Katull (m.a. 87-54)

Kay Valeriy Katull (miloddan avvalgi 87–55 yillar) – Rim va jahon lirik she’riyatining mashhur namoyandasi. Verona shahri atrofida tug‘ilgan. Rimda vafot etgan.

LESBIYaGA

Yashaymiz, sevamiz, mening rafiqam!
G‘azablangan chollar vaysasin, mayli,
Biz uni olmaymiz sariq chaqaga!
Ko‘kda quyosh botar, yana lov yonar,
Biz uchun bir onli nur oz-moz so‘nsa,
Boshlanar yorishmas, qalin bir kecha!
Meni o‘p: yuz marta, ikki yuz marta,
Ko‘proq o‘p: ming marta, yana yuz daf’a.
Yanadan ming marta, yana yuz marta.
Yuzlarni, minglarni biz ko‘p sanaymiz.
Shuncha ko‘p o‘pishni zimdan payqagan
Kundoshlar bag‘rini yoqmaslik uchun
O‘pish sanog‘ini so‘ng unutamiz!

ChUMChUQNING O‘LIMIGA

Yig‘la, Venera, siz ham, sevinchlar, yig‘lang!
Qalbida mehr-shafqat bo‘lgan yig‘lasin!
O‘ldi jononimning boyqish qushchasi.
Boyqish qushcha, jononim sevgisi edi!
Unga qadrli edi o‘z ko‘zidan ham,
Asaldan totliroqdi, o‘z bekasini
Qizcha o‘z onasini sevgandek sevdi.
Mehribon bekasining tizzasidan u
Tushmas va yolg‘iz unga shirin chiylardi,
O‘yin qilib har yonga qanot qoqardi.
U endi ketar tuman bosgan yo‘llardan
Bir dahshatli diyorga, undan qaytish yo‘q.
Senga la’nat, mahshargoh, kecha og‘ushi.
Hamma go‘zallikni sen halok qilasan!
Sen bir ajib chumchuqni olding-da ketding!
Oh, g‘addorlik! Hayot! Baxtsiz, bechora qushcha!
Achchiq ko‘z yoshlaridan go‘zalning kichik
Ko‘zlarini qizartding va xunob etding.

Oybek tarjimasi