Nurdal Grig (1902-1943)

Nurdal Grig (Nordahl Grieg) — Norvegiya shoiri. Uning ismi norvegiyaliklar uchun hilpirab turgan bayroq edi. U bor-yo‘g‘i qirq ikki yil yashadi-yu, lekin ajoyib she’riy meros qoldirdi.
1943 yil 3 dekabrda Berlin bombardimon qilinganda ko‘plar qatori Nurdal Grig ham halok bo‘ldi. U Norveg qurolli kuchlarining kapitani va harbiy jurnalist edi. Lekin shoir sifatida Nurdal Grig norvegiyaliklarning yorqin yulduzi edi va shunday bo‘lib qoladi.  U “Ezgu umid buruni atrofida”, “Oqimdagi toshlar”, “Norvegiya – bizning qalbimizda” kabi she’riy to‘plamlari, “Kema yo‘lida davom etadi” romani, “Bizning orimiz va qudratimiz”, “Mag‘lubiyat” dramalarini yaratadi.

ALLA

Shimol tuni, yel daydi,
Ota-ona g‘amdaydi.
Lekin zulmat qo‘ynidan
Nurga to‘lib chiqding san.

Osmon yiroq, yer qattiq,
Lekin yuzing yop-yorug‘.
Ko‘zlaring yum, uxla-yo,
Alla bolam, alla-yo.

Quyosh yo‘q, lek ertadan
To‘yajakmiz ertakdan.
Erta quyosh chiqquncha
Sen nur sochgin gul-g‘uncha.

 YaKShANBA

Kemamizda bir mo‘jiza bor:
Ob-havoni beribdi Olloh!
Raqsga tushar zo‘r, tantanavor
Shamol, quyosh bir-birdan ogoh.
Ming bir zarra yarqirab turar
To‘lqinlarning qobirg‘asida.
Qush galasi yashinday hurur,
Tong yangraydi o‘qib qasida.

Kir yuvishga boshlaymiz jadal,
Shimlarimiz saqichday qora.
Kiyimimiz emanday dag‘al,
Hamda zangu qumlardan pora.
Qo‘shiq aytib, latifa aytib,
Quvonamiz quyosh charog‘on,
Zerikishlar ketadi qaytib,
Ertagacha bo‘ladi gumdon.

Yakshanbaning aldovi shirin.
Yana mehnat haftasi bordir.
Kirni yuvib bo‘ldik va lekin
Xursandchilik yana ham qodir.
O‘g‘irlangan ekan-ku, arqon,
Kirni qayga yoymoq kerakdir.
Yoymoqdamiz chaqqon va chaqqon,
Qorong‘u ham tez kelmoqdadir.

 UZUN KUNLAR

Dengiz uzra yana bitta kun,
Xuddi o‘sha kechagi kabi.
Motorlardan sachraydi uchqun,
Xuddi o‘sha kechagi kabi.

To‘lqin kuchli, to‘lqin shiddatkor,
Xuddi o‘sha, kechagi kabi.
Osmon siqar, to‘lqin beqaror,
Xuddi o‘sha, kechagi kabi.

Ertadan-kech ish o‘sha-o‘sha,
Xuddi o‘sha, kechagi kabi.
Atrofimda yuz-ko‘zlar o‘sha,
Xuddi o‘sha, kechagi kabi.

Motorlarning ohangi o‘sha,
Xuddi o‘sha, kechagi kabi.
Ortda qoldi uzun kun o‘sha.
Bugun yoki kechagi kabi.

 MAKTUB

Xatni tutib turibman xomush
Daqiqalar o‘tadi bir-bir.
Harflaru so‘zlari tanish
Kulrang konvert kutadi besabr.

Pochta muhri tortar xayolim,
O‘tibdi-ku, rosa o‘n hafta.
Ko‘m-ko‘k norveg markasi lim-lim
Nurlarini asta sochmoqda.

Kutgan edim shundoq haftalab.
Xat yo‘liga bo‘lib intizor.
Xatni shoshib ochmayman shitob,
Nazarimda biroz fursat bor.

Yopiq jildning ichidagi xat
Siruasror berkingan go‘sha.
Qalbimizni yondirar qat-qat,
Yozilmagan so‘zlar hamisha.

IShSIZLARNING BOLALARIGA

Yaslilarda tug‘ilib qolgan
Chaqaloqni alqaymiz chunon.
Undan keyin u shoh bo‘lajak,
Jannatlarda urguvchi javlon.

Hozir esa ochlik, g‘am-anduh
Bolalarni qirib yo‘qotar.
Bolakaylar bunda chilparchin,
Sen ularni esla, birodar!

YoZ OQShOMI

Yoz oqshomi yo‘lda borar aroba,
Oqshomgi quyosh ham sochar qirmiz nur.
Yonimda shamolda to‘zg‘ib bir qizning
Sochlari olovday bo‘lib ko‘rinur.

Quyoshning nurlari uning yuzini
Yoritib turardi olov tusida.
Qarshidan uchardi unga ro‘baro‘
O‘rmonlar, dalalar kenglik ustida.

Manzilga yetdik biz. Keldik bo‘z yerga.
Qarag‘ay yelimi yarqirab qoldi.
Erkaklar ishlatar belkuraklarin,
Bolalar kelishib sho‘x suron soldi.

Menga ne bo‘lmoqda? Nurlanar shafaq,
Pichan hidi rohat, kuylaydi daryo,
Er yuzi yashnagan siru sinoat,
Bir ona bolasin ko‘targan ammo.

Har narsa meniki: pichan hidlari,
Daryo kuylamoqda, orzu yashirin,
Kelajak kuylaydi iqbol haqida…
Atrofda sukunat, ishq jondan shirin.

DENGIZ

Sening diling tilsiz bir dengiz,
Ololmaydi aqlimni sira.
Lekin sening ko‘zlaring tengsiz,
Jinni qilmoq bo‘lar bir sidra.

Qolding tanbal to‘lqin misoli,
Qalbim tinchin buza olmas-ov.
Lekin labing yoqut timsoli,
Bu gal meni yondirgan olov.

Qalbing o‘lik dengizdir go‘yo,
Sahrosida yo‘qolmoq oson.
Ko‘zlaringning boqishi ammo
Asir etar tamoman, inon.

AVIASOZLAR QO‘ShIG‘I

Bizning ham bor o‘z parvozimiz,
Uchmasak ham hattoki bizlar,
Motor, qurol uchoqlarimiz
Bizni mangu boylab band etar.
Uchuvchilar jang etmog‘i-chun
Biznikilar baxsh etar kuchin.

Nomsiz bo‘lsak hamki biz jangda,
Erda mehnat qilgan jangchilar.
Bizlar urug‘ sochamiz changda,
Uchuvchilar o‘rib yancharlar.
Uchuvchilar jangda g‘olibdur,
Aviasoz yerda qolibdur.

Quyosh, yomg‘ir osmon sathidan,
Mahsul berar yerga damo-dam.
Uchuvchilar olgan haqidan
Erga quvonch keltirar har dam.
Umid bilan sochamiz urug‘,
Erkinlikning hosili qutlug‘!

O‘TYoQARLAR

Pivoxona ichra baxtni izlaymiz,
Quruqlikda erkinlik, o‘yna!
Hayot tuman ichra qolganday g‘aliz,
O‘z-o‘zingni aldashni o‘yla.

Peshtaxta oldida pulni sovurib,
Pichoq va musht shay turar hamon.
Ko‘ylagimiz pora va pora yirtib,
Qasam ichmoq tuyular oson!

Ishlashamiz xuddi shaytonday jadal,
Dahshatning hech cheki yo‘q misol.
O‘lkamizga kirar qip-qizil amal,
Erib turgan harorat zavol.

Qo‘llarda belkurak tushadi ishga,
Ko‘mir cho‘g‘i tog‘day beayov.
Yuqori chiqamiz havo olishga,
Pastda esa lovullar olov.

Oyoqlar horg‘indir, chektir tamaki,
Yana bahsu maqtanish takror.
Endi boshqa do‘stlar bahslashsin toki
Chekinguncha olam va hunar.

So‘kish eshitamiz mehnatni qilib,
Gunohimiz avf etilajak.
Fohishalar bizga ko‘rsatgan qiliq —
Mayda baxtdan kim qutulajak?!

OHANG

Jaranglaydi torlar sadosi,
Vahimalar dilimdan kechar.
O‘ylar edim umr adosin,
Esda ammo tog‘dagi kecha.
Bo‘sh yo‘rgakday edi o‘sha yoz,
Osmon osti bizga edi soz.

Esimdadir sening nigohing,
Nigohlaring edi begona.
Ko‘zda yoshing, labingda ohing
Nechun ko‘zyosh, so‘rdim shu onda,
Sen derdingkim tushdagi yanglig‘,
Yig‘laganing men uchun aniq.

Mening bo‘sam aritdi g‘amni,
U vaqt hayot neligin bildim…
Esdan chiqib qolganim dammi?
Yoinki baxt yo‘qoldimi jim?
Qaynoq bo‘sa tushdagi simon
Unutilib bo‘lgandir yolg‘on.

Shundan buyon kuldim miriqib,
Hamma narsa bo‘lgandi unut.
Shundanmikan tun bo‘yi pisib,
Yuragimga kirdi muz sukut.
Yorug‘lik yo‘q pardada shundan,
Sen yig‘larding men uchun chindan.

VELOSIPED RULI

Velosiped ruli yarqirar,
Iyun. Shumurt gullagan fasl.
Ko‘ylaklari yupqa qizlar ham
Bahor kabi tansiq va asl.

Juft-juft bo‘lib uchar jimgina,
Velosiped shoxini ushlab.
Sariq shippak kiygan yigitlar
Biroz ortda ko‘nglini xushlar.

— Men ham uchay! — Qiz unga tutar
Yaraqlagan aroba shoxin;
Oppoq kamzul hilpirar tinmay.
Oldga, orqa, oldinga gohi.

Va nihoyat epchillik g‘olib! —
Velosiped uchmoqda o‘zi.
Rulni ushlar qo‘l bilan faqat,
Iyun. Shumurt islari to‘zir.

Qiz qo‘li-la siypalar rulni,
Yigit va qiz ular barobar.
Ular haydar velosipedni,
Dunyolardan bo‘lib bexabar.

Ular uchar yonma-yon va jim,
Ko‘ngillari nimagadir zor,
Ikkovining qo‘llari rulda.
Velosiped… Muhabbat… Bahor…

JASORAT ShAVAT DEMAKDIR

Qahramonlik va parvoz degan
Yashar buyuk jasorat bilan.
Yovuzlik-la do‘stdir jasorat,
Er yuzini qilajak g‘orat.

Lekin uchar yorib to‘lqinni
Jasoratning o‘zga to‘lqini.
Bu jasorat ichra namoyon
Mehr, mehnat g‘oyatda shoyon.

Bu jasorat bo‘rondan asrab,
Nonu nurga beradi taraf.
Bunga g‘oyat yaqin turguvchi
Yashilligu go‘dak kulgusi.

Jasorat-la dengizchi zoti
Dengizlarda yengar zulmatni…
Bu dunyoda buyuk jasorat
Insonlarga bo‘lgan muhabbat.

MUZ UMMONIDAGI OROL

Orol paydo bo‘lmish dengizda,
Sovuq, quruq, yalang‘ochdir u.
Norveglarga berilmishdir bu.
Olloh bergan ne’mat va qayg‘u.

Tumanlarning yozgi podasi,
Sim-siyoh qish qahratonligi.
Quruq yerni egovlar shag‘al
Hamda tosh, muz hukmronligi.

Bunda bizning boshpana bordir,
Baribir ham zulmatdan ziyo
Kabi bizlar yo‘qotgan o‘sha
Mamlakatni eslaymiz go‘yo.

O‘tu o‘lan, gullar, o‘rmonlar
Uyimizni o‘rab turardi.
Har bir gulu giyohlar bilan
Yuragimiz qon talashardi.

Mamlakatning tuprog‘i qora,
Bizlar qalban bir yurt ulusi,
Bo‘y ko‘rsatar g‘am-anduh, sog‘inch
Nahot hayot shunday bo‘lg‘usi?

Biz yo‘qotdik keng ufqlarni,
Tog‘larimiz yo‘qotganmiz biz.
Endi bizlar ahil bo‘lsak ham,
Kengliklarni topa bilmasmiz.

Orolimiz yalang‘och sovuq,
Sovuq hamda yaltiroq muzlik.
Ushalmaydi bunda orzular.
O‘lajakdir bunda ezgulik.

Boshqa birov, o‘zga bir ulus
Bu zulmatdan chiqarkan ammo.
O‘z kuchi-la mag‘rur erur ul,
Biz singari emasdir aslo.

YaXShILAR

Bo‘ysunmagan taqdir yo‘lini
Chaqmoq kabi yoritar o‘lim.
Eng yaxshilar halok bo‘larlar
Kurashimiz o‘tida so‘lib.

