Herman Gorter (1864-1927)

Herman Gorter (Herman Gorter) – shoir, munaqqid, siyosiy arbob. Amsterdam universitetida filologiya yo‘nalishida tahsil olgan. Bir muddat o‘qituvchilik bilan mashg‘ul bo‘lgan; 1895 yildan e’tiboran siyosiy arbob sifatida faoliyat yuritgan.1907 yilda so‘l qanot sotsial-demokratlarning “Tribuna” gazetasiga asos solgan.1909 yildan esa Niderlandiya so‘l qanot sotsial-demokratik partiyasining rahbarlaridan biriga aylangan.
G.Gorter o‘zining adabiy faoliyatini 1885 yilda boshladi. Uning 1889 yilda chop etilgan “Mey” nomli ilk dostoni yangi niderlandiya she’riyatida panteistik yo‘nalishdagi eng muvaffaqiyatli asar deb e’tirof etiladi. So‘nggi asarlari orasida “She’riyat maktabi” (1902) majmuasi, “Pan” (1912-1916) poemasi ancha shuhrat qozondi.

BAHOR KELAYoTIR….

Bahor kelayotir.
Eshitilar iforli qadamlar sasi.
Uni tinglar hayajon-la dov-daraxt, samo:
Hamma joyda bahoriy is, bahoriy havo,
Hamma joyda shul ilohiy Bahor nafasi…
Men ham tinglab, bu tashrifni tuyaman dildan,
Tinglayman-u his qilaman ko‘ngil-ko‘ngildan.
Biroq bexos ko‘nglim chulg‘ar hadik, hayajon,
Zero, dilda ne-ne orzu yashagay pinhon:
Shu orzular ochilmoqqa toparmi imkon…
Shu orzular – Bahorimga bo‘lmasmi armon?!

Bahor kelayotir… Eshitilar uning tashrifi…
Men tinglayman boshim uzra charx urayotgan
Uyur-uyur havolarning to‘lqinlarini,
Moviy, oppoq havolarning yolqinlarini…
Men tinglayman va yurakdan yayrab ketaman,
Bahorimning madhi uchun sayrab ketaman…
Men Bahorni ilohlarga mengzab so‘zlayman,
So‘zlarimni ziynatlayman, bezab so‘zlayman…

Bahor… Bahor kelayotir… ana U keldi…
Yangilandi olam zumda, yam-yashil bo‘ldi…
Sohir ko‘klam quyoshining zarrin jilosi
Zarrin-zarrin kimxob qildi ko‘kning ridosin…
Endi osmon ko‘kragi chok, to‘lqinli ma’vo,
Endi ko‘kda kezib yurar erkin, hur havo…
Kezib yurar samolarda yelkanlar moviy,
Elkanlarga qanot bergan o‘ylar samoviy…
Ko‘zlardagi shukuh, sevinch hamda shukrona –
Qalblardagi masrurlikdan, baxtdan nishona…
O‘shal shodlik zohir bo‘lar suvlar sahnida,
Moviy-moviy to‘lqinlarning mavjli nahrida…
Bahor keldi… Bahor keldi… payqadingmi Sen…
Nozik-nozik barmoqlaring ila sezdingmi?!
Bahoriy xush nasimlarning osmonida keng,
Qushchalarning chug‘urida dala kezdingmi?
Yoki asov yellar silab jingala soching,
Niliy gumbaz yo‘llaganda hur-hur sabolar,
Hozirgina tug‘ilgandek bu ko‘hna ochun
Ko‘zlaringga baxsh etdimi shaffof ziyolar?!
Shaffof nurlar, pok ziyolar daryosiga Sen,
Quloq tutib, zehn solib, qilgin e’tibor,
Unda qorli cho‘qqilarning viqoriga teng
Viqor bilan qad rostlagan Go‘zal Gullar bor!
Bunday mag‘rur Gullar bo‘yin aylab taborak,
Suyunmoqlik kerak… yana… yig‘lamoq kerak…
Kel, kulaylik qah-qah urib, ko‘zda yosh bilan,
Kel, kulaylik, qaroqlardan to‘kilsin zanglar…
Axir bugun go‘zal Bahor pok Quyosh bilan,
Ulashmoqda olam uzra ilohiy ranglar…
Yig‘lar bo‘lsak, ko‘zlardagi taxir marjonlar
Bahorni-da befarq qo‘ymas, U ham giryona…
Xuddi bizdek iztirob-la chekib fig‘onlar,
Sharor to‘kib olovlanar, yonar to‘lg‘ona…
Bahor to‘kmish ilohiy nur, abadiy hayot,
Olis-olis manzillarni ko‘zlab uchgaydir,
Bizlar bilan bahoriy ruh abad barhayot,
Bizlar sevsak, bahoriy baxt bizni quchgaydir.
Kel, yig‘laylik, achchiq-achchiq ko‘zyoshlar to‘kib,
Achchiq-achchiq ashkimizdan Bahor ham yig‘lar.
Qaroqlardan oqib tushsin, olmos, dur bo‘lib,
Tark aylasin ko‘ngillarni anduh, qayg‘ular…
Biz ham Gulmiz, ha, ikkimiz – juft qirmizi Gul…
Viqor bilan bo‘y cho‘zganmiz adl, rasida,
Bu bahoriy selob nima, tengimiz yo‘qdir
Ul samoviy shaffof ziyo, nur orasida…
Bugun dilda o‘y-xayollar afsungar, sohir,
Zavqlan bugun, mayli tinsin ko‘zdagi namlar.
Kel, kulaylik, unut bo‘lsin hadik, xavotir,
Kel, kulaylik, hamdam bo‘lsin bizga bayramlar…
Axir, bugun olam uzra muruvvat zohir…
Axir bugun Bahor… Bahor! U kelayotir!..

Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi