Nusrat Kasamanli (1946-2003)

Kasamanli Nusrat Yusuf o‘g‘li (Kəsəmənli Nüsrət Yusif oğlu) 1946 yilda Qazax tumanida tug‘ilgan. Ozarbayjon Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Universitetda o‘qigan yillari “Boku” gazetasida muxbir bo‘lib ishlay boshlagan. O‘qishni bitirgach, 1985 yilgacha Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi bo‘lib ishlagan. So‘ngra “Ozarbayjonfilm” kinostudiyasining Bosh muharriri bo‘lgan.
“Agar sevsang…”, “Ko‘zlarimning qorasi”, “O‘zimga o‘xshagan kunlar”, “Tabassumli tushlar”, “Yolg‘iz gaplashaylik…” nomli she’riy kitoblari chop etilgan. 150 ga yaqin she’rlariga musiqa bastalangan. Shuningdek, “Afroditaning qo‘llari”, “Qorabog‘ning ahvoli”, “Mavzu bo‘yicha improvizatsiya” kabi filmlarning ssenariy muallifidir.
60-yillardan adabiy faoliyati boshlangan. Bir qancha she’riy to‘plamlar va hujjatli va badiiy filmlar stsenariylari muallifidir. Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasining a’zosi bo‘lgan. 2003 yilda vafot etgan.

SUHBAT

Dedim: “Bulutlar uchar”,
Deding: “Qushdan o‘rgangan”.
Dedim: “Ioviydir dengiz”,
Deding: “Ko‘kdan o‘rgangan”.

Dedim: “Ne kuylar mashshoq?”
Deding: “Naydan o‘rgangan”.
Dedim: “Ishq yoshi necha?”
Deding: “Uni bilmasman”.

Dedim: “Sendadir qalbim”,
Deding: “Teran ko‘l yanglig‘…”
Dedim: “Ochilmish gullar”,
Deding: “Keng ko‘ngil yanglig‘”.

Dedim: “Yomondir hijron”,
Deding: “Shum o‘lim yanglig‘”.
Dedim: “Ne yoshda Vasl?”
Deding: “Uni bilmasman”.

Dedim: “Quyosh uzukdir”,
Deding: “Barmog‘imga taq!”
Dedim: “Nishoning ko‘rsat”
Deding: “Barmog‘imga boq!”

Dedim: “Qul bo‘lay, abas…”
Deding: “Yalinmagin, bas!”
Dedim: “Diling qanday topay?”
Deding: “Uni bilmasman”.

MENING KO‘Z YoShIMNI KO‘RMAGAYSAN

Bu ishqning yozini saqlayajakman,
Sen ketgan yo‘llarga boqmayajakman,
Yig‘lasam pinhona yig‘layajakman,
Mening ko‘z yoshimni ko‘rmaysan sira.

Tole o‘yinlarga otadi seni,
Faryoding ko‘klarga sotadi seni,
Gunohing bir kuni tutadi seni,
Mening ko‘z yoshlarim ko‘rmassan sira.

U kulgan rasmingga boqib yig‘lasam,
Ko‘zimga bir oynak taqib yig‘lasam,
O‘zimni avjimga chiqib yig‘lasam,
Mening ko‘z yoshimni ko‘rmaysan sira.

Seni bilamanki, g‘amdan uzoqsan,
Bir yomg‘ir oldida so‘ngan o‘choqsan,
Bir kuni boqqin deb o‘tinasan san,
Mening ko‘z yoshlarim ko‘rmaysan sira…
Hech qachon ko‘z yoshim ko‘rmayajaksan…

KO‘NGILSIZ BO‘LGANDA

Unutib qalbimni o‘tlarga solma,
G‘azab tuyg‘usidan bir azob qolar.
Yuksak fikrlayman, ko‘nglim og‘ritsang,
Qo‘llaring havoda osilib qolar.

Har xil fikrlarning komiga tashlab,
Ko‘zlama ilojsiz tabassumlarni.
Ko‘rarsanki, oqshom kuldirib,
Yangi bir she’r bilan kutarman seni.

Ming botir qudratin bir hiyla bukar,
Bir pinhon g‘unchada ming hikmat yotar.
Bir gulga ko‘ngilsiz teginsam agar,
Gul bargi qo‘limga tikandek botar.

Nigohlaring mendan qochib boradi,
Bir istak, bir tuyg‘u qalbimni ezar.
Ko‘ngilsiz bo‘lganga o‘xshasam agar,
Sochingni har toli shamshirday kesar.

Mayli bu ayolga yarashiq degil,
Ohu navozishdir uning amali.
Fikrli bo‘lganda siynam bo‘sh degil.
Ko‘nglimga fikrlar to‘lar demagil.

YoNDIR MAKTUBLARIMNI

Har satr ustida titraydir qo‘lim,
Satrlar qalbimdan o‘t olibdilar.
Men senga bir da’fa aldandim gulim,
Maktublar bir umr aldanibdilar.

Meni yod aylama, o‘zga bo‘l, yot bo‘l,
O‘yinchoq bo‘lmasin maktublar bari.
Umringda bir marta oliyjanob bo‘l,
Yondir xotiramni – zor maktublarim.

Shunda yuragimning hayrati, ohi,
Qalbimni o‘rtagan savdosi yotar.
Unda g‘ururimning azob gunohi,
Olis bir navoning sadosi yotar.

Yo‘qolur shuhratning tumani, changi,
Och nahang yutadi injudek seni.
Yozgan satrlari, intiq jahonki,
Bir kun ko‘z yoshiga ko‘mguvsi seni.

Maktublar ichida nayim-noladir,
Olovli satrlar pinhon bir g‘ashdir.
Yondir maktublarni, xotiralarni,
Kullarga aylansin do‘zax-otashda.

Senga umid bilan tikilgan ko‘zlar,
Yozgan xatlarimda to‘nib qolgandir.
Qo‘lim titrab-titrab yozganim so‘zlar,
U zamon rost edi, endi yolg‘ondir.

Hayotning o‘zida sinadim gulim,
Garchi bahor edim, endi men qishman.
Yaxshiki, so‘ngida tanidim gulim,
Yaxshiki bir umr aldanmadim ham…

XOL

Samoda yulduzlar qo‘sha ko‘rinsa,
Kimningdir sevgisi yodga tushar.
Yulduzlar ko‘zlarga shundoq urilsa,
Ko‘ngilning nechanchi qatiga tushar?

Ne’matdir qora xol bitsa oq yuzga,
Ta’rifi yozilur qog‘oz yuziga.
Xollar tushur yuz, yo yaqinroq ko‘zga,
Va yokim, ol yonoq yoniga tushar.

Xollardan so‘z ketsa xolli qizarar,
Har holga sig‘inmoq konidir zarar.
Kishiga xollardan foyda oz bo‘lar,
Qaysiki, hamma xol yodiga tushar.

Er bo‘lsang, har xolning ishqida yonma,
Xollarning sehriga aldanib qolma.
Ularning barchas i yondirar ammo,
Oxirida bittasi qalbingga tushar.

KETMOQNI ISTASANG BAHONASIZ KET

Ketmoqni istasang bahonasiz ket,
Uyg‘otma, uyg‘otma xotiralarni.
Sasin begonadir, boqishing o‘gay,
Ketursan, sasing da yot bo‘lsin bari…

San dengiz qo‘ynida ochilgan chechak,
Ustingga dolg‘alar otilajakdir.
Sohta muhabbating soxta sa’atdek,
Qancha vaqt yuzingda tutilajakdir.

Yo‘llarday to‘shalib oyoqlaringga,
Sanga yolvoraymi?.. bu mumkin degil!
Qalbni yolg‘iz qo‘ymam, yiqarman senga
Ko‘ngilsiz yashamoq begona degil.

