Henrik Arnold Vergelann (1808-1845)

Henrik Arnold Vergelann (Henrik Arnold Wergeland) – norveg shoiri, yozuvchi. Radikal-demokratik qarashlarni olg‘a surgan, dehqon demokratiyasini yoqlagan. “Jamoa uchun”, “Ishchi sinfi uchun” jurnallarida muharrirlik qilgan. “Yaratuvchi, inson va Masih” dostoni bilan el og‘ziga tushgan. H.A.Vergelann ijodi norveg madaniyati tarixida yorqin iz qoldirib, keyingi davr adabiy siymolari, jumladan, H.Ibsen va B.Byorsonga o‘z ijobiy ta’sirini o‘tkazgan.

LAKFIOLGA DEGANIM

Ko‘rkka to‘lgan vaqting o‘tganda,
Xayr-xo‘shni etgancha kanda
Ketgum ul yon: unda, bir vaqt biz
O‘sgan edik yalakatmag‘iz.

So‘ng bor senga yo‘llanur ohim,
Senda qolar so‘nggi nigohim,
Titrab turar bu oqin havo –
Udir so‘nggi bo‘saga ma’vo.

Fido bo‘lgum labga ikki bor,
“Xayr”, – deyman, avval, guldiydor,
Keyin suyuk atirgullarim
Lab bosishar dudog‘ingga jim.

Ketay, singay so‘ng zulmatga men…
Salomimni yetkaz unga sen,
Bakor kelsin eng zarur onda,
Gullab tursin u qabristonda.

Deyman, yotsin ko‘ksimda bari
Yangi kunlar atirgullari…
Deyman, chorla o‘lim qurgan in
sari, faqat muhabbat nurin.

HAQIQAT LAShKARI

So‘z? Eshitgay kim ham?
So‘z, she’r dardi bir.
So‘z azaldan himoyasizdir.
So‘zlar jangga otlansa o‘ktam,
Qaydan madad olar istagani dam?

Dunyo haqiqatga etmas iltifot.
Lekin olovlari balqishlarini
Uning huzurida yig‘ar-u, chini,
Chaqmoq qilib qayta quyar samovot.
Haqiqat ulug‘vor – isbotlar bu bot.

Nechun burg‘usidan taratgancha un,
Egnida yulduzlar nuridan libos,
Ko‘kning o‘zi ato etgan o‘sha xos –
Yovga qarshi olg‘a boshlamas nechun?

Qo‘shin chodir tikib, etmasmi xuruj –
Dunyolar urushga kirgan ayyomda,
Mardlar o‘lim mayin icharkan jomda;
Kimki halokatga kelar bo‘lsa duch,
Ber unga hayotni boshqarguvchi kuch.

Zulmat qo‘shinini yengar imkon kam.
Qora bosgan manglaydagi sho‘rgacha,
Beshikdan go‘rgacha
bir qadam.
Zimistondan o‘tish osonmas hech ham.

Dard, balo bilmasa hamki nihoyat –
So‘z qo‘shini, olg‘a! Yorib o‘t oxir,
Axir, g‘alabani chevar-u mohir
Parvardigor sizga etgan inoyat.
Haq in’omi – haqiqatni sev g‘oyat.

So‘z! Ey haqiqatning shonli askari!
Sen haqiqiy botir!
Samodan chodir
Tikdi senga atab olamning bari.
Sen-chun olijanob dillar chambari.

So‘z! Dubulg‘a pardasin sal sur –
endi esa – olg‘a.
So‘z kuchi o‘sadi bilmay qo‘nalg‘a,
garchi goho silla qurib ham qolur.
Kurashda mangulik senga yor bo‘lur.

Shu uchun, yosh mardim, kulfatda
zorlanma asti,
mag‘lubiyatni bil bir xumor bosdi –
undan top cho‘ng zafar balqishini va
Haqlik yo‘lin ko‘rsat yolg‘on-zulmatda.

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi