German Drugenbrudt

Shoir va, tarjimon German Drugenbrudt (Germain Droogenbroodt) Belgiyaning Rollegem shahrida tug‘ilgan. 1987 yili Ispaniyaga ko‘chib o‘tgan. Uning 11 ta she’riy kitobi nemis, italyan, ispan, ingliz, frantsuz tillarida chop etilgan.

MASDARGA QAYTISh

Tubsizlikda
tubni kashf etgil

soatlarni o‘qi
vaqt
girdobida

sukunatni
aslo bo‘shliqmas
to‘kislikday his qil
tunning
soya-sharpalari-la
ochib tashla nurni

FAJR

Ohista
o‘z-o‘zini bitgan she’r misol
hech nimadan
bino bo‘lur tong

sukunatni etar tasarruf
yorug‘likni keltirar xushhol

tundan bo‘lak
bori tundlikni
ko‘targuvchi
shamsga baxshida

chor tarafda ko‘klam urar qulf

Ingliz tilidan A’zam Obid tarjimasi