Demasman sen o‘sha bir bog‘san, egil,
Demasman, qolibdir ilojim sanga.
Na sanda muhabbat qara pul degil,
Na man tilanchiman qo‘l ochgan sanga…

Ketmoqni istaysan… U yo‘l uda san,
Bir juft ko‘z boqadi orqangdan saning.
Ketdingmi… Qay vaqt ko‘rmak istasang,
Tikanning ostiga aylanar yering.

Ketmak istayirsan… Na donish, na din,
Yo‘q bo‘l uzoqlarda, tumanda, jonda…
Nimamni sevganding? Deya bilmading,
Andisha yuz ayb ko‘rursan manda.

Ketmoqni istarsan, bahonasiz ket,
Uyg‘otma u mangu xotiralarni.
Sasing begonadir, boqishing o‘gay,
Ketursan, sasing ham yot bo‘lsin bari.

YaRMI MANDA, YaRMI SANDA

Ikkimizda bir yurak bor,
Yarmi manda, yarmi sanda.
Sevgi nomli bir daraxtmiz,
Butoq manda, anor sanda.

Chechak atri gul yuzida,
Ming ma’no bor har so‘zida,
Bir bulutmiz ko‘k yuzida,
Yomg‘ir manda, do‘li sanda.

Bir ovchiman, kunim ovda,
Qoch ha qochda, quvnoq ovda,
Ishqimiz bir shirin savdo,
Uya senda asal manda…

Dilbar Haydarova tarjimalari

NE BILARDIK

Ne bilardik biz sevgini so‘ngini,
Ne bilardik dunyo qayga qo‘nishin.
Ne bilardik birrov kelgan sevgini —
Ikkimizning oramizda o‘lishin…

Buyuk sevgi ko‘kdan tushganda yerga,
Suyamadik yo‘limizning ustida.
Bu muhabbat sovuguncha gapirma,
Jon bermoqda qo‘limizning ustida.

Har ko‘rganda tayg‘onadi oyoqlar,
O chamanlar — bir bahorlik ahvoli.
Dudoqlarni yondirganda dudoqlar
Yuragimiz uyushadi yomoni.

Injiq shamol ko‘z ochgani qo‘ymadi,
Har istakni armonlarga ichirdik.
Qushlar keldi bayram qilib, biz faqat —
Kunimizni xazon kabi uchirdik.

Yolg‘onlarning zahri shirin tuyuldi,
Haqiqatni yashirdik har bir ishda.
Sevishganlar yo‘l oldi — ko‘ksi to‘ldi —
Biz tunlarda qolib ketdik hamisha.

Uyqu ko‘rdik… goh sarxush, shoh qo‘rqqulik,
Qumda qoldi hayotimiz sohili.
Uyqumizda qo‘llar ko‘rdik musht, yirik —
Nima ko‘rsak hijron bo‘ldi oxiri.

Ne bilardik biz sevgining so‘nggini,
Ne bilardik dunyo qayga qo‘nishin.
Ne bilardik birrov kelgan sevgini —
Ikkimizning oramizda o‘lishin…

* * *

Bilmayman qalbingdan o‘tgan sevgini,
Bir kuni tanholik siqadi oxir.
Nahotki, bilmading yaxshiligimni —
Muhabbat qarshingda turgandi axir.

Jim turgan sevgini ko‘rmadim hecham,
Yuragim borida quchoq ochib kel.
Axir, abadiymas sevgi, sevmoq ham,
Meni har zamon sev, sevaqol, sev, sev.

Xosiyat Rustamova tarjimalari

* * *

Ketmoq istaysanmi?
Bahonasiz ket!
Uyg‘otmagin telba xotiralarni.
Sasing – o‘sha-o‘sha,
Nigohing – o‘gay,
Ketsang, unutilar albatta bari…

Sen dengiz bag‘rida to‘lg‘ongan chechak,
Ustingga dolg‘alar otilajakdir.
Soxta muhabbating soxta oy kabi
Qachondir bosh uzra tutilajakdir.

