Madina Gulgun (1926-1992)

Madina Gulgun (Mədinə Gülgün) Bokuda tug‘ilgan. Ozarboyjonda xizmat ko‘rsatgan san’at xodimi. 1938 yilda uning oilasi Janubiy Ozarboyjonning Ardabil shahriga ko‘chgan, keyin Tabrizda yashagan. Bo‘lg‘usi shoira Tabriz drama teatrida, “Ozarboyjon” gazetasida ishlagan. Ozarboyjon Pedagogika institutini bitirgan.
Ilk she’rlari Tabrizda ekanida gazetalarda chop etila boshlagan. Ko‘plab qo‘shiqlar muallifi sifatida tanilgan bu shoiraning “Savalan bo‘ylarida” (1950), “Dunyo ovozi” (1951), “Muqaddas uzuk” (1953), “Parvona” (1955), “Tabriz qizi” (1956), “Umr ham bir orzudir” (1976) she’riy to‘plamlari e’lon qilingan. Shoira 1992 yil 17 fevralda Bokuda vafot etgan.

HAYoTDAN ISTAGIM

Bir qultum suv, bir hovuch tuproq,
Bir chinor soyasi kifoya menga.
Bir suluv binafsha, bir yashil yaproq,
Hazin bir nay sasi kifoya menga.

Bir boshoq donasi, bir yorug‘ osmon,
Tugamas xotirot kifoya menga.
Firoqsiz insonu vafo to‘la jon,
Bir umrlik hayot kifoya menga.

Bir go‘dak kulgisi, bir to‘y sadosi,
Bir do‘st sadoqati kifoya menga.
Qaldirg‘och chug‘uri, bahor nafasi
Hamda el shafqati kifoya menga.

* * *

Bir hovuch don bo‘lsaydim,
Men bu jonbaxsh tuproqda
Ko‘karardim, yayrardim.

Qanotli qush bo‘lsaydim
Vatanim osmonida
Uchib, yayrab, sayrardim.

VISOL KEL DEDI

Dengiz sohilida turardim tanho,
Oniy tanholikdan yuragim ado.
Samodan, suvlardan keldi bir sado,
Bulut yig‘la dedi, dengiz kul dedi.

Goh jo‘shqin soy bo‘ldim, goh tilsiz oqdim,
Goho chaqmoq bo‘lib ko‘k uzra chaqdim.
Men visol hajrida yo‘llarga boqdim,
Hijron kelma dedi, visol kel dedi.

Halol mehnat bilan men yozdim qanot,
Ma’nosiz o‘tmadi umrim bir soat.
Hikmatli kitobga o‘xshaydi hayot,
Birov bilma dedi, birov bil dedi.

Har kimga ochmayman yurak so‘zimni,
Gulgunman, to‘fonlar bukmas tizimni.
Ko‘kda chaqmoq chaqdi, bosgan izimni.
Quyosh silma* dedi, yomg‘ir sil dedi.
Hijron kelma dedi, visol kel dedi.
_____________
Silma — artma, o‘chirma.

* * *

Ari ming gul-chechakdan
Shira yig‘ar bol uchun.
Bulbul sayrar betinim
Bir shirin visol uchun.
Ari to‘plagan sharbat
Insonga nasib bo‘lar.
Bulbulning navosidan
Chaman kular, bog‘ kular.
Mehnat qilaman men ham
Misralar manglay terim.
Insonga, tabiatga
Tuhfadir har bir she’rim.

TANHOLIK

Yana yomg‘ir yog‘di, yashin chaqnadi,
Jo‘shib, to‘lqin bag‘rin tig‘ladi dengiz.
Sohilni bo‘sh ko‘rib rosa biqnadi,
Tanholik dardidan yig‘ladi dengiz.

Tundlashdi samodek, o‘zgardi rangi.
Bir pasda dengizning sochi oqardi.
To‘lqinlar chirqirab go‘daklar yanglig‘
Orqadan go‘yoki bizni chaqirdi.

Tovushlar qoyaga urilib qaytdi,
Dengiz ho‘ng-ho‘ng yig‘ladi ishon.
Qulog‘imga siniq bir sado aytdi
Meni tanho tashlab ketma, ey inson!

BILGAY

Hasrat alamini, visol g‘amini
Ayriliqda yongan ko‘p jonlar bilgay.
Dengizda g‘arq bo‘lgan yolg‘iz kemaning
Chekkan faryodini ummonlar bilgay.

Menga aytmang deya: “kam lovullab yon”,
Ishoning toshni ham yig‘latar hijron,
Tog‘larning ohidir tuman begumon,
Tog‘u tosh dardini tumanlar bilgay.

Meni so‘roqlarga tutmang, yetar, bas,
Orzu yuragimda yashar har nafas.
Ko‘nglim asrorini tushunmas har kas,
Uni dunyo ko‘rgan insonlar bilgay.

Fayzi Shohismoil tarjimasi

TURNALAR QAYTDI…

Der eding bahorda ko‘rishamiz biz,
Bahor kelib, ketdi san kelmas bo‘lding.
Bardoshlarim sindi, sindi ahdimiz,
Oylar kelib- ketdi, sen kelmas bo‘lding.

Deding, men qaytaman turnalar bilan,
Turnalar ham qaytdi, san kelmas bo‘lding.
Sarg‘aydi yaptoqlar, cho‘lda, chamanda,
Kuz fasli ham bunda sen kelmas bo‘lding.

Derding ostonangga qo‘nurman qushdek,
Qushlar chah- chah urdi, san kelmas bo‘lding.

Deding nag‘ma bilan do‘naman yarim,
Ming nag‘ma o‘ch oldi, san kelmas bo‘lding.
Tugadi umrimning bahor kunlari,
Ko‘nglim sansiz qoldi, san kelmas bo‘lding.

Sansiz sovuqlarda yo‘llarga boqdim,
Ko‘zlarim qoraydi, san kelmas bo‘lding.
O, maning toleyim, o mening baxtim,
So‘zla, bu ne holdir san kelmas bo‘lding.

Dardimni ohista, chaldim sevgilim,
Soflar ham sust oqar, sen kelmas bo‘lding.
Axir qanday aytay, hech kulmas dilim,
Ayt bo‘sh qolding qayda sen kelmas bo‘lding?

San uzoq degandin, uzoq deysanmi,
Yaqin, eh na deyin, san kelmas bo‘lding.
To‘zimli bo‘lsam ham, charchaydi qaydan,
Yuragim ko‘nmaydi, san kelmas bo‘lding.

Faqat inonaman, bir kun bo‘ladi,
Men aytmayman unda kelmas bo‘lding deb.
G‘amim u hasratli kunda qoladi,
Kim aytar sen xayol, yo bir sas bo‘lding.
Kun kelar, demasman, sen kelmas bo‘lding.

Ozarboyjonchadan Dilbar Haydarova tarjimasi