Qalbi toza jasur o‘g‘lonlar
Edi doim qat’iy va qo‘rqmas.
Hayot bilan vidolashdilar,
Rejalari qoldilar abas.

Dunyo ishin oldi tiriklar,
Mayli, qolsin o‘lim bilmaslar:
Qo‘rqa-pisa jimgina yashab,
O‘tmas pichoq qalbi o‘lmaslar.

Yaxshilarni yuvar to‘lqinlar.
Er yuzidan o‘chirar o‘qlar.
Yangi avlod, kelajak uchun
Bor-yo‘g‘ini bermishdi ular.

Agar bizlar ularni eslab,
Yig‘larkanmiz achchiq va achchiq.
Bu xiyonat qahramonlarga,
Xiyonatdir ochiqdan-ochiq.

Yaxshilarning vasiyatlarin
Bajaringiz ko‘zyosh to‘kmayin.
Faqat jasur yuraklar uchun,
Ular qoni to‘kilmish tayin.

Yaxshilarni ko‘rgan insonlar
Xotiroti boy erur, illo.
Yaxshilarning jasoratlarin
Farzandlari eslar doimo.

Boyitdilar bizni yaxshilar
Butun borliq, jahoni bilan.
Yaxshilar hech o‘lim bilmagay
Sharafiyu va shoni bilan.

Rus tilidan Aziz Abdurazzoq tarjimalari.

YoZ KO‘ZI

Yo‘l tanobin tortar chang‘im, quyosh sust,
Botar kun, chiqar kun.
Sahroga chirmalgan izlar ustma-ust,
Qahri qattiq tog‘lar olar sovuq tus,
Tepada ko‘k so‘nik va beun.

Muzlagan daryocha bo‘ylab yursam gar
Soz, deb, bejon qirdan tushdim shahd qilib;
Moviy tog‘lar aro ko‘zga ilg‘anar,
Shafaq yallig‘ida go‘yo sirg‘anar
Anaryokka ilang-bilang cho‘zilib.

Chang‘im adashtirmas qo‘shig‘in hech dam
G‘ira-shira tonglar yorishgan sayin,
Ko‘zlarni bichguday choshgohga hamdam,
Ayoz bag‘ridagi oydinda o‘ktam
Kuylar aslo ohang taxin buzmayin.

Ko‘k-u sahro aro yangrar vaqt uni;
Elas-elas, lip-lip shu’la urinur…
Nogoh ko‘rib qoldim qor uzra shuni,
Moviy alanganing moviy uchquni!
Moviy bir gardishdan chiqar edi nur.

Go‘yo muz qo‘ynidan boqar yoz ko‘zi –
Bu, yax erigan joy hovliqib, to‘lib,
Hayot qo‘shig‘ini aytadi o‘zi.
Tub – toshloq, suv o‘ynar, cho‘lpillar muzi
To‘nglagan zaminning bo‘sasi bo‘lib.

Ey, uyg‘oq hayot-u tinim bilmas suv,
Vaqti kelar hali
Bunda erkin suzar oqqushlar suluv,
Oq kema daryoga soladi g‘uluv,
Etar yozning gali.

Ammo hozir ega bo‘lganlarimoq
Shukur qilmog‘imning loyiq sababi.
Bu moviy oqimlar o‘ynar, kular goh,
Mening yuragim ham ochilar bu chog‘ –
U, muz erigan joy yoz ko‘zi kabi.

Yuragim, to‘l, mangu balqigan ko‘yi
Chorlagan bu nurga aylagil javob!
Toshlar bor, nur shimib yig‘ar kun bo‘yi,
So‘ng nuru taft berar sovuq tun bo‘yi –
Bundan ma’ni top.

Ey, go‘zallik g‘olib, yosh, shavqqa to‘la,
Darding hushni olar, o‘zga qaratib!
Hayot, so‘nsam, bilki, sochgaydir shu’la
Ruhim koinotni quchib bir yo‘la
Zamin go‘zalligin xushhol taratib!

NORVEG KEMALARI

Bu – temir jon, toshi – o‘n tonna,
Qora to‘shi yorar to‘lqinni.
Chovut solsa dovul beayov,
Yo‘ldan qolmas – hech buzmas sinni.

Portga kirar, yuk ko‘targich-la
Tushirilar keltirganlari.
O‘zi esa burilib olar
Intiq moviy ummonlar sari.

