Jobir Mirzayev o‘g‘li Navro‘zov (Cabir Novruz) XX asr Ozarbayjon adabiyotining taniqdi namoyandasi. Ozarbayjon xalq shoiri. Xizi tumanining Upa qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlaganidan so‘ng, pedagogika texnikumida o‘qigan, 1952 yilda Ozarbayjon Davlat universitetining jurnalistika fakultetiga kirgan, bir yildan so‘ng Moskvadagi Adabiyot institutiga qabul qilingan va uni 1957 yilda bitirgan.
Mehnat faoliyatini 1958 yilda “Boku” gazetasida adabiy xodimlikdan boshlagan, so‘ngra “Ozarbayjon” jurnali, “Adabiyot va injasan’at” gazetasining Bosh muharriri bo‘lgan. “Mening maqomlarim”, “Yillar hayoti”, “Bizning asr”, “Oddiy haqiqatlar”, “Tolening tuhfalari”, “O‘z dunyom bor” kabi o‘nlab she’riy kitoblar muallifi. Shoir 2002 yil 12 dekabrda vafot etgan.
TIRIK ChOG‘I QADRLANGIZ ODAMLARNI
Ey odamlar, bir gap aytay, ruxsat bering,
Tirik chog‘i qadrlangiz har bir jonni.
Yaxshilarni tirik chog‘i yaxshisan deng,
Yomonsan, deng tirigida siz yomonni.
Tuhmat, denglar gar so‘zlarim bo‘lsa abas,
Ranjimayman, sizdan ko‘nglim bo‘lgay rozi.
Shoirlarni tirigida qiling e’zoz,
Haykal qo‘ying borligida bo‘lsa lozim.
Siz umidlarni keyinlarga taxlamangiz,
So‘zingizni boshqa kunga saqlamangiz.
To‘ydan keyin nog‘oraga hushim yo‘qdir,
Quruq gap-u puch va’daga hushim yo‘qdir.
Tirik chog‘i rasvo qiling qalloblarni,
Tirik chog‘i tulkilarni tulki, denglar,
Qoplon denglar qoplonlarni,
Tirik chog‘i baholangiz insonlarni,
Hayot chog‘i o‘z joyini bilsin har kim.
Bu yomonlar yomonligin poymol etar,
Bu yaxshilar yaxshiligin poydor etar.
Qanday gapki, birov o‘lsa qalblarimiz
Odamlarga mehr, shafqat bilan to‘lar,
O‘ldimi bas. Yaxshilar ham yaxshi bo‘lar,
Yomonlar ham yaxshi bo‘lar.
Xotiralar yozib yana,
Ta’ziyalar tuzib yana,
Hammasini yoppasiga yaxshi atab
So‘nggi yo‘lga kuzatamiz.
Bu kechikkan ko‘ngilchanlik kimga kerak,
Bundan qabr kengayarmi,
Yoki marhum tirilarmi?!
Hushim yo‘qdir beoqibat odatlarga
Hushim yo‘qdir.
Xo‘jako‘rsin izzatlarga, hurmatlarga
Hushim yo‘qdir.
Mendan keyin bo‘ladigan shuhratni
He ham qildim.
Bir nafaslik umrimni-ku
O‘lim otliq ming-ming zarga alishmayman,
Tirik chog‘i bo‘lgan zarra hurmatni man
O‘lgandagi ming haykalga alishmayman.
Ey insonlar, so‘zlarimni tinglang atay:
Yuzlanaman go‘daklarga, keksalarga, o‘g‘lonlarga,
Tirik chog‘i qadrlang siz insonlarni.
Tirik chog‘i yaxshilarni yaxshi atang,
Tirik chog‘i yomon denglar yomonlarni.
GO‘YoKI
Qachonki yozmasam, tark etsa xayol,
Nazdimda ilhomim bo‘lgan kabi lol.
Go‘yoki hammadek yotib-turaman,
Hammadek o‘zimdan mamnun yuraman.
Hammadek qarayman go‘yo oftobga,
Hammadek qarayman insonga go‘yo.
Er go‘yo jo‘nlashib qolayotgandek,
Ko‘k go‘yo jo‘nlashib qolayotgandek.
Qichqirar poyezdlar, gavjum el-yurtlar,
Har kimga bir orzu, bir umid yordir.
Lekin so‘z mulkimda hokim sukutlar.
Barcha uchrashuvlar, suhbat, bahslarga
Men bo‘lsam uyalib, o‘ylashib bordim.
Yo‘lda kitobxonlar tez-tez tutishar:
— Yangi she’rdan bormi?
— Bor, — deb kulaman.
Biroq tuyg‘ularim chetlab o‘tishar,
Xo‘sh, kimga she’rimsiz kerak bo‘laman?
Ko‘nglim yoritmadi bu yorug‘ olam,
Oddiy shamoldan ham bebahra qoldim.
Onam oq sochidan bo‘ldim ko‘p mulzam,
Eganim har tishlam nondan uyaldim.
Zehnimda butunlay chalkashdi dunyo.
Misoli ko‘r bo‘ldim.
Misli kar bo‘ldim.
Eng og‘ir to‘qnashuv, jang chog‘i go‘yo
O‘qlari tugagan bir askar bo‘ldim.
Shunaqa besamar turdim, o‘tirdim,
Hatto shodmon kunlar yozmadi dilim.
Do‘stlar davrasida no‘noq, tutildim,
Yoqmadi hattoki tug‘ilgan elim.
Go‘yo kamayardi kuchim, jur’atim.
Meni tark etardi ruhim, quvvatim.
Uch yarim milliardlik insonlar aro
Benaf, keraksizi men edim tanho.
Ezdi yuragimni dalalar, cho‘llar,
Nazdimda tog‘lar ham kichraygansimon.
O‘yladim, bir kuni haqtalab qo‘llar
Yoqamdan daf’atan tutgay begumon.
So‘ng meni savolga ko‘mib tashlagay.
Vijdon ham taftishin darhol boshlagay.
Boshimga bir to‘fon yog‘dirar ular,
Tiriklik chirog‘im so‘ndiradi ham,
Bekorchi qalamim sindiradi ham…
Go‘yoki tuyg‘ular jo‘sh urdi, balkdi.
Bag‘rimda uyg‘ondi bir ezgu surur
Va o‘tli misralar qog‘ozga oqdi…
Shu tarzda nizomga tushdi-ya shuur,
Shu tarzda nizomga tushdim-a, shukr.
Razzoq Abdurashid tarjimasi