Deyolmam, sen tog‘san, egil biroz, bas,
Deyolmam, qolmish ko‘p ilojim senga.
Na senda muhabbat qora pul emas,
Na men tilanchiman, qo‘l ochgum senga…

Yo‘llardek uzaldim oyoqlaringga,
Senga yolvoraman…
Yo‘q, mumkin emas,
Kalbimdek asrayman, yolg‘izlatmayman,
Lahzalab yashamoq umr-kun emas.

Ketmoq istaysanmi,
Bu yo‘l hamda sen,
Bir juft ko‘z termular orqangdan, gulim.
Ketdingmi, ortingga qaytmoq istasang,
Tikanga to‘ladi albatta yo‘ling…

Ketmoq istaysanmi?
Na so‘zla, na tin,
Yo‘q bo‘l olisdagi tumanda, tunda.
Nega meni sevding? – deya olmading,
Nega seni sevdim? – demayman men ham.

Ketmoq istaysanmi?
Bahonasiz ket!
Uyg‘otmagin darvesh xotiralarni.
Sasing – o‘sha-o‘sha,
Nigohing – o‘gay,
Ketsang, unutilar albatta bari…

* * *

Men seni unuta olmayman axir,
Unutsam, nelarni unutishim shart.
Ko‘kka termulgandik oyli kechalar –
Unutsam, ko‘klarni unutishim shart.

Dengizni unutay yo dolg‘alarni?
Yuzing ham esimdan chiqsaydi qani,
Kuzakda xazonni, qishlarda qorni,
Bahorda gullarni unutishim shart.

Ayt, qanday unutay, baridan kecha,
Sevgi – turna emas, kuz – g‘amgin ko‘cha,
Tushimga kelarsan axir har kecha,
Oylarni, yillarni unutishim shart.

Sening xayolingdir dard ila boqqan,
Ismingdir har lahza qarshimga chiqqan,
Rasmingga qorishib ko‘zimdan oqqan,
Yomg‘iru sellarni unutishim shart

Ko‘ksimda pushaymon yurakcham qoldi,
Uchding qo‘llarimdan, banding – g‘am qoldi,
Nelarni yo‘qotib, boq, nimam qoldi,
Nelarni, nelarni unutishim shart…

NA BILIBMIZ…

Na bilibmiz bu ishq bitar bir zamon,
Na bilibmiz dunyo shunday do‘nishin.
Na bilibmiz sevgi nomli bu mehmon –
Ikkimizning oramizda o‘lishin…

Ulkan sevgi ko‘kdan tushdi na yerga,
Na to‘xtadi bizning yo‘limizda u.
Bu muhabbat soviganda, hech dema,
Jon beradi qaynoq qo‘limizda u.

Har diydorda yiroqdir qadamlaring…
Ul chamanlar — bahordan so‘ng umri hal.
Lablarimni yondirganda lablaring
Yuragimiz muzlab qolar ehtimol.

Ko‘z ochtirmay qo‘ydi niyat, so‘z ammo,
Har istakni yo‘qlik qo‘yniga otdik.
Kuz keldiyu quvonch bilan, biz ammo
Bargma-barglab kunimizni yo‘qotdik.

Shirin ekan yolg‘onlarning zahari,
Haqiqatni gizlaganmiz hamisha.
Sevishganlar bedor kutsa saharni,
Biz oqshomni ko‘zlaganmiz hamisha…

Tushlar ko‘rdik… Goh qo‘rqinchli, goho shan,
Bo‘g‘di bizni dardlarning eng og‘iri.
Tushlar ko‘rdik – qo‘llarimiz birlashgan,
Hijronga aylandi biroq oxiri.

Na bilibmiz bu ishq bitar bir zamon,
Na bilibmiz dunyo shunday do‘nishin.
Na bilibmiz sevgi nomli bu mehmon –
Yuzimizga qarab turib o‘lishin…

QO‘LLARING NAQADAR SOVUQDIR, GULIM

Qo‘llaring naqadar sovuqdir, gulim,
Qo‘llaring go‘yoki qorda ungan gul.
Kaftlaring ichida sovqotdi qo‘lim,
Kaftlaring qo‘limning muzqo‘lqopidir.
Bizlar janublikmiz,
Bu sovuq qaydan?
O‘ngu so‘llarimiz sovuq bunchalik.
Ko‘zimiz dunyoda eng qaynoq chashma,
Nega qo‘llarimiz sovuq bunchalik?
O‘tdan yaralganmiz,
otashmiz axir,
Qalbimiz —
tuyg‘ular gulxani kabi.
Yonoqlaring o‘pgan olov tilini
Qo‘llaring yashirmoq istaydi, balki…
Qo‘llaring naqadar sovuqdir, gulim,
Nega bu sovuqni men bugun tuydim?
Bir umrning sevgi qismatini, ayt,
Bu sovuq qo‘llarga ne uchun qiydim?
Ey yuzi gulbahor,
Qo‘li qish so‘nam,
Tahminim kulguli, ehtimol, mening.
Qo‘rqaman
sevgida sovqotmog‘ing ham
Qo‘lingdan boshlangan,
Qo‘lingdan sening…
Qo‘llaring naqadar sovuqdir, gulim…

SEVDIRA OLMADIM…

Dali kabi sevdim men bir dalini,
Gul tutdim, kuydirdi tutgan alimni,
Tanlab jumlalarning eng go‘zalini,
Titrab pichirlayman so‘zimni senga,
Sevdira olmadim o‘zimni senga…

Hasratu visolni qo‘sha sevdirdim,
Sovqotgan ko‘ksimni qishga sevdirdim,
Yalang oyog‘imni toshga sevdirdim,
Tanita bilmadim izimni senga,
Sevdira olmadim o‘zimni senga…

Yonardim tinmasdan cho‘g‘ istasayding,
Bir qo‘shiq bo‘lardim so‘z istasayding,
Meni ko‘rmoq uchun ko‘z istasayding,
Ko‘r qolib, berardim ko‘zimni senga,
Sevdira olmadim o‘zimni senga…

Senga har maktubim yozdim qon bilan,
Ruh bilan, his bilan, hayajon bilan,
Quvonib o‘lardim albat jon bilan,
Bag‘ishlay olsaydim umrimni senga,
Sevdira olsaydim o‘zimni senga…

IKKALAMIZ UChUN HAM…

Bu sevgidan sen qo‘rqsang
hech qisi yo‘q,
Men sevarman ikkalamiz uchun ham.
Bu ishq uchun bir kun
dorga tortsalar
Men ketarman ikkalamiz uchun ham.
Ming azobdir sensiz kechgan
har kunim,
unutaman yaxshi-yomon farqini.
Bu sevgining tog‘lar kabi dardini
Men chekarman ikkalamiz uchun ham.

Chechak derman, yuragingga gul derman,
Men sen uchun tangri yozgan bir she’rman,
Dudoqlaring bukma, deya g‘am yerman,
Men tilarman ikkalamiz uchun ham.

Qismatimda kech ochilgan gulimsan,
Qora ko‘zli oydin tabassumimsan,
Bu sevginig so‘nggi gar o‘lim bo‘lsa
Men o‘larman ikkalamiz uchun ham…

SEVA-SEVA AYRILAJAKMIZ…

Biz baxtli bo‘lmadik sevishganlardek,
So‘nggi bahor kabi yig‘lar qalbimiz.
Balki bu dunyoga kelganmiz, gulim,
Dunyoning dardini ortirmoqqa biz.

Ta’na ham, davo ham ortiq kerakmas,
Ro‘yolar tomonga qayrilajakmiz.
Balki sen kechikding
yo men shoshildim
Endi seva-seva ayrilajakmiz.

