Tadeush Rujevich (Tadeusz Różewicz) – atoqli polyak shoiri va dramaturgi. 1921 yilda Polshaning Radomsko shahrida tug‘ilgan. Krakov shahridagi Yagellon universitetida san’at tarixi yo‘nalishida ta’lim olgan. Ijodkorning “Xavotirlik”, “Kumush boshoq”, “Shakllar”, “Tabassumlar” kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. 2014 yilda vafot etgan.
TOBLANISh
Ko‘z yoshdan or qilmang, yosh shoirlar,
Ko‘z yoshdan uyalmang.
Oydan,
Oydin kechadan,
Bulbul xonishidan
Zavq ola biling.
Falakka uchmoqdan zarra cho‘chimang,
Yulduzlarga cho‘zing qo‘lingizni.
Yulduzga ko‘zlarni qilingiz taqqos.
Kamalakrang tepalikdan,
Quyoshning tug‘ilishidan,
Boychechakning ko‘z ochishidan
Zavq ola biling.
Kabutarlarga don ulashing,
Tabassum bilan boqing,
Itlar, gullarga, narovozlarga.
Orzular haqida bahslashing,
Yoshlikka qasida o‘qing hayqirib.
Yana odamlarga ishoninglar.
Sodda shoirlar, go‘zallikka ishoning.
Zavqli shoirlar ishoning odamlarga.
Ko‘z yoshdan uyalmang, yosh shoirlar,
Ko‘z yoshdan uyalmang.
* * *
Oxiratdan so‘ng,
O‘limdan so‘ng,
Men hayot qo‘ynida ko‘z ochdim.
Bu stol dedim men.
Bu stol.
Stolning ustida non bilan pichoq.
Pichoq nonni kesish uchun,
Non esa odamlarga.
Inson sevishi kerak,—
Ta’kidladim kechayu kunduz.
Nimani sevish kerak?
Insonni, ta’kidladim, insonni.
Bu deraza dedim men,
Bu deraza.
Derazadan narida bog‘,
Bog‘ qo‘ynida olma.
Olma gullagan.
Shamolda gullari to‘zg‘ir,
Mevalar
Yaralmoqda.
Otam olmalarni terib olmoqda.
Mevalarni terayotgan u odam —
Mening otam.
Men o‘ltiribman uyning ostonasida.
Echkisini yetaklab ketayapti
Bir kampir.
Dunyoning yettita mo‘jizasidan ham
Azizroq.
Uni endi kerakmas deb,
O‘ylagan
Jalloddan battar.
Bu — odam.
Bu — daraxt, bu — non.
Odamlar yashamoq uchun
Ovqat yeydilar,
Ta’kidladim o‘zimga-o‘zim.
Faqat inson hayoti muhim.
Faqat inson hayotining ma’nosi ulkan.
Hayotning bahosi
Inson yaratgan
Narsalarni bahosidan
Beqiyos ortiq.
Inson — buyuk mo‘jiza,—
Ta’kidladim men qayta-qayta.
Bu — suv, — dedim men.
To‘lqinlarni qo‘lim bilan siladim.
Suhbat qurdim daryolar bilan.
Ey daryo, — dedim men —
Ey daryo, bu — men…
Inson
Suvga so‘z qotdi.
Oyga so‘z qotdi.
Yomg‘irga, gullarga
Qushlarga, osmonga,
Erga so‘z qotdi.
Osmon jim turdi,
Zamin jim turdi.
Faqat sado keldi
Sado…
Yana bir odamning tovushi.
Usmon Azim tarjimalari
IJOD
Men yozardim
Unutib vaqtni –
Lahzamidi, soniyamidi,
Oqshommidi, yo kechamidi.
Yozar edim g‘azabga to‘lib,
Yozar edim g‘amdan kar bo‘lib.
Ko‘zlarimni uzmay ko‘zimdan,
Bosh aylanib yozgan so‘zimdan
Yozar edim – sobit, bebardosh,
Bor dunyoni to‘sgandi ko‘z yosh.
Yozar edim, tinmay yozardim,
Faqat nogoh yuzim bo‘zardi
Va qo‘rquvdan yurak titradi:
Voh, qo‘limda qalam yo‘q edi.
