Voqif Samado‘g‘li (1939-2015)

Ozarboyjon xalq shoiri Voqif Samad o‘g‘li (Vaqif Səmədoğlu) 1939 yilda Boku shahrida tug‘ilgan. Taniqli Ozarboyjon shoiri Samad Vurg‘unning o‘g‘li. Moskva konservatoriyasida tahsil olgan. 1961— 1971 yillarda Ozarboyjon davlat konservatoriyasida fortapiano fanidan dars bergan, so‘ng Ozarboyjon Entsiklopediyasida bo‘lim mudiri, “Ozarboyjonfilm” kinostudiyasida mudir, 1992 yildan “O‘g‘iz eli” Bosh muharriri. U taniqli shoir, dramaturg, publitsist. Ozarboyjon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1970).
“Yo‘ldan telegrammalar”, “Men shu yerdaman”, “Olis, yashil orol”, “Kunning baxti”, “Gurzacho‘l yozuvlari” nomli kitoblari nashr qilingan.

* * *

Qushlar soat-la emas,
Soat-la emas, nur-la boshlashar sayrashni.
Yozda tez, qishda kech.
Shoirlar soat-la emas,
Dard-la boshlashar sayrashni
Yozda ham, qishda ham.
Yurak soat-la ham,
Nur-la ham, dard-la ham sayrar.
Sayrar nurda ham
Qorong‘ulikda ham.
Yozda, qishda.
Yozda qish bo‘lganda ham ,
Qishda yoz bo‘lganda ham.

* * *

Mozorimga
na qabr toshi qo‘ying,
na haykal.
Bir juft poyafzal qo‘ying
oyoqyalang
kiyib ketsin…

MAMONT

Yirik,
Moviy mamont edim
Er yuzining Muz davrida.
U vaqt
Na Go‘ro‘g‘li bor edi,
Na Meri Pikford,
Na Lombaranskiy,
Na Hehrix Ford.
U vaqt o‘ng yo‘q edi,
So‘l yo‘q edi.
Svetaforli yo‘l yo‘q edi.
Muz…
Dengiz…
Yana muz…
Sovuq edi.
Yirik,
Moviy Mamont edim.
Endi…Fortepiano muallimiman.

* * *

Men o‘lgan kun
Bir shamol esajak
Ko‘chalarda
Va hilpirar
Ipda osilib qurigan
bir sariq chechakli go‘dak ko‘ylagi,
Motam bayrog‘idek hilpirar
Go‘dak ko‘ylagi
men o‘lgan kun.

* * *

Nelar qilmadi Inson
Bir xotin uchun:
Xalqlar,tillar,
Qabilalar,o‘lkalar,
Sarhadlar oshib
Muxoribani qo‘ydi
Ularning mudofaasiga.
Bu bir xotin uchun
Ketgan urushda yutganimiz –
She’r
Va yana
Musiqa bo‘ldi.

* * *

Maktub yozsang,
na bu yerga yoz,na boqqa.
Do‘ldan so‘ngra tog‘ o‘tlarining
atriga to‘lmish
bir uyquning ichidaman,
uyqumga yoz
maktub yozsang.

* * *

Er yuzida agar bir xotin bor bo‘lsa
muhabbar bor yer yuzida.
Er yuzida bir go‘dak bor bo‘lsa –
avlod bor yer yuzida.
Er yuzida
bir daraxt bor bo‘lsa –
ko‘lka bor yer yuzida.
Er yuzida
agar bir parcha yer bo‘lsa –
Vatan bor yer yuzida.

* * *

Bir go‘zal ayolning
Yonidan o‘tdim.
To‘xtamadim.
Bir go‘zal nag‘ma aytardi,
To‘xtamadim.
Bir go‘zal dunyoning
Ichidan ketardim.
To‘xtamadim…

Rauf Parfi tarjimalari

* * *

Endi arzdan, endi doddan
Bosh olib qochmoq vaqtidir.
Ochilmagan eshiklarin
Keng qilib ochmoq vaqtidir.

Endi har sas, har bir kuydan
Sukutga ketmoq vaqtidir,
Millat, davlat zirvasidan
Insonga yetmoq vaqtidir.

Na duo-yu, na-da qargiish,
Na nazir demak vaqtidir.
Bu dunyo sukut ichra,
Ollohga ko‘mak vaqtidir.

* Zirva – cho‘qqi

* * *

Salom, ota, salom.
Bilaman, sen
orqamdasan.