Ko‘ngil pinhon-pinhon
yonajak endi,
Bir tomchi ko‘zyoshing dengizdir menga.
Bizga xotiralar qolajak endi,
Endi xotirang ham azizdir menga…

Bilaman, bu hasrat charchatar seni,
Urin soya kabi surilmaslikka.
Ko‘zlarim hamisha axtarar seni,
Urin
ko‘zlarimga ko‘rinmaslikka…
Biz baxtli bo‘lmadik sevishganlardek…

MEN AXIR SEN EMASMAN…

Unutmadi ko‘zlaringni ko‘zlarim,
Mening ko‘zim, sening ko‘zing emasdir.
Bir joylarni axtaradi izlarim,
Mening izim, sening izing emasdir.

Yolg‘onlarga o‘rgatmadim tilimni,
Mening tilim, sening tiling emasdir.
Har odamga uzatmadim qo‘limni,
Mening qo‘lim, sening qo‘ling emasdir.

Uchib ketding, bir oh tushdi ko‘ksimga,
Mening qalbim, sening qalbing emasdir.
Sen kulish-chun yaralgansan, o‘ksinma,
Mening g‘amim, sening g‘aming emasdir.

Qoraytirding, men oqladim sochimni,
Mening sochim, sening soching emasdir.
Eshitganlar avf etgay bu aybimni,
Mening aybim, sening aybing emasdir.

Erga tushdi, o‘tli so‘zlar ko‘zar*di,
Mening so‘zim, sening so‘zing emasdir.
Biz uchrashdik, jimmiz, yuzlar qizardi,
Mening yuzim, sening yuzing emasdir.

Yo‘llaringni o‘zgartirding bir sahar,
Mening yo‘lim, sening yo‘ling emasdir.
Bu hijronga chidagayman bir safar,
Chidagayman, hijron o‘lim emasdir…

*ko‘zar – kul bo‘lish.

BIR SAVDO YIG‘LAYDIR…

Kel dedim, ko‘ksimga tushdi bir og‘u,
Qo‘l ochdim, qo‘llarim bo‘sh qoldi, yohu,
Dunyolar tuyuldi birdan qorong‘u,
Bir savdo yig‘laydir mening ichimda.

Qadri bilinmaydi, umri ham bitar,
Hasrat bo‘yin bukar, hijronband etar,
U har kun ulg‘aydi,
U har kun yitar,
Bir savdo yig‘laydir mening ichimda.

Ming gul so‘ldirganlar
Ming gul terdilar,
Ko‘ngil olishdiyu
Hasrat berdilar,
Ko‘ngil ochganimda
Bildi, ko‘rdilar,
Bir savdo yig‘laydir mening ichimda…

Dunyoning g‘amga pesh xotirasiga,
O‘ranib erta-kech xotirasiga,
Asir tushib darvesh xotirasiga –
Bir savdo yig‘laydir mening ichimda…

Kelisha olmadim o‘z-o‘zim bilan,
Dil topa olmadi so‘z so‘zim bilan,
O‘z faryodim bilan,
O‘z ko‘zim bilan
Bir savdo yig‘laydir mening ichimda…

Men ham tosh keltirdim u muhabbatga,
Arzimni bildirdim u muhabbatga,
Qabrtoshi bo‘ldim u muhabbatga,
Bir savdo yig‘laydir mening ichimda…

Kech edi qadrini men bilgan payti,
Sevinchni yashirib, g‘am kelgan payti,
Yuzimga qaramang,
Men kulgan payti –
Bir savdo yig‘laydir mening ichimda…

DEMAGIN, BOShQATDAN SEVSA BO‘LARMISh…

Demagin, boshqatdan sevsa bo‘larmish,
Qismat ham boshqatdan mamnun kularmish,
Ko‘zida yosh bilan ketgan muhabbat
Bir kuni pushaymon qayta olarmish.

Yurak bulut kabi bo‘shansa agar,
Demak, bulut kabi boshqatdan to‘lar.
Eng so‘nggi shulasi titragan shamdan
Boshqa bir shamni ham yondirsa bo‘lar.

Demagin, boshqatdan sevsa bo‘larmish,
Eski yaralarga malham bo‘lgay vaqt.
Kesilgan shox bilan o‘lgan daraxtlar
Yangi nihol ila tug‘ilgay albat.

