor bo‘lsin ulug‘ tangriga!
Shunday deyman va qo‘rqaman, ayni vaqtda qaytmoqchiman,
Zo‘r kuch bilan birdan urdi to‘lqin kema kanoriga!
Ko‘k suvlarning tangrilari! Yolvoraman, omon bering!
Meni quvar Yupiter: menga bu ham yetadi!
Xorg‘in ruhim u rahmsiz ajaldan qutqaringiz!
Magar halok bo‘lar kimsa halokatdan netib qochar?

Oybek tarjimasi