Mozoringdan bor-yo‘g‘i ellik-oltmish
qadam masofada turib
trolleybusni kutaman, ota.
Trolleybusga minib,
sening yoningga
kelishga qadar
yashamoqqa ketaman, ota.
Umr, shu ekanmi, ota?

Keldi…
Salom, trolleybus,
alvido, ota…

* * *

Sen manim
asl onamsan, Ozodlik,
man sening
eshiging oldida turgan yot bolang.

Sen eng so‘nggi umidim qoldirgan
oq bayroqsan, Ozodlik,
men seni
silkigan shamol.

* * *

Tug‘uldim 1939-da,
1937-da tutildim.
48-da buvim o‘ldi,
umrimda ilk daf’a
murda uzra yig‘ladim.

Baliqlar saqladim
akvariumda.

Ochiq qoldi derazam
bir qish kechasi.
O‘ldi baliqlar…

Endi 1965-ning
yanvar kechasidir.
Sezyapsanmi,yashamoq istayman.

* * *

Qo‘limni uzatdim
sevinchlar tomon,
ko‘rdimki, yo‘q,
o‘rtamizda to‘g‘lar turardi.

Otamni chaqirdim,
ko‘makka kelsin,
ko‘rdimki, yo‘q,
o‘rtamizda qabr turardi.

Yuzimni burdim so‘ng
Alloh tarafga,
ko‘rdimki, yo‘q,
o‘rtamizda hayot turardi.

* * *

Men o‘lgan kun
bir shamol esajak ko‘chalarda.
Va silkitajak
chaqaloqning
arqonga osig‘li,qurigan,
sariq gulli ko‘ylaklarini.

Motam bayrog‘idek silkinajak
go‘dak ko‘ylaklari
men o‘lgan kun…

* * *

Allohim,
Yotog‘im na o‘ngida,
Na so‘lida
Na bir go‘zal qo‘lida
Yotmoq istamayman.

Allohim,
Na majnuntol ko‘lkasida,
Na dunyoning eng ozod o‘lkasida
Yotmoq istamayman.

Allohim,
Tor bir chuqur ichinda,
Qorong‘u nam ichinda
Yorug‘ bir g‘am ichinda
Og‘riqsiz
Bir oz yotmoq istayman…

2014

* * *

Kiming bor, Ulug‘ Tangri,
Mendan bo‘lak bu dunyoda?
Kimim bor sendan boshqa
Bu olamda manim?
Sen toq, men yolg‘iz,
Ulug‘ Tangri…

ANORGA

Ichimga muhabbat yozar,
Ichimga hasrat yozar,
Yozar,yozar yozar hayot.
Quyoshli kunduzlar,
Ko‘ksi musaffo dala-tuzlar,
Kecha yolg‘iz zulmat,
Kunduz kabi oydin izlar,
Yozilar ichimga,
Ichimda qolar.

Sevganlarimu
Sevmaganlarim
Yozilar ichimga,
Qolar ichimning
Qalin sabr daftarlarida…

Do‘stim,
Men o‘lgandan so‘ngra
Bosarsan bu magnitafonim
Ovoz chiqarar tugmasini,
Bir daf’a eshitarsan
Ortiq chidolmagan
Qalbimning sasini…

*Anor — atoqli ozarbayjon adibi

O‘RXON VALIGA

Hammomchining
to‘ng‘ich qizi go‘zaldir,
Bashmoqchining
Kichik qizi go‘zaldir.
Sartaroshning
o‘rtanchasi go‘zaldir…
Kattasining ko‘zlari,
kichigining so‘zlari,
o‘rtanchasin tizlari go‘zaldir.

* O‘rxon Vali – mashhur turk shoiri

* * *

Shamolli kuzak kuni
Tashlandiq bog‘ uyining
Eshigidek
Ochilar, yopilar
Yuragim.

Barmog‘im-la
Kunlarimning shaklin chizaman
Dunyoning derazasin
Chang bosgan oynasida
Ay Alloh
Hech bo‘lmasa
Boshim saqla!

* * *

Chag‘alay, axtar meni,
Bu yerdan obket meni,
O‘lim ko‘ksim paypaslar,
Qo‘rqaman, ochar meni.

Ichim qora kechadir,
Tor piyoda ko‘chadir.
Chag‘alay, dengiz uzra
Aytgin, soat nechadir?

