Vislava Shimborskaya (1923-2012)

Vislava Shimborskaya (Wisława Szymborska) – atoqli polyak shoirasi. Birinchi she’ri “So‘zni izlayman” nomi bilan 1945 yili gazetada bosilib chiqqan. Ilk she’riy to‘plami “Shuning uchun yashamoqdamiz” 1952 yili nashr etilgan. Shoira frantsuz shoirlari asarlarini ona tiliga tarjima qilgan. V.Shimborskaya 1991 yili Gyote mukofoti, 1995 yili Gerder mukofoti, 2011 yili “Oq burgut” ordeniga sazovor bo‘lgan. XX asr jahon she’riyatiga xos poetik izlanishlar, modernistik tamoyillar shoira ijodining xos belgisi. U 1996 yili adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

KASSANDRA UChUN MONOLOG

Bu men – Kassandra.
Bu mening shahrim, kulning ostida.
Bu mening asom, kohin sochbandi.
Bu mening boshim limmo-limdir shubhalar ila.

Bu haqiqat, g‘olibman men.
Haqqoniyligim haq, to‘lin oyga tushgan oy kabi.
Garchi shubhalidir
Avliyolarda yuz berar bari.
Lohaslik-la boshlangan ishlar
Shiddat ila amalga oshar
Minba’d bo‘y ko‘rsatmaganday.

Hayotim ustiga qurilgan
Qo‘ng‘iroqlarni
Sevar edim men
Kelajakdan kelgan. Har doim bo‘m-bo‘sh
Qay joydan qarasa jo‘n ko‘rinar o‘lim.
Achinaman, ovozimda qat’iyat bor edi.
O‘zingizga tikiling yulduzda turib – bong uraman men –
O‘zingizga qarang yulduzda turib.
Tinglashar va boqishar oyoq ostiga.

Ular
Chopqir shamolday yashashdi.
Beshikdan to so‘nggi nafasga qadar
Peshonaga yozilganiday.
Biroq umidlari namiqqan edi,
Qanoatli ochlik miltillab o‘chdi.
Soniya neligin bilardi ular,
Hech qursa biri.

Hech nima
Ta’qib qilmas hech ne.
Bu mening libosim, kuydirilgan alanga ila.
Bu mening uvada kiyimim avliyolarnikiga qiyos berguvchi.
Bu mening bujmaygan yuzim
Yuzki,
Go‘zallik sirlarin hech vaqt bilmagan.

ISKANJA

Hech ne o‘zgarmadi.
Tutib turar tanangni og‘riq.
U tamaddi qilishi, nafas olishi va uxlashi lozim,
Nafis teri ostidan gupillaydi qon,
Ko‘p tishli va ming-ming tirnoqli ,
Suyagi sinuvchan, bo‘g‘imlari cho‘zilib ketgan.
Hammasi o‘lchamli iskanja aro.

Hech ne o‘zgarmadi.
Tanam titrab turar
To Rim kashf qilinguncha va undan keyin
Yigirmanchi asrda,
Milodgacha va miloddan so‘ng qanday titragan bo‘lsa,
Iskanja bor edi, faqat yer shari toraydi
Va neki yuz berdi – go‘yoki shu yerda, devor ortida.

Hech ne o‘zgarmadi.
Ko‘paydi odamlar,
Eskirgan gunohlar safiga yangilari kelib qo‘shildi,
Tana javob berar qiyqiriqlarga,
Hayqiriq har doim begunoh qurbon bo‘lolgan,
Abadiyat o‘lchami va ro‘yxatiga bosh qo‘shaman men.

Hech ne o‘zgarmadi.
Xatti-harakatlar, udum va raqslar.
Qo‘llarning imosi, egilgan boshlar,
Qolib ketgan o‘tmishdagiday.
Tana to‘lg‘onadi, titranadi va siltanadi,
Oyoqlar qiyshaygan, qayrilgan tizzalar, to‘kilar,
Ko‘kargan, paxmaygan, so‘lak va qon oqar undan.

Hech ne o‘zgarmadi,
Daryoning oqimidan bo‘lak,
O‘rmonlar shamoyili, sohillar, cho‘llar, muzliklar.
Manzaralar aro tentirar ko‘ngil
Yo‘qolar, qaytib kelar, yaqin yo uzoq,
O‘ziga begona ham tutqich bermas,
Qat’iy va noqat’iy o‘z borlig‘ida,
U holda tana mavjuddir, mavjuddir, mavjud,
Boshqa yo‘l yo‘qdir.

Rus tilidan Go‘zal Begim tarjimasi

TUShLARGA TASANNO

Tushlarimda
Vermeyer van Delft kabi chizaman,
Yunoncha ravon so‘zlayman,
Marhumlar bilan ham.

Mashina haydayman,
Amrimga bo‘ysunar.

Buyuk dostonlarni
Yoza olaman.

Ovozlarni tinglashda
Avliyolardan qolishmayman.
Hayron qolardingiz –
Royal chalganimni bilsangiz.

Parvoz ham qilardim risoladagiday,
Aniqrog‘i, o‘z ustimdan uchardim.

Tomdan qular ekan,
Ohista maysaga tusha bilarman.

Suv ostida
Qiynalmasdan nafas olarman.

Shikoyat yo‘q:
Atlantidani kashf etdim.

Xursandmanki, o‘lim oldidan
Doimo uyg‘onib ulguraman.

Portlash bo‘lsa tushimda,
Boshqa tomonimga o‘girilaman darhol.
Men ham davr farzandi, ammo
Bunga majburiyatim yo‘q.

Bir necha yillar oldin
Men ikki quyoshni ko‘rgandim.

Kechagi kun pingvinni
Aniq-tiniq ko‘rganman.

KO‘NGIL HAQIDA NIMADIR

Ko‘ngil vaqt-vaqti bilan bo‘lar,
Hech kimda muntazam bo‘lmaydi, illo.
Va doimiy.

Usiz
Kun-kundan,
Yil-yildan
O‘tishi mumkin.

Fursati bilan
bolalarning qo‘rquv va hayajonlarida
kirib kelar ko‘proqqa.
Ba’zan esa hayratga solib
Keksalikda kirib kelar.

Ahyon-ahyonda sherik bo‘lar
bog‘ yumushi bo‘lmagan joyda,
masalan,
mebel ko‘chirish,
jomadon tashish
va eskirmagan tuflida yurish…

Anketa to‘ldirarkan
Va go‘sht qiymalashda
Dam olishga chiqadi.

Minglab suhbatlar turib
Birginada qatnashadimi?
Bu ham har doim emas,
Shunda ham sukut saqlar.
Qachonki tanamiz og‘rirkan peshma-pesh,
Bilintirmay navbatdan ketar.

Injiq ko‘ngil bizni
olomonga qo‘ygisi kelmas,
Manmanligimiz
Va ishda olg‘irligimiz
Ko‘ngliga tegar.

Qayg‘u va shodlik
Uning-chun farqli tuyg‘ular emas.
Ularning qorishmasin
Saqlaydi bizda.

Hech narsaga ishonch qolmasdan,
Faqat qiziqishlar qolgani chog‘da
Unga ishonmoq mumkin.

Moddiy buyumlardan
Unga kaftgirli soat yoqar
Va qaramasang ham ko‘rsatishga uringan
Ko‘zgular didiga mos.

Aytmas, qaydan kelar
Va qayga ketar,
Ammo kutar bu savollarni.

Balki,
Bizga u kerak bo‘lganidek,
Biz ham
Ne uchundir
Unga kerakmiz.

ShE’RIMGA

She’rim, sening yuksak maqoming shulki,
Diqqat-la o‘qirlar, yodlab olarlar,
Sharhlar ham yozarlar senga deb, chunki.

Eng yomon holating shu bo‘lar, balki,
Seni faqatgina o‘qirlar, balki.

Uchinchi imkoning: qog‘ozda yashar,
Yozilgan bo‘lsang-da, g‘addor qismating
Daqiqa o‘tmasdan savatga tushar.

To‘rtinchi bir imkon bor erur, butun
Yozilmay turib sen g‘oyibsan butkul,
O‘zingcha nenidir ming‘irlab mamnun.

ZANJIRLAR

Kun issiq. Katalak. Va zanjirband it.
Suv to‘la ityaloq turar sal nari.
Zanjir sal kaltaroq mo‘ljaldan ko‘ra,
It esa yetmaydi uzangan sari.
Tasvirga qo‘shamiz yana bir chizgi:
Bizning ancha uzun zanjirlarimiz,
Yonidan beparvo o‘tishga yetar,
Sezilmas va butun zanjirlarimiz.

SOYaM

Ko‘lankam, qirolning masxaravozi,
Izimdan qolmasdan ergasha boshlar.
O‘rnimdan qo‘zg‘alsam, g‘amgin, g‘azabnok –
Devorga bosh urar, ko‘zida yoshlar.

Og‘riqdan tishini tishiga qo‘yib,
Bujmayar, o‘rnimga cho‘kaman qaytib…
Balki, sho‘rlik meni lol etmoqchidir
Boshqa qoyilmaqom rol ijro etib…

Darchaga o‘g‘rincha yaqinlashaman,
Karnizga nigoh ham solmasdan takror.
Soyam-chi, u sho‘rlik qaramay turib,
Pastni mo‘ljallaru,
O‘zini
Tashlar.

Soyamning beo‘xshov harakatlari
Majburan kuldirar qirolichani.
Shohona ulug‘lik o‘rniga biroq
Barchaning oldida pushmonlik yana.

Sevimli qirol-la ayriliq chog‘i
Oson yuz buraman, olmayman esga…
Faqat soyam, sassiz sirg‘alib chiqib
Qayg‘u-la o‘zini tashlaydi relsga…

O‘NG

O‘ng g‘oyib bo‘lmaydi
Ro‘yolar kabi.
Na sharpa, na bir sas
Uni cho‘chitmas.
Na xitob, na gumbur
Uni uyg‘otmas.

Ro‘yodagi timsollar
Xira va ma’nodor.

Ularni istagancha
Mumkin talqin etmoq.
O‘ng bu o‘ngdir,
Mana bu haqiqiy jumboq.

Tushlarga kalit darkor,
o‘nglar ochilar o‘zi,
berkitib ham bo‘lmaydi, illo.
undan yog‘ilib kelar
maktab attestatlari va yulduzlar,
bolalar tuzgan kapalak kollektsiyalari,
buvilarimiz dazmollarining isi,
boshsiz bosh kiyimlar
va bulutlar bosh chanog‘i.

Bularning baridan kelib chiqar
Imkonsiz rebus.

Bizsiz tushlar bo‘lmas edi.
Usiz o‘nglar ham bo‘lmas edi,
Noma’lum,
Uyqusizliklar mahsuli
Uyg‘ongan kimsa borki,
har biriga berilar.

Tushlar idroksiz emas,
O‘ngda idrok yo‘q,
Voqealar jarayonining
Qaysarligi ila garchi
O‘zini tutib turar.

Tushlarda tirikdir
Bizning marhumlar,
Salomat ko‘rinar,
Yoshlikka qaytgan.
O‘ng esa ularning
o‘lik gavdasini qo‘yar oldimga.
O‘ng bir qadam ortga chekinmas.

Tushlar tutqich bermas,
Xotiramiz to‘kib yuborar tez.
O‘ng unutilmas.
O‘ng yengilmasdir.
Elkaga minib olar,
Yurakni ezadi,
Oyoqqa tushov.

Undan qochib bo‘lmas,
Har qayda biz bilan u.
O‘ng bizni kutib turmaydigan
Bir bekat yo‘qdir
Butun rohimiz davomida.

Rus tilidan Gulbahor Said G‘ani tarjimasi