Xayol Rizo (1980)

Ozarbayjon shoiri Xayol Rizo (Xəyal Rza) 1980 yil 17 aprelda tug‘ilgan. Ozarbayjon yozuvchilar uyushmasi matbuot kotibi.

SEN KELDING ShUNDAY FASLDA

Sen kelding shunday faslda…
Men so‘nggi kunimni yashar edim:
Ko‘zlarim – zulmat buloqlari,
Sukunatga ko‘nikkan quloqlarim,
Qalbim ajal bilan sevishgan.

Sen kelding shunday faslda…
Men yillar bo‘yi to‘plangan
Barcha qarzlarimni uzib,
Dengizning alvido qo‘shig‘in tinglab,
Oxirzamonni kutardim.

Aeroportda
Oxirgi reysga kechikkan
Yo‘lovchi kabi
Nomimni e’lon qilishlarini kutardim.

Sen kelding shunday faslda…
Men hamma narsani boy bergan,
Bu o‘yinda koinot g‘olib bo‘lgan,
Men esa…
O‘zimga hech qachon asqotmaydigan nimchamni
Teshik kulcha uchun pul so‘ragan
O‘tkinchiga berib yubordim.
U esa egniga ilar-ilmas,
Cho‘ntaklarni titkilay boshladi.
O‘sha paytda shu tilanchi ham
Mendan ko‘ra baxtliroq edi.
Ana shunday edi u paytlar.

Sen kelding shunday faslda…
Hech kim hech narsa bermasdan,
Nimadir olishni qayg‘urardi.
Sen esa hech narsa kutmasdan,
Qoning, joning, qalbingni
Qurbonlikka berding.
Menga onam qanday aziz bo‘lsa,
Senga bular ham shunday aziz edi.
“Ona” so‘zini aytarkanman
Tuyqus eslab qoldim:
“Qayta tug‘ilding”, deydilar menga.
Ha, xuddi shunday bo‘ldi,
Men aprelda qayta tug‘ildim.

Sen kelding shunday fursatda…
Barcha so‘zlarni qoldirib ortda.

MUHABBATNING QIZIL RANGI

Hijron – qora shar,
Qayg‘u – kulga o‘xshar.
Umid – nafis zangor,
Turnalar soyasi – bahor.
Sariq – kulfat mahzani,
Oq – quvonch va baxt chamani.
Elkalari keng ishonch – yashil,
Azizim, shamni uyg‘otgil.
Qizil rang uyalmaydi muhabbatdan va mahzun
Eshigingizni taqillatadi bir kun.

YoLG‘IZLIK KO‘ChASIDA

Bulut bo‘lib ko‘chadi tog‘lar.
Yomg‘ir yog‘ar…
Shivirlar bog‘lar.
Halovatsiz tomchilar izlar yupanch,
Xazon – xorlikda suzayotgan ganj.
Jim bo‘ling, iltimos, jim,
Osmon va Yer – bir jism.
Qo‘shilib bormoqda tim.
Barglar orasidagi qushdek
Dildiraydi oshiq bekatda tushib.
Ma’shuq kelmadi yana.
Yomg‘ir qilmoqda tantana.
Yuragimni sovuq teshib o‘tmoqda, teshib,
Jon va jism arqog‘in eshib.
Telefonjon, qanisan, Egam,
Senga yo‘llayapman raqam.
Yomg‘ir davom etadi
Yolg‘izlik ko‘chasida.
Odam insonlikka qaytadi
Va dunyoga sano aytadi.
Asli sevgi yog‘moqda ko‘kdan,
Muhabbat paydo bo‘lmoqda yo‘qdan.
Yomg‘irga qaytayotgan odam,
Seni intizor kutmoqda Olam.

ZAHRO

Yuzingda qon yuqi – Zahro!
G‘amning eng og‘ir yuki – Zahro!
Bola farishtadek, begunoh – Zahro!
Hayoting rishtasi uzildi, evoh – Zahro!
Farishtaga qazo noravo – Zahro!
Bu gunohni yuvar qay navo – Zahro!
Chiroyli qanotlaring bor – Zahro!
Senda ulardagi ixtiyor – Zahro!
Ko‘kka yetdi parvozing – Zahro!
Erda qoldi faqat ovozing – Zahro!
Inson Yaratganning quli – Zahro!
Adashish ham Yaratgan yo‘li – Zahro!
Qabringda ko‘zyoshlar gullaydilar, bas – Zahro!
Umr qabrtoshdan ham mo‘jaz – Zahro!
Aziz tuproqqa qo‘yilgan jon, tanim – Zahro!
Mening ikki yoshli VATANIM – Zahro!

Rus tilidan Salim Ashur tarjimasi