* * *

Bu kuz fasli boshlandi,
Boshladi yomg‘irlarda…
O‘liklarim,
Tiriklarim yashar ichimda,
Xotiralar sayr etar kechamda
Yolg‘izligim oq otda tanho
Yonar
So‘nar
O‘tar umrim…
Ekspresslar to‘xtamaydigan
Kichik bekatlar yolg‘iz…

* * *

Bu dunyoning so‘z-suhbati
ikkiyuzli haqiqati
kelib qulog‘imni to‘ldirar.
Bu dunyo she’r yozmoqqa
menga bugun mone’ bo‘lar…

* * *

So‘l qo‘limu o‘ng qo‘limning
Orasida tuman, tog‘.
Qaysi qo‘lim g‘urbatdadir,
Qaysi o‘lik, qaysi sog‘?

So‘l qo‘limu o‘ng qo‘limning
Orasida soy oqar.
Qaysi qo‘lim oqar suvda,
Qaysi sohildan boqar?

So‘l qo‘limu o‘ng qo‘limning
Orasida yog‘ar qor.
Qaysi qo‘lim issiq kundek,
Qaysi muzdek jafokor?

So‘l qo‘limu o‘ng qo‘limning
Orasida eshik bor.
Qaysi qo‘lim taqillatar,
Qaysi ochishga tayyor?

* * *

Mozorimga
na qabrtoshi qo‘ying.
na haykal.
Bir juft poyabzal qo‘ying,
oyoqyalang
kiyib ketsin…

* * *

Charx uradi davrada
Koinot,
Quyosh,
Inson,
Dorga osig‘ kiyimlar
Charli Chaplin hassasi
Charx urar, charx urar davrada.
Surnay, balabon sasi,
Davraning musiqasi
Kuchayar nihoyatda.
Ammo biz yana qayta
Charx uramiz davrada.

* * *

Meni unut, unut,
xotiralarim
bir yuk bo‘ldi umrimga.
Yolg‘izlikda qolgan
sasim,
rostim, yolg‘onim,
o‘zimga kerak ko‘proq.
Sendan ko‘proq
o‘zimga kerakdir
sensiz qolmog‘im…

* * *

Unutma,
bu kecha kirib kelsa yum ko‘zlaringni,
ko‘rpa bilan boshingni yopsang,
zil qorong‘iga botasan
va o‘sha payt
bir oniy zulmatda yodlagin meni.
O‘sha payt zulmatda ko‘rajaksan
ozgina bo‘lsa-da
ko‘zlarimdan yorug‘ tushar ustingga.

Xurshid Davron tarjimalari

* * *

Hamma derazalar yumilgan ko‘zdir,
Bu uylar,
Ko‘chalar barisi so‘zdir…
Ko‘ksi qon bulutdan yoqqan yog‘ishlar,
Begunoh umrini senga bag‘ishlar.
Balki bizdan nari bo‘lar shu bugun,
Xayolda suyishlar, tug‘ma qarg‘ishlar.
Va qushlar
Qoladi qafasda uyg‘oq,
Ilohim, sog‘ bo‘l!
O, yana charchadim, o, yana titroq…

* * *

Bu yo‘lning so‘nggi,
Yo o‘limdir, yo ozodlik.
Balki ilk ozodlik,
Ilk o‘limdir ehtimol,
Bu yo‘lning so‘nggi.
Ozodlikda o‘lim yo‘lidir,
So‘ngsiz bir yo‘l.
O‘limsiz ozodlikdir.

Xosiyat Rustamova tarjimalari

* * *

Mening manzilim –
cheksizlik.
Zamon.
Makon.
Kecha,
bu kun
va tong.
Ko‘ringan,
ko‘rinmagan.
Eshitilgan,
eshitilmagan
Fazo.
Quyosh sistemasi.
Er kurrasi.
Zamin.
Biroz Yevropa.
Biroz Osiyo.
Buyuk o‘lka.
Ona yurtim
Ozarbayjon.
Baku.
Sokin bir ko‘cha.
Uy to‘rtinchi manzil o‘ttiz yetti.
Xona.
Uchburchak stol.
Qog‘oz- qalam.
She’rlar…

* * *

So‘nggi tundir bugun, yana
Saboh-da so‘nggi sahar,
So‘ng yel to‘lur so‘ng yelkanda,
Qayiq suzar sarosar…

Eng oxirgi og‘ochdir bu,
Esar eng so‘nggi shamol.
Bog‘lar eng so‘nggi manzilni
Yana eng so‘nggi samo…

Hozir so‘nggi ko‘cha bo‘ylab
Yog‘ar so‘nggi qadamlar,
Yana evrilar tutunga
So‘nggi sarson odamlar…

Tug‘ilar eng so‘nggi inson,
Eng so‘nggi inson o‘lur,
Yana so‘nggi bor yig‘lagan
So‘nggi bor kulgan bo‘lur…

Xanjar ko‘tarma qo‘lingga,
Dushmaningni ko‘rsang gar!
So‘nggi tundir bugun yana,
Saboh ham so‘nggi sahar…

* * *

O‘limimga biroz qolmish,
Taragayman sochlarimni,
Toza, oq ko‘ylak kiyaman,
O‘limimga biroz qolmish.

O‘limimga biroz qolmish,
Ko‘k yuzi moviy bo‘lajak,
Bulutlar ko‘pik-ko‘pik.

Maktub yozajakman senga.
Sevardim, sevaman, sevarman
Deyman,
O‘limimga biroz qolmish,
O‘limimga biroz qolmish…

* * *

Bugun bulutlar
siynada qolmish so‘z kabi
va bu so‘z rangindadir
bugun har yon.
Javobsiz qolgan
savollarning mozoridir
boshqa inson…

* * *

Bir yil o‘tar…
Men oddiy
o‘n besh vagonlik
«Moskva- Baku» poyezdiga minib,
janubga keturman.
Izlamaydir meni
Moskvada bir kas shunchaki,
yod etmaydir meni
Moskvada bir sas shunchaki.
Men esa
Bakuga olib borurman
bu yotoqxonaning sariq eshigini,
ko‘chalarning yomonini, yaxshisini.
Sening tabassuming-la to‘lgan
tor xonamning havosini,
Baku orzularimning Moskvasini…

Rafiq Saydullo tarjimasi

* * *

Bevaqt o‘lsam,
ko‘p yashadi, deng.

Bevaqt o‘ldi, denglar,
keksayib o‘lsam.

Bir yil uxlab, o‘lsam,
g‘aflatdan o‘ldi, deng.

Uzoq kechgan hastalikdan keyin o‘ldi, denglar,
g‘aflatdan o‘lsam…

1962

* * *

Quyoshni jimirlatib-jimirlatib
arava o‘tdi.
O‘ng yonida — dengiz,
chapida — qalbim,
Yana bir arava o‘tdi umrimdan…

Iliq, kulrang devorda
deraza o‘chdi.
O‘ng yonida — boshqa devor,
chapida — qalbim,
Yana bir deraza o‘chdi umrimdan…

Qo‘limni ko‘ylak osilgan kandirga uzatdim,
Uzilib hovliga tushdi u kandir.
O‘ng yonida — tuproq,
chapida — qalbim,
Yana bir kandir uzildi umrimdan…

To‘rtinchi barmoqda nikoh uzugi
porladi, so‘ndi.
O‘ng yonida — boshqa uzuk,
chapida — qalbim,
Yana bir uzuk porlab, so‘ndi umrimdan…

O‘zligimga keldim undan-bundan ayrilib.
She’r yozdimu otdim chekkaga.
O‘ng yonida — umidlarim,
chapida — qalbim.
Yana bir she’rni chekkaga otdim umrimdan…

1963

* * *

Tushdi ko‘ylaging deb u kun majlisga
Ijtimoiy fikr, davlat, kelajak.
U kun o‘tgach birdan bo‘sh qoldi ichim
Qaroqchilar urgan ko‘hna uy kabi.

Endi Shuvalandan o‘tgan yo‘llarning
Hammasi birlashib yanvarga do‘nar.
Befasl yillarga ketadir endi,
Iyunsiz, iyulsiz, avgustsiz umr.

Kimga so‘z aytayin, kimga yolvoray,
Endi Shuvalandan Buzovnagacha?
So‘zlash mumkin bo‘lgan o‘sha kunlardan
Besh-olti so‘z qoldi, ikki-uch ko‘ylak.

Keraksiz narsalar uloqtirilgan,
Bog‘lar orasining tor yo‘lkasiga,
Dunyo quloq solar bu yoz kechasi
Bebaxt qo‘shnimizning tomorqasiga.

Bilaman, bu kecha ne bo‘lganda ham
Tushlarimga yana otam kirajak,
Yulduzlar jimirlar yurt osmonida
O‘lgan baliqlarning chiranishidek…

1964

* * *

Eshityapsanmi?
Biroq qanday eshitarsan…
Ikki yil-u
etti oyning ayrilig‘i-la
yopilganku quloqlarimiz,
Ustiga-ustak bu yomg‘ir…
Bu yomg‘irda hatto butun hayvonot
odam kabi ko‘rpa-to‘shakka
kirmoq istaydi.

Ko‘ryapsanmi?
Biroq qanday qo‘radirsan…
Tugamagan hali ham
oramizdan o‘tayotgan poyezd vagonlari.
Ustiga-ustak bu yomg‘ir…
Bu yomg‘irda vahimadan
titrab-titrab mahzun ingraydi
Qobuston qoyalarin ho‘kizlari ham.

Eshityapsanmi?
Biroq qanday eshitarsan…
Ikki yil-u
etti oyning ayrilig‘i-la
yopilganku quloqlarimiz,
Ustiga-ustak bu yomg‘ir…

1964

* * *

Assalomu alaykum!
Uchratganim qorong‘ulikda,
yo‘ldan adashib har daqiqa,
yana senga kelganim, ayol!
Ulkan,
behis soating
kunduzlar yuziga soya solganda
kutolganim lol.
Soya ayol!
Soya odam!
Esingdami?
Esingdami men qo‘llarin siqqan kechaning ismi?
Bag‘ringga otilmoq havasi,
taksi
va konyak ufurgan inson nafasi?

1965

* * *

Dengizdan ayrilgan quruq qoya jim,
Qadim xotiradek egmish boshini,
Ayrolik yillaring endi sanar kim,
Kim bilar anduhing asl yoshini?

Balki yer ostiga qochgan Hazardan,
Er yuzida qolgan tosh izdir qoya?
Ehtimol, dolg‘alar qo‘pmish ichindan,
Bir parcha qurigan dengizdir qoya…

Toshma-tosh yiqilib olgan yillar hun,
Balki, ulug‘ yoshga yetgan bu qoya,
Gulshandan qushlarni hayday deb bir kun,
Toshga aylanadi ulkan bu qoya…

1965

* * *

Sevgilim,
men o‘lganda,
bir burchakda jim, pisib,
so‘yla, yig‘lagaymisan?

Kimningdir kulbasida
bir tomcha yoshga do‘nib
tushamanmi ko‘zingdan?

Yig‘la, qurbonim, yig‘la,
Yig‘la, hayronim, yig‘la…

Uyda mehmon bo‘lsa, chiq,
ko‘cha, burchakda yig‘la.
Kutgil, kirganida kech,
yotgil, to‘shakda yig‘la.

Quloq solma olamning
So‘ziga, topma chora.
Ayt, Voqif o‘lmasaydi,
nohaq ketdi bechora…

Sevgilim,
men o‘lganda,
Senga so‘roq kelganda,
Dushman ko‘zi kulganda –
Yig‘la, to‘kilmay, yig‘la,
Yig‘la, o‘kinmay, yig‘la,
Yig‘la, men o‘lay, yig‘la…

* * *

So‘nggi tundir bugun yana,
Tong yana so‘nggi sahar.
So‘nggi yel nasib yelkanga,
Kemaga so‘nggi safar…

Eng oxirgi daraxtdir bu,
Esar oxirgi sabo.
Yopgan eng oxirgi yo‘lni,
Yana oxirgi samo.

So‘nggi ko‘chaning yuziga
Yog‘ar so‘nggi qadamlar.
Yana qaytajak iziga
Bugun so‘nggi odamlar.

Tug‘ilar eng so‘nggi inson,
Eng so‘nggi inson o‘lar.
Yana so‘nggi bor yig‘lagan
So‘nggi bor kulgan bo‘lar.

1963

* * *

Men tez keldim,
bilki, sendan tez.
Sensizlandim.
Sensiz
biroz sayr qildim.
Samoda
bulut ko‘zladi.
Ko‘zlarimni izladi.
Bilolmayman hech
bu ko‘zlar kimnimi?
Balki, senikidir,
ehtimol, mening…

* * *

Dolg‘alangan sochlaring
valsga o‘xshaydi, ey qiz.
Har tolasi yayrardi, kesilar
o‘ynar so‘ngra.
Mening sochlarim qora,
mening sochlarim qalin,
beohang sochlarim,
xuddi “Etim Segoh” kabidir.

* * *

Bechorayu och va sargardon
kezadi o‘rmonda ajdarho.
O‘rmon bor — ming shukr,
Zahmat bor — ming shukr,
Tishlari uniqqan ajdarho —
Ishq ham bor — ming shukr.

Bechorayu och va sargardon
kezadi o‘rmonda ajdarho.
O‘rmon bor — talangan,
Zahmat bor — tanlangan,
Tishlar bor — charxlangan!
Bordir baxti ham..

Bechorayu och va sargardon
kezadi o‘rmonda ajdarho…

1963

Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon o‘girmasi