Byornsterne Byornson (1832-1910)

Byornsterne Byornson (Bjørnstjerne Bjørnson) – shoir, realist yozuvchi, dramaturg, jurnalist. Uning “Sinneve Sulbakken” (1857), “Quvnoq yigit” (1860) qissalari katta e’tibor qozongan. XIX asrning 70-yillarida Byornsonning “Sinish”, “Muharrir” dramalari H.Ibsen dramalari bilan bir qatorda, Norvegiyada realistik ijtimoiy dramani vujudga keltirgan. Byornson 1903 yili Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. U Norvegiya milliy gimni muallifi hamdir.

OHIM

Oqshom shu’lalari hech qachon
O‘ynamas derazam yuzida.
Subhidam nurlari o‘ynoqlar,
Soyalar kezinar har yerda.

Charaqlab porlagan shu’lalar,
Nega siz kulbamni topmaysiz?
Zora siz qorong‘u dilimdan
Dahshatli qayg‘umni quvsangiz.

Shodumon chaqnagan tong nuri
Eslatar negadir umrimni.
Yig‘larman ko‘z-yoshga bo‘shatib
Dardlardan ezilgan ko‘nglimni.

O, oqshom nurlari, chekinmang,
G‘amboda, g‘aribo kulbamdan.
Kelsangiz, mung to‘la nigohim
Ko‘rarsiz qoraygan darchamdan.

Kuylaydi beparvo tong nuri,
Azobim bilmaydi, o‘ynaydi.
U go‘yo dunyoni kaftida
Ko‘tarib turganga o‘xshaydi.

Va lekin oqshomgi shu’lalar
O‘xshaydi dilimning dardiga.
Qaniydi siz meni ko‘tarib
Borsangiz Yaratgan Rabbimga!

YaRADOR JANGChIGA

Urush bu – qiyomat,
Urush bu – mahshar,
G‘uvillar haliyam uning nafasi.
Dunyoda necha jon darbadar,
Necha jon bir umr so‘raydi –
Yurtiga tinchlikning ovozin.

Yo‘q, faqat sen emas, jigarim,
Ko‘ksida qizil qon tepchigan.
Qara, bu olamga yaxshiroq,
Qancha el sargardon tentigan.
Oqko‘ngil dillarda bir niyat –
Kunlari tinch o‘tsa toabad.

Urushning orzusi jaholat
Va qo‘rquv urug‘in o‘stirish.
Sen tila jigarim, baralla
Shu foniy dunyoga osoyish.
Qora jang chekinar o‘sha on
Vatan-chun bo‘lganda sen qurbon.

Har bitta oq dilda shu niyat,
Yarador tanlarda birgina shu ahd.
Qaniydi, olamda hamma jam
Birodar yashasa to abad.
Ezilgan jonlarning ingrog‘i,
Bu – o‘lgan umidning adog‘i.

Urush bu – qiyomat,
Urush bu – o‘lim,
G‘uvillar haliyam uning nafasi.
Oqko‘ngil qalblarda bir niyat
Yangrasa tinchlikning ovozi!
Shu kurash so‘nggida baribir,
Sen g‘olib bo‘larsan, jigarim!

QAChON TONG OTARKAN?

Qachon tong otarkan?
Tillarang quyosh
Topib kelarmikan tor derazamni?
Zaminni sovuq qor qoplagan onda
U qayta isitib olmas olamni.
Va lekin kutarman intizor, intiq,
Go‘yo farishtaday kulib otar tong –
Men shunday tasavvur qilarman shirin:
Tong otar.
Tong otar bir zamon.
Biroq… havo sovuq,
Biroq…sovuq qor
Mahzun yuragimni etadi vayron.
Eh, tong sira otmas,
Aslo,
hech qachon!

Rost, bu go‘zal tilak
Qahraton kunda
Ochilsa mening eng sevimli gulim.
Qushchalar sayrasa uning bargida,
Va ko‘kdan ilohiy nur tushsa doim.
Olam yangilansa, ishq olov bo‘lsa,
Ummonday kattayib ketsa Baxt so‘zi!
Naqadar shodlik bu, qanchalar yaxshi –
Axir tong otgani shu kunning o‘zi.
Biroq… atrofimda hamon sovuq qor
Ma’yus ko‘zlarimni etar nigoron.
Men kutgan tong otmas
Aslo,
hech qachon…

Ammo kutarman men…
Qachon tong otar?
Hamon chekinmasman qora kuchlardan.
Qayg‘ular bo‘roni ichidan bir kun
Men topib olarman Quyoshni rostdan!
Shu baland orzuyim kichik ko‘nglimda
Hammaga baxt, shodlik, ishq ato etar.
Bir kuni odamzod bo‘lar mukarram,
Bir kuni muazzin, oppoq tong otar!
O‘sha oppoq tongda,
Oltin quyosh-la
Men sahar uyg‘onib jar solib derman:
“Eng buyuk qudrat bu – Insondir shaksiz!”
Shunda unga Dunyo tang qolib ojiz –
Bosh egar so‘zsiz!

