Shakar Aslan (1937-1995)

Ozarbayjonlik shoir, dramaturg va jurnalist Shakar Aslan (Şəkər Aslan) 1937 yili tug‘ilgan.
“Bahor yomg‘iri” (1964), “Muhabbat fasli” (1973), “Sevgi kuni” (1977), “Seni sevgan kunimdan” (1980), “Bu kunlardan iz qolar” (1982), “Dunyoning sevinchlari” (1987), “Uyga maktub” (1991) kabi kitoblari chop etilgan.

QIShLOQDA BAHOR

Yo‘ling yana go‘zal yurtimga tushdi,
Manim qishlog‘imga yarashgan bahor.
Ko‘zlarim chechak-la, gul-la o‘pishdi,
Siynamda gul kabi orzularim bor.

Ko‘ksingga taqqancha tar binafshani,
Kelding qaldirg‘ochning qanotida san.
Har bir qadamingda ko‘rdim gulshanni,
Cho‘llarga gul tushdi qadamlaringdan.

Bog‘cha go‘zal bo‘ldi, bog‘ go‘zal bo‘ldi,
Yaproqlar ming nag‘ma pichirlashdilar.
Atrof go‘zal bo‘ldi, tog‘ go‘zal bo‘ldi,
Irmoqlar sevinchdan oshib-toshdilar.

Ketkizding bor do‘lu tumanni, changni,
Inja porlagaydir chamanda bahor.
Go‘yoki ilk daf’a ko‘ruram seni
Har yil qishlog‘imga kelsang-da bahor.

BOLALIK

Bolalik chog‘imni unutay nega?
Xayolda u bilan ko‘p ko‘risharman.
Har kun bolalikdan uzoq ketganda
Har kun keksalikka yaqin tusharman.

“Berkinmachoq” o‘ynardim do‘stlarim-la man,
Kim qayga berkinsa topardi ildam.
Bolalik, qay yerga berkinmishsan san,
Seni topib bo‘lmas yillar yuzidan?

TOSh USTIDA

Sohildagi ul toshni
Bu kun ko‘rdim qaytadan.
Go‘yoki boshim uzra
Tushdi, gulim, toza tong.
Bir vaqtlar tosh uzra
O‘ltirardik yuzma-yuz,
Bir muhabbat kuyini
Chalardi bizga dengiz.
Yonimda yo‘qsan endi.
Orada tog‘ va dengiz…
So‘rayman, ul kuyingni
Bir pichirla, ey dengiz.
Dengiz yana kuylaydi,
Kuylaydi chin yurakdan.
O‘ltirib tosh ustida
Tinglagaymiz dengizni –
Bir xayoling va bir man…

KEL, SOHILGA BORAYLIK

Sayr etmoq-chun dengizni,
Kel, sohilga boraylik.
Tinglaydi qalbimizni –
Kel, sohilga boraylik.

Yulduzlar qator-qator,
Dengiz to‘lqinlab yotar,
Chorlaydi garmon-la tor,
Kel, sohilga boraylik.

Favvoralar nur sochar,
Havo atirdir, atir.
Qalbingda nag‘ma keltir,
Kel, sohilga boraylik.

Bu oqshom sohilda yor,
Bir sevinch dengizi bor.
Ko‘nglimizda orzular,
Kel, sohilga boraylik.

Ozarbayjonchadan Gulbahor Said G‘ani tarjimasi