Bxavani Bxikchu (भवानी भिक्षु)- Nepal adibi. “Tashrif” romani, “Gunkesari” hikoyalar to‘plami va ko‘plab she’rlar muallifi.
UShBU KUN
Subhidam.
Derazani ochaman. Hamma narsa tuman ichida,
U tutun kabi burkirardi Katmanduga
Eltadigan yo‘lning ustida.
Illo, issiq emas hali,
Uyga yetish mavridi.
Aynigan taom ta’mi
Va dehqonning ter hidi,
Har joyda tuman – bo‘zargan, xatarli, sernam.
Undan bo‘g‘imlar qaqshar betinim
Va bashara ifodalari hamisha bir kam,
Sustlik dunyosi, bo‘shlik dunyosi…
Botinda, asriy na’ra kabi, eshitilar ovoz:
“Tezdamikan bizning orzular ro‘yobi?
Er bo‘larmi jannat bog‘lariday soz?”
Mana ilk nur yaraqladi falakdan.
Bari – kulba yu uy va saroylar –
Sifatiga qarab nurga to‘yingan:
Chirigan, munosib.
Kattakon, ulug‘vor chindan…
Ravshan porlar nurlar – baxt, ezgulik, obodlik timsoli.
Ularni tonglar barcha binolarga tashlar,
Kulbayu uy va saroylar uzra sarsari…
Tumanni yorib yetgancha majoli
Derazaga qo‘nar tong yog‘dulari,
Ishqilib,
Ularning ortida mavjud – “ushbu kun”.
O‘lmasak ko‘rarmiz,
Dunyo uzra yoyilib,
Kim uchun kelgan u,
Kim uchun?
Rus tilidan Safar Olloyor tarjimasi