Axir yig‘lay-yig‘lay dunyoga kelib
Ona suti bilan kulolmasmizmi?
Har kecha qirmizi botgan quyoshni
Har tongda boshqatdan ko‘rolmasmizmi?

Demagin, boshqatdan sevsa bo‘larmish,
Sevgi fursat emas – qush kabi uchmas.
Na u bir soyadir,
Qochsang quvlasa,
Yohud sen quvlasang
U sendan qochsa…

Chiqarsang qalbingdan mahzun sevgini,
Yolg‘izlik quchog‘i siqajak seni.
Kimgadir qilingan yaxshiligingdek
Ishq bir kun qarshingga chiqajak seni.

Ilk sevgi inidan yiqilgan qushcha
Kichik qanotlarin orzu quchmagan.
Majnunning ohila uchgan muhabbat
Hiylalar qo‘lidan yerga tushmagan…

Men hech ko‘rmaganman ishq yashirganni,
Muhabbat cho‘qqida to‘plangan qormish.
Kim aytdi bir marta sevilar odam,
Demagin, boshqatdan sevsa bo‘larmish…

KOShKI…

Yana nelar yodga tushdi,
Xotiralar o‘tga tushdi,
Huv kunlardan qalbimizga
Qo‘rquv to‘la sado tushdi —
Ko‘rmasaydim koshki seni.

Bahor keldi qish uyiga,
Bu yo‘lbilmas qush uyiga.
O‘shanda bir bo‘yoq kabi
Xotiramning tosh uyiga
Urmasaydim koshki seni.

Kulga do‘ngan o‘t-o‘choqsan,
Mangu shunday qolajaksan,
U payt bola emas edim,
Bilmagandim so‘lajaksan,
Termasaydim koshki seni.

Hijron keldi yana-yana,
Kunlar kechdi sina-sina,
Bir guldonda saqlasaydim,
O‘z qo‘limla o‘zgasiga
Bermasaydim koshki seni…

BINAFShA BANDGA TUShDI

Xola-xola o‘ynardik,
Xolali shu uy bo‘ldi.
Keyin xilvat uylarda
Sevgimiz ham tug‘ildi.
Umrdan o‘tib ketdi
U yillarning anhori.
Men qoldim ilk bahorda,
Naylayin tez kelarkan
Qizlarning so‘ng bahori…
Bir kun…
Binafsha bandga tushdi,
Bu xabar kand*ga tushdi,
Men bilan o‘ynagan qiz
O‘zga kamandga tushdi.
To‘y va yor-yor ovozi
Va ko‘ngillar titrashi,
O‘smirgina yigitning
Yotib olib chamanda
Xo‘ngrab-xo‘ngrab yig‘lashi…
So‘ngra bir qo‘shiq aytdim:
– Suv kelsa ko‘lga agar,
Dardim ming bo‘lsa agar,
Kuzda ketgan binafsha
Bahorda unsa agar.
Bu qish u gulga tegar,
Hijron u kunga tegar,
Bu daraxt gul ochmagay
Bolta ildizga tegar.

Bu yoz u yozdan emas,
Sovuq, ayozdan emas,
Yangi maktublar oldim,
Lek o‘sha qizdan emas.

Kun yangidir, tun yangi,
Umr-u bugun yangi,
Yangi bahorlar keldi,
Va keltirdi gul yangi.

Bu ham shunday bahordir,
U ham shunday bahordir,
Meni bo‘g‘ardi hijron,
Bu qiz kelib qutqardi…

Tog‘lar kiyinar endi,
Kim g‘amlar yer endi,
Yotib olib chamanga
Bir qo‘shiq aytar endi:
– Binafsha bandga tushdi,
Bu xabar kandga tushdi,
Men bilan o‘ynagan qiz
O‘zga kamandga tushdi.

*kand – qishloq

Ozarboyjonchadan Rahmat Bobojon o‘girmasi