Hozir keldi, tag‘in safarga –
Hujjat tayyor, olg‘a, marhamat,
Dakka, Bo‘mbay, Kobe yo Gonkong
Uyi tomon suzmaydi faqat.

Temir qisib, dengiz chirmagan
Kimdir bunda botartib ishlar.
Kim bu xodim? Toshi – o‘n tonna,
Kirakashlik berar tashvishlar.

Lekin tunda yaydoq dengiz yo
Yot eldagi uzoq bir portda
Zulmat ichra biqingan hayot
Mavjudligi sezilar bortda.

Tizilgandir machtaga ko‘k barg,
Ko‘mir ustin yopgan o‘t-o‘lan,
Huv, olisda zangori burun,
Shafaq uyni qoplar zar bilan.

O‘rmon isi – umumxonada,
Mayin kuylar nenidir daryo;
Shunday yashar u – jonajon yurt
Dengizchining tushlari aro.

Tinglarmi u jo‘mrak shovqinin?
Yo‘q, bir boshqa dunyoda ishi
Kelar unga olis yoz tuni
Blakkenning qadam tovushi.

Tuyoq sasi, o‘rmon shovqini
Uyg‘unlashar, yurak hapriqar.
Ot bir tekis qadamlar ekan,
Tinch bir hayot yaylovga chiqar.

Janubiy xoch qorayayotgan
Ko‘kda qorday sepilar bisyor,
Uyga qaytar ikkovlon shomda,
Erir ayol sochlarida qor.

Qo‘rs ko‘ringan issiq orolni
Mavj nedir deb tebratar, go‘yo ,
Qush qichqirar, tushar bulduruq,
Moviy suvda sirg‘alar ro‘yo.

To‘lqin urildiyu nastarin
Ostidagi bola uyg‘ondi,
Ammo darhol mavj allasiga
Rom bo‘ldi-yu oromga qondi…

To‘lqin qaytar, gurullar gulxan,
Dengiz osha chorlov yuborar.
Qahva anqir, chayqalar zira…
Ochiq kundan tong berar xabar.

Qorayaloq kumushin sochib,
Kakku sasi singar uzoqqa.
Do‘stlar botib zar tusli changga
Ketib borar bozorli yoqqa.

Bo‘sh joyda uy bo‘libdi paydo,
Bog‘ soyasin to‘shabdi butun;
Ana, tanish qadam tovushi –
Peshvoz chiqar ona. Xayrli kun!

Tun. Bandargoh. Yuk – bug‘doy kelar,
Oq yo‘ng‘ichqa bo‘lib anqir oy.
Darvozadan chiqib kelgan qiz
Turar yolg‘iz – kutar, hoynahoy.

Bu – temir jon, girdini o‘rab
Yot to‘lqinlar qasd qilar mangu.
Ammo eltar bortida mudom
Bebaho yuk – yurt ruhini u.

ENG YaXShILAR

Mardlar umr yo‘lin mash’alday
Yoritadi o‘lim ba’zida.
Eng yaxshilar bo‘ladi halok
Kurashimiz alangasida.

Kuchi qaynar, yuragi toza,
Har biri ham yovqur, ahdi chin.
Vidolashdi birdan hayot-la
Oxiriga yetkazmay ishin.

Tirik ega erur dunyoga,
Mayli, omon bo‘lsinlar har dam,
O‘limga tik boqmaydiganlar,
Tinchgina kun ko‘ruvchilar ham.

Girdob yutar eng yaxshilarni,
Chuvlab o‘qlar boshiga yetar.
Bu odamlar kelajak uchun
Imkonida borin baxsh etar.

Sharaflasak, yodlasak mahzun,
Gar yoshimiz duv-duv to‘kilur,
Shunday asl qahramonlarga
Nisbatan bu – xiyonat bo‘lur.

Eng yaxshilar vasiyatini
Bajararkan, yo‘l qo‘ymang ohga.
Loyiq faqat eng jasur yurak
Ular qonin qabul qilmoqqa.

Kim ularni tirikligida
Ko‘rgan, shu yod bilan boydir, rost.
U, qurbonlar farzandlari-chi,
Olgay ular mardligin meros.

Ne-la tirik odamzod – barin
Eng yaxshilar boyitdilar, bas.
Eng yaxshi odamlar mangudir,
Eng yaxshilar – abadiy o‘lmas.

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi