Zurina Hassan (Zurinah Hassan) – malayziyalik shoira. Malayziya fanlar universitetini tamomlagan. 2008 yil doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Beshta she’riy to‘plami nashrdan chiqqan (birinchisi – “Sokin ko‘cha”, 1974). Bundan tashqari, qisqa hikoyalardan iborat “Davomli yo‘l” (1998) to‘plami ham e’lon qilingan.
HURMAT ILA ERIMGA BAG‘IShLAYMAN
I
Tashakkur senga, yor,
Sen meni umr yo‘ldoshi etib tanlading.
Tanloving, bu – ulkan jasorat.
Jasorat mudom ham keltirmagan baxt.
II
Men seni uchratganda,
Sen pokiza bir buloq eding,
Men bu chashmaning bokiraligidan uyalardim –
Bu pokiza oynada mening kamchiliklarim ko‘rinardi.
Seni uchratganimdan baxtiyorman.
Meni kechir, gohida
Olis naydan taralayotgan she’riy nolalar
Meni sening bag‘ringdan yulib
Ilhom og‘ushiga otadi…
LABDAN UChGAN HAR BIR SO‘Z – GUNOH
Bu tunni she’rda muhrlamoqchi bo‘ldim –
Sening og‘ushingda sarmastligimni,
Sen ko‘z yoshlarimni quritmoqqa uringaningni…
Men biror so‘z bita olmadim,
Chunki bunda so‘zlar gunoh bo‘lardi.
Sen muhabbatimni so‘rasang,
Yaxshisi, iymanib “bilmayman” demoq shart.
Zero, rostini aytish –
Gunohkor ekaningni tan olishdir.
Lablarimni tishlab turishdan
Boshqa iloj yo‘q,
Zero, ovoz ham – dushman,
So‘zlar – gunohkorlar,
Aybsiz aybdorlar.
Ingliz tilidan Karim Bahriyev tarjimasi