PURVIQOR TOG‘LARNING USTIDA

Purviqor tog‘larning ustiga chiqib,
Ko‘rdim hamon yashil turgan daraxtni.
Ko‘zlarim izg‘irin qor kutgan edi,
Kutmagandim va lek buncha hayratni.
Daraxtim, qorga bas kelgan, ey, mo‘min,
Dunyoni shunchalar sevasanmi sen?

Uchib o‘tar ekan qudratli burgut
Purviqor tog‘larning ustidan mag‘rur.
Ertangi kun uchun tanida zo‘r kuch
Va ko‘zlari to‘la ishonchu g‘urur.
Havasim keldi shu mag‘rur jonzotga,
Buncha tashna ekan u bu hayotga?

Yana o‘sar edi olma daraxti
Purviqor tog‘larning ustida ozod.
Ehtimol, yozni u olib kelganu
Tog‘larning ustini etgandir obod?
Shoxida sayrarkan turfa qushchalar,
Yashashga istagim oshdi shunchalar.

Yigirma bahorni ko‘rgan yigitcha
Purviqor tog‘larning ustida kuylar.
Taniga sig‘masdan ishqi, quvvati
Olamning unga tor ekanin so‘ylar.
Uning qo‘shig‘ida muhabbat, madad,
Jami odamzodga berar matonat.

Sen-chi, hoy, sayroqi qushgina nechun
Turibsan purviqor tog‘ning ustida?
Qadrli uyang deb qurdingmi makon
Shu sovuq qoyaning sirli bag‘rida?
Mayli, faqatgina olib kel, do‘stim,
Men uchun ham baland orzular uyin.

Men-chi, ko‘ngil uzib qanday ketarman
Purviqor tog‘larning ustidan dadil.
Bo‘g‘zimdan hayqiriq kelar: “Aslo!”deb,
Qorni ham, tog‘ni ham suyar bu ko‘ngil.
Kunlarim tugagan lahzalarda ham
Hayot, meni yuksak ko‘tar tog‘larday!

Ketdim o‘sha uzoq, juda ham uzooq
Purviqor tog‘larning ustiga abad.
Bosh olib ketaman xotirjam, yengil
Nafas olgulik u yerlarga faqat.
Xudoyim! Sen menga kuch ber, qanot ber,
Pushmon qilmagulik baxtli hayot ber!

Bilaman, bir kuni ucharman ozod,
Purviqor tog‘larning ustidan masrur.
Osmonning eshigi men uchun ochiq,
Uyim butun zamin bo‘lar bir umr.
Dunyo, darvozangni yopib qo‘ymagin,
Men sening vaslingga hali to‘ymadim!

Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi

NORVEG QIZ

Sen uyalib, “Bas” deb, bo‘lib ziq,
Savdoyiga yo‘yasan meni,
Latofati harirdan nozik,
Ey, qiz, ortiq sevaman seni.

Sir-nigohing porlagani on,
To‘lin oyning nuriday so‘lim,
Bo‘lsa qancha qorong‘u o‘rmon
Yoritadi bu ko‘zlar yo‘lim.

Sal burilib, mag‘rur turishing
Yulduzlari yaraqlagan qish –
Kabi beandoza. Har ishing –
Topishmoqgo‘y aqlingga olqish;

Ipak tasma chirmagan mayin
Bu, oq-malla kokillar selk-selk,
To‘shing uzra titrar tinmayin
U, eskidan qolgan amurdek ;

Harakatchan qomating epchil
To‘y ro‘moli to‘ri aro u,
Quv ixtiyor bilan o‘ynar dil,
Pinhon qolar ichikkan tuyg‘u;

Oyoqlaring sharafga ega
Kuch, ozodlik mulkidan olib,
Muhabbatu burch dargohiga
Eltar, aylab kunlaring g‘olib.

Bu lab, Erot avaylab g‘oyat,
Baxtiyorga asragan ne’mat.
Omadga yor dengizchi shoyad
Topib olsa, bir o‘lja kema.

Taqdir kular, sevgimdir cheksiz!
O‘z suvrating ilmaysan ko‘zga.
Ishonmagan hech vaqt norveg qiz
Shoir yonib kuylagan so‘zga.

Rus tilidan Muhammadali Qo‘shmoqov tarjimasi