***
Rishard Pshibilskiyga
erga qaytmoq
judayam og‘ir
bunday uzoq
umrdan keyin
odamlarni sevmaslik og‘ir
juda og‘ir ularni sevish
ayniqsa juda yaxshi bilsang
ular nimalarga qodirligini
ummonlaru
tog‘lar, qal’alar
ortidagi odamlarni
sevish osonroq
o‘rtamizni birgina devor
ajratgan odamlarni sevgandan ko‘ra
Dedi u ketish oldidan
Xurshid Davron tarjimasi
ShE’RIYaTNING ShAKLLARI
she’r shakliga tushmas
hammavaqt ham she’riyat
shoir oltmishni qoralaganda
ular tashrif buyurar
qushlar daraxti shaklida
nurning porlashi shaklida
ayol qiyofasida
yoki jimlik shaklida
hatto shoirning ichida yashashi mumkin
biror bir shaklga kirmasdan
sevgi g‘azab shafqatga o‘xshab
DIDAKTIK HIKOYa
HUQUQ VA BURChLAR
avvallari
qachonligi esimda yo‘q
mening burchim deb o‘ylar edim
shudgor qilayotgan dehqonga baqirmoqni
qara
qaragin
quloq sol nodon
Ikar qulamoqda
Ikar
umidlar o‘g‘loni cho‘kmoqda
omochingni tashla
shudgoringni qo‘y
ko‘zlaringni och
ana
Ikar cho‘kmoqda
yoki
fojiaga
quyoshga intilgan qanot sohibining
qulashiga
orqasini o‘girib
turgan cho‘ponga
so‘qirlar deb baqirmoqni
mening huquqim deb o‘ylar edim
hozir esa
qachonligi esimda yo‘q
bilamanki dehqon shudgor qilmog‘i kerak
cho‘pon esa qo‘ylarini boqmog‘i lozim
ularning fojiasi emas Ikar fojiasi
u shunday tugamog‘i lozim edi
hayratlanarli joyi yo‘q
ajoyib kemaning manzilga tomon
suzib ketishi
AYTILMAGAN SO‘ZLAR
suhbat boshlaymiz
so‘zlar yashirar
bizsiz
yuz bergan
o‘tgan voqealarni
sen hali buni bilmaysan
qo‘lingni uzatasan
o‘ylaysanki
haliyam o‘sha yerdaman
sen meni tashlab ketgan joyda
turibsan
jimgina noayon
haqiqatni sekin asta
qalbing anglar
sen alanglaysan
va ketasan
boshi berk ko‘cha
QARIGAN AYoLLAR HAQIDA HIKOYa
qarigan ayollarni yaxshi ko‘raman
ko‘rimsiz ayollarni
jahldor ayollarni
ular zaminning gullari
ularni cho‘chitmas
tuban odamlar
ma’lumdir ularga
sevgi
ishonch
tangasining orqa tomoni
keladilar va ketadilar
hukmdorlar urush chiqarar
odamzod qoniga
belashar qo‘llarin
qarigan ayollar tongda turishar
non sabzavot go‘sht xarid qilishar
ko‘chada jimgina tikka turishar
qo‘llarini qovushtirgancha
qarigan ayollar
abadiy yashaydi
Hamlet to‘rga tushib tipirchilar
Faust kulgili keraksiz bir rolni o‘ynar
Raskolnikov urar boltasi bilan
qarigan ayollar
ado bo‘lmaydi
juda iltifotli tabassumlari
qarigan ayollarni yaxshi ko‘raman
ko‘rimsiz ayollarni
jahldor ayollarni
ular ishonishar hayotning abadiyligiga
ular zaminning gullari
daraxt po‘stlog‘i
jonivorlarning jonsarak ko‘zlari ular
qo‘rqoqlik va qahramonlikni
buyuklik va tubanlikni
kundalik hayotning ehtiyojiga
yaqin bir shaklda ko‘rishar
ularning o‘g‘illari
Amerikaga suzib borishar
Fermopil jangida halok bo‘lishar
G‘ulqofga yo‘l olar
koinotni zabt etar
qarigan ayollar tongda
borishar shaharga
non go‘sht xarid qilishar
sho‘rvaga go‘sht tashlashar
derazalarni ochishar
faqat nodonlar kuladi
qarigan ayollar
ko‘rimsiz ayollar
jahldor ayollar ustidan
holbuki qarigan ayollar
eng go‘zal ayollar
mehribon ayollar
ular pillaning o‘zi
ular sirdir siru asrorsiz
cheksizlikka g‘ildirab ketayotgan sharlar
qarigan ayollar
ajin qoplayotgan mevalar
suvi tugayotgan ko‘zachalar
Buddaning baqaloq haykalchalari
ular jon berayotganda
ko‘zlaridan oqayotgan
yosh
qizaloq jilmayishiga
qo‘shilib oqar.
LABDAGI BARMOQ
haqiqatning lablari
yumilgan
lablarga bosilgan barmoq
gapirar bizga
jim turmoq
fursati keldi
haqiqat nima degan savolga
hech kim javob berolmas
bilguvchi esa
ya’ni
o‘zi haqiqat bo‘lganning
o‘zi
ketib qolgan endi butunlay
Rus tilidan Aziz Said tarjimasi
KULGU
Qafas shuncha ko‘p vaqt qulf edi, hatto
bir qush paydo bo‘ldi uning ichinda
shunchalar uzoq vaqt sayramadi qush
hatto qafas ochildi
sukutda zanglab
sukunat cho‘zildi shunchalar uzoq
hattoki qora chiviq ortidan
yangradi kulgu
QAYTA TARBIYaLASh
Bir tilda
so‘zlashar shoir
bola bilan
ig‘vogar bilan
ruhoniy bilan
siyosatchi bilan
mirshab bilan
bola beg‘ubor kuladi
ig‘vogar ustimdan kuldi deydi
siyosatchi hayron bo‘ladi
ruhoniy baloni bashorat qiladi
mirshab barcha tugmalarin qadaydi
shoir xijolat bo‘ladi
uzr so‘raydi
so‘ng o‘sha xatoni
takrorlar
yana
Rus tilidan Rustam Musurmon tarjimasi